Adib Murod Muhammad Doʻst ijodining bir qismini uning kinodramaturgiyasi tashkil etadi. Aytish mumkin boʻlsa, nasriy asarlari zamonaviy oʻzbek adabiyotida qanday mavqe kasb etsa, ssenariylari asosida tasvirga olingan filmlar ham milliy kino sohasida shunday yutuq hisoblanadi. Har qalay, oʻzbek badiiy kinosining yaqin tarixdagi umumiy manzarasini koʻz oldimizga keltirsak, muallifning kinoga qoʻshgan hissasi oʻzining saviya-salmogʻi bilan alohida farqlanib turadi. 

Bir paytlar ulug‘ yozuvchi Lev Tolstoyning “Anna Karenina” romanida Vronskiyning tasviriy sanʼatga mayli va mashqlari haqidagi sahifalarni oʻqiyotib, oʻzimga shunday xulosa olgan edim: ijodkor ilhomni hayotdan ham, boshqalar yaratgan sanʼat asarlaridan ham olishi mumkin. Lekin hayotdan olingan ilhom bilan yaralgan asarlar asilroq, haqiqiyroq va abadiyroq boʻladi. Ha, ijodkor, sanʼatkor uchun hayotdan kuchliroq ilham manbai yoʻq. Soʻz boshlaganimiz Murod Muhammad Doʻst ssenariylari ham aynan haqiqiy hayot oʻzanida tugʻilgan oʻylarning badiiy inʼikosi boʻlib, odamlar sevib koʻradigan filmlarga aylandi.

Ssenariynavislik ham yozuvchilikning bir shakli, ammo nasrga qaraganda anchayin murakkab, “injiq” turi. Sahnalashtirish yo tasvirga olishga moslab yozishning mushkuloti oʻquvchi-kitobxonga moʻljallab yozishdan koʻra koʻproq boʻladi. Romanda, qissada muallif erki kengroq, dramaturgiya esa qatʼiy qonuniyatlar ichida tafakkur qilishni talab etadi. Amerikalik rejissyor Endryu Devis topib aytganidek, bu xuddiki “filni jomadonga joylamoq”day ish. Shu boisdir aksariyat yozuvchilar badiiy ijodning bu turiga koʻp ham qoʻl uravermaydi.

Bilamizki, Murod Muhammad Doʻstning ssenariynavislik faoliyati ancha avval, oʻtgan asrning 80-yillaridan boshlangan. 1986-yilda suratga olingan “Galatepalik avliyo” filmi adibning ilk ssenariylaridan, shuningdek, taniqli rejissyor Temurmalik Yunusovning ham  dastlabki ishlaridan hisoblanadi. Ushbu qisqa metrajli filmda muallifning xuddi nasriy asarlaridagidek xarakterlar topish, soʻzni mohirona qoʻllash, pishiq-puxta noodatiy syujet yaratish va mazmunga milliy ruh, yumoristik kayfiyatni singdirish mahoratini koʻrish mumkin.

Donoligi, fahm-u farosati bilan hurmat qozongan, qishloqdoshlari nazdida “avliyo” boʻlib tuyulguvchi oqsoqol ustaning yosh beva ayolga oʻzganing nomidan sovchilikka borishi bilan bogʻliq kichikkina hangoma aks etgan bu kartina koʻngil tilsimi, muhabbat va inson zakosi haqida hikoya qiladi. Undagi har bir obraz, personajlar tili-yu munosabatlaridagi tabiiylikni rejissyor munosib shaklda vizual qatlamga koʻchirgan. Bot-bot teleekranlarda aylanib turadigan bu film, Maxsum (Hamza Umarov), Zubayda (Sayram Isayeva), Sayfil Muluk (Muhammadjon Rahimov), Hojiqul (Husan Sharipov) kabi obrazlar jozibasi va ularni jonlantirgan aktyorlarning ijrosi hanuz tomoshabinni taʼsirlantiradi. Umuman, “Galatepalik avliyo” yaralganiga salkam qirq yil boʻlyaptiki, gʻoya-mazmuni, tasviriy talqini, ijro xususiyatlariga koʻra oʻz qiymatini yoʻqotmadi, milliy kinomiz tarixidagi yaxshi asarlardan biri boʻlib qolyapti.

Yozuvchining faoliyati bevosita kino bilan bogʻlangan 2000-yillarni mustaqillik davri oʻzbek kinematografiyasida alohida bosqich desak boʻladi. Murod Muhammad Doʻst shu yillarda sohaning rahbari oʻlaroq kinoijodkorlar izlanishlariga bosh-qosh boʻlish bilan birga oʻzi ham bir nechta ssenariylar yozdi. Nafaqat adibning filmlari, umuman, yangi asr avvalida suratga olingan qator badiiy filmlarda, shaxsan menda milliy kino degan tushunchaning mazmuni amalda sezilarli oydinlashganday, yangi qiyofa kasb etganday taassurot qoldiradi. Yaʼni, “Milliy kino qanday boʻlishi kerak?” degan jiddiy va hanuz bahsli savolning javobi shu yillardagi filmlarda boʻy koʻrsatganday tuyuladi. Negaki, ularda aks etgan hamma narsa oʻzbekka xos, qahramonlarning oʻy-tashvishlari ham, muomala-munosabatlar, hayotiy tutumlar – bari-bari oʻzbekniki. Eng muhimi, hayot haqiqatini, davr muhitini boʻyab-bejamay, yaxshi-yomoni bilan boricha ifoda etishga intilish, inson qalbi va qadrini bosh masala sifatida koʻtarish, saviyada sezilarli siljish kuzatiladi. Bu davrda kino imkon qadar xalqning, odamlarning hamdardi boʻlishga, rostgoʻylikka intilganini koʻrish mumkin. Ijodda erkinlik, did, jurʼat uygʻunlashsa natija qanday boʻlishi shu yillarda yaratilgan qator kinofilmlarda namoyon boʻldi.

Xususan, Murod Muhamamad Doʻst muallifligidagi filmlarga nazar tashlasak, ularda kino bilan real hayot oʻrtasidagi masofa qisqargani, sanʼat vositasida bugun haqida bugun rost soʻz aytishga boʻlgan jurʼat seziladi. XXI asr avvalida oʻzbek jamiyati qanday edi, odamlarning turmushi, dard-u quvonchlari nimalardan iborat edi – hammasi badiiy shaklda oʻz aksini topdi.

Muallifning shoir Aleksandr Faynberg bilan birgalikda yozgan “Dev bilan pakana” (2003) komediyasi xuddi shunday zamona manzarasi, oddiy odamlarning turmush tashvishlari ijtimoiy-falsafiy koʻlamda ifoda etilgan, milliy ruh balqib turadigan oʻzgacha filmdir. Kartinaning pishiq kompozitsiyasi, personajlarning xarakteri, tili-dialoglarida usta yozuvchining mahorati yaqqol koʻrinib turadi. Aytish mumkinki, bu jihatlar film badiiyatining eng ustuvor, taʼsirchan jihatiga aylanadi.

Kartina yetakchi qahramonlari – biri chekka qishloqdan shaharga rizqini qidirib kelgan devqomat Polvon, ikkinchisi omadi chopmagan shaharlik shovvoz pakana Zulfiqor. Film syujeti shu boʻy-bastda, aql-u yoshda nomutanosib, lekin hol-u dardlari oʻxshash ikkovlonning birlagikda boshidan kechirgan goh kulguli, goh qaygʻuli sarguzashtlari asosiga qurilgan. Ular voqealar oqimida duch keladigan turli vaziyatlar, personajlar orqali davr muhiti, inson, jamiyat, hayot haqida teran mushohada yuritiladi.

 “Katta odamlar uch xil boʻladi, – deydi film qahramonlaridan biri Murodxon aka (Bahodir Yoʻldoshev) – amali bilan katta odamlar, mol-davlati bilan katta odamlar va oʻzi katta odamlar”. 

Bu film ayni shunday katta-kichik odamlarni koʻrsatadi. Aktyor Nodir Saydaliyev ijro etgan Polvon bahaybat sumbatiga zid tarzda biroz goʻl, nozik koʻngil, toʻgʻrifeʼl, joʻmard yigit. Obid Asomovning Zulfiqori esa ayyorgina, xiyla gapga chechan, tili va aqli boʻyidan uzun, shu bilan birga mard, tiynati toza yorqin xarakter egasi. Ular ishsiz, pulsiz, yoʻlsiz boʻlsa-da, oriyati baland, koʻngillari keng, ruhan katta odamlar. Shuning uchun ham munofiq, laganbardor, sharafsiz turli mayda kimsalar dunyosiga sigʻishib, murosa qilib ketolmaydi. Tomoshabin ularni shuning uchun ham yaxshi koʻrib qoladi. Ularning ogʻriqlariga sherik boʻladi.

Filmda kimningdir jiyani boʻlgani uchun “yulduz” boʻlgan Panjilar, amaldor pinjida girdikapalak Nurmatlar, shon-shuhrat-u unvon uchun oʻzlarini bozorga solgan ona-qiz raqqosalar – umuman, katta-kichik har bir personajning syujet mozaykasida oʻrni va tomoshabinga aytar muhim gapi bor.

Avvaliga salbiy xarakter boʻlib koʻrinadigan Murodxon aka filmdagi eʼtiborga molik obrazlardan biri. Mansabiga koʻra ham, davlatiga koʻra ham, oʻzi ham katta boʻlgan bu shaxs odamni odamdan farqlaydi, atrofidagi laganbardorlarni, munofiqlarni ham, shuningdek, Zulfiqor va Polvon kabilarning insoniy ustunliklarini ham koʻra oladi. Bu Murodxon obrazini muallifning boshqa filmlarida ham uchratish mumkin. Yozuvchi nechuk bir istehzo ila oʻz ismi bilan atagan (ayrim filmlarida oʻzi oʻynagan) bu qahramon har bir filmda “katta odam” pozitsiyasida qoladi, muayyan tagmaʼno fikrni tashish bilan birga boshqa xarakterlar haqida tomoshabinga xulosalar berguvchi qandaydir prizma vazifasini bajaradi.

 “Dev bilan pakana”da jamlangan turfa xil xarakterlar yaxlitlikda koʻz oʻngimizda oʻzbek xarakterini chizadi. Zulfiqor va Polvon – darbadar juftlikning dardi umumning, oddiy odamlarning dardi boʻlib akslanadi. Film yakunida yaponlar olib ketgan Polvon omadli sambochi boʻlib qaytishini koʻramiz. Kinokomediyaning bunday yechimidan “oʻzingnikini oʻzing qachon qadrlaysan” degan fikrni oʻqish mumkin. Umuman, “Dev bilan pakana” chin insonlik haqidagi andak quvlik va quvnoqlik bilan aytilgan xazin bir hikoyadir.

Ssenariyning butun mazmun-falsafasi, tabiiyligi, hayotiyligi tasvirga sanʼatkorona koʻchirilgani bois film oson koʻriladi, fikr, dard va zavq tomoshabinga teng taʼsir koʻrsatadi. Albatta, bunda rejissyor Jahongir Qosimovning ijodiy salohiyati, professonal yondashuvini eʼtirof etmaslik mumkin emas. Haqiqatan ham rejissyor filmning butun maʼno qatlamini badiiy tasvirda chuqur ochib bergan. Buni har bir obraz xarakteriga mos aktyorlar tanlaganida, kadrlar mazmuni va aktyorlar ijrosida tabiiylikka katta ahamiyat berilgani, janr kayfiyati va mazmunning yaxlitligi, umuman, film poetikasining barcha jihatlarida koʻrishimiz mumkin.

Muallifning rejissyor Hilol Nasimov suratga olgan “Poʻsht, arava” filmi esa bir qarashda “Dev bilan pakana”ning ikkinchi qismidek taassurot uygʻotadi. Jahon kinosida “spin-off” degan yoʻnalish boʻlib, biror filmdan syujetning qaysidir boʻlagi yoki biror personaj uzib olinib, shuning asosida alohida film yaratiladi. “Poʻsht, arava” ham “Dev bilan pakana”dan keyin ishlangan shunday spin-off xarakteridagi film boʻlib, unda tomoshabinga yaxshi tanish Zulfiqor obrazining boshqa kechmishlarini koʻramiz. Tegirmonga tushsa butun chiqadigan bu qahramonni bu filmda ham Obid Asomovning oʻzi ijro etgan.