Ommaviy madaniyat individualizm, virtuallashuv, «men» konsepsiyasi va nostandart axloqiy qarashlar kabi gʻoyalarni targʻib qiladi. Ushbu madaniyat shakli bir tomondan, keng ommani jalb qilishga qaratilgan, boshqa tomondan milliy va umuminsoniy qadriyatlarning oʻziga xosligini yoʻqotishiga sabab boʻlmoqda. Endi «olomon madaniyati» faqatgina kiyinish madaniyatini targʻib etish bilan cheklanmay, oila, farzand, eʼtiqod, or-nomus, shaxsni identifikatsiyalash, «men» konsepsiyasi, yangicha axloq, kiberjinoyatchilik, qurollanish poygasi, suitsid, rohatlanish sanoati, virtuallashuv kabi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Yana bir tomondan keng jamoatchilik tomonidan ilgari surilayotgan «bizga oʻzi mafkura kerakmi» yoxud «maʼnaviyat bizga nima berdi» qabilidagi savollarning koʻpayishi tufayli ushbu tushunchaning qadr-qimmati, jamiyatda mavjudlik mohiyatiga taʼsir oʻtkazmoqda.

Xoʻsh, jamiyat hayotini bu tushunchalarsiz tasavvur qilish oqibatlari qanday? Bizni qanday xavf-xatar va tahdidlar kutib turibdi?

Keling, oila qadriyatlari oʻzgarib borayotganiga nazar tashlaymiz. Chunki «ommaviy madaniyat»ning yangi koʻrinishlari oila qadriyatlariga ham salbiy taʼsir koʻrsatayotgani sir emas. Endi erkak-erkak bilan, ayol-ayol bilan, hatto hayvonlar bilan nikoh qurishi kabi holatlar nafaqat Gʻarbda, balki ayrim Osiyo davlatlarida ham uchramoqda. Ushbu yangi «oilaviy nikoh»larning rivojlanishi hamda ularning huquqiy va moddiy taʼminoti afsuski kuchli himoya ostida. Bu holatlar globallashuv jarayonlarining salbiy jihatlari hamda «olomon madaniyati»ning dunyo xalqlariga yetkazayotgan eng fojiali zararlaridan biridir. Maʼrifatparvar jadidlarimizdan Mahmudxoʻja Behbudiy esa: «Ey qarindoshlar, sizlardan katta iltimosimiz shuldurki, Ovroʻpaning moʻdosidan, shishasidan, buzuq axloqidan naʼmuna olmasdan va bunlargʻa bul jihatdan taqlid qilmasdan, balki ilm, fan, hunar, sanoatga oʻxshashlik madaniyatlardan namuna olib, bul jihatdan taqlid qilmogʻimiz lozimdur. Ovroʻpaning moʻdosi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan, asir - qul qiladur. Bundan saqlaningiz» kabi oʻzbek millati uchun muhim boʻlgan milliy qadriyatlarni asrashga oid fikrlari qanchalik haqiqat ekanligini anglaymiz.

Oila haqida qarashlarning oʻzgarishiga albatta ijtimoiy tarmoqlar va OAV vositalari oilaviy muammolarga oid kontentlar bilan toʻlib-toshib ketayotgani ham sabab. Yaʼni saviyasiz kinolar, videofilmlar, seriallar haqiqiy «tarbiya» maktabini oʻtamoqda.

Ushbu, agar ijod deb atash mumkin boʻlsa ijod namunalarida personajlarga eʼtibor bering:  bloger kelin, oʻgʻri kelin, noshukur kelin, bir kunlik kelin, chilim chekkan kelinchak, dovdir kelin, nafsi buzuq kelin, erkakshoda kelin, erkatoy kelin... yoki jodugar qaynona, shallaqi qaynona, kelinni quldek koʻradigan qaynona, firibgar qaynona... xullas lugʻatimizdagi bor eng xunuk sifatlar, fazilatlar yopishtirilgan ayollar bugun qahramon qilib koʻrasatilmoqda. Bu kabi personajlar yoshlar ongida hamma shunaqa ekanda va bu tabiiy degan tushunchani keltirib chiqarishi shubhasiz. Yaʼni nafaqat Gʻarbdan kirib kelayotgan tahdidlar balki, ichki tahdid va xavf-xatarlar ham eʼtiborni talab etadigan muammolarimiz aslida.

Jahon hamjamiyati oila oliy qadriyat ekanligini ifodalovchi kino va dramalar ishlab chiqarish orqali oilaviy qadriyatlarning qadrsizlanishini oldini olishga harakat qilayapti. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar va telekanallarda ommalashgan «Hayot senga mandarin berganda» kabi filmlar oilaning muqaddasligi gʻoyalari targʻib qilinadi.

Bizga ham bugun mana shunday ruhdagi kino va seriallar kerak. Oʻtmishga nazar tashlasak, bunday filmlar oʻzbekfilm arxivida ham yetarlicha. Ammo, bugungi zamonaviy «xomo sapiyens»ning yangicha qiyofadagi kino va media kontentlarga boʻlgan talabi ortib borayotgani tashvishlanarli hol.

Shu bois, bugun xorijda ham ommaviy madaniyatga qarshi kurashish faol harakatga aylangan. AQShda 1500 dan ortiq aql markazlari (maʼnaviyat, maʼrifat markazlari) va ilmiy tadqiqot institutlari milliy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan gʻoyalar va mafkuralar bilan sugʻorilgan kinofilmlar ishlab chiqarish orqali peshqadamlik qilmoqda. Xitoy esa 4500 ga yaqin aql markazlari va tadqiqot institutlari hamkorligida Buyuk Xitoy madaniyati va tarixini rivojlantirishga qaratilgan gʻoyalarni targʻib qilishga qattiq kirishgan. Qoʻshni mamlakatlarda milliy tiklanish, davlat tilining qadrini oshirish maqsadida blogerlar va tarmoq foydalanuvchilari millat imijini targʻib qiluvchi kino, film, musiqa, raqamli kontentlarni yaratishga katta eʼtibor qaratmoqda. Demak, biz ham ommaviy madaniyatga qarshi tarbiyaviy ahamiyatga ega kontentlar va sifatli kinofilmlar orqali kurashishimiz kerak.

Chunki bugun ulgʻayayotgan Zeta, Alfa va Beta avlodlarining shaxsiy va ijtimoiy identifikatsiyasi nafaqat biz yashayotgan dunyoga, balki virtual olamga ham bogʻliq. Virtual reallik, sunʼiy intellekt yoki meta olamlarning rivojlanishi ularda real dunyodan ajralgan shaxsiylik va muhit toʻgʻrisida yangi tushunchalarni shakllantiradi. Bu avlod vakillarining asosiy vaqtini ilm-fan yutuqlari tufayli animatsiyalangan kontentlar olamidan tashkil topgan kiber muhitda oʻtkazish imkoniyati juda katta.

Lekin yana bir tomondan bu avlod dofomin qaramligi (miyada «ragʻbatlantirish» va «motivatsiya» signallarini uzatuvchi modda) tufayli virtual makonning ashaddiy mijozlariga aylanib borishi ehtimoli ham juda katta.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshu qarining favoritiga aylangan instayulduzlar tufayli avj olayotgan, urfga aylanayotgan milliy xususiyatlarni chetlab oʻtuvchi «red flag» yoxud «oʻzingni sev, oʻzgani qoʻy» kabi gʻoyalarning trend, mem, chellendjlarga aylanishi ham yoshlarning oilaviy munosabatlarga boʻlgan qarashlarni tubdan oʻzgartirishi sir emas.  Bu ishlayotgan mexanizmlar esa jamiyatning tili, dini, eʼtiqodi, qadriyatlari va anʼanalari asta-sekinlik bilan yoʻq qilishi mumkin.  Amerikalik siyosatshunos olim D.Derian taʼkidlaganidek, «Zoʻravonlikni uzoq masofalarda minimal yoʻqotishlarsiz amalga oshirish imkoniyati zamonaviy dunyoning manzarasini oʻzgartirmoqda.»

Ha, biz uchun juda muhim oila, eʼtiqod kabi qadriyatlar bugun himoyaga muhtoj. Bu himoya esa, albatta, gʻoyaviy-mafkuraviy tahlil va saralash mexanizmi orqali amalga oshiriladi.

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tomonidan Respublikaning barcha hududlarida jamiyat ijtimoiy-maʼnaviy muhitini va uni sogʻlomlashtirish texnologiyasini ishlab chiqishga oid soʻrovnoma tashkil etildi. 35 mingga yaqin respondent qatnashgan ushbu tadqiqot natijalariga koʻra, olib borilayotgan islohotlar natijasida ijtimoiy hayot yaxshilanib bormoqda (62,9%).  Respondentlarning 86,8 foizi oʻz turmushini oʻrta va yuqori darajada, deb biladi. Hamyurtlarimiz or-nomus, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, insof, insonparvarlik va eʼtiqod bugungi kunda eng kerakli axloqiy qadriyatlar deb hisoblashadi.

Yana bir eʼtiborli jihat: Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan ziyolilar – olimlar, yozuvchilar, tarixchilar ishtirokida yangi loyiha yoʻlga qoʻyildi. Oʻquv va ilmiy-metodik qoʻllanmalar, uslubiy tavsiya, maʼrifiy adabiyot va media mahsulotlar majmuasini yaratishdan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda sunʼiy intellektning turli xil dasturlari orqali oʻzbek qadriyati, madaniyati, tarixini tiklash, jonlantirishga qaratilgan koʻplab milliy kontentlar yaratish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Nigora Husanova,

Respublika Maʼnaviyat va Maʼrifat markazi

Ijtimoiy maʼnaviy-tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi