Olloh insonni qalb bilan yaratdi. Bu qalbga dard ham, quvonch ham jo boʻldi. Bu ikki qarama-qarshi tuygʻu mudom kurashdadir. Ana shu kurash asnosida bulut va quyosh nurlarining toʻqnashuvida chaqin hosil boʻlgan kabi dilning tub-tubida isyon ham, shukronalik tuygʻulari ham paydo boʻladi. Bu kechinmalar yurakka teran va sirli ilhomni tashlab oʻtadiki, bu goho sheʼr, gohida musiqa shaklida namoyondir. Iztirob va dard maʼlum maʼnoda insonning inson ekanligiga dalil, uning mukarram zot ekani, bir soʻz bilan aytganda, uning mazmuni va mohiyatidir.
Inson shu bois oliy va yuksak xilqat, uning tuygʻularida kechayotgan dard va iztiroblar aslida qalbning isyoni, oʻzini izlash yoʻlidagi kurashlaridir! Muhabbat inson qalbining xaloskori, u tuygʻular ogʻushida evriladi, toblanadi va qayta-qayta yonadi. Bu evrilishlar nolalarga aylanib, inson qalbida musiqa taronalarini yaratadi. Inson qalbi shu taronalar orqali erkka talpinaveradi. Musiqa qalbning tili, soʻzga koʻcholmagan dard-u quvonchning ifodasi. U qalbning nozik javhari, tirik hayotidir. Busiz koʻngillar qattiqlashadi, tuygʻular oʻlimi avj oladi. Uzoq vaqt davomida falsafada musiqaga qatʼiy taʼrif berilmadi va musiqa deganda tovushlarning tartibli ketma-ketligi (ritmi) tushunilib, bularning falsafaga aloqasi yoʻq degan qarash shakllandi. Yoki uning tarixiy-nazariy taʼlimotlari unutildi. Falsafadan yiroqlashgan musiqa inson uchun maishiy, oddiy lazzat obyektiga aylandi. Achinarlisi, musiqaga ilm sifatida emas, ermak deb qaraldi.
Boshqacha aytganda, musiqa qoʻshiq nolalari bilan uygʻunlashgan, texnik vositalarda sayqallangan joziba maydoniga tortildi. Biroq na musiqa, na adabiyot, na tom maʼnodagi har qanday sanʼat shunchaki ermak uchun mavjud emas, ular jamiyatning ancha chuqur ehtiyojlariga javob beradigan oʻz falsafasiga ega.
Musiqa va falsafa uygʻunligi insonning ruhiy-maʼnaviy dunyosini boyitish, ularda hayotiy maqsadlarni shakllantirish kabi muammolarni oydinlashtiradi. Musiqa navo bersa, falsafa gʻoya beradi. Ikkalasining uygʻunligi esa qalbning tirik hayotidir.
Falsafa – tafakkur manbayi, gʻoya musiqa orqali inson ruhiy olamining qatlamlariga kirib boradi. Qalbni hayot realliklari bilan hamohang boʻlgan muvozanatga yetaklaydi. Bunday yaxlitlik insonda yaratuvchanlik, sadoqat, adolat, mardlik va jasorat tuygʻularini uygʻotadi. Musiqa nafaqat ohanglar va navolar majmui, unda inson qalbining chuqur va baʼzida oʻzi anglab yetmagan ichki kechinmalari yotadi. Yuzaga koʻtarilgan his-tuygʻular esa falsafadan najot topadi.
Musiqa falsafasi olam manzarasi bilan bogʻliq hodisa, u qadimgi davr va hozirgi zamon faylasuflari nuqtai nazaridan ham alohida olingan sanʼat turidan koʻra kattaroq, chunki uning manbai olam borligʻi, koinotning tubida mavjuddir. Ikkinchidan, musiqa sanʼati hodisalari inson tomonidan yaratilgan tovush gʻoyalari boʻlib, ular u yoki bu tarzda olam haqidagi tasavvurni ifodalaydi, tabiat va inson haqiqatini qamrab oladi.
Musiqiy tafakkur madaniyati ijtimoiy-tarixiy faoliyat subyektlari dunyoqarashining eng chuqur negizlari bilan bogʻliq. U dunyoning oʻziga xos modeli sifatida harakat qilish imkoniyatiga ega. Dunyoqarash maʼnaviy ijodkorlik va ayniqsa musiqa sanʼatini anglash jarayonidagi asosiy rolini tushunishga olib keladi. Musiqiy asarlar voqelikni va insonning oʻzini badiiy obrazlarda anglashga yordam beradi va shu bilan odamlar dunyoqarashiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. U rivojlanishning shunday yuqori darajasiga erishadiki, natijada dunyoni, insonni va uning dunyoga munosabatini ifodalash qobiliyatiga ega boʻlib, falsafaning tarkibiy qismlaridan biriga aylanadi. Zotan, musiqa shaxsning oʻzini namoyon qilish usuli boʻlib, bu oʻz navbatida falsafiy dunyoqarashiga ham taʼsir koʻrsatadi.
Musiqa falsafasiga murojaat qilish dunyoning kosmologik va zamonaviy manzaralari nuqtayi nazaridan inson dunyoqarashi qiymatini tushunish demakdir. Biz, zamonaviy faylasuflar va sanʼatshunoslar uchun musiqa sanʼati dunyoviy makonda xaos shaklning abadiy ifodalangan universal ritm va garmoniyasini koʻramiz. Bizning musiqamiz – koinotning umumiy qonuni, buyuk ritm, ongimiz tomonidan idrok etilayotgan ohanglar kompozitsiyalaridir. Zotan, har bir musiqiy asarda inson kamoloti rivojining oʻziga xos ichki qonuniyatlari mavjud.
Antik davr faylasuflarining har qanday harakatlanuvchi narsa tovush chiqarishi kerak va tovush chiqaradi, dunyo tovush chiqaruvchi kosmosdir degan fikrlari eskirgani yoʻq. Qadimgi dunyoning naturfalsafiy manzarasida musiqa uygʻun tashkil etilgan jarangdor koinot sifatida tasavvur qilingan. Ilk antik davrda olam manzarasi ilohiy uygʻunlik tushunchasi bilan bogʻlanib, dunyoqarash tizimini tashkil etgan, unda musiqa falsafasi oʻz oʻrniga ega boʻlgan. Musiqa vositasida tuygʻular va qalbning ruhiy tuzilishini boshqarish zarur deb hisoblangan, chunki musiqa koinotning kosmik ritmi va kosmik uygʻunlikning timsoli boʻlib, uning mohiyati insonning dunyoqarashini shakllantiradi.
Qadimgi davr olimlari nuqtayi nazaridan musiqaning mafkuraviy taʼsiri avvalo insonda u yoki bu axloqiy munosabatlarni shakllantirishda deb qaraladi. Konfutsiy “Biror mamlakatning podshohligi obodmi, axloqi sogʻlommi, shuni bilmoqchi boʻlsang, uning musiqasiga quloq sol” deydi. Musiqa nafaqat insonning ichki psixologik holatiga chuqur taʼsir koʻrsatishi, balki uning mafkurasi va dunyoqarashini ham ifodalashi qadimdayoq kuzatilgan.
Musiqa insonning hissiy dunyosiga, uning tuygʻulariga, ongli va ongosti sohasiga hukmronlik bilan kirib borish, psixologik kayfiyatga taʼsir qilish qobiliyatiga ega sanʼat boʻlib, uni juda keng diapazon chegaralarida koʻrish mumkin. Insoniyat toʻplagan musiqiy boyliklarni tabiiy va toʻgʻri tushunish va sevish koʻpincha insonning hayot yoʻlida muqarrar ravishda yuzaga keladigan koʻplab murakkab va qiyin muammolarga munosabatini belgilaydi. Dard va iztiroblarning inson qalbida isyonga aylanishi ham shundan. Binobarin, Bax va Chaykovskiyni sevmaslik uchun ruhiyatni anglamaslik kerak. Motsart bilan Glinkani yaxshi koʻradigan va tushunadigan odam hech qachon axloq sohasida vijdonsiz va iflos boʻlolmaydi. Maqom nolalaridan mast boʻlgan inson doimo el qaygʻusi bilan yashaydi.
Falsafa va musiqaning oʻzaro bogʻliqligi masalasi bugungi kunda ham dolzarb boʻlib qolmoqda. Endi u nafaqat falsafa, balki siyosat maydoniga ham kirib keladi. Aniqrogʻi, musiqaning kuchidan siyosiy maqsad yoʻlida foydalanish amaliyoti ishga tushiriladi.
Bu voqealar 1980-yillarda, shoʻro davlati “kommunizm gʻalabasi sari shaxdam odimlayotgan” qattol davrlarda avjiga chiqadi. Bosqinchilik, zoʻravonlik bilan erishilgan zafarlarni koʻr-koʻrona madh etuvchi baqiroq, jasoratga chorlovchi qoʻshiqlar yaratiladi. Ular partiya rahnamolariga sigʻinish, yaratilgan “erkinlik” uchun hamd-u sano oʻqishga qaratilganligi bilan Gʻarb targʻibotidan ajralib tursa-da, muddaosi bilan katta farq qilmaydi.
“...Birlashtirdi mangu xalqlar ixtiyori,
Sovet ittifoqi, yasha va gulla!”.
Bunday qoʻshiqlar ohangi bizning milliy musiqamizga shu darajada yot ediki, oʻzligini tanigan har qanday inson bu holatdan nafratlanmasligi mumkin emas. Quyidagi misralarga eʼtibor qiling:
Bepoyon yurtimning bir gulbogʻi,
Moskvadan nur olgan baxt mayogʻi,
Baxtlisan qardoshlik oilasida
Tepangda hilpirar erk bayrogʻi.
Bunday qoʻshiqlar orqali oʻz baxtini kuylagan yosh avlod baxtiyor ekaniga va bu baxt Moskov tufayli ekaniga aslo shubha qilmasdi va haqiqiy baxt nima ekanini bilmasdan oʻtib ketardi. Bu koʻp jihatdan mustabid tuzum uchun oʻz samarasini berdi. Uning ortidan katta-katta “sanʼat arboblari” yetishib, butun bir qoʻshiq kuylovchi qullar armiyasi tashkil etildi.
Hayot toʻgʻrisida maʼlum bir tasavvurga ega boʻlmagan begʻubor bolalik davridanoq yoshlarni qullik ruhida tarbiyalash jamiyatning bosh maqsadi edi. Bu maqsadni koʻngildagidek amalga oshirish uchun barcha vositalar, jumladan, musiqa va qoʻshiq sanʼati ishga solindi. Shoir va yozuvchilar, bastakorlar ushbu maqsadni amalga oshirishga safarbar etildi. Gʻariblashgan, asosiy qutlug‘ vazifasidan uzoqlashtirilgan musiqa siyosiy vosita sifatida ijtimoiy hayotimizning barcha jabhalariga kirib bordi. U bizni erta tongdan shavkatli mehnatga, bitmas va hech qachon ushalmas “istiqbol sari” daʼvat etar edi.
Liverpulning afsonaviy “Bitlz” rok-guruhining tashkil etilishidan koʻzlangan asl maqsad bugun hech kimga sir emas. Bu guruh “Bilderberg” yashirin klubi tomonidan yangi dunyo tartibotini yaratishga urinish samarasi boʻlib, u ommaviy tafakkurni nazorat qilishda musiqani mukammal namuna vositasiga aylantiradi.
“Bitlz” shunchaki 1960-yillar boshidagi oddiy guruh emas. Bu shunchaki yoshlarning eski ijtimoiy tizimga qarshi oʻz-oʻzidan koʻtarilgan isyoni ham emas, balki ingliz hukumati tomonidan puxta ishlab chiqilgan (Britaniya Psixologik urush byurosining maxfiy rahbarligida) aholiga turli kuchli buzgʻunchi elementni kiritish rejasining natijasi. Bu aholining katta guruhi nomaqbul deb hisoblagan oʻzgarishlarni qabul qilgan qatlamning yorqin namunasi edi. Reja Markaziy razvedka boshqarmasi, Buyuk Britaniyaning MI-6 va Tavistok instituti[1] tajribasi asosida amalga oshiriladi, ular ruhiy holatni buzadigan kuchli narkotik moddalarni tarqatishni tashkil etadi.
Keyinchalik bu olamshumul hodisa bitlomaniya nomi bilan mashhur boʻldi. “Bitlz” AQShga kelganidan soʻng hech kim amerikaliklarning butun bir avlodiga keltirgan madaniy falokat koʻlami qanchalik katta ekanligini tasavvur ham qila olmagan[2]. Amerika yoshlariga qarshi eʼlon qilinmagan madaniy urush davrida 1967-yilda Tavistok instituti millionlab yoshlarni “festival”larga jalb qilib, ochiq havoda rok konsertlar uyushtirish amaliyotini joriy qiladi. Bu konsertlarda gallyutsinogen preparatlar, shuningdek, “Bitlz” tomonidan targʻib qilinayotgan LSD[3] narkotik dorilari bemalol tarqatilgan[4].
Keyinchalik bu tajriba koʻplab davlatlarning siyosiy amaliyotiga ham kirib keldi.
Har bir davr va uning siyosiy mafkurasi ayniqsa qalblar jilovlanganda, ruhiyat qafasda tutilganda musiqa falsafasiga taʼsir koʻrsatmasdan qolmaydi. Maddohlikka koʻnikkan koʻngil va chorasiz qolgan qalb qanchalik faryod chekmasin, goʻdak ingrogʻidek maʼsum qoladi. Faqat erkin jamiyat inson ruhi parvoziga malham boʻladi.
Bugun yurtimizda boʻlayotgan oʻzgarishlar millatimizning maʼnaviy, ruhiy kamolotga erishayotganining yorqin dalilidir. Biroq, yuqorida taʼkidlanganidek, bizning qalblarimizni har lahzada chalgʻituvchi “qoʻshiq”lar jarangi taʼqib etmoqda. Shu sabab biz hamon qalbi yaralanayotgan avlod sifatida ruhiy qullikdan tamoman qutula oldik deya olamizmi? Modomiki, majruh qalblarimizni tiriltiradigan qoʻshiqlar bugun juda zarur. Bunday qoʻshiqlar, shubhasiz, XXI asr poʻrtanasida burkanib yashayotgan oʻzbek qalbi haqida boʻlmogʻi shart. Zero, she’r, qoʻshiq ham mustaqillik mafkurasining bir qismidir. Albatta, adolat yuzasidan aytish lozimki, mustaqilligimizning dastlabki yillarida hurriyat va erk gʻoyalari bilan sugʻorilgan koʻplab qoʻshiq va musiqalar yaratildi.
Ammo shu orada kirib kelgan bozor siyosati musiqa sanʼatining ham “bozori”ni vujudga keltirdi. Bu “bozor” isteʼmolchilik kayfiyati bilan ulgʻayayotgan yangi avlodning mayllarini qondiruvchi, shahvoniy hissiyotlarini uygʻotuvchi, milliy erkinlik chegaralarini tan olmaydigan yangi jozibador tuygʻular maydonini kengaytirishga qaratildi. Bir paytlar Gʻarb boshlab bergan “anʼana”lar boʻy-basti bilan yangi avlod hayotiga kirib keldi. Bemaʼni qiliqlar, beoʻxshov harakatlar, hayqiriq nolalar, mazmunsiz soʻzlar, saviyasiz sheʼrlar, aralash tilli qoʻshiqlar avjga chiqdi. Eng achinarlisi, endi ularning gʻoyaviy birlashgan ulkan armiyasi vujudga kelmoqda. Boz ustiga OAV va yana internet tarmoqlari beandisha chiqishlarni trendga aylantirayapti. Musiqa qancha ochiq, shakkok va dagʻal boʻlsa, shuncha shuhrat keltiruvchi “fazilat” deb qaralmoqda. Kamtarlik, uyat va oriyat ojizlik tamgʻasiga aylandi. Men bu holatni shaytonlar bazmiga oʻxshataman.
Ammo oʻzbek jamiyatida his-tuygʻular kurashi hali oxiriga yetgani yoʻq. Unga qarshi turuvchi madaniy qalb qatlami ham mavjud. Paradoks shundan iboratki, insonning “qalb isyoni” ezgulik va yovuzlik oʻrtasida kechadigan doimiy toʻqnashuvlarni yodga soladi. Bu maydonda hurlikdan aziyat chekkanlar ham isyon qiladi, erkinlikka erishganlar ham isyon qiladi. Ana shu “isyon”da inson qalbi oʻz muvozanatini izlaydi. Muvozanat qalbning ozigʻi boʻlmish milliy maʼrifat bilan toʻyinsagina hukmron hakamga aylanadi. Aksi boʻlsa, boʻshliq oʻpqoniga tushgan qalb oʻz mayllarini qondirishning yangi, ayni paytda qanday boʻlsa-da jozibador, ermaktalab manbalarini izlaydi. Inchunin, qalb jaholati vayronkor kuchdir! U nafaqat insonni, alal-oqibat jamiyatni ham tanazzulga tortadi.
Bugun rivojlangan texnologiyalar davri yana bir yangi – sunʼiy intellekt davrini olib kirmoqda. Albatta, aql va meʼyor bilan ishlatilsa, bu narsaning foydali tomonlari koʻp. Lekin uning xavfi inson tuygʻularini ifoda etish, undan-da kengroq tafakkur qilish imkoniyatini vujudga keltirmoqda. Insoniyat jamiyatida uning oʻrniga texnikaning fikrlashi odam tuygʻusini oʻldirishi mumkin boʻlgan xatarlarni keltirib chiqarmoqda. Bir necha oʻn yildan soʻng millionlab kuylarni tahlil qilgan algoritm qanday ruhiy reaksiyalarni keltirib chiqarishni oldindan aytib berishni oʻrganadi. U bizning hayajonimizni darhol payqaydi va umuman inson psixologiyasi haqida bilganlariga asoslanib, qaygʻuli kayfiyatimizga mos keladigan va kechinmalarimizga hamohang kompozitsiyalarni yaratadi.
Algoritm azob-uqubatlarimizning chuqurligini anglashga yordam berganidan soʻng bizga tasalli bera oladigan dunyodagi yagona qoʻshiqni tavsiya etadi. Ehtimol, bizning ong ostimiz uni baxtli bolalik xotiralarimiz bilan bogʻlaydi. Shunday qilib, sunʼiy intellekt tuygʻular bilan toʻqilgan musiqiy ong ostidagi sezgi va hissiyotlarni oʻldiradi. Agar musiqa haqiqatan ham insonda his-tuygʻularni uygʻotishga (yoki ularni boshqarishga) moʻljallangan boʻlsa, musiqachilar uchun algoritm bilan raqobatlashish juda qiyin, hatto imkonsiz boʻladi. Inson tuygʻulari texnologiyaning quliga aylanadi. Uning qalbi isyon qilmay qoʻyadi. Nafrat va muhabbat yoʻqoladi...
Hozirgi zamon kishisining dunyoni his etishi va tushunishi juda murakkab, koʻp qirrali, dinamik va ziddiyatlardan iboratdir. Shu bilan birga, zamonaviy jamiyat hayotidagi aksariyat qarama-qarshiliklar, muammolar insonning ushbu murakkab maʼnaviy dunyosi hisobga olinmaganligi bilan bogʻliq. Bu ayniqsa oʻz faoliyatining asosiy sohalarini isloh qilish yoʻliga kirgan Oʻzbekiston jamiyati hayotining hozirgi holatida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Mutlaqo ravshanki, jamiyat modernizatsiyasining muvaffaqiyati bevosita uning insonparvarligiga, iqtisodiy-huquqiy munosabatlar, ijtimoiy aloqalar va siyosiy jarayonlarning subyektiv-ekzistensial tarkibiy qismini hisobga olish irodasiga bogʻliq. Shu bois ijtimoiy-tarixiy faoliyat subyektlarining maʼnaviy dunyosini, individualligini tushunishda sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilish, insonlarning dunyoni anglashini oʻrganishning yangi konsepsiyalarini shakllantirish nafaqat nazariy ahamiyatga, balki estetik dolzarblikka ham ega.
Islohotlarning samarasi va pirovard natijasi inson ruhiyatida evrilayotgan tuygʻular xosiyatiga bogʻliq. Bunda musiqa madaniyati va ayniqsa musiqiy tafakkurning rivojlanganligi inson maʼnaviy dunyosining eng muhim qismi sifatida ifodalanadi. Musiqa tuygʻular, fikrlar kaleydoskopining ifodalovchisi boʻlishidan tashqari, musiqiy tafakkurning oʻzi umuman insonning dunyoni his qilishi va tushunishida asosiy omillardan biri boʻlib, jamiyat barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan falsafiy faoliyatda bugun musiqiy tafakkurning rolini oʻrganishning yangi yondashuvi, yangi darajasi zarur.
Toʻlqin ALIMARDONOV,
siyosiy fanlar doktori, professor
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Musiqiy tafakkur jumbogʻi” maqolasi
[1] Tavistok inson munosabatlari instituti 1947-yilda Londonda tashkil etilgan Britaniya notijorat tadqiqot tashkilotidir. U ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun psixoanaliz, guruh dinamikasi va tashkiliy harakatlarni oʻrganishga ixtisoslashgan. Institut psixologiya, sotsiologiya va boshqaruv sohasidagi tadqiqotlari bilan mashhur boʻlib, koʻpincha yashirin tadqiqotlarda ishtirok etadi.
[2] Эстулин, Д. Секреты Бильдербергского клуба / Д. Эстулин; пер. с исп. И. В. Жук. – Минск: «Попурри», 2009. С. 31-32.
[3] LSD – dietilamid lizergin kislotasi. Taqiqlangan psixodelik narkotik.
[4] Даниэл Эстулин. Тавистокский институт. Минск, 2014. С.67.