Koʻp matematiklar bilan suhbatlashdim. Har birining oʻz qiyofasi bor, ammo ularni raqamlar olamiga muhabbat birlashtirib turadi. Bugun ham aniq fan haqida emas, xuddi adabiyot, sanʼat yo falsafa haqida suhbatlashayotgandek his qildim oʻzimni. Suhbatdoshimning gap-soʻzlari, oʻzini tutishini kuzatib, mashhur matematik olimdan koʻra shoir yo rassomga koʻproq oʻxshashidan ajablanardim. Sezdimki, u ilm olamida hayrat va muhabbat bilan yashayotgan matematika oshiqlaridan biri ekan.

“Ilm bilan shugʻullanish – ijod qilishdek oʻta shaxsiy jarayon. Bir masala ustida izlana boshlasang, unga shunchalik shoʻngʻib ketasanki, atrofingda hech kimni his qilmaysan. Matematikada shunday goʻzal misollar bor – ularni faqat koʻra bilish, his qilish va ular bilan yashash kerak”, deydi u.

Suhbatdoshim – AQShning Kornell universitetida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan, AQShning Michigan va Xitoyning Sichuan universitetlarida ishlagan matematika fanlari doktori, professor Farhod Eshmatov.

 U xorijda uzoq yillar yashab va ishlab kelgan boʻlsa-da, oʻzbekligini va milliy qadriyatlarini asrab qolgan.

Otam – birinchi ustozim

Oilamizda hamma matematik. Otam Hasan Eshmatov mexanik-matematik, Kiyevda doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

Uch oʻgʻilmiz: katta akam Baxtiyor ham otamning izidan borib, mexanik-matematiklikni tanladi, Amerikada PhD, Oʻzbekistonda esa doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Ukam Olimjon hozir AQShning nufuzli Ohayo universitetida professor.

Bugungi muvaffaqiyatlar uchun barchamiz otamdan minnatdormiz. U kishi doim “Odamning darajasi uning farzandlari bilan oʻlchanadi. Ilmiy unvonlar va natijalar emas, qanday farzand tarbiyalagani muhim” deb takrorlashni yaxshi koʻrardi.

Endi, oʻzim ham uch oʻgʻilning otasi boʻlganimda, bu soʻzlarning haqiqiy maʼnosini anglab yetayapman. Farzand tarbiyasi – oʻta nozik va masʼuliyatli ish. Har bir bolaning tabiatiga qarab yondashish, uni kasbga yoʻnaltirish va oʻzbekona qadriyatlarni singdirish katta mehnat talab qiladi. Bu yoʻlda otam men uchun namuna boʻlgan. Ishi qancha koʻp boʻlsa ham, farzandlari uchun doimo vaqt topgan. Ilmiy ishlar, darslar va tashkiliy vazifalardan ortib, har kuni biz bilan alohida shugʻullanardi. Alohida-alohida suhbat qurib, muammolarimizni aniqlardi. Qattiqqoʻl, ayni vaqtda mehrli va intizomli edi. Bekorga “eng yaxshi investitsiya – farzanding uchun qilingan investitsiya” deyilmas ekan.

Albatta, ota-ona har bir ishda bolalariga namuna boʻlishi kerak. Yurish-turishi, masʼuliyati, odamgarchiligi, ilm-fanga munosabati – hammasi farzandlar uchun ulgi boʻladi. Otam rosa koʻp kitob oʻqigan. Uyimizda kattagina kutubxonamiz bor. Matematika bilan shugʻullanish va kitob oʻqish birinchi oʻrindagi vazifamiz boʻlgan. Yozgi taʼtilga chiqdikmi, qoʻlimizdan kitob tushmasdi. Toʻgʻri, otamchalik koʻp kitob oʻqiganman deb aytolmayman-u, lekin bugungi talabalarim bilan solishtirganda maqtansam boʻladi. Oʻsmirligimizda badiiy adabiyot doimiy hamrohimiz, sirdoshimiz, doʻstimiz edi.

Eng koʻnglimga yaqini, dunyoqarashimga katta taʼsir qilgan muallif – Lev Tolstoy. Uning asarlari badiiy qiymati bilangina emas, chuqur falsafiy qarashlari bilan ham fitratimga taʼsir qilgan. Ularda insonning bu dunyodagi oʻrni, hayotning maqsadi va maʼnosi kabi savollar koʻtariladi. U boylik, shon-shuhrat haqiqiy baxt keltirmasligini taʼkidlaydi. Tolstoyda psixologik tahlil kuchli, har bir obrazning ichki dunyosi, eng nozik qirralari mahorat bilan ochib berilganki, hayratlanmasdan iloj yoʻq. Masalan, “Urush va tinchlik”ni olaylik,  shuncha koʻp va mukammal obrazlarni yaratishning oʻzi oson ish emas. Agar yozuvchi daho boʻlmasa, tarixiy voqealar va shaxsiy dramalarni bu darajada mohirona uygʻunlashtira olmagan boʻlardi.

Onam ham ziyoli inson: biologiya fanlari nomzodi, koʻp yillar kafedra mudiri boʻlib ishlagan. Farzand tarbiyasida ota-onaning bir fikrda boʻlishi bizning baxtimiz boʻlgan. Haqiqiy oilaviy baxt – ota-onaning dunyoqarashi va qadriyatlarining uygʻunligidir.

Eng muhimi – toʻgʻri savol qoʻya bilish

Matematikning tafakkur tarzi ham yozuvchiniki kabi cheksiz va erkin boʻlishi kerak. Tolstoy “Anna Karenina” haqida “Mening qahramonlarim oʻz hayotini oʻzi belgilaydi. Asarni boshlaganimda bir fikrda edim, endi esa ular oʻz yoʻli bilan ketmoqda” degan edi. Haqiqiy matematik ham masala ustida ishlaganda natijani oldindan bilmaydi. Yillab mehnat qiladi, baʼzan natija chiqmaydi, ammo tashlab qoʻymaydi. Ilmiy yutuq – uyqusiz tunlar, oromsiz kunlar evaziga keladigan goʻzal yechimdir. Ilm shuning uchun ham jozibali.

* * *

Farhod Eshmatov oʻz muvaffaqiyatida ustozlarining katta hissasi borligini taʼkidlaydi. Oʻzbekistonda Shavkat Ayupov, Vladimir Chilin, Amerikada esa Kornell universiteti professori Yuriy Berest uning ilm yoʻlidagi muhim rahnamolari boʻlgan.

Yuriy Berest shunday degan ekan: “Farhod, eng muhimi, oʻzingga yoqmagan ishni qilma, senga murakkablik tugʻdirayaptimi, yigʻishtir, boshqa nima ish qilsang qil, faqat matematikani tinch qoʻy. Ikkinchidan, ilmiy maqola yozayotganingda toʻgʻri savollar qoʻya bil. Aytadigan gaping boʻlmasa, gapirma, yozma. Ilmda eng muhim narsa – toʻgʻri savol qoʻya bilishdir”. Bu soʻzlar uning ilmiy faoliyatida asosiy qoidaga aylangan.

Mehnat va maqsad birlashsa...

Qobiliyat muhim, ammo undan ham muhimrogʻi – mehnat va maqsad. Talantning oʻzi yetarli emas; uni maqsadga yoʻnaltirib, intizom bilan ishlash kerak. Men oʻzimni favqulodda talantli deb hisoblamayman. Maktabda boshqa bolalardek olimpiadalarda qatnashmasdim. Ammo mehnat qilish, bir yoʻldan qaytmaslik, otamning tarbiyasi bugungi natijaga olib keldi. Mashhur ingliz matematigi Igor Shafarivich shunday degan ekan: “Matematika oʻz odamlarini yoʻqotmaydi”.

Agar kimdir matematika uchun yaralgan boʻlsa, boshqa yoʻllarga qancha burilmasin, oxiri yana matematikaga qaytadi. Eng muhimi – sevgan ishing bilan shugʻullanish. Ilmga muhabbatsiz, faqat ilmiy rutba yo unvon uchun kelganlarga fan haqiqiy lazzat bermaydi. Xuddi sportchi mashq qilmasa, formadan chiqib qolgandek, bir-ikki kun ilm bilan shugʻullanmasam oʻzimni ogʻir his qilaman. Yoqtirgan ishimni qilayapman va bundan zavq olayapman. “Ertalab ishga, kechqurun uyiga shoshayotgan odam baxtli” degan ibora bor-ku, demak, men toʻgʻri yoʻldaman.

Xavotirim – inson miyasining qadrsizlanishi

Bugungi dunyoni matematikasiz tasavvur etish mumkin emas. Hayotimizning har bir jabhasida unga duch kelamiz. Ayniqsa soʻnggi yillarda sunʼiy intellekt (SI) jadal rivojlanib, turmushimizning ajralmas qismiga aylandi. Aslida sunʼiy intellektning toʻqson foizi aynan matematikaga asoslangan. Oddiy algoritmlardan tortib, murakkab neyron tarmoqlarigacha boʻlgan SI texnologiyalari sogʻliqni saqlash, moliya, transport, taʼlim kabi sohalarda allaqachon inqilobiy oʻzgarishlar yasayotir. Ilk sunʼiy intellekt faqat oddiy chiziqli algebradan foydalangan boʻlsa, bugun u topologiya, statistika va boshqa murakkab sohalarni qamrab olayotir.

Haqiqat shundaki, SI va matematika uzviy bogʻliq. Matematika – sunʼiy intellektning poydevori va tilidir. Ilm-fan va texnologiya shunday tez rivojlanmoqdaki, ilgari 200 yildan keyin tatbiq etiladi deb taxmin qilingan matematik kashfiyotlar hozir 15-20 yil ichida hayotga joriy boʻla boshladi.

SIning asosiy afzalligi – insonlarni ogʻir va takrorlanuvchi mehnatdan ozod qilishidir. Ishlab chiqarish liniyalarida robotlashtirilgan tizimlar yuqori aniqlik bilan faoliyat yurita boshlaganiga ancha boʻldi. Sogʻliqni saqlash sohasida esa kasalliklarni erta aniqlash va individual davolash usullari ishlab chiqilmoqda. “Aqlli shaharlar” konsepsiyasida transport oqimini optimallashtirish, energiya sarfini kamaytirish kabi yoʻnalishlarda SI xizmati katta boʻladi.

Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Sunʼiy intellekt faoliyati shaxsiy maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlashni talab etadi, bu esa maʼlumotlarning noqonuniy tarqalishi va kiberhujumlar xavfini paydo qiladi. Shaxsiy maʼlumotlarning gʻarazli maqsadlarda qoʻllanishi ayniqsa kredit berish, ishga qabul qilish yoki huquqni muhofaza qilish sohalarida jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin. Yana bir xavotirli jihat shundaki, SI orqali avtomatlashtirish ayrim kasblarning yoʻq boʻlib ketish xavfini oshirdi.

Mashhur shaxslardan biri yaqinda shunday degan edi: “Yaqin kelajakda shifokorlar, muallimlar va muhandislarning oʻrnini sunʼiy intellekt egallaydi”. Shaxsan mening eng katta xavotirim – inson miyasining qadrsizlanishi, tabiiy his-tuygʻularning soʻnishi va insoniylikning yoʻqolishi. SI bilan ishlayotganda baʼzan qayerda mening fikrim tugab, qayerda uniki boshlanganini anglamay qolaman.

Bu esa yanada ogohroq boʻlishga undaydi.

Shu sababli Yevropadagi baʼzi davlatlar SI faoliyatini cheklamoqda, Xitoy esa oʻz milliy variantlarini yaratayapti. Biz ham oʻz qadriyatlarimiz va mafkuramiz asosida milliy SI modelini ishlab chiqishimiz shart. Bu – texnologiyalarning imkoniyatlaridan foydalanib, salbiy oqibatlarning oldini olish uchun muhim qadamdir.

Vatanga qaytish

1998-yili Oʻzbekiston milliy universitetini bitirib, “Umid” jamgʻarmasi orqali Amerikadagi Nyu-York davlat universitetiga magistraturada oʻqish uchun ketgan edim. Baholarim yaxshi boʻlgani uchun universitetda qolib, ilmiy faoliyatimni davom ettirishni taklif qilishdi.

1998–2012-yillarda AQShning nufuzli universitetlarida ishladim, Kornell universitetida PhD ilmiy darajasini oldim. Michigan universitetida dars berdim. Ikki bolam ham oʻsha yerda tugʻildi. Hozir toʻngʻich oʻgʻlim Foziljon AQShdagi Georgia Tech universitetida kosmik raketalar muhandisligi yoʻnalishida tahsil olmoqda.

Keyin yaqin doʻstim Ksiaojun Chenning taklifi bilan Xitoyning Sichuan universitetiga ilmiy faoliyatimni davom ettirish uchun oʻtdim. Xitoyda yetti yil ishladim.

Koronavirus pandemiyasi paytida dunyo boʻylab safarlar toʻxtatildi. Biz besh yulduzli mehmonxonada xalqaro konferensiyada qatnashgan holda karantinda qoldik. Hamrohlarim – dunyo tan olgan matematik olimlar orasida Filds mukofoti sovrindori ham bor edi. Uch oy mobaynida xonadan deyarli chiqmadik. Dastlab buni dam olish deb qabul qilgan boʻlsam-da, vaqt oʻtishi bilan bu uzoq sukut menga hayotimni qaytaboshdan oʻylab chiqish imkoniyatini berdi.

Oʻsha kunlarda oʻzimga savol berdim: “Nima uchun yashayapman? Men uchun nima muhim? Vatanimga qaytib, yaqinlarimni koʻra olamanmi?” Bu fikrlar qalbimda vatanga muhabbatni qayta uygʻotdi. Karantindan soʻng, birinchi imkoniyat paydo boʻlishi bilan Oʻzbekistonga qaytdim. Albatta, qaytishimda ham oilam va yaqinlarim uchun xavotirlandim. Virus yuqtirishdan qoʻrqib, aeroportdan toʻgʻri boʻsh turgan uyimizga yoʻl oldim va ikki hafta karantinda boʻldim.

Shunday qilib, uzoq yillar chet elda mehnat qilgan boʻlsam-da, vatanga qaytib keldim va bu qarorimdan hech qachon afsuslanmadim. Allohning marhamati bilan ikki yil davomida betob otamning yonida boʻlish baxti nasib qildi.

Hozir Oʻzbekistonning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri – Yangi Oʻzbekiston universitetida ishlayapman va shogirdlar tarbiyalayapman. Vatanga xizmat qilish – inson uchun eng katta sharaf ekanligini angladim. Chunki inson kim boʻlishidan qatʼi nazar yuragi oʻzi tugʻilgan zamin bilan chambarchas bogʻliq boʻlib qolaveradi.

Shahnoza ROFIYEVA yozib oldi

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 2-son.

“Matematika oʻz odamlarini yoʻqotmaydi” maqolasi