“Robinzon Kruzo” (1972) filmida qahramon tilidan aytilgan shunday bir jumla bor: “Qayiq dengizga kelmasa, unda dengiz qayiqning oldiga boradi”. Bugun bolalarimiz mingan zamon qayiqlari biz – kattalar istayotgan taʼlim-tarbiya dengiziga bormayotgan ekan, demak, oʻsha dengizning oʻzini ularning yoniga olib borish kerak. Buni amalga oshirishning eng samarali vositalaridan biri esa, shubhasiz, multfilmlardir. Ayni qiziqarli multfilm yordamida bolalar ruhiyatiga, ularning shaxs boʻlib shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatish mumkinligi bugun dunyo olimlari tomonidan qayta-qayta isbotlanmoqda. Afsuski, bolalarimizni telefon, planshet yoki televizorga oʻzimizning multfilmlar emas, aksincha, turli gʻoyalar singdirilgan xorij animatsion mahsulotlari bogʻlab qoʻygani bor gap. Begʻubor va mitti qalblarni “oziqlantirish” chet el multfilmlariga qolib ketayotgani xavotirli haqiqatdir. Tashvishlanarli tomoni chet el multfilmlarining foyda yo zarari, yutuq yoki kamchiliklarida emas, balki nima sababdan hozirga qadar milliy auditoriyani taʼminlashga yetarli milliy animatsion filmlar ishlab chiqilmayotgani, nega tarbiya urugʻlari qadaladigan, odob-axloq meʼyorlari singdiriladigan, mehr-oqibat, rahm-shafqat, doʻstlik kabi insoniy sifatlar, millat tushunchasi, vatanparvarlik tuygʻusi shakllanadigan yoshdagi farzandlarimiz uchun milliy multfilmlar tanqisligi hamon muammoligicha qolib kelayotgani bilan bogʻliqdir!

Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3176-son qarori 2-bandida 2020-yildan boshlab har yili 50 tadan multiplikatsion filmlar ishlab chiqish topshirigʻi belgilangan. Qariyb 4 millionga yaqin toʻrt yoshgacha bolalar va 3,5 millionga yaqin 5–9 yoshdagi bolalar yashayotgan yurtimiz uchun, aslida, 50 ta mulfilm ham juda katta koʻrsatkich emas. Shunday boʻlsa-da, davlat rahbari tomonidan qoʻyilgan vazifani toʻliq amalga oshirish, yaʼni yiliga 50 tadan multfilm ishlab chiqarish orqali bolajonlarimizga ulkan yaxshilik ulashilgan, xorijning turli taʼsirga ega mahsulotlariga kunimiz qolmagan boʻlar edi. Biroq mavjud vaziyat shuki, yurtimizda yiliga loaqal 10 ta multfilm ishlab chiqarish ham muammoli masalalardan boʻlib turibdi. Toʻgʻri, yillik hisobotlar yoki yirik anjumanlarda multfilmlar soni ancha oshirib-toshirib koʻrsatilayotgan boʻlishi mumkin, lekin bu bilan faqat oʻzimizni, aniqrogʻi, qora koʻz bolalarimizni aldayotganimiz qolyapti, xolos. Agar amalda mana shu raqamlardan ortiq multfilmlar yaratilayotgan boʻlsa, ochiq platformalarga qoʻyilsin va haqiqatan ularning borligiga ishonaylik. Afsuski, hech boʻlmaganda Kinematografiya agentligining rasmiy sahifalarida ham bu haqida maʼlumot topish amrimahol.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1030-son qarori bilan tashkil etilgan “Multiplikatsion filmlar studiyasi” DUK faoliyati koʻp oʻtmay (07.04.2021-yil, PQ-5060-son qaror bilan) toʻxtatilgach, Oʻzbekistonda multfilmlar ishlab chiqish xususiy studiyalar bilan shartnomaviy asosda amalga oshiriladigan boʻldi. Lekin baribir qancha va qanday multfilmlar yaratish kerakligini hal etish masalasi moliyaviy dastakni oʻzida saqlab turgan davlat zimmasida qolmoqda. Eʼtiborli jihati shundaki, davlatning oʻzi animatsiya sohasini maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlovchi vosita sifatida tan olyapti. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-son Farmoni 1-ilovasi V boʻlimida shunga urgʻu berilib, milliy multiplikatsiya industriyasini shakllantirish, animatsion filmlar ishlab chiqarishga yosh multiplikator va animatorlarni keng jalb qilish zarurligi alohida qayd etilgan. Shu bois, bugungi milliy animatsiyamiz ahvoli haqida multiplikatsiya sohasida oʻn yildan ortiq faoliyat yuritib kelayotgan isteʼdodli yosh animator, “Astir animation” studiyasi rahbari, “Eng yaxshi animatsion film” yoʻnalishi boʻyicha 2021 va 2022-yilgi “Oltin Xumo” milliy mukofoti sovrindori, “Xasis baqqol”, “Sayyoh”, koʻp qismli “Avtosarguzashtlar” va “Buyuk Ipak yoʻli boʻylab sayohat” singari 3D formatdagi multfilmlari bilan tanilgan Abdulatif Haydarovning fikrlarini bilishga qiziqdik va shu orqali milliy animatsiyaning rivojiga, multfilmlarning son va sifat jihatidan koʻpayishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolar qaysi omillar bilan bogʻliqligi va ularning yechimi qayerda ekanligi toʻgʻrisida maʼlum xulosalar chiqarishga harakat qildik.

Abdulatif Haydarov: Bolalar chet davlatnikiga oʻxshash multfilmlar koʻrishni xohlayaptimi, ularda nima bor!? Birinchi afzallik, sifati judayam yuqori, ranglar judayam yorqin va oʻzgacha bir deformatsiyadagi, bolani hayron qoldira oladigan kutilmagan qahramonlar bor ularda. Buni Oʻzbekistonda ham qilish mumkin. Bizda “Mutaxassislarimiz yoʻq yoki bizda unaqa rivojlanmagan” deyishadi, necha yildan beri shunaqa gaplarni eshitamiz. Mutaxassis ham bor, topiladi, faqat eʼtibor kam desam toʻgʻriroq boʻladi. Agar oʻzimizning mahsulotlar koʻproq boʻlsa va ularni koʻproq bolalarimizga koʻrsataversak, bu yaxshi maʼnoda bolalarga taʼsir oʻtkazadi. Hech boʻlmaganda chetdan toʻgʻridan-toʻgʻri kirib kelayotgan mahsulotlardan qisman boʻlsa-da, bolalarimizni himoya qila oladi. 

Ijodkorning kadrlar masalasiga oid qarashlari ham ommanikidan farq qiladi, shu sohaning baland-pastini koʻrgan, bilgan amaliyotchi sifatidagi fikrlari eʼtiborli.

Abdulatif Haydarov: Kadrlar yoʻq yoki kadrlar kerak, degan masalaga men sal boshqacha fikrdaman. Deylik, oʻsha kadr oʻqidi, bitirdi, lekin oʻsha soha boʻyicha ish yoʻq boʻlsa yoki biror bir multfilm ishlab chiqarilmasa, kadrning nima keragi bor. Mening fikrim koʻproq amaliy ishga eʼtibor berish. Mayli, boshlangʻich narsani bilsin-da, haqiqiy multfilmda ishlasin, mana shu yerning oʻzida (yaʼni multfilm ishlab chiqiladigan studiyada) oʻqigandan koʻra, oʻn baravar koʻproq va tezroq bilim oladi. Oʻzimda koʻp sinadim, masalan, nechta yangi kelgan bolalarni haqiqiy loyihaga kiritamiz, birinchi shok holatida boʻladi, nima qilishni bilmaydi, keyin yoʻl-yoʻlakay oʻrgatib ketiladi. Bitirib keladi, lekin multfilmda umuman ishlamagan, u joylarda ham amaliyot kam boʻlgandan keyin baribir studiyada boshqatdan oʻrganadi, tajriba oshiradi. Ularning ham aybi emas bu, faqat amaliyotni koʻpaytirish kerak, oʻqishdami, studiyadami farqi yoʻq, haqiqiy loyiha ishida qatnashsa, koʻproq oʻrganadi.

Men oʻzim koʻpincha mutaxassislarni biror animatsion loyiha tugagandan keyin 5–6 oygacha multfilm ololmay qolganimizda yoʻqotaman, keyin yana boshqatdan tayyorlaymiz mutaxassislarni, ular ham bitta loyihada oxirigacha ishlab yo ishlamay, bu sohada pul topish qiyin ekan, degan tushunchaga keladi. Chunki uzilish koʻp, bitta multfilmni ishlash bilan ikkinchisining oʻrtasida uzilish boʻladi, oʻsha paytda mutaxassislar boshqa yoʻnalishga qarab oʻtib ketadi, ularni ham toʻgʻri tushunish kerak, shunchaki yuravermaydi-ku. Bizda hali animatsiya rivojlanmagan ekan deyishadi, xuddi birov kelib rivojlantirib qoʻyadigandek, baribir oʻzimizdagilar rivojlantiradi-ku. Faqat men aytadiganim, imkoniyat koʻp berilishi kerak. Va yana bir narsaki, yoshlarga ishonch yoʻq, “bunga bersak, qanaqa chiqarar ekan” deyishadi, lekin hali birorta loyihani berib koʻrmagan, bermasdan turib, “qiloladimi-yoʻqmi” deyishadi. Oxir-oqibat bermaydi ham, qildirmaydi ham, imkoniyat berilmagach, sohaga endi kirib kelayotgan boʻlajak mutaxassislar ham bu yoʻnalishdan uzoqlashadi. Lekin qiziqish bilan kirib keluvchilar oqimi judayam katta, oʻzimda koʻp uchraydi.

Ushbu fikrlardan kalavaning bir uchi topilgandek, demak, mutaxassis bor, xohish-istak bor, faqat ularni yuzaga chiqarishga xizmat qiladigan imkoniyat yoʻq. Imkoniyat degani esa, shubhasiz, mablagʻga borib taqaladi. Shundan kelib chiqib, bitta multfilmga oʻzi qancha pul sarflanishiga qiziqdik.

Abdulatif Haydarov: Bir sekundlik mahsulot tayyor boʻlishi, misol uchun, hozirgi kunda 200–300 ming soʻmdan 1 million soʻm oraligʻida. Shundan hisoblash mumkin 10 sekundiga qancha boʻladi, 1 minutiga qancha. Lekin aytilgan xarajat boʻyicha multfilmning oʻziga shuncha ketmaydi, yaʼni 15 foiz QQS yana qaytadi, 12 foiz daromad soligʻi, yana ijtimoiy soliqlar, bunday qarasangiz, 30–40 foizi yana qaytib ketadi. Mana, chet davlatlarda koʻramiz, oʻsha eng mashhur studiyalar, Disney deymizmi, Piksar deymizmi – bitta studiya daromadi ancha-muncha davlatning bir yillik daromadiga teng, yaʼni xarajatdan tashqari daromaddan shuncha foyda koʻrishyapti, taxminan bitta katta multfilmga 200 mln dollar sarflayapti, 1 mlrd dan koʻp topishyapti. Ularnikini ham aytish mumkin, nima hammasi zoʻr chiqyaptimi deb, yoʻq, ularning ichida ham omadsizlari bor, lekin ular bunga koʻz yumadi, chunki zararini boshqasi qoplaydi, oʻshalarni ichidan yaxshi chiqib qolganlarini biz koʻryapmiz, yaʼni u yerda ham zarariga kirgan, omadsiz loyihalar bor, busiz boʻlmaydi. Shuning uchun imkoniyat koʻp berilishi kerak, moddiy tomondan zarariga yoki foydaga ishlaydiganlari boʻladi, harqalay oʻntani ichidan yaxshi narsa chiqadi-ku baribir, hech boʻlmasa ikkita yaxshisi chiqsin. Bizda yaxshi mutaxassis yoʻq deb shu ikkitani ham ishlamay oʻtiraversak, vaqt oʻtgani va orqada qolganimiz qoladi.

Deylik, kun kelib masʼullar milliy animatsiyani rostdan ham rivojlantirish kerakligi, bolalar qalbiga hozirdan ezgulik va halollik urugʻlarini qadash orqali jamiyatdagi ertangi koʻplab muammolarning oldi olinishi mumkinligini tushunib qolishsa-yu katta-katta mablagʻlarni shu sohaga yoʻnaltirishni boshlasa, multfilmlar qanday talablarga javob berishi kerak, ularning asosiy xususiyatlari nimalarda aks etishi zarur degan savollarga ham oydinlik kiritdik.

Abdulatif Haydarov: Oʻylashimcha, birinchi navbatda, multfilm bolani jalb qila olishi kerak. Jalb qilib, tomosha qilishga majbur qildingizmi, uning ichida keyin aytilmoqchi boʻlgan fikrni yetkazish, yaʼni toza va tiniq fikrlarni oʻshaning ichida berish kerak. Agar bolalarga faqat nasihat qilsak, ular koʻrmaydi, ochigʻi, faqat gap bilan aytaversa ham boʻlmaydi. Ularga yoqqan narsalarni qilib beraylik, deylik, oʻsha harakatlarda-yu ranglarda, koʻrinishlarda bolalar xohlayotgan narsalar boʻlsin, ichida esa ota-onalarimizga yoqadigan urf-odat, xarakter yoki tarbiyaviy jihatlar boʻlsin.

Ishlanayotgan multfilm voqeasini bola koʻchada koʻrsin yoki koʻchada koʻrgan narsasini multfilmda ham koʻrsin, yaʼni hozirgi zamon bilan hamnafas boʻlsin. Multfilmda bolalar oʻzi ishlatayotgan narsalarni koʻrsin, yaʼni bolalar tiliga yaqinroq boʻlsin. Hozirgi paytda, misol uchun, 4–5 yoshli bola nima haqida gaplashyapti, oʻsha narsa multfilmga kiritilsin. Bir soʻz bilan aytganda, hozirgi bolalarni jalb qilish uchun multfilmda ularga yaqinroq narsalar boʻlishi kerak.

“Har kim oʻz ishini qilsin” degan soʻzlarni koʻp eshitamiz. Bu, albatta, toʻgʻri gap. Lekin oʻz ishini qilishga yetarli sharoit boʻlmasa yoki shunga imkoniyat berilmasa, har qanday mutaxassis ham oʻz ishi bilan jiddiy shugʻullana olmaydi. Nafaqat oʻzimizning auditoriya, balki xorij maydonlariga, eng nufuzli mukofotlarga loyiq darajada milliy multfilm ishlashga tayyormiz deb turgan ishtiyoqmand ijodkorlar bugun nimalarga oʻralashib qolganini ham intervyu bahona bilib oldik.

Abdulatif Haydarov: Bitta narsaki, menda multfilmni tayyorlashdan koʻra buyurtmalarni topish, hujjatbozlik ishlariga koʻp vaqtim ketib qoladi, yaʼni doimiy bir xillik boʻlmagani uchun shunaqa ishlarga koʻp vaqt ajrataman, undan koʻra bizga: “Mana multfilm, hammasi tayyor, sizlar faqat ishlanglar” deyishsin. Kuchimizning taxminan 30–40 foizini ishlatyapmiz, qolgani esa ana shunaqa keraksiz yugur-yugurlarga ketib qolyapti. Bizdan koʻproq foydalanish kerak.

Bolalarimiz ertasiga befarq boʻlmagan har qanday insonda milliy multiplikasiyamiz haqida savollar tugʻilishi tabiiy, nima uchun bizda multfilmlar kam ishlanadi, qachon chet elniki bilan raqobatlasha olamiz va yana shunga oʻxshash savollar!? Nazarimizda, bularning barchasiga javob bitta xulosada yashiringan: multiplikatorlarga koʻproq imkoniyat berilishi kerak, ularni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash kuchaytirilishi zarur. Yoʻqsa, shu kabi savollarni yana oʻn yil oʻtib ham beraveramiz, muammolarimiz ham “eski hammom, eski tos”ligicha qolaveradi. Agar muammolar ildizini moliyaviy imkoniyatlarga bogʻlaydigan boʻlsak, buning ham oʻziga xos yechimlarini topish mumkin, albatta.

Xususan, har bitta davlat organi oʻz yoʻnalishidan kelib chiqib, hech boʻlmaganda yiliga bitta multfilmga buyurtma bersa, bir kunlik toʻydek oʻtib ketadigan yuzlab tadbirlarga sarflanadigan xarajatlarning loaqal bittasini yurtimiz kelajagi boʻlgan, ertangi davomchilarimiz hisoblangan bolajonlarimiz uchun multfilm ishlashga yoʻnaltirsa, animatsiya ishlab chiqarishdagi moliyaviy tanglik holati sezilarli darajada hal qilingan boʻlar edi.

Deylik, Mudofaa vazirligi oʻz faoliyati bilan bogʻliq vatanparvarlik mavzusida, Diniy qoʻmita ham kichik yoshdagi bolajonlar qalbiga iymon-eʼtiqod tushunchalarini toʻgʻri singdira oladigan diniy-maʼrifiy yoʻnalishda, Madaniyat va turizm vazirligi esa yurtimizning behisob qadamjolari va tarixiy madaniyatga boy maskanlari haqida multfilmlar buyurtma qilishlari mumkin. Xuddi shu singari boshqa tashkilotlar ham bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilishsa, oʻsha tashkilot rahbarlarining oʻzi ham buning samarasini, foyda-yu taʼsirini oʻz farzandlari yoki nevaralari misolida koʻrishar edi, yaʼni sarflangan mablagʻlar aylanib kelib, baribir shu millat bolalari uchun xizmat qilgan boʻlardi. Ehtimol, shu yoʻl bilan mazmunli, ibratli va qiziqarli multfilmlarimiz koʻpayib, bolalarimiz mingan zamon qayiqlarining biz – kattalar xohlayotgan taʼlim-tarbiya dengiziga chiqib olishiga yanada kengroq imkoniyatlar ochilgan boʻlarmidi!?

Aziz MATYOQUBOV suhbatlashdi

Suhbatning videotasvirini ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.