Taqlidchilik
Rashod Nuri Guntekinning yigirmanchi asr boshlaridagi turk ijtimoiy hayoti tasvirlangan “Choliqushi” romanida bir maorif chinovnigining ogʻzini toʻldirib “Ovrupo, Ovrupo!” deya qichqirganini eslaylik. Bu Yevropa madaniyati taʼsiriga tushish, unga koʻr-koʻrona taqlid qilish, uni yagona najot yoʻli deb bilishning tipik namunasidir. Oradan bir asr oʻtib, yana bir turk serialidagi xususiy televideniye rahbarining ogʻzidan bol tomib, “Globalizm, globalizm!” deya bong urishi-chi?!
Azaldan qudratli yoki hukmronlikka intilayotgan madaniyat zaif madaniyatlarni urushsiz, kuch ishlatmay mahv etadi. Bu jarayonda insondagi taqlid instinkti qoʻl keladi. Garchi aql, nutq, nozik his-tuygʻu va boshqa ilohiy neʼmatlardan bahramand boʻlsa-da, inson biologik mavjudot sifatida instinktdan ham mosuvo emas. Muammo shundaki, instinktga boʻysunish, uning quliga aylanish bugungi davr kishisining aʼmoliga aylanib borayotgandek. Taqlid maymunlarda koʻproq namoyon boʻladi. Ayni shu jihatdan aqli noqis odam tilsiz hayvondan farqi yoʻq hisobi. Siyosatshunos olim Narzulla Joʻrayev olmon faylasufi Fridrix Nitshe fikrlarini tahlil qilib, bunday yozadi: “Nitshe inson haqida fikr yuritar ekan, ojiz, notavon odamlarni maymunga oʻxshatadi. Chunki bunday odamlarda aql kuchi, intellektual salohiyat yuqori boʻlmaydi. Oʻzini anglamaydi. Oʻzini oʻzi himoya qilolmaydi. Oʻzini oʻzi yoʻnaltirib, aqliy salohiyatini ezgu maqsad sari safarbar etolmaydi. Bunday odamlar maymunga oʻxshab taqlidchilik bilan yashaydi, oʻzgalardan andaza olib, oʻzgalarning yoʻrigʻida yuradi. Ularda mustaqil fikr boʻlmaydi, iroda kuchi sust boʻladi. Bundaylar ruhiy erkinligini butunlay yoʻqotib, oddiy jonzotga aylanadi... Qatʼiy iroda va ijodkorlik ruhi zaiflashgan inson tubanlashib boradi. Atrofimizga nazar solsak, irodasi boʻsh odamlarning ayrimlari ichkilikka, giyohvandlikka berilib ketsa, ayrimlari sotqinlik, munofiqlik, tobelik kayfiyati bilan yashayotganini koʻramiz” (Joʻrayev N. Taxayyul, tasavvur, tafakkur. Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2015. 153-bet).
Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Margaret Tetcher oʻzining motam marosimini sakkiz yil davomida butun ikir-chikiri bilan mashq qilgan ekan. Hollivud olami “yulduz”lari ham unga taqlidan oʻz motam marosimini oʻtkazmoqda (TV-3, “X Версии” koʻrsatuvi, 2015-yil 11-mart). Hali keksalik ostonasiga yetmagan aktyor va aktrisalarni tobutga tushish, qabrga qoʻyilish kabi ruknlarni “hayotiy kino”ga aylantirishga nima majbur qilyapti? Bu qaysi din va eʼtiqod meʼyorlariga toʻgʻri keladi?
Bunday odatlarga “oʻlimga chap berish”, “oʻlimni aldash” istagi – uzoq umr koʻrish orzusi sabab boʻlayotganmish. Xoʻsh, bu kabi “zamonaviy urf-odatlar” yuqumli kasallikday butun Yer yuzi boʻylab tarqalsa nima boʻladi? Inson ojiz-u notavon maxluqqa aylanmaydimi? Toʻgʻri, koʻpgina ilohiy taʼlimotlarda, jumladan, muqaddas islom dinida ham “oʻlim” tushunchasiga katta ahamiyat beriladi. Moʻminlarga oʻlimni mudom eslash, qabristonlarni ziyorat qilish, oʻtganlar ruhini shod etib, Qurʼon tilovat qilish tavsiya etiladi. Ushbu tavsiyada ulug‘ bir hikmat mujassam: inson hayotning gʻanimat ekanini qalban chuqur his etsin, oʻlimdan ibrat olsin, birovlarning qalbiga ozor yetkazmay ezgu va savobli amallar qilsin. Zero, oʻlim – haqdir. Albatta, buni yuqoridagi bemaʼni odatlarga aslo qiyoslab boʻlmaydi.
Darvoqe, boya biz misol oʻlaroq keltirgan marosimlar maʼnaviy qashshoqlik botqogʻiga botib borayotgan yevropalik “zamonaviy odam”ning zerikarli, maʼnisiz, hissiz hayotdan qutulishga boʻlgan intilishi mahsuli emasmikan?..
Tafakkur quyoshining botishi
Faylasuf adib Jan-Pol Sartr “Inson – erkinlikka mahkum” degan edi. Bizningcha, erkinlik nisbiydir. Inson mudom muammolar, tashvishlar, ayniqsa, nafsi changalida eziladi. Biroq erkinlikka intilishni qoʻymaydi. Maʼlum bir nuqtaga yetganda unga erishadi ham. Maqsadimga yetdim deganida yana boshqa bir muammo, hadik domiga tushadi. Shunday qilib, inson erkinlik sohilidan erksizlik sohiliga muttasil borib-kelib yuraveradi. Bu haqdagi fikrlarni yanada chuqurlashtirish, tadqiq qilish mumkin. Ammo ushbu qisqa mulohazadan ham koʻrinib turibdiki, inson erkinlikka munosib, ammo mutlaq erkinlikdan mosuvodir. Uning erkinligi nisbiyligicha qolaveradi.
Insonni ham hur, ham bandi etuvchi boshqa bir muhim omil mavjud. Bu inson ongiga oʻrnashgan koʻzga koʻrinmas hokim – oʻy-xayollar, fikrlardir. Uzluksiz, poyonsiz fikrlar oqimi uni bir lahza boʻlsin tark etmaydi. Inson hatto uyqusida – tush koʻrayotgan chogʻida ham undan ozod emas. Demak, inson – tafakkur qilishga mahkum jonzot. Shunday ekan, faqat tafakkurgina insonni biologik mavjudot holatidan yuksakka koʻtaradi. Ammo globallashuvning yana bir ayanchli asorati – gʻoyasizlik va fikrsizlik insoniyatning koʻrkam orzular bogʻini befayz va tashlandiq bir dalaga aylantirib qoʻyayotgani-da sir emas. Yengil-yelpi hayot kechirish, axloqiy qadriyatlarga bepisandlik, aysh-ishratga berilish, mehnatsiz moʻmay boylik topish istagi, loqaydlik – bularning bari gʻoyasizlikdan tugʻiladigan illatlardir.
Ongsiz, shuursiz, maʼnaviyati tuban kimsalarning manhus obrazi, taassufki, baʼzi bir toifadagi yoshlarning “kumir”i, “ideal”iga aylanib borayotganining ham guvohi boʻlyapmiz. Gʻoyasizlik va tafakkursizlikning sabab va oqibatlari gʻarblik faylasuf olimlar – Osvald Shpenglerning “Yevropa quyoshining soʻnishi” va Patrik Byukenenning “Gʻarbning oʻlimi” kitoblarida atroflicha tadqiq etilgan. Ammo insoniyatni oʻz komiga tortayotgan illat qarshisida ne-ne olim-u fuzalolar ham ojiz qolmoqda. Bundan esa nainki Yevropa, balki butun insoniyat jabr koʻrayotir. Xoʻsh, nima qilmoq kerak?
Fridrix Nitshening telba tilidan aytilgan “Xudo oʻldi!” degan mashhur iborasi bor. Ushbu ibora zamiridagi maʼno bugungi insonning maʼnaviy holatini aynan aks ettiradi: “Kunduzi chiroq yoqib, bozormaydonda tentiragancha “Xudoni qidiryapman! Xudo qayerda?” deya qichqirib yurgan telba haqida eshitganmisiz? Atrofida toʻplangan aksari dahriylardan iborat olomon uni mayna qilardi. “Xudoni yoʻqotib qoʻydingmi?” deb soʻraydi ulardan biri. Boshqasi soʻz qotdi: “Xudo yosh boladay boʻlsa, adashib qolgandir-da”. “Ehtimol berkinib olgandir? Yoki bizdan qoʻrqyaptimikan? Suvga tushib, choʻkib ketgan boʻlsa-chi? Yo koʻchib ketdimikan?” deya usti-ustiga sharaqlab kulishardi. Shu payt telba koʻzini chaqchaytirib ularga bir-bir qaraydi. “Xudo qani? – deb hayqirdi u. – Bilasizmi, sizlarga nima demoqchiman! Biz Uni oʻldirdik – siz va men! Biz uning qotilimiz! Bu ishni qanday qildik? Dengizni qanday quritdik? Ufqdagi boʻyoqlarni oʻchirish uchun kim qoʻlimizga momiq tutqazdi? Zamindan Uning ziyosini soʻndirib nima qilamiz endi? U endi qayga ketdi? Biz-chi, qayon ketayotirmiz? Nahotki Oftob ziyosidan mosuvomiz? Muttasil pastga qulamayapmizmi? Ortga ketyapmizmi yoxud olgʻa?.. Baayni cheksiz Yoʻqlik ichra tentirab qolmadikmi? Boʻshliqdan nafas olmayapmizmi? Etingiz sovuqdan junjikmayaptimi? Bizni zim-ziyo va cheksiz tun domiga tortmayaptimi? Kunduzi chiroq yoqish fursati kelmadimi? Nahot goʻrkovlarning – Xudoni “dafn qilganlar”ning shovqinini eshitmayapsiz? Ilohiy buxur ifori nahot bizgacha yetib kelmadi? Ilohlar chirib bitdi! Xudo oʻldi! Xudo tirilmaydi! Biz Uni oʻldirdik! Oʻzimizni qanday yupataylik, axir, biz qotillar qotilimiz! Ilohiy Zot, Sohibi qudrat Zaminda nima ham qilsin? Oyoqlarimizdan oqayotgan qonni kim ham tozalar? Bizni poklar suv bormi? Gunohimizni yuvish uchun yana qanday ilohiy oʻyinlar oʻylab topamiz? Bu ishlarning nahot biz uchun zarracha qadri qolmadi? Unga munosib boʻlish uchun ilohlarga murojaat qilish burchimiz emasmi? Xudoning ishidan mukammali aslo boʻlmagan, bizdan soʻng kim yaratadi, bordiyu bu amalga oshsa ham, barchasi Oʻtmishning emas, Xudoning izmida!” Telba tin olib, somelariga nazar tashladi; ular sukut saqlagancha hayrat bilan qarab turishardi. Soʻng fonusni uloqtirib yubordi, chil-chil boʻlgan fonusning nuri asta soʻndi. “Men juda barvaqt kelibman, – dedi u, – hali fursat yetmagan ekan. Dahshatli voqea hali yuz bermabdi, ammo oz qoldi – uning daragi hanuz inson qulogʻiga yetib bormagan. Chaqmoq chaqishi, yashin urishi uchun ham, yorugʻlik va yulduzlarga ham vaqt kerak, mudhish falokatga vaqt kerak, barchasi roʻy bergach, inson bundan xabar topadi, nigohi tushadi. Bu falokat hali bizdan ancha yiroq, eng olis yulduzdan ham narida, biroq siz buni albatta koʻrasiz!” Aytishlaricha, telba oʻsha kuni yana bir necha cherkovga borib, u yerdagi qavmlarga xitob qilibdi. Uni quvib solishibdi, javobgarlikka tortishibdi, u boʻlsa bir gapni tinmay takrorlarmish: “Butni bilmaganlarga cherkov na hojat?!” (Нитше Ф. Стихотворения, философская проза. Художественная литература, Санкт-Петербург, 1993. Стр.376-377).
Narzulla Jo‘rayevning talqinicha, Nitshening “Xudo o‘ldi” g‘oyasi dahriylik yoki e’tiqodsizlik mahsuli emas, bil’aks, u boshqa fikrni aytmoqchi bo‘lgan. “Xudoning oʻlimi” bu – bevosita insonning oʻz oʻlimi, aniqrogʻi, uning jismoniy emas, balki maʼnaviy, ruhiy oʻlimi gʻoyasidan kelib chiqqan oʻta betakror, ayni paytda, insoniyat tafakkurida tub burilish yasaydigan, toʻntarish qiladigan inqilobdir... Bu gʻoya insonning maydalashib borishi, maʼnaviy mayib-majruh jamiyatning shakllanishi, ommaviy nasl-nasabsizlikning vujudga kelishi, genotsidning chuqurlashib borishiga yoʻl qoʻymaslik har qanday davrda eng dolzarb, eng buyuk ehtiyoj ekanini koʻrsatadi. Bunday daʼvatning taʼsir kuchini oshirish va insoniyatni zulmatdan qutqarish, mudroq qalbini uygʻotish maqsadida Nitshe oʻz gʻoyalariga ilohiy tus berib, Sharq insonparvar gʻoyalaridan najot izlaydi, unga tayanadi” (“Taxayyul, tasavvur, tafakkur”, 168-168-betlar).
Sir emas, globallashuvning moddiy-iqtisodiy talotoʻplari bugungi davr insonining tafakkuri, ruhiyati, eʼtiqodi va his-tuygʻulari olamida keskin evrilishlar yasamoqda. Inson bundan buyon ham “tafakkur qilishga mahkum jonzot” boʻlib qolaverarmikan yoki?..
Muhojirot gʻavgʻosi, tamaddunlar toʻqnashuvi...
Globallashuv koʻrsatgan yana bir “karomat” tamaddunlar oʻrtasidagi munosabatning tigʻizlashuvi va buning ortidan kelib chiqayotgan turli chigalliklardir. Shunday ekan, yangi davr ostonasida milliy oʻzlik aksi boʻlmish tamaddunimiz qay tomon rivojlanishi kerak? U rivojlanadimi yoki inqiroz xavfi ham bormi? Mutaxassislarning aniqlashicha, dunyodagi ikki mingga yaqin millat va elat tili butunlay yoʻqolib ketish arafasida. Maʼlumki, milliy til dunyodagi koʻplab mamlakatlarning davlat tili hamdir. Agar milliy til yoʻqolsa, “davlat tili” degan tushuncha ham oʻz-oʻzidan gʻoyib boʻlishi tayin.
Harvard universitetining xalqaro masalalar va strategik tadqiqotlar kafedrasi professori Samuel Hantington 1993-yilda nashr etilgan “Tamaddunlar toʻqnashuvi” nomli kitobida sivilizatsiyalarni jugʻrofiy hududlar boʻyicha tasniflaydi. Pirovardida olim XXI asr tamaddunlararo toʻqnashuv asri boʻladi, degan xulosaga keladi.
Tushkun kayfiyatni ifoda etgan ushbu “bashorat” jahon siyosatshunoslari, faylasuflari va madaniyatshunoslari oʻrtasida bahs-munozaralar uygʻotdi. Kimdir uni joʻshib yoqladi, yana kimdir keskin tanqid qildi. Keyingi oʻn yilda roʻy bergan voqealar S.Hantington tadqiq etgan masala gʻoyat dolzarb ekanini tasdiqladi.
...2015-yil, sentabr. Xazonrezgi boshlangan bir pallada goh chinqirayotgan, goh hayqirayotgan olomon ummoni najot ilinjida Turkiya orqali Yevropa mamlakatlariga kirib borayotir. Xoʻsh, kim ular? Ne sabab ular vatangadolik, darbadarlikni ixtiyor etdi? Nahotki bu olomon tugʻilgan makoni, ajdodlari ruhi kezib yurgan koʻshk-u ayvoni, aziz vatanidan shunchalik bezgan boʻlsa? Maʼlum shaxslar yoki guruhlarning biror sabab bilan issiq uyini tark etganini koʻp eshitganmiz, ammo butun boshli xalq yoki millatning oʻz mamlakatidan bosh olib ketishi – aql bovar qilmaydigan hodisa. Buning jiddiy sababi boʻlsa kerak.
Oxirgi yuz yilda dunyo xaritasi keskin oʻzgardi: Rossiya hududlarini kengaytirib, Boltiqboʻyi, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlarini oʻziga boʻysundirdi; dunyo kapitalistik va sotsialistik qutbga boʻlindi; Afrika qitʼasida yangi davlatlar yuzaga keldi; Pokiston Hindistondan ajralib chiqdi (Kashmir mojarosi esa haligacha oʻz yechimini topmadi); Germaniya bir marta boʻlinib, yana birlashdi; Koreya ikki mustaqil davlatga aylandi; SSSR degan “buyuk davlat” parchalanib ketdi; sobiq sotsialistik davlatlar nomi yoki tuzumini oʻzgartirdi; Qrim bir marta Ukrainaga berilib, yana qaytib Rossiyaga qoʻshib olindi va hokazo. Boʻlinish va birlashishlar faqat bugunning hodisasi emas, albatta. Biroq nahotki insoniyat haligacha bir joyda mustahkam qoʻnim topa olmagan boʻlsa? Nahotki insoniyat urush va nizolardan, vayronkorlik va buzgʻunchiliklardan, vatangadolik va darbadarlikdan charchamagan boʻlsa? Nahot sogʻlom aql va tafakkur mudom magʻlub boʻlaversa?
Toʻgʻri, insoniyat doimo baxt izlab, farovon turmush, toʻkin-sochin hayot orzusida boshqa yurtlarga hijrat qilgan, butunlay yangicha muhit va sharoitga sekin-asta koʻnikkan! Yangi yerlar, bepoyon va unumdor vohalarni zabt etib, oʻsha joylarda qoʻnim topib, vatan tutgan. Tabiiy ofatlar va qirgʻinbarotlar ham buyuk koʻchishlarga sabab boʻlgan. Jumladan, muzliklar davrida Shimoliy qutbda yashagan insonlarning janubga siljishi bunga misol boʻla oladi. Umuman, muhojirot taraqqiyot aravasini harakatlantirib turgan, sifatiy oʻzgarishlar va yangilanishlarga yoʻl ochgan, yangi turmush va tafakkur tarzining yuzaga kelishini taʼminlagan ijtimoiy hodisadir. Masalan, miloddan avvalgi I asrda Yevrosiyoning keng hududlarida yashagan yirik koʻchmanchi xalqlar – skiflar yoxud saklarning gʻarb tomonga siljib, hozirgi Ukraina va Qora dengiz shimoliy sohillarida qoʻnim topishi, miloddan avvalgi IV–I asrlarda yuechji qabilasining Janubiy Oltoy va Sharqiy Turkistondan koʻchib kelishi, milodiy III–V asrlarda Janubiy Sibir, Jungʻoʻriya va Sharqiy Turkistondan Oʻrta Osiyoning markaziy viloyatlariga xiyoniy, kidariy va eftaliylar kabi etnik qatlamlarning koʻchishi yangi millat va elatlar, madaniyat va urf-odatlarni vujudga keltirgan. Alhol, urush, zulm va haqsizliklar bois xalqlarning oʻz yurtini tashlab ketishi doim kuzatilgan.
Ammo maʼrifat asridagi quvgʻinlarni qanday izohlash mumkin? Bir tasavvur qilib koʻraylik: oxirgi ikki-uch yilda unchalik katta davlat boʻlmagan Suriyadan besh millionga yaqin kishi chiqib ketgan. Ana shu qisqa davr mobaynida urush sababli 250 mingdan ortiq suriyalik (tabiiyki, ularning asosiy qismi bolalar, qariyalar va ayollardir) dunyodan koʻz yumgan.
Demokratiya va inson huquqlari, insonparvarlik va tolerantlikdan butun bashariyatga “saboq” berib kelayotgan Yevropa Ittifoqi millionlab kishilarni bagʻriga olishga, ularga boshpana va non topib berishga tayyormi? Oʻzi-da kundan-kun iqtisodiy buhronga botayotgan, egotsentrizm dardiga uchragan Gʻarb olamining odami bunga qodirmikan? Najot istab ostonangizga bosh urib kelgan kishining koʻkragidan itarish – oson, ammo bagʻringizga olishingiz – qiyin...
Isoning xumi
“Qisas ul-anbiyo” kitobida bunday rivoyat bor: Bibi Maryam Isoni boʻyoqchilikni oʻrgansin deb bir rangrezga shogirdlikka beradi. Bir kuni ustaning yumushlari koʻpayib, liboslarni ranglashni Isoga topshiradi. Hazrati Iso barcha liboslarni bitta xumga solib qaynatadi. Rangchi kelib “Liboslarni nima qilding?” deb soʻraganida “Boʻyab boʻldim”, deydi shogird. “Qani koʻray-chi”, deydi usta ishning bunchalik tez bitganidan hayron boʻlib. “Hammasi mana bu xumning ichida”, degan javobni eshitib, ustaning figʻoni koʻkka oʻrlaydi va “Rasvo qilibsan-ku!” deydi. Iso “Shoshmang”, deydi-da, liboslarni birma-bir xumdan oladi. Turfa liboslarning har biri bitta xumda, koʻngildagidek boʻyalganini koʻrgan rangchi hayratda qoladi... Jaloliddin Rumiy “Masnaviyi maʼnaviy”da riyokor vazir haqidagi hikoyatda “Isoning xumi” xususidagi rivoyatga murojaat etib bunday yozadi:
Oʻzi yakrangii Iso bo‘ nadosht,
V-az mijozi xummi Iso xoʻnadosht.
...Jomai sadrang az on xummi safo,
Sodavu yakrang gashtiy chun ziyo.
Yaʼni: U (riyokor vazir) Isoning muhabbatini tushunmas edi. Iso xumining ahvolidan (siridan) bexabar edi. Iso xumga (poklik xumi) solgan barcha liboslar bir xil rangda boʻlib chiqardi (ammo vazir ularning xilma-xil boʻlishini istardi).
Rumiy aytmoqchi boʻlgan fikr va globallashuv jarayonlari oʻrtasida bir qadar oʻxshashlik bor. Ammo globallashuv Hazrat Isoning turli rangdagi liboslarni bitta xumga solib, ularni bir rangga boʻyashi yoki aksincha, riyokor vazirning yagona eʼtiqoddagi nasroniylarga turlicha vaʼdalar berib, ular oʻrtasida qarama-qarshi fikrlar va nizolar keltirib chiqarishi haqidagi hikoyatning asl mazmun-mohiyatidan ancha yiroq hodisa. “Kasrat” va “vahdat” (birlik, yagonalik) tushunchalari islom falsafasi, ayniqsa, tasavvuf taʼlimotida asrlar boʻyi bahs uygʻotib kelgan. Mutafakkirlarimiz koʻplik olamida birlikni, birlik olamida esa koʻplikni koʻra bilishni tavsiya etganlar. Yaʼni, Yaratuvchi yaratgan narsalarni koʻrib, Uning borligi va birligiga iqror boʻlish, Uni mushohada etib, borliqdagi barcha mavjudotlar haqida tafakkur qilish – kasrat va vahdatning ajoyib dialektikasi shu!
Globallashuv koʻplik va birlik oʻrtasidagi muvozanatni tan olmaydi. Iskandar Maqduniyning yurishlari, Chingizxon va moʻgʻul istibdodi, Lenin va mustabid shoʻrolar saltanati, Hitler va fashizm bosqini... Bu rang-barang olamni bir rangga boʻyash, butun dunyoni yagona siyosiy va iqtisodiy tizim va bir madaniyatga aylantirishga qaratilgan harakatlar emasmidi? Din-chi? Butun dunyo xalqlarini yagona eʼtiqod va yagona axloq tegrasida va hatto bitta markaziy boshqaruv tizimida birlashtirish globallashuvning oʻziga xos koʻrinishi emasmi? Binobarin, globallashuv oʻylaganimizchalik kechagina paydo boʻlgan jarayon emas ekan-da!
Piyolaga jo boʻlgan shahar
“Shunday azim shaharki... piyolaga sigʻib ketadi. Shunday katta shaharki, bir bosh piyozday keladi. Piyolaga sigʻadigan azim va bir bosh piyozday katta shaharga oʻn shaharning aholisi sigʻadi, ammo unda bor-yoʻgʻi uch kishi yashaydi, yuzlari yuvuqsiz, chirkin uch kishi. Bu shaharning son-sanoqsiz xalqi bor, lekin unda... faqat uchta xomkalla yashaydi. Ulardan birining koʻzi oʻtkir-u, lekin soʻqir. Sulaymonni koʻrmasligi aniq, ammo chumolining oyogʻini koʻra oladi. Boshqasining esa qulogʻi ding-u, ammo gung. Uchinchisi esa yalangʻoch, lekin egnidagi toʻni shu qadar uzunki, yerni supuradi. Koʻr aytarmish: “Ana, hozir qoʻshin yetib keladi, qani, qaray-chi, ular qaysi qavmniki ekan?” Kar aytarmish: “Ha, men ham askarlarning ovozini, hatto shivir-shivirini eshitdim!” Yalangʻoch kimsa aytarmish: “Askarlar kelib, toʻnimni uzunligi uchun kesib olmasa edi, deb qoʻrqib turibman!” Yana koʻr aytarmish: “Nihoyat, askarlar yaqinlashib qoldi! Turing, bizni tutib, ziyon yetkazib, asir olmaslaridan burun juftakni rostlaylik!” Kar aytarmish: “Rostdanam, shovqin-suronlar yaqinroqdan eshitilyapti, shoshilmasak boʻlmaydi, doʻstlar!” Qip yalangʻoch kimsa aytarmish: “Evoh! Endi toʻnimning etagiga koʻz olaytirib, qirqib yoki yirtib tashlaydilar, nima qildim endi!”
Shunday deb uch hamtovoq shaharni tark etib, bir qishloqqa yetadilar. Qishloqda rosa semiz, lekin eti ustixoniga yopishgan tovuqni topadilar. Qargʻaning changalidan yaralanib, oʻlaksaday qotib qolgan tovuqning suyaklari qaqshab ketgan ekan. Ular tovuqqa tashlanib, oʻljasini gʻajiyotgan arslondek yeya boshlaydilar va semirib, fildek shishib ketadilar. Ular shu darajada semirib ketadilarki, butun olamga sigʻmay qoladilar” (Mavlono Jaloliddin Rumiy. Masnaviyi maʼnaviy. Daftari 3, Tehron, “Suxan”, 1379. 123-124-betlar).
Ushbu hikoyat ramziy-majoziy maʼnoga ega. Rumiy sharhiga koʻra, “oʻta katta shahar”dan murod “moddiy borliq”dir. Moddiyat mol-dunyo asirlari koʻziga oʻta hashamatli, haqiqat ahli uchun esa mayda va ahamiyatsiz boʻlib koʻrinadi. Mustaqil fikri, sogʻlom dunyoqarash va mustahkam irodasi boʻlmagan, nafs quliga aylangan ochkoʻz shaxs hikoyatdagi oʻsha soʻqir, kar va yalangʻoch kimsalarga oʻxshamaydimi? Bu uch hamtovoq bugun globallashuv bahonasida olomon madaniyati tegirmoniga suv quyayotgan buzuq gʻoyalar, axloqsizlikni targʻib etib, sodda va goʻl kishilarni “toʻr”ga ilintirayotgan, shu yoʻl bilan choʻntak qappaytirayotgan badnafs kimsalarning ajdodi emasmi? Nahotki insoniyat nafs degan baloga shunchalar mukkasidan ketgan boʻlsa? Fridrix Nitshe inson – nafs quli, deydi. Nahotki u haq boʻlib chiqsa? Nahotki asrlar boʻyi nafs balosidan ogoh etgan aziz-avliyolarimizning chekkan tashvish-u iztiroblari bekor ketsa?
Toʻgʻri, globallashuv shitob rivojlanishni taqozo etyapti, zamon bilan hamnafaslik istagi yangidan-yangi moddiy ehtiyojlarni paydo qilmoqda. Barcha koʻrkam mashina minish, badastir uy-joyda yashash, zamonaviy jihoz-u libos sotib olish, toʻy-hasham qilishni istaydi. Ammo bularga halol mehnat, peshona teri bilan erishilyaptimi? Buning uchun kimningdir haqqini yeyish, birovni aldash, kimgadir ozor berish, yana kimnidir bosib oʻtish shartmikan? Axir, inson yovvoyi tabiat qoʻynida yashayotgan yirtqich hayvon emas-ku!
...Yigirma yilcha avval XXI asrning koʻzni qamashtiruvchi ulkan qasri boʻsagʻasida turib, ziddiyatli dunyo haqidagi almoyi-aljoyi tushlardan taʼbir izlay boshlagan edik: yangi asrning manzarasi, qiyofasi qanday boʻlarkan? Oʻtgan asrning mantiqiy davomimi yoki butunlay boshqacha mazmun va shaklga ega zamonmi? XX asr zoʻravonlik va xunrezlikka asoslangan dahshatli muhorabalar, undan keyingi qutblararo “sovuq urush” bilan yangi asrga aslo namuna boʻlolmaydi. Shunday ekan, yangi yuzyillikda dunyo qanday boshqariladi?
...Bolakayning ogʻzidagi pufak kattalashaveradi, kattalashaveradi. Bundan bolakay ham, uni kuzatayotganlar ham shod. Ammo havo bilan toʻlib, tap-tarang boʻlib ketayotgan (koʻzlarni quvontirayotgan!) pufak yorilib ketmasmikan?
Inson zoti borki, hayotda yangilikka, oʻzgarishga intiladi, har bir kunini umid-u quvonch ila kutib oladi. Ammo har kun ham bayram boʻlavermaydi. Biz mingyilliklarning shafqatsiz sinovidan, beayov gʻalviridan oʻtib, bugungi kungacha sog‘-salomat yetib kelgan eʼtiqodli xalqmiz. Biz qismat kitobini oʻz qoʻli bilan yozib, hayot kundaligini sogʻlom tafakkur va goʻzal tasavvur bilan toʻldirayotgan bunyodkor millatmiz. Orzu shulki, Saodat manzili sari tashlagan qadamimiz sobit boʻlgay!..
Jaʼfar XOLMOʻMINOV
“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 2-son.
“Tuman ichidagi tumonat” maqolasi