Adabiyot tarixi istaymizmi, yoʻqmi, har bir hodisani, jarayonni oʻz lavhiga muhrlab boradi. U bizdan “yigirma birinchi asrning yigirmanchi yillarida nimalar kuzatildi, kimlar bor edi nazm maydonida?” deb soʻraydi vaqti bilan. Shukrki, maydonimiz boʻm-boʻsh emas.

Zamon sheʼriyati haqida qaysi manbani titkilamang, istiqlolda boshlangan sheʼriyat haqida toʻlib-toshib soʻzlaydi. Holbuki, bugungi shiddatli zamonda istiqlolda boshlangan sheʼriyatdan keyin ham bir ijodiy maydon, muhit yuzaga kelib ulgurdi. Uni yuzaga keltirgan tarkib qanday? Bugunning shoirlari deb kimni aytish mumkin? Albatta, adabiy jarayonda faol boʻlib, namunalar eʼlon qilayotganlarni. Ularni ikki turkumga ajratish mumkin: ijodini istiqloldan oldin boshlab, hozirda davom etayotganlar va butunlay yangi davr avlodi. Birinchi turkum sheʼriyati haqida ozmi-koʻpmi fikrlar bildirildi, tahlillarga tortildi, oʻz oʻquvchilarini topib ulgurdi. Mulohazalar uchun ikkinchi turkum muhim. Chunki ertangi sheʼriyatimiz darajasi aynan mana shu beshikda ulgʻaymoqda. Umuman olganda, muhtasham sheʼriyatimizning keyingi ildizlari qanday boʻlishi kerak? Azaliy yuksak, Haq soʻzning bugungi ifodasi-chi? Yerdan ancha balanddagi ijod qanday boʻladi? Shunday savollarga ayni damda bitilyotgan namunalardan javob izlab koʻramiz. Qoniqarli boʻlsa-da, yoshlar ijodida bunga javob bor, bizningcha.

Sheʼrda nima haqida fikr yuritilayotgani barcha davrlar uchun ahamiyatli. Ijodkor oʻylagan mavzusini sheʼrda yoza olmasligi – oqar daryoni toʻsib qoʻyganday gap. Isteʼdod erkinlikda namoyon boʻladi. Shoirona tafakkur maʼrifatga, komillikka intiladi. Oʻtgan asrda shunday cheklovlar bilan ijodning mavzu doirasi boʻgʻib qoʻyildi. Diniy-maʼrifiy mavzularda yozish, eʼtiqod bilan bogʻliq tushunchalar uchun adabiyot eshigi yopiq edi. Yozuvchi-shoirlar oldiga boshqa talablar qoʻyilgan. Istiqlol sheʼriyati faqat erk, obod vatan, inson farovonligi mavzularidan tashqari, eʼtiqod maslasiga ham yoʻl ochdi deyolamiz. Siyosat badiiy adabiyotni oʻtgan asrda boʻlgani kabi qaram qilishga urinmay qoʻyishi bilan ijod erkinligiga sharoit yaratdi. Bu adabiyot ijodkorning koʻngil ishiga aylangani bot-bot qayd etiladi.

Sheʼr mavzusi har qanday jarayonni, oʻzgarishni qamrashi mumkin. Oʻtkinchi mavzular bor, abadiy mavzular bor. Isteʼdodsizlik girdobida ichilgan suv va yemish ham sheʼr mavzusiga aylanib ketishi mumkin. Yoki tizim tanlab bergan mavzu. Bularning kuni qisqa, barchasi uzoq yasholmaydi. Chin sheʼrlar asliyatidan uzoqlashmay, asl manbasiga tortib ketaveradi. Adabiyotning asosiy vazifalaridan biri oʻlimni eslatish ekan, asl shoirona ruh ham dunyoni rad etadi. Shu sabab bu ruh erkin zamonda ham erkka tashna. Shoirona ruh bilan dunyo teskari pozitsiyada. Sheʼrlar shu yoʻsinda Haq mavzusiga yaqinlashaveradi. Dunyoni anglagan kishi undan uzoqlashadi. Bunday kishi uchun yashash ogʻir. Shoira Mehrinoz Abbosovaning “Erta anglab qoʻydim dunyoni, buyogʻiga qanday yashayman” degan xavotirida ham shu mulohaza yotadi. Boshqa bir shoira Dilfuza Komil sheʼrida lirik qahramonning dunyoga norizo murojaatini oʻqiymiz:

Dunyo,

Dilimiz boshqa

Bilishim kerak edi...

Sanga keldim, nailoj

Kelishim kerak edi.

Inson oʻz ixtiyori bilan kelmagan, qoʻlida boʻlsa kelmagan boʻlardi balki, chunki dunyo asliyatda shodlik libosini kiygan gʻamdan iborat. Lekin ilohiy Yozuq bor, shu sabab “nailoj” boʻlsa-da kelishga, yashashga majbur. Mohiyat keyingi satrlarida yorugʻlashadi:

Jon – OʻZIda,

Tan – manda,

Man sanda devonaman –

Bunda Uning dardiga

Toʻlishim kerak edi.

Jonni ruh maʼnosida tushunsak, u oʻz manbaiga, yaʼni “U”nga intiladi. Tan esa yerda. Bu ayriliq – umr. Umrning hisobi “U”ning dardiga qay darajada toʻlish bilan oʻlchanadi. Shu haqiqatni anglagan ijod ahli insonlardan bir pogʻona balandda. Ularning maqsadi oʻtkinchi umrda oʻz soʻzini ayta olish, soʻzining yashovchanligi, oʻzi qancha yashagani muhim emas. Bunday iqrorni sheʼr yakuni bayon qiladi:
 

Dunyo,

 Tilimiz boshqa –

 Anglamaysan, soʻylatma!

 ...Sheʼrlarimmi?..

 Nimadir deyishim kerak edi...

Shoirlikning missiyasi “nimadir deyish”. Dunyo bilan ularning tili boshqa. Oʻzligini taniganlar shamol izmiga kirmaydi. Shu sabab ular ilohiy nurlarni koʻra oladi, saslarni eshita oladi. Chuqurroq qaraydigan boʻlsa soʻz ham ilohiy deyiladi. Behzod Fazliddin “Shoir” sarlavhali toʻrtligida shu mazmunni yozadi:

Hamma soʻzlar Seniki edi,

 Sochding, terib olaverdim jim.

 Bu oltinlar meniki edi,

 Men eng baxtli oʻgʻriman, Tangrim!

Ilhom vaqtida soʻzni “oʻgʻirlay” olish, lahzalarni tutib qolish chin sheʼrlar tugʻilishiga sabab boʻladi. Shunday soʻz oshiqlari borki, ular halovatdan kechib soʻz izmiga kiradi.

“Ibtidosi, intihosi – soʻz, Mashrablar qoldimi dunyoda?!” – oʻzining bu savoliga shoir Jontemir oʻz sheʼrlari bilan javob beradi. Shoirlikning ham talabi – oʻlimni tan olish deydigan boʻlsak, Jontemir sheʼrlari har satrda oʻlim bilan yuzlashadi. Bironta sheʼrda yengil nafas yoʻq. Koʻz oldimizda bir ulkan yoʻl namoyon boʻladi va unda ortga qayrilmay odimlayotgan, suhbatdoshi jinlar-u, yemoq-ichmogʻi soʻz, salaflari Rumiy, Xayyom, Mashrab izidagi darveshni koʻramiz. Shu boisdan sheʼrlarining boʻy-basti, taʼmi, hidi, ichi-yu tashi – jununlik. Manzil muhimmas, mohiyat mana shu yoʻlda. Yoʻlning zavqini his qilgan shoir sheʼridagi ifodani kuzatsak:

Men senga zor,

Sen mendan kech,

Tentiyveray juldur-juldur.

Huzuringga yoʻlatma hech,

Oshiqlikning gashti – yoʻldir.

Oshiqlikning gashti – yoʻldir.

Yoʻlning gashti otlangan manzil ahamiyatidan ham sururli. U Haqdan oʻz huzuriga eltishni soʻramaydi. Bu qaysidir maʼnoda soʻfiylar maslagini eslatadi. Umuman olganda, bunday tasavvufiy vaziyat, istilohlar nafaqat Jontemirda, balki koʻplab yosh shoirlar ijodida uchrashini kuzatish mumkin. Masalan, shoira Mehrinoz Abbosovaning “Tanovar” sheʼrida shunday toʻrtlik bor:

Isming aytay desam, kuydi tomogʻim,
Boʻgʻzim – hamma yogʻi ilma-teshik nay.
Hatto daraxtlar ham senga intilsa,
Men nega turishim kerak indamay.

Toʻrtlikda husni taʼlil asosidagi oʻxshatish-u timsollar bir-birini toʻldirib muallif maqsad qilgan ifodani goʻzallashtirgan. Nay – tasavvufiy timsol. Izohlarda keltirilishicha, “u oshiq, yaʼni ilohiy ishq oshigʻining ramziy obrazidir. Nayning kuylashi orif insonning ruhi kabi hamisha boqiy ruhoniyat olamiga intilishdir”. Yaratuvchi nomi oʻta zalvorli. Uni his qilgan sari bu yuk ogʻirlashadi. Shu bois uni tilga olganda ham tomoq kuyib, boʻgʻizning ilma-teshik nayga aylanishi chiroyli qiyos. Butun borliq Haqning zuhuroti deb qaralar ekan, har ne yaratiqda uning aksi mavjud deyiladi soʻfiyona qarashlarda. Bundan tashqari, daraxt timsolini koʻp jihatlari bilan soʻfiy insonga qiyoslash mumkin. Avvalo, ildizi tuproqdaligi, soya, meva-yu quriganda oʻtin boʻlishdek beminnat saxiyligi. Sheʼrda ularning boʻy choʻzishi Yaratganga intilish, istigʻfor aytish ehtiyojidan deya tasvirlanmoqda. Bunday mazmun va istilohlarni yana koʻplab shoirlarda koʻrish mumkin.

Bu mulohazalar bilan bugungi sheʼrlarga butunlay tasavvufiy libos kiydirmaymiz. Maqsad qalamga olinyotgan tematikani umumiy izohlash. Kuzatadigan boʻlsak, har ikkita sheʼrning birida Yaratganga ishora koʻramiz. Baʼzilarida usul oshkoralik boʻlsa, baʼzilarida jumboqli ifodalarga oʻrab beriladi. Ularni tasavvufona sifatga kiritish nooʻrindir balki. Balki, ular tasavvuf nimaligiga tushunmasligi mumkin. Muhimi, oʻzlikni taftish qilish masalasi bor.

Bugun shoirlari ham endigina eshik ochib qarayotgani yoʻq, ular sheʼr nimaligini yaxshi biladi, chin sheʼr qanday degan savolga javobi hozir. Adabiyot yoʻli Haqni tanish ekanligini allaqachon his qilgan. Shu boismi, aksariyat shoirlarda har qanday mazmun Xudoga yetaklayveradi. Yoshlar ijodi haqida koʻplab tahlillar yozayotgan adabiyotshunos Qozoqboy Yoʻldosh shunday deydi: “Shoirlar oʻzlarini har sari uravermaydi, nima qilmoqchili­gini yaxshi biladigan odamlarday tutadi oʻzini. Ular insonday yashash uchun yoʻl izlash lozimligini, bu yoʻl har kimning naq oʻz yuragidan oʻtishini yaxshi biladi va yurakka yoʻl solishga xotirjam tadorik koʻrishadi. Bunday xotirjamlik taqdirga tan bergan, tasodif yoʻqligi-yu, yagona Yor hamisha yoʻldoshligiga ishongan kishida boʻladi”.

Mavzu doirasiga chuqur yondashadigan boʻlsak, bundan keyingi ishlarda yoritilishi kerak boʻlgan xususiyatlar koʻp. Qoralangani suv betiga sizib chiqqanlari, xolos. Anʼanaviy mavzuning bugun sheʼriyatidagi rivojlanish holati haqida qisqa kuzatmalar. Sheʼrlarda qalamga olingan mavzular esa rang-barang va ular tadqiqiga ehtiyoj bor.

Nurjahon QAYUMBERDIYEVA,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davat oʻzbek tili

 va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti