Turgʻunboy Abdullayev 1884-yil Margʻilon shahri yaqinidagi “Ingichka” qishlogʻida dunyoga kelgan. Otasi Abdullajon maxsum bilimdon, oʻziga toʻq hunarmand kosiblardan boʻlib, farzandi oʻgʻlining yaxshi taʼlim olishi uchun barcha sharoitni yaratib bergan. Turgʻunboy eski maktab va madrasa taʼlimi bilan cheklanmasdan, rus-tuzem maktabida rus tilini, zamonaviy fanlarni ham oʻzlashtiradi.
Yosh boʻlishiga qaramay Turgʻunboy Abdullajon maxsum oʻgʻli 1912-yil Fayziobod volostiga mingboshi vazifasiga saylanadi. U volostga tegishli qishloqlar va qishloq fuqarolarining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida qator ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, mahalliy hokimiyat orqali viloyat uyezdi bilan shartnoma tuzib, ichki Rossiyadan metall quvurlar keltiradi. Margʻilonsoydan keluvchi ariqlarning suvini quvur orqali isrofsiz “Ingichka”, “Sarmazor”, “Eshonguzar”, “Fayziobod” qishloqlariga olib boradi. Natijada xalqning dehqonchiligiga baraka kiradi. Asosiy koʻchalarga tosh yotqizish va boshqa obodonchilik ishlarini yoʻlga qoʻyib, el-yurt oldida yanada katta hurmat qozonadi.
Qahramonimiz 1917-yil Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilinganida quvonchdan olamga sigʻmadi. Turkiston taraqqiyparvarlarining muqaddas orzulari ifodasi boʻlgan Muxtoriyat tadbirlarida faol ishtirok etdi. Afsuski, arman dashnoqlari va qizil armiya tomonidan Muxtoriyat hukumati yanchib tashlandi. Qoʻqon, umuman butun Fargʻona vodiysi dahshatli tarzda qonga botirildi. Mana shunday bir sharoitda Fargʻonaning er yigitlari istiqlol va hurriyat yoʻlida “Yo hayot, yo mamot” deb muqaddas kurashga bel bogʻladilar.
Turkistonning taraqqiyparvar ulamolari, vatanparvar boy-boyonlari ozodlik yoʻlida jonini tikkan yurt qahramonlarini qoʻllab-quvvatlashga kirishadi. Turgʻunboy Abdullayev ham ular qatoridan oʻrin oldi. Avvaliga Muhammad Aminbek, Shermuhammadbeklar ishtirok etgan qurultoylarda qatnashib, ularning yigitlarini moddiy-maʼnaviy qoʻllashga harakat qildi. Sovetlarning tish-tirnogʻi bilan qurollangan guruhlari vodiyni olov ichida qoldirib, bola, qiz-ayol demay qirgʻin qilgani ortidan istiqlol kurashchilari shaharlarni tashlab togʻlarga chekinishga majbur boʻldi. Sovetlar qishloqlarga minglab xufyalarini yoʻllab, ularni qoʻllayotganlarni qoʻlga olgan zahoti otib tashlashni boshladilar.
Shunday bir vaqtda – 1919-yil Turgʻunboy Abdullayev ham kompartiyaga aʼzo boʻlib, “Fayzabod” qishloq kengashi raisligiga saylanadi. Biroq maxfiy tarzda istiqlolchilik harakati aʼzolarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettiradi.
1920-yil 6-iyun kuni Turkfrontning Fargʻona viloyati maxsus boʻlimi tomonidan № 21689-sonli “Turgʻun Abdullayev va boshqalar” jinoyat ishi ochiladi. Unga koʻra Turgʻun Abdullayev va boshqa bir qator Fargʻonaning taniqli insonlariga nisbatan kuzatuv belgilanadi. Shundan soʻng turli nomdagi xufyalar tomonidan ularning har biri haqida koʻplab xabarlar jamlana boshladi. Jumladan, xabarlarda 1920-yil 13-sentyabr kuni mulla Turgʻun 5000 soʻm miqdorida “bosmachilar”ga pul yuborgani va uning Bakir degan yigiti “bosmachilar” uchun qishloqlardan non jamgʻargani, mulla Turgʻun Kenja ismli yigitni Gorchakov (Margʻilon)ga “bosmachilar”ga axborot toʻplash uchun yuborgani, 22-sentyabr kuni Xodjayev degan kimsaning aytishicha, mulla Turgʻunboy Bakirdan “bosmachilar”ga 25000 soʻm pul yuborgani, yana bir qancha yigitlari orqali non jamgʻargani yozilgan.
Ishning asosiy mazmuni shundan iboratki, Turkfrontning maxsus vakili Nikolay Aleksandrovich Usharov tomonidan Arkadiy Xananyans nomli kimsa kuzatuvga olingan. Uning 1920-yil 4-oktyabr sanasi bilan yozilgan axborotida “...Arkadiy Xananyans Shermuhammadbekning yaqin odami Mamadjon Oxunov orqali undan kafolat xati olgan. Shu tufayli boshqalar tashqariga chiqa olmaydigan vaqtda ham Arkadiy kazarmadan bemalol chiqib ketadi. Biror muammo tugʻulsa, oʻsha xatni koʻrsatadi va qutulib ketadi. Bir kuni u bilan birga Nurmuhammadbek bilan uchrashib, osh yedik. Suhbat jarayonida shu narsa aniq boʻldiki, Yemilenko, Nazarlar “bosmachi”lardan doimiy tarzda pul olib turadilar. Xananyans ularning boshida turib, eng katta pulni oʻzi oʻzlashtiradi. Evaziga ularga qurol va oʻq-dorilar keyingi yurish rejalarini, qizil askarning yoʻl xaritalarini yetkazib turadilar. Ular oʻzaro juda yaqin aloqada. Armani guruh rahbarlarining baʼzilariga ham shaxsan Noibi amiri lashkar Shermuhammadbek qoʻrboshi tomonidan guvohnoma taqdim etilgan. Xususan, Klaxov Vasilyevichga berilgan guvohnomani qoʻlga kiritdim. 1920-yil 4-sentyabrda Mamajon Oxunovga ham Fargʻona fronti tomonidan guvohnoma berilgan” deyilgan.
Nikolay Aleksandrovich Usharovning 1920-yil 7-oktyabrdagi Turkkomissiyaning CHK raisi Petersga maxfiy xatida, toʻrt kishi boʻlib Fargʻona (Skobelov)da Shermuhammadbek tomonidan yuborilgan qoʻrboshilar bilan kelishishga kirishgani bitilgan.
Ishda 1920-yil 10-oktyabr sanasida mulla Turgʻun Abdullayev bilan oʻtkazilgan yagona soʻroq bayonnomasi mavjud. Unda mulla Turgʻun oʻzining Fayzobod soveti raisi ekanligi, 7-8 tanob yeri va ota kasbi toʻquvchilik bilan toʻrt farzandini ulgʻaytirayotganini aytib, oʻziga qoʻyilgan ayblovlarni rad etadi. Nomlari aytilgan insonlarni tanimasligini maʼlum qiladi. Biroq Turgʻun Abdullayev haqida bayonnomada uning yonidan 2 ta oʻq otar qurol (vintovka) oʻqlari bilan aniqlangani bitilgan.
1920-yil 19-oktyabr kuni Turkfrontdan Zinkov tayyorlagan qarorga koʻra Shermuhammadbekni qurol bilan taʼminlagan guruh ustidan № 1579-raqamli ish ochiladi.
1920-yil 22-oktyabr kuni esa ish doirasida Turkfrontning Fargʻona maxsus boʻlimi harbiy kengashi tomonidan Turgʻunboy Abdullayev (38 yosh), Muhammadjon Aminov (28 yosh), Teshaboy Ustabekov (30), Abdullajon Rajabboyev (32), Qirgʻizboy Azimboyev (37), Vasil Ignatevich Yemilyenko (30), Abdunazar Muhammad Yarbekov (25), Homidjon Ismatboyev (43), Olimjon Lutfullayev (25), Gʻofur Otalikov (27), Yadgorjon Umarov (30), Izrail Maleksetovich Madundev (24), Abduqodir Zulfiqorov (21), Sotiboldi Xalilov (40 yosh)larni Shermuhammadbek foydasiga josuslik qilganlik, Shermuhammadbekka qurol sotganlik, qurolsozlik qilganlik, ot sotganlik kabi ayblovlar bilan otuvga, Sharipxon Gaparov (32 yosh), Rasul Abdurazakov (38), Mirafzal Mirahmadov (36), Yoqubjon Muhammad Qobulov (30), Mahmudbuva Tojiboyev (38), Rajab Roʻziboyev (23), Roʻzmat Umaraliyev (38), Madumar Abdullayev (39), Yusufboy Madumarov (30), Oxunbuva Oʻrunboyev (48), Komiljon Abdurahimxoʻja (19), Olimjon Aliboyev (13), Gʻofurjon Hoshimboyev (51), Isa Gafurboyev (31 yosh)lar bilan, hatto Kamarbonu Isadullayeva, Marhamat Mirhidoyatova, Sharofat Ermuhammedova kabi ayollar ham Turkistonda tinchlik oʻrnatilganiga qadar degan muddat bilan konslagerga hukm qilinadi. Ilhom Qoʻldoshev juda yoshligi uchun bolalar uyiga yuboriladi. Kamoliddin Xalilov (45 yosh) degan kimsa esa ishni tashkil etish uchun yollangan xodim sifatida zudlik bilan hibsdan ozod etiladi.
Yuqorida oliy jazo qoʻllanib nomlari qayd etilgan ayblanuvchilarning barchasining mol-mulklari musadora etilib, 23-oktyabr kuni soat 13:00 da Fargʻona shahridagi maxsus obyektda otib tashlandi.
Konslagerga hukm etilganlar esa 1920-yil 11-dekabr kuni poyezdlarga joylab abadiy sovuq oʻlkalarga yoʻllanadi. Ishning asosiy aybdorlaridan boʻlgan Arkadiy Xananyansning oʻzi qochib ketganligi sababli ish jarayonida koʻrinmagan. Faqat 1920-yil 9-noyabr kuni Arkadiy Xananyans ham qochib yurgan vaqtda qoʻlga olinishi bilan soʻroqsiz otib tashlanadi. Aslida u tergov qilinganida juda koʻp sirlar ochilib ketishi mumkin edi. Afsuski, bu sirlarni oʻzi bilan olib ketdi.
1921-yil 14-noyabr kuni Mirabzal Mirahmedov Petersning buyrugʻi bilan konslagerdan qamoqqa oʻtkaziladi va shu sana bilan mazkur – № 21689-raqamli ish nihoyalangan. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtishimiz kerakki, mulla Turgʻun Abdullayev va uning barcha safdoshlari hamon oʻzlarining oqlanishlarini kutib turibdi.
***
Muzeyimizga kelgan Turgʻun mingboshi Abdullayevning chevarasi, Toshkent davlat yuridik universiteti 3-bosqich talabasi Roziqov Fayzulloh Xurshidbek oʻgʻli bobolari haqida quyidagilarni hikoya qildi: “Keksa insonlarning xotiralariga koʻra katta bobomiz Abdullajon maxsum kosib boʻlib, din-shariat bilimlariga ham qiziqqan ekanlar. Margʻilon ulamolari bilan doimiy muloqotda boʻlib, bogʻlarida suhbatlar oʻtkazib turar ekanlar. Oʻgʻli mulla Turgʻun ham zamona ilmlarini oʻzlashtirib, oʻsha zamonlarda Fayziobod, Ingichka, Eshonguzar, Baland Masjid qishloqlariga mingboshi lavozimiga saylangan. U kishi qishloq ahli obodligi uchun Margʻilonsoydan metal quvurlarda suv keltirgan ekan. Hozirgacha mahallamiz Quvurboshi deb nomlanadi.
Mulla Turgʻunboy Abdullayev oʻgʻli Muhammadsiddiq bilan.
Abdullajon maxsum bobomizning suhbatlarida din ahllari bilan birga shaharning sahiy va diyonatli boylaridan Mirhojiboy ham qatnashib, suhbatlarning birida qizlari borligini va maʼqul kelsa mulla Turgʻunga kelin qilib berishini aytadi. Taklif qabul qilinib, qizlari Xayrinso bilan Turgʻunboy bobomiz nikohlanadi. Mulla Turgʻun va Xayrinso buvimizdan toʻrt farzand Muhammadsiddiq, Muhammadumar, Muhammadusmon, Halimaxonlar dunyoga kelgan. Turgʻunboy mingboshi bobomiz shahid etilgach, katta farzandlari Muhammadsiddiqni bobosi Mirhojiboy tarbiyalab, Margʻilon shahrida uylantirganlar. Mirhojiboy bobomiz uylarini oʻz ixtiyori bilan shahar maktabi va bolalar uylariga topshirib sovet qatagʻonidan qutilib qolgan ekan. Muhammadsiddiq bobomizning 10 nafar farzandi – 6 oʻgʻil, 4 qizi boʻlgan. 1940-yilda ota joyi “Sarmazor” qishlogʻiga koʻchib kelganlar.
Muhammadsiddiq bobomiz ham bilimli, ziyoli inson boʻlib, tayyorlov idoralarida hisobchi, ish yurituvchi, urush yillarida kolxoz raisi lavozimlarida halol mehnat qilganlar. Bugun mulla Turgʻunboy mingboshi avlodlari turli sohalarda yurtimiz rivojiga munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar”.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori