Yaponiya men uchun hamisha rubʼi maskunning sirli, tilsimli davlati boʻlgan. Oʻquvchilik kezlarim xaritaga boqib, minglab orollardan iborat bu mamlakatni uzala tushib yotgan ajdarhoga oʻxshatardim. Kunchiqar oʻlka tasavvurimda afsonalardagi Atlantida yoki ertaklardagi Susambil kabi ajoyibotlar diyori boʻlib tuyulardi. Qirqdan oshganimda Yaponiya ziyorati nasib etdi. Bola tasavvurim aldamagan ekan, Quyoshni ilk qarshilaydigan oʻlka meni chandon hayratlarga oshno etdi. Andak mubolagʻa bilan aytganda, ona Yerga yoʻldosh-u yondosh oʻzga bir sayyoraga tushib qolgandek hisni tuydim. 

Favqultabiiy orastalik

Poytaxt Tokioni sayr qilib, favqultabiiy orastalikni koʻrasiz. Hatto daraxt barglarida ham gard yoʻq. Bahri dilingiz ochiladi. Ulkan megapolis arig‘-u anhorlarida baliqlar emin-erkin suzib yuribdi. 37 million nufusli Tokioda atrof-muhitning muhofazasi aqlni shoshiradi. Aksar binolar tomida ham gul-giyoh oʻstirilgan. Katta yoʻllardagi maxsus qoplamalar avtomobillardan chiqayotgan gazlarni parchalab, zararsiz moddalarga aylantiradi. Nafaqat shohkoʻchalar, piyodalar yoʻlaklariga ham maxsus “nafas oluvchi” plitkalar toʻshalgan. Bu ham havo sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Munaqqash qopqali, alvon tomli koʻhna binolar bir taraf, oftob nurida kamalakmonand jilva qilayotgan, osmonoʻpar oynaband imoratlar bir taraf. Binolarda zamonaviylik va tarixiylik vobasta. Yaponlar azaldan olamni besh unsur: yer, suv, olov, boʻshliq va shamol uygʻunligidan iborat deb biladi. Imoratlarga ham shunchaki jonsiz inshoot emas, moddiy va maʼnaviy dunyoni birlashtiruvchi vosita deb qaraydi. Shahar suroni, sergʻalva hayotidan zada boʻlganlar osuda bogʻlarda bahuzur dam olayotir. Bosh-adogʻi koʻrinmayotgan shaharda xiyobon-u maydonlarni anvoyi gullar, rang-barang buta-yu ogʻochlarga toʻldirish uchun qancha fursat, qancha xarajat ketdi ekan?!

Mutafakkir shoir Abdulla Oripov bundan chorak asr oldin aynan Tokio shahrida bitgan satrlar xayoldan oʻtadi:

Dunyoda tugamas ekan armonlar,

Oʻtdi qancha zamon, qancha sarbonlar.

Oʻtira beribman buyukman deya,

Manzilga yetibdi boshqa karvonlar.

Ikkinchi jahon urushidan mislsiz talofat bilan chiqqan yapon jamiyati sakson yilki raqobat muhitida yashayotir. Taraqqiyot aravasi shiddat bilan ilgarilaydi, bir lahza tin olmoqqa na imkon bor, na vaqt. Ammo shunday ayovsiz muhitda ham yapon xalqi ogʻir, vazmin feʼlni saqlab qola bilgan. Koʻcha-koʻyda qoʻlini paxsa qilib gap talashayotgan, bir-biriga xoʻrozdek xezlanayotgan, mashinasi signaliga asabiy mushtlayotgan kishilarni koʻrmaysiz. Odamlar tamkinli, viqorli, goʻyo yuragiga har qanday mushkul vaziyatda ham muvozanatda tutib turadigan ohanrabo jo etilgandek. Joʻgʻrofiy makon ham xalqning tiynatiga taʼsir etarmikan deng. Axir Yaponiya girdogirdi Tinch ummon bilan oʻralgan-ku...

Xalqning sertaʼzim, sertavozeligini ayting! Jamoat maskanlarida, muassasa-yu idoralarda oddiy ishchidan tortib oliy rutbadagi rahbarlarga qadar – hamma boshini ehtirom bilan egib bir-biriga tashakkur izhor etadi: “Arigato godzaymasu!”. “Charxi kajraftor”ning turfa shevasidan xiyla qoʻrs, dagʻal tortgan bizdek ajnabiylarga yaponcha halimlik, shikastanafaslik soxta boʻlib koʻrinadi. Nimtabassum-la hurmat bajo keltirayotgan mezbonlarga ser solaman: yoʻq-yoʻq, shubhalarim asossiz, muomala-munosabatning bari samimiy, shoir aytmoqchi, “tabiatning qonunidek tabiiy”.

Alomatfeʼl odamlar

Metro bekatlarida, doʻkon-u tamaddixonalar eshigida taroq tishlari kabi tekis terilib navbatda turgan izdihomni koʻrasiz. Chapdastlik bilan oldinroq oʻtib ketishga urinadigan navbatbuzarmonlar yoʻq. Hamma sabr, intizom bilan oʻz galini kutadi. Jamoat joylarida baland ovozda gaplashish yo telefonda soʻzlashish ham odobsizlik ekan. Bu alomatfeʼl millat hatto tabiiy ofatlar yuz bergan vaqtlarda ham navbatda turish qoidasini buzmoqni xayoliga keltirmaydi.

“Yosh kelsa – ishga, qari kelsa – oshga” deymiz biz. Ammo yaponlarda mehnat borasida hech kimga imtiyoz berilmagan. “Kunduzgi chiroqdek befoyda boʻlma” deb oʻgit beradi keksa yaponlar yosh avlodga. “Ikigay” falsafasiga koʻra mehnat shunchaki pul topish vositasi emas, hayot mazmunidir. “Goʻzallik – ishlayish, manglayni terlatish” deb yozgan edi Gʻafur Gʻulom. Bu oʻlkada “manglayni terlatish” yosh-u qari uchun kult darajadagi mashgʻulotga aylangan. Zavod-fabrika, davlat idoralari, xususiy korxonalarda ish vaqti tugaganidan keyin ham qolib mehnat qilish urfga kirgan. Xodimlarning taʼtildan voz kechishi odatiy hol. Odamlar ishga mukkasidan ketgani bois hatto ular dam olishi uchun majburiy choralar qoʻllanadi. Jumladan, mehnatkashlar uyiga, oilasi bagʻriga qaytsin degan maqsadda aksar kompaniyalarda soat 19 dan keyin chiroq oʻchiriladi.

Pensiyadagi keksalar ham koʻngilli ravishda jamoat joylarini tozalaydi, kafe-restoranlarda arzimas choychaqa evaziga dastyorlik qiladi. Maqsad – pul topish emas, balki jamiyat koriga yarash, odamlarga ozmi-koʻpmi naf keltirish. Jonsarak bu millatning zuvalasi mehnat atalmish loydan qorilgan. Mehnatsevarlik bolalarga bogʻcha-maktabdan singdiriladi. Hatto maktablarda farrosh yoʻq: oʻquvchilar oʻz sinflarini yog‘ tushsa yalagudek holga keltiradi.

Yaponiyada haddan ziyod koʻp mehnat qilish, surunkali uyqusizlik, charchoq aholi orasida xavotirli ijtimoiy, ruhiy muammolarni keltirib chiqarayotgani ham rost. Yapon tilida hatto “meʼyordan oshiq mehnat sababli oʻlish” degan maʼnoni anglatuvchi maxsus istiloh (karoshi) mavjud. Shu bois hukumat va yirik korporatsiyalar aholi orasida istirohat madaniyatini targʻib etmoqda.

Yaponlar tabiatan ijodkor, yaratuvchi xalq. Boz ustiga, begonaparastlik qusuridan xoli, yaʼni “xoʻrozqand chet elniki desa yotib yalamoq”ni oʻziga ep koʻrmaydi. Iqtisodiyotda oʻz mahsulotini qadrlaydi. Aholi ehtiyoji uchun zarur mahsulotlar imkon qadar mamlakatning oʻzida ishlab chiqariladi. Mamlakat parlamentining 1936-yilda bunyod etilgan binosi yapon meʼmorchiligi va muhandislik mahoratining goʻzal namunasidir. Eʼtiborga molik jihati, qonun uyi, bir necha juzʼiy unsurni istisno qilganda, toʻliq yapon xomashyosi asosida qurilgan.

Robototexnika, nanotexnologiya, shaharsozlik kabi yoʻnalishlarda aql bovar qilmas kashfiyot-u ixtirolarga qoʻl urayotgan yaponlar anʼanaga sodiqlik xislatini yoʻqotmagan. Masalan, yapon davlatchilik tarixi – yagona imperatorlar sulolasi tarixidir. Yaʼni, mamlakatni azaldan bitta xonadon vakillari idora etib kelgan. Muqoyasa uchun: mumtoz monarxiya timsoli sanaladigan Buyuk Britaniyada soʻnggi oʻn asrda normanlar, plantagenetlar, lankasterlar, yorklar, tyudorlar, styuartlar, hannoverlar kabi oʻnga yaqin sulola hukm surgan.  

Vaqt ustidan gʻalaba

Yaponlarning soʻnggi bir necha asrlik tarixini vaqtni jilovlash, uni inson izmiga solishga urinmoq deb tavsiflash mumkin. Jahon urushida butkul kunpayakun etilgan mamlakat qisqa muddatda mutaraqqiylar safiga qoʻshilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. “Yer yuzidagi jamiki tirik mavjudot vaqtdan qoʻrqadi, vaqtning oʻzi esa – ehromlardan qoʻrqadi” degan naql bor. Vaqt nainki Misr piramidalari, yaponlarning qatʼiyat-u saboti qarshisida ham ojizligini tan olgan chiqar...

Tokio vokzalida “Shinkansen” tezyurar poyezdini kutayotirmiz. Mazkur rusumdagi poyezdlar avtomobil, fotokamera, mototsikllar singari Yaponiyaning tashrif qogʻoziga aylangan. Koʻzlagan manzilimiz – mamlakatning eski poytaxti Kioto shahri. Zum oʻtmay ulkan karvondek poyezd kirib keldi. Yoʻlovchilar poyezddan tushar-tushmas, perronda oʻziga yarashiqli korjoma kiygan farroshlar guruhi paydo boʻldi. Taʼzim qilgan koʻyi vagonlarga chopib kirib ketishdi. Bir choy qaynagudek muddatda 15-16 chogʻli vagonni tozalab chiqdilar: marhamat, ozoda oʻrindiqlar muntazir! Bamisoli teatr tomoshasi! Holbuki, orastalik posbonlari kundalik yumushini ado etmoqda, xolos.

“Shinkansen” poyezdi soatiga 320 kilometr tezlikda yelib borayotir. Na shovqin seziladi, na ilkis tebranish. Bahaybat nahang ulkan ummonda lojuvard dolgʻalarni bepisand yorib ketayotgandek...

“Shinkansen” qatnovi 1964-yilda Tokio olimpiadasi kunlarida yoʻlga qoʻyilgan. Oʻsha kezlar poyezd faqat Tokio va Osaka shaharlarini bogʻlagan boʻlsa, bugun mazkur tizim butun mamlakatni tortanak toʻri kabi qoplagan. “Shinkansen” – yapon kashshofligining yorqin namunasi. Yoʻlovchilarga daqiqa qadar daqiqlikda xizmat koʻrsatiladi. Taʼbir joiz boʻlsa, soatingizni poyezd harakatiga koʻra sozlab olasiz. “Shinkansen” poyezdlarida milliardlab yoʻlovchi tashildi, ammo oltmish yil ichida biror marta yoʻlovchi halokatiga sabab boʻlgan jiddiy avariya yoki nosozlik roʻy bermagan. Vaholanki, Yevropa-yu AQShda ham poyezd halokati bot-bot sodir boʻladi. Darvoqe, jahonga mashhur TGV (Fransiya), ICE (Germaniya) kabi tezyurar poyezdlar tizimi ham Yaponiyadan ulgi olgan holda yaratilgan.

Shoshqaloqlik, xoʻjakoʻrsinga ish – yapon xalqiga begona. Soatiga 500 km tezlikda yuradigan poyezdlar allaqachon ishlab chiqarilgan, ammo temiryoʻlchilar yangi tizimni bir necha yildan buyon qunt va hafsala bilan sinovdan oʻtkazmoqda. Ore rost, bu xalq shoshmasdan shoshilishga odatlangan. Har jihatdan shay deb topilgachgina yangi poyezdning ommaviy tasarrufiga ruxsat beriladi.

Ilm-u hikmat suvni yondirar

Kioto oʻn bir asr (794 – 1869-yillar) mobaynida Yapon davlatining boshkenti boʻlgan. Shaharda sintoizm, buddaviylik ibodatxonalari bisyor. Koʻhna kent bir qarasangiz yoshini yashab, oshini oshagan moʻysafid siymosida gavdalanadi, yana bir qarasangiz – oʻn gulidan bir guli ochilmagan yigit! Beayov sinovlardan omon chiqqan osori atiqalarni hisoblayman deb sanoqdan adashasiz. Shaharda baland imoratlar qurish taqiqlanadi: toki koʻkka boʻylashgan binolar tarixiy obidalarga, maʼbadlarga soya solmasin!

Kioto universiteti huzuridagi iPS hujayralarni tadqiq qilish va qoʻllash markazida (Center for iPS Cell Research and Application) bizni tibbiyot fanlari doktori, professor Dzunya Toguchida qarshilab, soʻnggi ilmiy izlanishlar xususida soʻzlab berdi. Induksiyalangan plyuripotent ildiz hujayralari texnologiyasiga ixtisoslashgan dunyodagi ilk muassasadamiz. Markaz asoschisi, professor Sinya Yamanaka 2012-yilda iPS hujayralar sohasidagi olamshumul yangilik uchun Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan. Ushbu texnologiyani “biologik vaqtni ortga qaytarish” usuli deb atash mumkin. Maʼlumki, inson tanasidagi har bir hujayraning oʻz vazifasi bor. Professor Yamanaka tajriba asnosida maxsus gen kiritish orqali hujayraning xotirasini oʻchirishga muvaffaq boʻlgan. Yaʼni, gen taʼsirida hujayra oʻz vazifasini “unutgan” va ildiz hujayraga aylangan. Hosil boʻlgan iPS hujayralar yordamida bedavo hisoblangan kasalliklarga qarshi yangi dori-darmon va regenerativ muolaja usullarini yaratish maqsad qilingan. Soddaroq aytganda, ushbu ilmiy yangilik bemorning hujayrasidan foydalanib, uning shikastlangan aʼzolarini “taʼmirlash” yoki yangidan hosil qilish imkonini beradi.

Markazda parkinson, saraton, yurak nuqsoni va boshqa ogʻir xastaliklarni davolashda hujayra transplantatsiyasini sinovdan oʻtkazish kabi yoʻnalishlarda tadqiqotlar olib borilmoqda. 2026-yil fevral oyida Yaponiya sogʻliqni saqlash tizimi tarixida ilk bor Kioto universiteti olimlari parkinson xastaligini davolash uchun yaratgan doriga qisman ruxsat berildi. Ilm-u hikmat suvni yondiradi deydilar. Sinchi olimlar iPS hujayra terapiyasi jahon tibbiyotida inqilobiy davrni boshlashiga umid bildirmoqda.

Katta mablag‘, ilgʻor asbob-uskuna va zamonaviy laboratoriyalarsiz fanni ravnaq toptirib boʻlmaydi. Kambagʻal davlatlardagi koʻplab salohiyatli olimlar ilmiy tadqiqot uchun boy oʻlkalarga ravona boʻlayotgani sir emas. iPS hujayralarni tadqiq qilish markazi eng soʻnggi rusumdagi uskunalar bilan taʼminlangan. Professor Dzunya Toguchidaning aytishicha, markazni naqafat davlat, balki oddiy fuqarolar ham moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi. iPS hujayralar tadqiqotlari jamgʻarmasiga 2024-yilda salkam 29 ming kishi 4,1 mlrd iena (qariyb 26 mln dollar) xayriya qilgan. Birgina jamgʻarmaga shuncha koʻmak koʻrsatilgan boʻlsa, butun mamlakat miqyosida ilmga homiylik koʻlami qancha ekan?! Qoʻsha-qoʻsha qimmat avtoulov, dangʻillama qasr xarid qilib, sarvat-u savlatini koʻz-koʻzlamoqdan ilm-u maʼrifatga pushtipanohlikni afzal bilgan “anoyi”lar bor boʻlsin!

Sirasini aytganda, Yaponiya nomini sarbaland qilgan omillardan yana biri – xalqning maʼrifatsevarligi, saxovatpeshaligi. Hatto oʻrtahol oilalar ham fanga imkon qadar homiylik qiladi. Davlat ham metsenatlikni ragʻbatlantiradi: fan, tadqiqot va innovatsion faoliyatga homiylik qilgan fuqarolar, korxonalarga soliqdan imtiyoz bor.

Aytishlaricha, Kadzuo Inamori, Masayosi Son, Tadasi Yanay kabi yapon boylari fanga millionlab dollar xayriya ajratayotir. Ibratomuz hikoyalarni eshitib, beixtiyor “Bor-budini maktab-madrasa ochmoq, yoshlarni oʻqitmoqqa sarflagan jadid bobolarim, qaydasiz?!” deya xitob qilasiz...

Tanglayi kitob bilan koʻtarilgan...

Yaponiyaning taʼlimdagi yutuqlari dunyoda zarbulmasal. Zotan, bu xalqning mutolaaga mehri, ixlosi baland. Jamoat transportida, istirohat bogʻlarida va hatto navbatda turgan vaqtda kitob yo jurnal oʻqiyotganlarni uchratasiz. “Koʻhna dunyo”da noshirlarning bozori kasod boʻlayotgan bir vaqtda kunchiqar oʻlkada kitob-u gazetalar millionlab adadda chop etiladi. Masalan, “Yomiuri” gazetasining ertalabki nashri adadi qariyb 9 millionta.

PISA tahliliga koʻra yaponiyalik oʻquvchilar matematika hamda tabiiy fanlar boʻyicha Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) davlatlari orasida birinchi oʻrinda. Taʼlimda peshqadam oʻlkaga kelib, biror maktabni ziyorat qilmay ketish daryoga borib, choʻmilmay qaytishdek gap emasmi?! Shu bois rejadagi ancha-muncha uchrashuvlarning bahridan oʻtib, Tokiodagi Azab-u boshlangʻich maktabiga otlandik. Maktab direktori Yuichi Hashimoto taʼlim tizimida sochi oqargan tajribali pedagoglardan ekan.

– Biz oʻquvchilarga faqat bilim berish bilan cheklanmay, tarbiyani ham baqamti olib boramiz. Zero, bolaning chinakam inson, butun shaxs boʻlib shakllanishida maktab davri muhim oʻrin tutadi. Oʻquvchi ham akademik bilim olishi, ham jamiyatning intizomli, masʼuliyatli aʼzosiga aylanishi yoʻlida jiddu jahd koʻrsatamiz, – deydi u.

Yapon maktablari bilim, axloq va salomatlik uygʻunligiga tayanadi. Mustaqil fikr, tanqidiy tafakkurni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. “Yapon taʼlim moʻjizasining kaliti nimada?” deb soʻrayman mezbondan. Ammo maktab direktori moʻjiza haqidagi fikrimga eʼtibor bermay, gap payrovini hal qilinishi lozim boʻlgan muammolarga yoʻnaltiradi.

Yuichi Hashimoto kabi ziyolilar bilan gurunglar asnosida Yaponiya taraqqiyoti tilsimlaridan yana birini kashf etdim. Yaponlar yutuqlarga shaydolik, muvaffaqiyatdan sarmastlik, madhiyabozlik kabi illatlardan hazar qiladi. Oʻz-oʻzini tanqid qilishdan choʻchimaydi, kamchiliklarni xaspoʻshlamaydi. Aslida oʻziga mahliyolik odamzodning fitratida yashirin. Yapon xalqi bu illatni oʻz vujudidan, Chexov taʼbiri bilan aytganda, tomchima-tomchi, qatrama-qatra sitib-siqib chiqargan boʻlsa ajab emas.

Maktab direktori dars jarayonini bir qur kuzatishga izn berdi, sharti – saboqqa xalal bermaslik. Matematika darsi oʻtilayotgan sinfxonaga kirdik. Oʻrta yoshli muallim direktorni koʻrib maʼnoli bosh irgʻadi, xolos. Oʻquvchilar ham biz – “chaqirilmagan qoʻnoqlar”ga parvo qilmay, kamoli eʼtibor bilan topshiriq bajarmoqda. Bizning sinfxonalarga mehmon kirib qolsa, oʻquvchilar darsni toʻxtatib, tik turgancha joʻrovoz salom berishi yodimga keldi. Saboqxonadan chiqqanimizda janob Hashimotodan oʻquvchilarning unga “hurmat koʻrsatmagani” sababini soʻrayman.

– Oʻquvchilar uchun dars muqaddas bir mashgʻulot. Ularga saboq chogʻi bor olamni unutib, butun vujudi quloqqa aylangancha bilim olishi lozimligini uqtiramiz. Direktorga hurmat masalasiga kelsak, marhamat, oʻquvchilarimizning darsdan tashqari vaqtdagi muomalasini koʻring, – deydi u tabassum bilan.

Yaponiya hukumatining GIGA (Global and Innovation Gateway for All) dasturiga muvofiq mamlakat boʻylab har bir oʻquvchi planshet bilan, maktablar esa yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlangan. Xullas, zamonaviy texnologiyalar taʼlim samaradorligini oshirishga xizmat qilayapti.

Nomukammal... mukammallik

Odamzod hamisha oʻzini toʻkis koʻrsatmoqqa urinadi, xom sut emgan banda ekani, xatokorlik qoʻndoqda tekkan qusur ekanini tan olgisi kelmaydi. Buyogʻini soʻrasangiz, mukammalparastlikdan xoli ekani bilan ham kaminani maftun etdi yapon xalqi! Toʻgʻri, ular texnika-texnologiyaning sifati borasida oʻta talabchan, murosasiz – har qanday uskuna, har qanday mashina zargarona aniqlikda ishlashi shart. Ammo insoniy munosabatda, olam bilan robitada mukammallik koʻzlanmaydi.

Yaponlarning kinsugi (lugʻaviy maʼnosi – oltin chok) degan sanʼati bor. Bu – singan sopol buyumlarni oltin yoki kumush kukuni qoʻshilgan maxsus yelim yordamida taʼmirlash hunaridir. Sopol buyumlarda hosil boʻlgan darzlar yashirilmaydi, aksincha, zar yamoq solish orqali yoriqlar yanada koʻrinarli holga keltiriladi. Oʻsha darzlar inson qalbidagi qaygʻu-iztiroblarni yodga solsa kerak-da. Shahidlar shohi Najmiddin Kubro ham “Dard cheksa kishi oxiri inson boʻlgʻay” deya oʻgit bergan axir! Kinsugi zamirida yapon xalqining teran falsafiy qarashlari, koʻp asrlik hayotiy xulosalari mujassam. Mukammallikni nomukammallikda koʻrish bu!

Ulug‘ adib Yasunari Kavabata Nobel mukofotini olish marosimida (Stokholm shahri, 1968-yil) aytgan quyidagi mushohada ham yapon xalqining oʻziga xosligi, ayniyatiga guvohlik beradi: “Yapon bogʻlari tabiat ulugʻvorligini namoyon etadi. Ovrupocha bogʻlar odatda simmetriya – murattablik qoidasi boʻyicha barpo etilsa, yapon bogʻlari tartibsizdir. Chunki, chamamda, murattablikdan koʻra tartibsizlik tabiatning rang-barangligi va ulugʻvorligi ramzi boʻla oladi”.

Maqola debochasida eslab oʻtganimiz – Yaponiya parlamenti binosiga tashrif vaqti qiziq bir jihat eʼtiborimizni tortdi. Qonun chiqaruvchi idoraning markaziy tolorida toʻrtta supa oʻrnatilgan ekan. Uchtasini Yaponiyada konstitutsiyaviy tuzum va parlament tizimi takomiliga ulkan hissa qoʻshgan Ito Hirobumi (1841 – 1909), Itagaki Taysuke (1837 – 1919), Okuma Sigenobu (1838 –1922) kabi atoqli arboblarning haykali band etgan. Toʻrtinchi supa esa boʻsh. Xoʻsh, ramz-u timsollar tilida soʻylamoqning hadisini olgan yaponlar nima demoqchi? Nazarimda, boʻsh tagkursi siyosatda mukammallikka erishib boʻlmasligi, sarkor-u sardorlar mudom izlanish, saʼy-koʻshishda davom etmogʻi lozimligiga ishora.

Bukilmas iroda, soʻnmas sabot

Yaponiyada har yili yuzlab katta-kichik zilzila boʻlar ekan. Aholi yer silkinishi, dovul-u toʻfonlarga oʻrganib ketgan. Temir olovda toblanganidek, yaponlar ham tabiiy ofatlarda bukilmas iroda orttirgan. 2011-yil 11-mart kuni Xonsyu orolining shimoli-sharqiy sohillarida 9 balli zilzila roʻy berdi. Buning ortidan sohilboʻyiga dahshatli sunami yopirildi. Tabiiy ofat vaqti “Fukusima-1” atom elektr stansiyasining sovitish tizimi vayron boʻlgani oqibatida atrof-muhitga radioaktiv moddalar tarqaldi. Oʻsha mashʼum kunlarda 15 901 kishi halok boʻldi, 2500 kishi bedarak yoʻqoldi. Moddiy zarar bir necha yuz milliard dollar deb baholandi... Raiyat va arkoni davlati yalakatmagʻizdek bir boʻlib, yaqin tarixdagi eng ogʻir sinovni ham sabot bilan yengib oʻtdi.

Atoqli iqtisodchilar Daron Ajemoʻgʻli va Jeyms Robinson “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobida dunyo davlatlarining farovonlik sirini tahlil etgan. Mualliflarning fikricha, mamlakat taraqqiyotida joʻgʻrofiy joylashuv, madaniyat yoki boy tabiiy resurslar emas, balki inklyuziv siyosiy, iqtisodiy tuzilmalarni barpo etish hal qiluvchi oʻrin tutadi. Bu fikrga 1868 yilgi Meydzi inqilobidan keyin oʻz institutlarini tubdan isloh qila bilgan Yaponiya yorqin misoldir.

Vatandoshimiz, Sharqiy Angliya universiteti professori Sherzod Moʻminov oʻz tadqiqotlarida kunchiqar oʻlkaning oyoqqa turishi bilan bogʻliq tarixiy bir hodisani keltirgan. 1962-yilning noyabr oyida Yaponiya bosh vaziri Hayato Ikeda Fransiyaga boradi. “Yelisey” saroyidagi qabul vaqti u Fransiya prezidenti Sharl de Gollga oʻsha davrda Yaponiyaning ommabop eksport mahsuloti sanalgan “Sony” tranzistorli radiosini sovgʻa qiladi. Bosh vazir Hayato Ikeda qayerga borsa oʻshanday moʻjaz radiopriyomnikni yonida olib yurar, qimmatli qogʻozlar bozoridagi oʻzgarishlardan xabardor boʻlar edi. Ikkinchi jahon urushi qahramoni, Fransiya prezidenti general Sharl de Goll Yaponiya bosh vazirining hadyasini nazariga ilmaydi. Suhbatlardan birida Yaponiyaning iqtisodiy qudratiga shubha qiladi, bosh vazir Hayato Ikedani esa “tranzistorli radio sotuvchisi” deya mensimaygina eslaydi. Voqeaning davomini ingliz jurnalisti, “Mashaqqatlarni yengib: Yaponiya va omon qolish sanʼati” (Bending Adversity: Japan and the Art of Survival) asari muallifi Devid Pillingdan eshitamiz: Parijdagi oʻsha uchrashuvdan ikki yil oʻtib, “tranzistorli radio sotuvchisi” Fransiya iqtisodiyotidan ulkanroq iqtisodiyotga ega mamlakatni boshqarar edi. Yaponiya tez orada Buyuk Britaniya va Germaniyani ortda qoldirib, (AQShdan keyin) dunyoning ikkinchi mutaraqqiy davlatiga aylanadi.

Yaponiya sharqona anʼanalar va gʻarbona demokratiya, milliy oʻzlik va yuksak texnologiyalarni mahorat bilan uygʻunlashtirgani maʼlum. Yana bir musohibimiz – Tokio universiteti professori Kaoru Iokibening hikoya qilishicha, kunchiqar oʻlka XIX asrda, Meydzi islohoti davridayoq “yaponcha ruh, gʻarbona bilimlar” (vakon yosay) tamoyilini ilgari surgan edi.

– Oʻsha kezlar gʻarblashuv va milliy qadriyatlar oʻrtasida oltin oʻrtaliqni topish talabi kun tartibiga chiqdi. Gʻarbcha uslubni koʻr-koʻrona qabul qilish tanazzulga yetaklashi tayin edi. Shu bois yapon oʻzligini saqlab qolgan holda taraqqiyot neʼmatlaridan bahramand boʻlmoq yoʻli tanlandi. Globallashgan dunyoda tik oyoqda qolmoq uchun millat oʻzi suv ichgan buloqlarni musaffo holda saqlab qolmogʻi shart, – deydi professor Iokibe.

Gʻarb liberalizmining institutsional shakllarini qabul qilgan Yaponiya uning magʻzi, javhariga oʻz qadriyatlarini joyladi. Alqissa, kunchiqar oʻlka milliy oʻzlikdan voz kechmasdan ham iqtisodiy taraqqiyotga, farovonlikka erishish mumkinligini isbotladi.

“Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik va bir-birlaringiz bilan oʻzaro tanishishingiz uchun sizlarni xalqlar va qabilalar qilib qoʻydik”, – deydi Olloh taolo Qurʼoni karimning “Hujurot” surasida. Darhaqiqat, qadim ochunda yurtlar bisyor. Katta yoʻlga chiqqan millatlar uchun boshqa qavm, oʻzga ellarning tarixi va taraqqiyotini oʻrganmoq har jihatdan manfaatlidir. Ushbu safarnomani ham yapon fenomenini anglash yoʻlida kamtarona bir urinish deb qabul qilgaysiz, aziz jurnalxon!

Sobirjon YOQUBOV

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.

“Quyoshni ilk qarshilaydigan oʻlka” maqolasi