I. Ekspozitsiya: Musiqa va tafakkur uygʻunligi
“Musiqasiz hayot xato boʻlar edi” – bu soʻzlarni aytgan Fridrix Nitshe falsafaning eng qorongʻu chuqurliklariga shoʻngʻigan, ammo hayotning musiqiy ohanglarini hech qachon unutmagan faylasuf edi. U uchun musiqa shunchaki ovoz emas, balki hayotning oʻzagi boʻlgan.
Siz hech oʻylab koʻrganmisiz – nega ayrim musiqalar yuragimizga yaqin, ayrimlari esa fikrlashga undaydi? Baʼzida sokin pianino tovushi ongimizni tiniqlashtiradi, baʼzan esa tartibsiz jazz ohanglari ichki tartibsizligimizga mos tushadi. Ehtimol, musiqani har kim oʻz ruhiy holatiga qarab tanlaydi. Ammo ajablanarlisi shundaki, eng sovuqqon, mantiqqa tayanuvchi faylasuflar ham shunchaki fikr emas, balki ohanglar orqali oʻzlarini topishga harakat qilishgan.
Falsafa va musiqa – bir qarashda qarama-qarshi dunyolar. Falsafa tiniq fikr, tahlil va mantiqni talab etsa, musiqa his-tuygʻularning erkin oqimini ifodalaydi. Ammo aynan shu ziddiyat ularni bir-biriga yaqinlashtiradi. Musiqa baʼzida soʻz ayta olmagan narsani ifodalaydi, falsafa esa shu tuygʻularni anglashga harakat qiladi. Mazkur maqolada musiqani faylasuflar nigohi bilan koʻrishga, ohanglar ortidagi fikr va hislarni idrok etishga harakat qilamiz.
Ushbu maqola sonata shaklida, yaʼni klassik musiqiy asar tuzilishiga oʻxshash tarzda yozilgan. Ekspozitsiyada mavzuni ochmoqdamiz, Meditatsiyada ichki dunyoga shoʻngʻiymiz, Dialektikada fikrlar toʻqnashadi, Kodada esa sokin yakun ohangi chalinadi. Shu tariqa, “Falsafa sonatasi”ni birga tinglaymiz.
II. Meditatsiya: Faylasuflar va ularning musiqa dunyosi
Pifagor: Kosmosdagi musiqiy tartib