U teatr sahnasida 100 ga yaqin, kinoda 70 dan ziyod rollar ijro etgan, dublyajda 4 000 dan ortiq qahramonga ovoz bergan. Aktyor 9 ta pyesa muallifi, 7 ta spektaklga rejissyor qilgan, tarjimonlik va tahrir sohasida ham yaxshigina qobiliyat sohibi boʻlgan. Ana shunday takrorlanmas isteʼdod, oʻzbek dublyaji qiroli – Oʻzbekiston xalq artisti Hamza Umarovning 100 yilligi munosabati bilan farzandi, taniqli aktyor Shuhrat Umarovni suhbatga chorladik.
Hamza Umarovning nutqi, artikulyatsiyasi chindan ham oʻziga xos edi. Bunga otangiz oʻqigan kitoblar sabab boʻlsa kerak, ovozining ustida ishlash maqsadida qanday kitob oʻqiganlarini bilasizmi?
Dadam juda koʻp kitob oʻqirdi, lekin ovozni maxsus mashq uchun emas, balki tafakkurini boyitish maqsadida mutolaa qilardi. Jozibador, jarangli ovoz dadamga Yaratgan tomonidan berilgan yuksak neʼmat, desam yanglishmagan boʻlaman. Spektakllarda soʻz tomoshabinga aniq yetkazilishi kerak. Shu maʼnoda, Muqimiy teatrini dadamning ijodiy yuksalishida muhim oʻrin tutgan dargoh, deyish mumkin. Dadam pyesa topshirilishi bilan uni tezda oʻqib, soʻzlarni yod olar, ishiga jiddiy yondashardi. Obraz xarakteridan kelib chiqib, oʻsha ifodani bera oladigan ovozda gapirardi. Shuning uchun ham dadamning ovozi uning tashrif qogʻoziga aylangan, deb bilaman.
Dadam odatda, doimiy ravishda repetitsiyada ishtirok etardi. Bir gal dadam Uchqun Nazarovning “Oyna” spektakli tayyorgarlik jarayonida negadir qatnashmadi. Shunda ularga: “Nega repetitsiyada qatnashmayapsiz?” desam, hafsalalari pir boʻlib: “Ayrim aktyorlar oʻz rolini qogʻozga qarab oʻynamoqchi boʻlishdi. Rejissyorga aktyorlar qachon tayyor boʻlishsa, oʻshanda chaqirarsiz, deb chiqib kelyapman, bolam”, degandilar.
Darhaqiqat, Hamza Umarov obraz yaratish borasida juda talabchan ijodkor boʻlganini koʻpchilik taʼkidlaydi. Hayotda, umuman, oilada otangiz qanday inson edi?
Dadam kamgap, juda masʼuliyatli va har bir ishni astoydil bajaradigan inson edi. Oilada onamning suyangan togʻi boʻlgan. Ularni juda sevar, ardoqlardi. Ikki opam va meni ham juda yaxshi koʻrardi. Faqat biz bilan har doim ham bemalol gaplashib oʻtira olmasdi, chunki ishlari koʻp, juda band boʻlardi.
Gapirishni yoqtirmaydigan mavzulari bormidi?
Dadam 1926-yil Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida tugʻilgan. Lekin Ikkinchi jahon urushida qatnashish maqsadida pasportiga 1925-yilda tugʻilgan deb yozdirgan va 1943-yilda koʻngilli boʻlib, II-Boltiqboʻyi frontidagi harbiy qismlarning biriga polk aygʻoqchisi boʻlib xizmat qilgani ketgan. Xizmat vaqtida minalarga toʻla maydondan sudralib oʻtishga toʻgʻri kelgan. Shunda hamrohi otamga uning ortidan borishini tayinlabdi. Otam buning sababini soʻraganida, u: “Sen aktyor boʻlmoqchisan, uzoq yillar xalqqa xizmat qilishing uchun yashashing kerak”, deb oldinga harakatlanib, hech qancha vaqt oʻtmay portlab halok boʻlgan ekan. Koʻz oldida hamrohining parchalanib ketganini, minglab odamlarning qurbon boʻlganini koʻrgan dadam urushning insoniyat tarixida qoldirgan dahshatli jarohatlari, asoratlari haqida gaplashishni yoqtirmasdi.