Soʻnggi paytda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar hamda koʻcha-koʻyda milliy til va oʻzlik (identiklik) haqida bahslar va turli fikrlar koʻpaydi. Bu, albatta, yaxshi holat.

Til va oʻzlik doimo bahslarda shakllanadi. Mashhur fransuz olimi Ernest Renan eʼtirof etganidek, “Millat, bu – har kuni plebissit demakdir”.

Millat doimo soʻzlashuv va muloqot (dialog) orqali barpo etiladi. Oxirgi yillarda til masalasi davlat darajasiga koʻtarildi.

Soʻnggi uch-toʻrt yil ichida oʻzbek tilini ­rivojlantirish, davlat tilida ish yuritish va oʻzbek tilining obroʻsini koʻtarish uchun qonunlar qabul qilindi, qoʻmitalar va markazlar tuzildi. Lekin ezgu ishlar biz kutganchalik natijalar berayotgani yoʻq. Nima uchun?

Negaki biz qonunlar va qonunosti hujjatlarni qabul qilayotganda va turli markazlar tuzayotganda dunyoda mavjud boʻlgan til holati va soʻnggi ilmiy texnologiyalardan foydalanayotganimiz ham, ularni hisobga olayotganimiz ham yoʻq.

Hozirgi kunda jahonda axborot va fan tili ­ingliz va rus tilidir.

Oʻz vaqtida jadidlar tilni yangi soʻzlar va madaniy yangiliklar bilan toʻldirishgan. “Teatr”, “roman”, “pyesa”, “poyezd” va hokazo soʻzlarni keng qoʻllashgan va buning taʼsiri oʻlaroq XX asrning 20-yillarida milliy romanchilik vujudga keldi.

Jadidlar oʻzbek tili grammatikasini isloh qilishga urinishgan va hatto lotin alifbosini kiritishda katta jonbozlik koʻrsatishgan. Ular saʼy-harakati bilan oʻzbek siyosiy millati ­vujudga keldi. Yevropadan olib kelingan va oʻzlashtirilgan madaniyat oʻzligimizni (identiklikni) maʼlum maʼnoda shakllantirdi. Shuni alohida qayd etish kerakki, jadidlar oʻzbek tilini yangilikka ochiq sistema deb tushunishgan. Bu tilda oʻsha paytlardayoq koʻplab Yevropa va rus romanlari tarjima qilindi. Pirovardida oʻzbek tili modern tilga aylandi va XX asrning 30–60-yillarida oʻzbek tilida koʻplab nodir asarlar va sheʼrlar yaratildi.

Biz hozirgacha G‘.Gʻulom, A.Oripov, E.Vohidov, P.Qodirov va boshqa adiblarimiz asarlari va ulardagi til “jozibasi” taʼsiridamiz. Holbuki, undan keyin qancha suvlar oqib oʻtdi: dunyo globallashdi, madaniyatlar qorishib ketdi, deymiz, siyosiy tuzumlar oʻzgardi, qadriyatlar “safi” kengaydi. Bizda esa…

Oʻylashimcha, bizning hozirgi oʻzbek tili ana shu davr bilan chambarchas bogʻliq boʻlgani va koʻp hollarda uni oʻzi uchun “etalon” deb bilgani bois rivojlanishdan toʻxtab qoldi.

Oʻzbek tili XX asrning jamiyatda ­keskin iqtisodiy va siyosiy jarayonlar kechgan 80–90-yillarida yangi, oʻziga tabiatan teskari boʻlgan xavflarga duch keldi. Sotsiumda bunga qarshi potensial bilim va koʻnikma boʻlmagani uchun u maʼlum muddat turgʻunlikka mubtalo boʻldi. Aslida esa tilimiz hozirgi zamon talablariga mos boʻlishi zarur. Bu, bugungi globallashgan ­dunyoning talabidir!

Oxirgi yillarda oʻzbek tilini isloh qilish, ragʻbatlantirish boʻyicha talay amaliy ishlar qilinmoqda. Biroq koʻzga koʻrinarli natijaga erishish muayyan yutuqlarga erishilganiga qaramay, ancha sekin va qiyin kechmoqda.

Buning bir qancha sabablari bor. Hozirgi oʻzbek tili “yopiq” sistemaga aylanib qolganga oʻxshaydi. Biz hozir tilni sheva va lahjalar bilan toʻyintiryapmiz, xolos. Balki bu ham yaxshi holatdir. Toʻgʻri, tilimizga soʻnggi yillarda “kompyuter”, “noutbuk”, “chellenj” va boshqa koʻplab yangi soʻzlar kirib keldi. Lekin bu holat tilimizni zamonaviy tilga aylantirmadi. Aholimiz xorij soʻzlarini koʻr-koʻrona taqlid qilib olmoqda.

Til rivojlanishi xorijiy soʻzlar va atamalarni ilmiy, adabiy mushohada qilib, “hazm” qilish darajasiga bogʻliq. Jonli til faqatgina isteʼmolchi emas, balki yaratuvchi ham boʻlishi zarur.

Misol uchun, oxirgi ilmiy adabiyotlardagi atamalarni umuman oʻzbek tiliga tarjima qilishning iloji topilayotgani yoʻq. Ular quyidagi soʻzlar: “postcolonial”, “gender studies”, “subaltern”, “premodern”, “modern”, “postmodern” va hokazo. Yaʼni, bu soʻzlar oʻzbek ilmiy adabiyotida oʻz mazmuni va mohiyatiga ega emas. Albatta, bu holat oʻzbek ijtimoiy-gumanitar sohasi dunyo fanidan ancha orqada ekanini isbotlaydi. Tilni ­boyitishda falsafa va mantiq fanlari juda katta rol oʻynaydi.

Oʻzbek tilining ilmiy salohiyatiga tushkun kayfiyatda qarab, oʻzbek tili faqat maishiy til sifatidan yuqoriga koʻtarila olmaydi, deyuvchilar ham yoʻq emas. Shu oʻrinda, mavzuga bevosita aloqasi boʻlgani uchun yana shuni ham aytish kerakki, bizda adabiyotshunoslik rivojlangan, falsafa esa fan sifatida umuman joyidan jilgan emas. Toʻgʻri, bu iddao koʻpchilikda (ayniqsa, faylasuflarimizda) norozilik tugʻdirishi mumkin. Men esa ular bilan gʻoyibona bahsga kirishib, quyidagi savolni beraman: xoʻsh, ayting-chi, oxirgi 30 yilda qaysi oʻzbek faylasufi mashhur, qoʻldan qoʻymay oʻqiladigan biror kitob yozdi?..

Tilning rivojlanishi bilan bogʻliq nuqsonlar keragidan ortiq. Masalan, mantiq fani bugun oliy taʼlim muassasalarida maxsus fan sifatida oʻqitilayotgani yoʻq. Vaholanki, aynan shu fanning mushohadani ­shakllantirishda roli beqiyosligini butun dunyo olimlari eʼtirof etishadi. Qolaversa, til qonuniyatlari mantiq fani bilan chambarchas bogʻliqdir.

Shu bois, bugun biz oʻzbek tilini rivojlantirish haqida gapirar ekanmiz, zamonaviy falsafa, mantiq fanlarini taʼlimga keng tatbiq qilishimiz zarur. Afsuski, uyat boʻlsa ham aytish kerak, ayni damda respublikamizda boʻlajak fan doktorlari ham falsafa, fan falsafasi va mantiqdan bexabardirlar. Bizda 2012-yillargacha ilmiy ish yoqlash uchun fan falsafasidan maxsus kurs eshitib, imtihon topshirilardi. Aslida bu butun dunyoda qabul qilingan standartdir. Lekin hozir bu kurs umuman doktoranturada yoʻq. Afsuski, fan falsafasi boʻyicha yaxshi, bugungi kun talablariga javob beradigan oʻzbekcha ilmiy adabiyotlar ham. Endi ayting, qanday qilib fan falsafasidan va mantiqdan bexabar boʻlajak olim yaxshi ilmiy ish yozadi? Shu holatni bilib turib, nimaga oʻzbek tili fan tiliga aylanmayapti deb kuyinamiz.

Qachonki, faylasuf, tarixchi va filolog birlashib, oʻzbek tiliga mos xorijiy atamalarga mazmun bera olishsa, ana shunda tilimiz rivojlanadi va boyiydi. Aks holda, biz bir joyda depsinamiz va tilimiz sheʼriyatga va adabiyotgagina bogʻlanib qoladi. Faqat ilmiy mushohada, sintez, ilmiy dogmalarni yangi maʼno-mazmun bilan boyitish va bu ilmiy jarayonlarni ilmiy tilda ifoda qilish, tabiiy, professional olimlar tomonidan amalga oshiriladi. Bu esa, albatta, mablag‘ va ­siyosiy iroda talab etadi.

Biz bir ilmiy haqiqatni unutib qoʻymoqdamiz: til – doimo rivojlanayotgan va dinamik hodisadir. Til rivojlanishi uchun milliy adabiyot, kino, sanʼat, fan mutanosib rivojlanishi zarur. Mutanosiblik esa milliy oʻzlikning tashkil topishiga ijobiy taʼsir etadi. Yaʼni, faylasuflar, lingvistlar va tarixchilar yordamida yaratiladigan yangi maʼnolar tilimizni boyitadi, kengaytiradi va dunyoqarashni shakllantiradi.

Natijada ingliz va rus tillariga qaramligimiz ancha kamayadi. Oʻz mafkuramiz va dunyoqarashimizning falsafiy va mantiqiy ­asoslari vujudga keladi. Kino, sanʼat va adabiyot tilni ijtimoiy borliqqa moslashtiradi, faylasuflar, tarixchilar va lingvistlar yangi mazmun va talqin yaratishadi. Olimlarimizning mushtarak harakati oʻzbek tilini yangi rivoj­lanish bosqichiga olib chiqishi mumkin. Buning uchun faylasuflar, tarixchilar va lingvistlar koʻplab ilmiy maqolalar, monografiyalar va kitoblar yozmogʻi lozim. Madaniy almashinuv va dunyoga ochiqlik nafaqat olimlarimizga naf keltiradi, balki mintaqamizning oʻzligini anglashiga ham katta turtki boʻladi.

Oʻylaymizki, til siyosati borasida olimlarimiz va hukumatimiz oldida katta ishlar turibdi. Yangi avlod olimlari, sanʼatkorlari, shoir-u yozuvchilari, jurnalistlar jonbozlik koʻrsatishsa, moliyalashtirish koʻpaytirilsa, albatta, marra bizniki boʻladi.

Baxtiyor ALIMJONOV,

tarix fanlari nomzodi,

Oʻzbekiston Respublikasi

Fanlar Akademiyasi

Abu Rayhon Beruniy nomidagi

Sharqshunoslik instituti doktoranti