– Adabiyot ahli orasida kinematografiyaga bepisand qarash seziladi. Nazm-u nasrni eplolmaydigan isteʼdodsizlar oʻzini kinoga urib ketadi, degan gaplar yuradi. Siz haqingizda, albatta, bunday deb boʻlmaydi. Bugungi oʻzbek adabiyotida hikoya yoki roman haqida gap ketsa, Murod Muhammad Doʻst va asarlari eslanishi aniq. Kinoni ham shu siraga qoʻshish mumkin. Tengqur yozuvchi-shoirlar orasida bu tomonga birinchi boʻlib boʻylagansiz, bilishimcha. Nimasi tortgan?
– Sababi joʻn – kinostudiyaga ishga kirganman. Institutdan keyin bir-ikki joyga bosh urdim, lekin kattalariga turqim yoqmadi. Rahmatli Oʻlmas Umarbekov “Oʻzbekfilm”da direktor edi. Ishsiz yurganimni bilib, kinostudiyaga taklif qildi. Bordim, joylashdim. 150 soʻm oylik tayinladi. Sharoit yaxshi edi. Yaxshiki, xohlasang ishga borasan, xohlamasang – yoʻq. Ammo kichkina sharti bor – yil davomida bitta ssenariy yozib berasan.
Besh yil ichida yozgan narsalarimdan bittasi oʻtdi. “Ertangi kun saboqlari” filmi (1983). Qishloq muallimi haqida. Nedir ijtimoiy gʻoyalar borday edi. Bugun koʻrishga arzimaydi. Rejissyor ham, men ham tajribasiz edik. Esimda qolgani – Odilsho Agishev, Shuhrat Abbosov va Aleksandr Pan bizga beminnat yordam bergani. “Galatepalik avliyo” – rejissyor Temurmalik Yunusovning diplom ishi (1986). Televizorda koʻp qoʻyadi, deb eshitaman. Tomoshabinlarning joniga tegib ketgan boʻlsa ajabmas.
– Bir umr kinoga oralab yurgan, uch-toʻrt yil sohaning kattasi boʻlgan odam (2002–2005-yillar “Oʻzbekkino” DAK raisi), yaʼni oʻzlari: “Qishloqning changkoʻchasidan, shaharning jinkoʻchasidan rejissyor yetishib chiqmas ekan, milliy kinematografiyani koʻtarib boʻlmaydi”, deganday gap qilgandi. Ayting-chi, kinorahbar paytingiz shu ishga qanchalik hissa qoʻsha oldingiz? Bugun oʻsha yillarni eslaganda ichki qoniqish sezasizmi? “Mening davrimda ishlangan!” deya qaysi filmlarni alohida sanab koʻrsatishni istardingiz?
– Kinoga oralashni atay orzu qilmaganman. Taqdir ekanki, avval chetroqdan, keyinroq bevosita aralashuvga toʻgʻri keldi. Xabar sohasida tinchgina ishlab yurgan paytimda marhum kattamiz chaqirib, kinoga oʻtishni soʻradi. Takrorlayman: buyurgani yoʻq, soʻradi. Avvaliga koʻnmadim, lekin Islom Karimov mening nozik joyimdan tutdi: “millat” deb karillashga ustasan, oʻsha yerga borib, milliy kino qilmaysanmi? Men ham anoyi emasman, darrov aniqlovchi savolni berdim: ortiqcha nazoratsiz, erkin ishlashga kafolat berasizmi?
Xullas, ogʻzaki kafolatni koʻngilga solib, kinoga oʻtdim. Baʼzida, shu ishim umrimda qilgan xatolarimdan eng kattasi boʻldi, deb oʻylab qolaman. Lekin, bandasi ojiz-da, oʻsha zamonda menga qarshi beayov ot surgan baʼzi odamlar ham bugun, kamina turli amallardan ketib, salkam uzlatga chekingan va oshiqcha lutfga hojat qolmagan paytda, negadir oʻsha men ishlagan davr haqida ikki ogʻiz yaxshi soʻz aytganida xayolim yana chuvalashib ketadi.
Eslasam, kinochilar orasida oʻtgan toʻrt yil umrim raislikka emas, dialoglar tahririga sarf boʻlgan ekan. Baʼzida film montajiga ham aralashishga toʻgʻri kelardi. Sekin-sekin aktyorlarimiz ekranda chiroyli koʻrinish shart emas, degan sodda aqidaga koʻnika boshladi. Shevada emas, adabiy tilda binoyiday gapirishni oʻrgandi. Sheva ham qoldi, lekin u faqat qahramon tarixini, xarakterini ochishga xizmat qildi. Qarangki, film qahramonlarining yoshiga, kasbiga, tutgan mavqeiga xos gapirishi, yurish-turishi, hattoki kimning oldida oʻzini qanday tutishini ham oldindan muhokama qilishga oʻtdik. Qisqasi, talab bitta edi. Kino – oʻyin, oʻyin esa gʻirromsiz boʻlishi kerak. Endi sezamanki, men oʻzim orzu qilgan milliy kinoni tabiiylikdan izlagan ekanman. Qishloqning changkoʻchasida yoki shaharning jinkoʻchasida uloqib, xalloslab, sillasi qurib chopgan bolalar haqidagi orzum ham shu izlovning bir qismi edi, xolos. Soʻz yoki tasvirni taqdir deya tanlagan odam oʻzi koʻrgan va ich-ichidan his qilgan voqealarni, odamlarni, manzaralarni yozganida, suratga olganida yoki chizganida gʻirromlikka oʻrin qolmaydi. Aks holda, men bir kinoqissada oʻqiganimdek, qoʻylar togʻda qurilgan qoʻtonda qishlaydi, ularga yem-xashak pastdagi qishloqdan ming azob bilan olib boriladi. Oʻsha muallifga qoʻylar togʻdagi yaylovda bahordan kuzgacha oʻtlashini, keyin quyiroqda qurilgan qoʻtonlarda qishlashini, pichan tog‘ etagi yoki yalang choʻlda oʻrib gʻaramlanishini, keyin zarurati tugʻilganda qishloqqa yaqin qurilgan qoʻtonlarga tashib olinishini hech tushuntirolmadim. Muallifga haqiqat emas, “kolliziya” kerak edi, yaʼniki mard va doʻlvor choʻpon qish faslida uzoq togʻdagi qoʻtonda bir suruv qoʻy bilan yolgʻiz oʻzi hafta tugal qolib ketadi va qor boʻronida qishloqdan ikki telejka somon keltirib, “xalq mulki”ni asrab qoladi. Ikki telejka somon bitta suruvga yarim kunga ham yetmasligini aytib oʻtirmadim, arpa toʻyimliroq, dedim, ikki telejka arpa opkelsin. Oʻshanda kinoqissa mendan nariga oʻtmadi, keyingi taqdiridan xabarim yoʻq, balki suratga olinib ketgan boʻlishi ham mumkin. Bunday deyishimga sabab shuki, men yaroqsiz deb qaytargan oʻta sayoz yoki xom-xatala matnlarning aksariyati oʻtgan oʻn besh yilda kino boʻlib ekranga chiqdi. Rahmatli Rauf Parfi taʼbiri bilan aytganda, badiiy filmga emas, “badiiy pul”ga aylandi. Lekin bu – mutlaqo boshqa mavzuki, kino sohasiga masʼul odamlarning insofi va talabchanlik darajasiga bogʻliq.
Savolning oxiriga kelsak, oʻzim ishlagan paytni dabdurustdan “mening davrim” deb atashga jurʼatim yetmaydi.
– “Oʻrtoq Boykenjayev” (2002), “Tanka” (2003) kartinalari titriga qarasak, sizga aloqasi yoʻqdek. Biroq hali-hanuz davralarda “Murod okaxonning filmi”, deya faxr tuyib gapirishib, keyin shu maʼlumot ustida bahs boylashib, yoqalashib yotishadi. Gʻafur Gʻulom hikoyalari asosida ishlangan “Afandi va Azroil” filmiga ham Murod Muhammad Doʻstning nuqsi urib qolgandek. Qalam-palamingiz tegib ketgan joyi bormi? Yoki kinolar badiiy kengashning zoʻri bilan rahbarga oʻxshab qoladimi?
– “Oʻrtoq Boykenjayev” filmi matnini men yozmaganman, Yusuf Roziqov bilan Abduxoliq Abdurazzoqov yozgan, deb aytishdan charchadim. Syujet asli rahmatli doʻstimiz shoir Muhammad Rahmonga tegishli edi. Bir gal saxiyligi tutib, menga armugʻon qilgan edi. Lekin, ming afsuski, oʻzim yozolmadim, vaqtim boʻlmadi, keyin Abduxoliq Abdurazzoqov “Oʻrtoq Boykenjayev” degan piyesa yozdi. Undan keyin, kinoga oʻtgan paytlarim shu syujetni rejissyor Yusuf Roziqovga eslatdim. U avvaliga tixirlik qildi, koʻnmadi, axiyri qistalang ostida Abduxoliq Abdurazzoqov bilan birgalikda matn yozdi. Men qayta tirgʻilib, el orasida yuradigan bir-ikki voqeiy latifani ham qoʻshishni iltimos qildim. Buni ham inobatga oldi. Qolaversa, Farhod Abdullayev bosh rolni berilib oʻynadiki, doʻstlari bugunga qadar unga hazil aralash “oʻrtoq Boykenjayev” deb murojaat qilishadi.
“Oʻrtoq Boykenjayev”ga mehrim baland. Komediya ham, tragediya ham aralash film. “Tragifars” deb atasak toʻgʻri boʻladi. Yusuf Roziqov oʻzining yaxshi rejissyor ekanini yana bir bor isbotladi: filmdagi manzaralar, odamlarning gapirishi (dialoglar), hattoki gʻirt uydirma holatlar ham juda tabiiy chiqdi. Yaqinda filmni qayta koʻrdim. Nedir xizmatim singganidan faxr tuydim. Lekin shu barobarida, qullikni, mutelikni Boykenjayevga qoʻshib koʻmamiz, degan niyatlarimiz chippakka chiqqanini ham sezdim.
“Tanka” ham erkinlik sharoitida olingan film. Uning ham oʻz tarixi bor. Qoraqalpoq rejissyori Toʻraniyoz Qalimbetov hujjatli filmlari bilan xalqaro kinokoʻriklarda qatnashib mukofotlar olgan ersa-da, badiiy kinoda tajribasiz edi. Shu bois badiiy rahbarlik Melis Ab(f)zalovning zimmasiga yuklandi. Biror oycha oʻtib, pir-u xalfa boʻlib, rejissyorlik matnini olib kelishdi. Afsuski, matnda muallif Muratboy Nizanov yozgan gaplardan asar ham qolmagan edi. Nuqul oʻzbek aktyorlari, nuqul meʼdaga tekkan oʻzbekcha “voxa-voxa”...
Avvaliga yumshoqroq qilib, qoraqalpoq qani, deb soʻradim. Toʻraniyoz kamtarona qimtinib oʻtiribdi, Melis aka faqat tepadan keladi – Muratboy Nizanovning “gʻarib syujet”ini oʻzining salkam ilohiy nafasi bilan tiriltirganidan gapiradi. Bugun ochiq tan olaman: rosa jahlim chiqdi. Oʻylaganimning barini aytdim. Oqibat shu boʻldiki, Toʻraniyoz Qalimbetov oʻzbek “ustoz”larining iskanjasidan qutulib, ijod jarayonida oʻzi bek va oʻzi xon ekanini tushunib yetdi, oʻzi tanlagan yerda (Qoraqalpogʻiston), oʻzi tanlagan aktyorlar bilan (yuz foiz qoraqalpoq!), oʻzi tanlagan tilda (qoraqalpoqcha) rosmana milliy film oldi. Takror aytaman, bu filmning bor tarovati ayni milliy ekanida. Oʻzbekchaga oʻgirish shart ham emas edi. Ipidan ignasigacha qoraqalpoqcha film vaqt zayli bilan oʻzbekning ham milliy filmiga aylandi. Meni xursand etadigan tarafi ham shunda. Oʻsha holatda “maʼmuriy-buyruqbozlik” usullarini qoʻllaganimdan bugun xijolat chekaman, lekin “Tanka”ni koʻrgan tomoshabin bir qoshiq qonimdan oʻtadi, degan ilinjim ham bor. Yana bir narsa: bugun hamma korrupsiyaga qarshi tomoq yirtayotgan zamonda, birodarlar, bundan oʻn besh yil oldin oʻta kamtarin qoraqalpoq rejissyori Toʻraniyoz Qalimbetov bu mavzuni koʻtarib chiqqan edi, deb eslatgim keladi.
“Afandi va Azroil” filmiga kelsak, Gʻafur Gʻulomning soʻzlariga tegishga yurak betlamagan, lekin tayyor filmning montajiga aralashganim rost. Dumini boshga, boshini dumga aylantirishni maslahat berganman, xolos. Maslahat buyruqnamo boʻlgani ham rost.
– Oʻsha davrda ishlangan “Tanka”, “Oʻrtoq Boykenjayev”, “Dev bilan pakana” (2004), “Osmondagi bolalar” (2002, 2003), “Erkak” (2005), “Poʻsht, arava” (2006), “18-kvadrat” (2007) va boshqa filmlarda oʻtkir ijtimoiy muammolar koʻtarilgan. Bu yogʻi bemalolchilikmidi?
– Ibratli bir latifa borki, gʻijjakchi yahudiy oʻzining eshoni, yaʼniki ravvin yoniga kelib, bugun – muborak shanba, lekin gʻayridin doʻstim aksiga olib ayni shanbada uylanyapti, kechqurun toʻyda mehmonlariga ozgina nagʻma chalib bersam boʻladimi, deb soʻraydi. Ravvin aytadiki, yoʻq, shanba kuni ishlash kulli gunoh, faqat ibodatga ruxsat bor. Rebbi, oʻzingiz shanbada soqol qirtishlab oʻtiribsiz-ku, deya eʼtiroz bildiradi bechora gʻijjakchi. Shunda ravvin aytadiki, boʻtam, farqimiz shundaki, men birovlardan ruxsat soʻrab oʻtirmayman...
Biz ham birovdan ruxsat ham, maslahat ham soʻrab oʻtirmaganmiz. Filmlarni faqat badiiy kengash qabul qilgan va ekranga yoʻllagan. Boshqa birorta tashkilot ishimizga aralashmagan. Siz sanagan filmlar, avvalroq aytganimdek, ijodiy erkinlik sharoitida olingan. Ijtimoiy muammolarni koʻtarib chiqish haqida gap-soʻzlar boʻlgan boʻlishi tabiiy, lekin asosiy talab hayotni boricha, bejamasdan koʻrsatish edi.
Bugun erinmagan odam borki, milliy televideniyeni yozgʻiradi. Sheva bosib ketdi, ajnabiy seriallar koʻp, nimyalangʻoch laparchilardan dod va hokazo va hokazo. Goʻyo televideniyega tekkan kasalni tuzatib boʻlmaydiganday. Tuzatsa boʻladi. Tuzatish oson. Koʻp narsa rahbarlarga bogʻliq. Ogʻriqli joylarni topib, davolashni talab qilsa bas. Lekin ogʻriqli joyni topish uchun avvalo tuzukroq saviya, did-u farosat va ozgina jurʼat kerak. Afsuski, zamona zayli bilan bu xislatlar, ayniqsa – oxirgisi, oʻta noyob matoh boʻlib qoldi. Lekin yurt ayvoni keng, sidqidildan izlasa topiladi.
– “18-kvadrat” filmi davlat buyurtmasi boʻyicha ham yaxshi kino olish mumkinligini isbotlagan. Ayni paytda, bunaqa ishlar ijodkorni maʼlum maʼnoda kvadratga solib qoʻyishini inkor etib boʻlmaydi. Muxlislaringiz prezidentning (endi kichik harf bilan yozaversak maylimi) obrazini telefondagi ovozi orqali boʻlsa-da filmga kiritganingizni aytib, sizni rosa maqtashgan, haliyam maqtashadi. Menimcha esa, bu katta jasoratdan koʻra ozgina jurʼat bilan qoʻyilgan momiqqina paxtaga oʻxshaydi. Shoʻro davrida “bosmachifilm” deya ustidan kulingan “Oʻzbekfilm”ning mustaqillik davrida “Antiterroristfilm”ga aylanishi mana shu kvadratdan boshlanmaganmi? “18-kvadrat” misolida kinodagi senzura, tayyor asarga tumshuq tiqishlar, taʼqiq-u tazyiqlarga turib bera olish, davlat buyurtmasini bajarishda sixni ham, kabobni ham kuydirmaslik mahorati... haqida gaplashsak. Siyosiy elitaning saviyasi sanʼatda saviyasizlikni urchitib yubormasligi uchun nimalar qilish kerak?
– “18-kvadrat” shunchaki bahs bahonasida tugʻilgan narsa. Vatan haqida “vatan” degan soʻzni biror marta ham ishlatmasdan kino olsa boʻladimi, degan savolga javob topish mening zimmamga tushdi. Davlat buyurtmasi deysiz-u, davlat ajratgan pul bu filmni olishga yetmasdi. Yetmadi ham. Xayriyatki, ichki ishlar vaziri Zokir Almatov syujet ishonchliroq boʻlishi uchun oʻzining birinchi muovini, keyinchalik oʻzi ham vazir boʻlib ishlagan Bahodir Matlubovni maslahatchi etib birkitdi. Mudofaa vaziri Ruslan Mirzayev ulovdan (katta yuk moshinasidan tortib, to jangovar vertolyotlarga qadar), qurol-yaroq, paxtavon oʻq-doridan beminnat yordam berdi, tog‘-u daralarda kechgan jang sahnalarida kursant yigitlar aktyorlik qildi, pirotexnik vazifasini uncha-muncha rutbali harbiy emas, naq polkovnik bajardi (minnatdorlik yuzasidan oʻsha polkovnikni ham bitta kadrga “muhrladik”, kattaroq mukofotga qurbimiz yetmadi). Gapning qisqasi, turli tashkilotlar tarafidan “hashar” yoʻli bilan kino qildik. Birgina Milliy xavfsizlik xizmatini aralashtirmadik, xolos.
Islom Karimov filmni tayyor holida koʻrib, naq yigirma toʻrt banddan iborat tavsiyanoma bergan. Rejissyor Jahongir Qosimov bilan xoli suhbatlarda orqavoratdan tepaga barmoq nuqib, “bosh rejissyor” deb mutoyiba qilardik. Lekin, insof yuzasidan aytishim kerak, tavsiyalarning aksariyati joʻyali edi. Biz dastavval olgan finalda yosh qahramonimizni mujohid ayol oʻziga qoʻshib portlatib yuborardi. Hamma yoq – qip-qizil qon, odam (albatta, ichiga boʻyoq toʻldirilgan mulyaj) aʼzolari kadrda parcha-parcha boʻlib uchgan manzarasi esimda turibdi. Shu joyda Islom Karimov qattiq turib oldi: bu sanʼat emas – gʻirt naturalizm, qaytadan olasanlar. Amri poshsho vojib, sahnani oʻzgartib suratga oldik. Keyin yana bir tavsiya shu ediki, Tosh (Said Muxtorov oʻynagan mayor Poʻlatov) shoshilinch ishga ketishidan oldin keksa onasining duosini olsin. Qarangki, Islom Karimov rassom Rahim Ahmedovning ashaddiy muxlisi edi. Eng yaxshi koʻrgani – “Ona portreti”. Bu mehr uning izmi bilan maydonga qoʻyilgan Ona haykalida ham oʻz aksini topgan (bir-biriga oʻxshash motamsaro onalarning urchib ketganiga Islom Karimov emas, xushomadgoʻy viloyat hokimlari va pulga oʻch haykaltarosh ustalar aybdor). Filmga qaytsak, bizdan nima ketdi, yarim tunda atay uxlamasdan oʻtirgan kinokampir oʻgʻliga moʻl-koʻl duo berdi-qoʻydi. Menga eng yoqmagan va biz nochorlikdan eʼtiborga olgan tavsiya – filmning oxirgi kadrlarida kampirshoning yana syujetga suqilib kirib, jangdan qaytgan askarlarni butun bir mahalla ahli ishtirokida qayta duo qilishi edi. Mantiqqa koʻra, jang-u jadal mahali qishloq ahli pana-pastqamda pusibroq oʻtirgani maʼqulroq boʻlardi. Ayrim tavsiyalarni bajarmadik, aniqrogʻi, bajara olmadik – pulimiz yetmadi, lekin Islom Karimov oxirgi variantni koʻrib chiqib, kenglik qildi, filmni maʼqulladi. Men eslaganim shu – Prezident birinchi va oxirgi marta kino ishiga aralashdi. Lekin buni senzura deb atash adolatdan emas, deb oʻylayman.
Oʻzining ham hissasi borligini oʻylardi chogʻi, meni burovga olganida, ozgina “chegirma” aralash: “Xoʻsh, “18-kvadrat”dan boshqa nima qilding?” deb soʻrardi.
“Oʻrtoq Boykenjayev”, “Erkak”, “Osmondagi bolalar”, “Qor qoʻynida lola” va yana ikki-uch “gʻoyaviy toʻgʻri” filmni shahar chetidagi chorbogʻiga yuborganimiz esimda. “Tanka” va “Dev bilan pakana”ni joʻnatmaslikka aqlimiz yetgan.
“18-kvadrat” – yurt himoyasi mavzusida olingan film. Muallifga ham, rejissyorga ham hech kim tazyiq oʻtkazgani yoʻq. Keyinroq paydo boʻlgan va aksariyati maʼlum va mashhur idoralarning bosimi ostida ishlangan antiterroristik filmlarga mutlaqo aloqasi yoʻq. Taassuflar boʻlsinkim, zamona zayli bilan kinochilar ham qoʻrquv iskanjasiga tushib qoldi. Ojizroqlari xufyalikka yollandi, “aka”lari nimani buyursa shuni qildi, kinoga ajratilgan pulning bir qismini “yuvib” xojalarining choʻntagiga tiqdi. Oqibat nima boʻlgani hammaga ayon.
“Siyosiy elita” – aslida oʻta yuksak tushuncha. Tepaga chiqqan har qanday guruh oʻzini “elita” sanashi mumkin, lekin bu bilan sara (elite – sara, eng yaxshi) boʻlib qolavermaydi. Saviyani savlat bilan belgilash zamoni oʻtdi. Darvoqe, “saviya”ning mazmuni “tenglik”dir. Shu maʼnoda xudodan siyosat ahliga ham, sanʼat ahliga ham did-u farosat borasida tenglik tilagan maʼqul.
– Avvaliga filmlaringizda Murodxon oka degan, hamma soyasiga koʻrpacha toʻshaydigan kattakon obrazi uchrardi, keyin oʻzingiz shunday qiyofada namoyon boʻldingiz. Artistlik havasmi sizga yoki okaxonlik?..
– Murodxon oka avval “Dev bilan pakana”da muhtaram akamiz Bahodir Yoʻldoshev ijrosida paydo boʻldi. Xomaki matn yozilayotgan paytda boshqa ism hadeganda topilmay, oʻzimning otimni qoʻyib yuboruvdim. Shu-shu, Murodxon okaligicha qolib ketdi. Keyingi filmda Bahodir Yoʻldoshev nedir katta bayram tadorigiga band boʻlib, qadrdon ukam Jahongir Qosimovning qutqusi bilan oʻzim suratga tushdim. Uchinchi filmda esa sharmandalikni uzil-kesil boʻyinga olib ulgurgan edim. Faqatgina basharamni toʻliq koʻrsatmaysan, umumiy planda olasan, oʻrta va yirik planni bir-ikki sekunddan oshirmaysan, deb shart qoʻydim, xolos.
Aktyorlik – ogʻir kasb. Bu kasbga kirishmoqning birinchi sharti yuzdan uyatni sidirib tashlamoqdir. Umuman olganda, yozuvchilikning aktyorlikka uyqash taraflari juda koʻp. Hikoya, qissa yoki roman yoza turib, xayolan boʻlsa-da sanoqsiz odamlarning (qahramonlarning) vujudiga kirib chiqasan. Qolaversa, Murodxon oka roli mening yagona gunohim emas. Ancha yillar oldin shayton yoʻldan urib, oʻzim yozgan birinchi filmda muallim rolini ham oʻynaganman.
– Jamiyatni koʻzga koʻrinmas avtoritetning soyasiga salom berish psixologiyasi boshqaradi, degan tezis nasriy asarlaringizda ham bor edi (masalan, Xorun ar-Rashid obrazi sizni shu sababdan qiziqtirgan deb oʻylayman). Filmlaringizda ayni fikr ochiqroq, aniqroq ifoda etila boshladi. Aytar gapingizni tomoshabin yaxshi tushunmagandek tuyulganmi yoki oʻsha dard u-bu tarzda zuhurini topsa-da, baribir zahri bosilmaganmi, oxiri “Roʻyo” (“Okaxon”) dunyoga keldi. Eshitishimcha, ssenariy 2006-yili yozilgan, 2014-yili film ishlangan, 2018-yili taqdimoti oʻtkazildi va... quduqqa tosh tashlagandek ketdi. Xalqimiz tayyor emasmidi (mashhur siyosiy bahona) yoki buning boshqa sabablari bormi? Umuman, shu mavzu siz uchun yopildimi yo davomini kutaylikmi?
– Siz aytayotgan filmning asl nomi – “Okaxon”. “Roʻyo”, “Soya” degan nomlar asosiy mazmunni xaspoʻshlash uchun qoʻyilgan edi. Matni 2006-yilda emas, ancha keyin yozilgan. “Opaxon” deb atalsa ham mohiyati oʻzgarmasdi, aksincha – ancha hayotiy chiqardi. Filmdagi Okaxon – oʻzi yoʻq odam. Bir gal qahramonimiz ojizlik qilib, oʻzidan zoʻrroq bittasiga ortida nedir Okaxon borligini aytadi, xolos. Turgan-bitgani uydirma. Lekin virtual Okaxon bora-bora qudratli fantomga aylanadi va qahramonni nobud qiladi. Tayyor filmning toʻrt-besh yil chang bosib yotishining sababi oddiy – “quda taraf”ga mutlaqo yoqmagan.
Bugun, demokratik tamoyillar kurtak yorib, odamlar bemalol fikrlash va gapirishni qaytadan oʻrganayotgan paytda “Oʻrtoq Boykenjayev” yoki “Okaxon” kabi filmlar televizorda namoyish qilinsa, oʻziga yarasha tomoshabin topadi, degan umidim bor.
Savolga qaytsak, meni turli okaxonlarning odamlar ongiga in qurgan virtual saltanatidan koʻra real hokimiyat va real jamiyat mavzusi koʻproq qiziqtiradi. Kechagi kunni va bugunni, yaʼni eski saltanat tugab, yangicha rusumlar joriy etmoq istagan yangi siyosatchilar guras-guras boʻlib maydonga chiqayotgan zamonni badiiy idrok etishga ehtiyoj borday. Xudo umr bersa, kinoda emas, nasrda oʻzimni yana bir sinash niyatim bor.
– “Tafakkur” jurnalidagi suhbatda sizga adabiyotshunoslikda qoʻyilgan ayb – “insonning ustidan kulish noravo” degan eʼtirozga qarshi eʼtiroz bildirganingiz esimda. Istehzo – Murod Muhammad Doʻstning tabiatidan kelib chiqqan va oʻziga xosligiga aylangan. Bu jihat filmlarida ham koʻrinadi. Lekin “Koʻrgim keladi”ni (2014) tomosha qilganimda film xayrixohlik tuygʻulariga yoʻgʻrilganiga, ochigʻi, hayron qoldim. Prodyusser obrazi va shunga oʻxshash baʼzi unsurlar seristehzo yozuvchini eslatib turadi, albatta. Ammo asarga turtki bergan tuygʻu Ziyodaga hamdardlik boʻlgan, oʻylashimcha. Dafʼatan Murod aka qariyaptimikan degan oʻy ham keldi, rosti. Ijodda yangicha oʻzanga tushishmi bu yoki tasodifiy holatmi?
– Muallif ogʻir dardga chalingan qizaloq va uning yolgʻiz onasi hayotini hikoya qilayotganida yumshoqkoʻngil boʻlib qolishi tabiiy holdir. Albatta, kun sayin qarib borayotganim aniq, lekin istehzo qurgʻur yosh tanlamas ekan. Bukrini goʻr tuzatadi, degan oʻris maqolini eslasak kifoya. Lekin, tepamda xudo, men istehzo uslubini atay tanlaganim yoʻq. Balki u meni tanlagandir?..
– Chet el yozuvchilari mashhur boʻlib ketgach, yangi asarlarini boshqa nom bilan nashr qildirib, oʻzining asl kuchini, iqtidorini sinab koʻrar ekan. Shunday tajribaga qoʻl urish niyatingiz yoʻqmi? Taxallus bilan adabiy asarlar, kinossenariylar yozish, borini eʼlon qilish... Nasriddin Xoʻjayev oʻzini oqladi, shekilli?
– Umr boʻyi biror adabiy mistifikatsiya qilish orzusida yashadim, lekin niyatim amalga oshmadi. Oʻz nomimdan ham yolchitib yozolmadim. Fernando Pessoa (yana bir yozuvda – Fernandu Pesoa) degan buyuk portugal shoiri oʻz tili va fransuz tilida barobar ijod qilgan. Rikardo Reys, Alvaro de Kampos, Bernardo Soares kabi jami 136 ta (!) geteronim, yarim geteronim va taxalluslar bilan yozgan. Yozish ham gapmi, uning geteronimlari bir-birlariga maktublar bitgan, sheʼrlar va maqolalar, butun boshli kitoblar chiqargan, matbuot sahifalarida oʻzaro bahslashgan. Eng qizigʻi, har bir geteronimning oʻz uslubi va oʻz tili boʻlgan.
Marhum shoirimiz, yurtimizni joniday yaxshi koʻrgan ajoyib doʻst va olijanob inson Aleksandr Faynberg bilan qilgan quvligimiz, yaʼniki “Dev bilan pakana” filmi titriga u oʻzini “Iskandar Faynbergenov” (salkam qoraqalpoq!), men esa “Nasriddin Xoʻjayev” (Xoʻja Nasriddinga ojizroq shaʼma) shaklida olib chiqqanimiz portugal shoiri qorib tashlagan xamirga urvoq ham boʻlolmaydi.
– Siz rahbarlik qilayotgan paytda, 2004-yili Prezident farmoni, Vazirlar Mahkamasi qarori chiqarilib, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi tashkil etilganida yiliga 15 ta toʻla metrajli badiiy film ishlash nazarda tutilgan, amalda esa bu sanoq 5 taga tushib qolgan. Ijro mexanizmida biror qusur boʻlganmi? Mana, hozir ham 2021-yildan boshlab har yili 30 ta badiiy film olish vazifasi qoʻyilmoqda, bu ham qogʻozda qolib ketmasligi uchun ishni qanday tashkil qilish kerak deb oʻylaysiz? Bugungi oʻzbek kinosi salohiyati shunga qodirmi, oʻzi?
– Hukumat qarorida ham, ijro mexanizmida ham hech qanday qusur yoʻq edi. Bola yigʻlamasa, onasi koʻkrak tutmaydi, degan maqol bor. Hukumatdan, qurumsoq moliya vaziridan pul undirish oson emas. Menimcha, keyingi rahbariyat kino sohasini puxta bilgani holda, amaliy ishda ortiqcha andishaga borgan, moliyaning pastki boʻgʻinida oʻtiradigan mayda klerklarning turli bahonalarini yengib oʻtolmagan. Kamtarlikdan boʻlmasa-da aytishim kerak, bir gal puldan qiynalganimizda televizorga chiqib: “Kino – mafkura, mafkura kerak boʻlsa pulini bersin”, deb roʻy-rost aytdim. Birov qoʻshib-chatib yetkazganmi yoki oʻzi koʻrganmi, Islom Karimov darrov huzuriga chaqirdi. Gapni choʻzmasdan, “Nega televizorga chiqib olib manga iddao qilasan?” deb soʻradi. “Iddao qilmadim, Islom aka, shunchaki talab qildim”, deya koʻzimni loʻq qilib turaverdim. Xullas, xoʻmraygan koʻyi “Manavinga pul topib beringlar”, deya zardali farmoyish berdi. Keyin minnatdorlik bildirib, hayhotday kabinetdan chiqib ketayotganimda yana toʻxtatdi: “Baribir iddao qilding!” Nachora, (pul undi-ku!) yana bir bor quyuq minnatdorlik bildirib, oxirida: “Ozgina iddao ham bor edi”, deya tan olishga majbur boʻldim. Darvoqe, yiliga 15 film olish haqidagi qaror ham oʻsha “iddao”dan keyin chiqqan edi.
Oʻzbek kinochilarining yana ikki yildan keyin yiliga 30 ta badiiy film ishlashga kuchi yetadimi? Javobim qatʼiy: yetadi. Hukumat mablag‘ ajratishda gʻirromlik qilmasa bas. Olinajak oʻttizta filmning saviyasi turli darajada boʻlishi mumkin, lekin har oʻnta filmga bitta yoki ikkitadan yaxshi film toʻgʻri kelsa, shuning oʻzi ham juda katta yutuq. Yoshi ulugʻlarni unutmagan holda, endi yetishib kelayotgan yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish va ularga hatto, yurak betlasa, xato qilish uchun ham imkon berish zarur. Uch-toʻrt yilda sarasi saraga, puchi puchakka ajraladi, keyingi muomala ham shunga yarasha boʻladi.
Eshitishimcha, yangi rahbariyat kinoga yaxshi koʻz bilan qarayotgan ekan. Hattoki orqavoratdan, alohida Milliy kinoakademiya ochilarmish, degan yoqimli gaplar ham yetib kelyapti. Yana bir el oralab yurgan gap, yaʼniki Moskvadagi kino institutining mahalliy filialini ochish masalasiga toʻxtalsak, bu ishni qilishdan oldin koʻp va xoʻb oʻylab koʻrish kerak. Balki moliya, bank, qurilish yoki konchilik sohasida xorijiy oʻquv yurtlarining filiallarini koʻproq ochish kerakdir. Lekin dabdurustdan koʻngilchanlik qilib, bevosita milliy mafkura va mentalitetga borib taqaluvchi madaniyat va sanʼat taʼlimini ham xorijiy yurtlar vakillari qoʻliga berib qoʻysak, natijasi xunuk boʻlmasmikan, degan istihola bor. Biz xohlaymizmi-yoʻqmi, baribir, ular yoshlarimiz ongiga oʻz madaniyatini, alal-oqibatda esa oʻz mafkurasini singdirishi tayin. Tajribamiz yetar-yetmasidan qatʼi nazar, yoshlarga sanʼatdan oʻzimiz taʼlim berishimiz shart deb oʻylayman.
Oʻtgan yildan boshlab Sanʼat va madaniyat institutida oʻn kishidan iborat toliblar guruhiga amaliy mashqlar oʻrgatib yuribman. Ular hali juda yosh, aksari uzoq qishloqlardan kelgan, ingliz yoki rus tilini unchalik yaxshi bilmaydi. Ularning begona tillardan bexabarligi ayb emas, azbaroyi gʻayrat qilishsa, bir-ikki yilda oʻrganib ham oladi. Men uchun eng muhimi – ularning oʻzbek tilida oʻylashi, oʻzbek tilida soʻylashi, oʻzbek tilida tushlar koʻrishi. Kelajakda ular oʻnlab tillarni oʻzlashtirishi mumkin, yuzlab mamlakatlarda bitilgan yoki suratga olingan kitob yoki filmlarni oʻqiydi, koʻradi, lekin baribir milliy zamindan, milliy tarbiyatdan uzoqlashib ketmaydi, yana oʻzbekcha oʻylayveradi, soʻylayveradi, tushlar koʻraveradi. Va muqarrar tarzda oʻzbekcha yozadi, oʻzbekcha kino qiladi.
Farrux JABBOROV suhbatlashdi.
“Kino sanʼati” jurnali, 2020 yil 2-son.