Yaxshi soʻz ustida mushohada qilishdan zavqlanadiganlar bor. Shunday jumlalar boʻladiki, uni oʻzingniki qilib olging keladi. Mutafakkir Yusuf Qoplon: “Xotira qalbning xotirlashidir. Shu sababdan xotiralar qalbni titratar. Xotirani yoʻq etish demak, insonning qalbini yoʻq etish demakdir”, degan edi.
Bu bitiklar ham bir xotira haqida. Xotirlaydiganimiz esa – ustoz Ibrohim Haqqul. Bir vaqtlar muhim kitoblar roʻyxatini tuzib berganlari hamon yodimda, bugun shu kitoblarni ham eslaymiz.
Doʻrmon – oʻzgacha adabiy muhit. Atrofda hayotni koʻrgan, soʻz taʼmini biladigan zotlar koʻp. Ilmga qiziqishim uygʻonishida bu muhitning taʼsiri katta. Bolaligim Ibrohim Haqqul domlaning uyida oʻtgan. Koʻpincha “Madaniyat va maʼrifat” telekanalini kuzatardik. Undagi sara tarjima filmlar, ilmiy-maʼrifiy koʻrsatuvlar xotiramda chuqur iz qoldirgan. Ayniqsa, “Professor va talaba” nomi bilan tanilgan “Le Brio” filmi eng taʼsirli xotiralardan biri (barchaga koʻrishni tavsiya qilaman).
Ehtimol, ilmdan zavqlanish tuygʻusini ilk bor ana shu muhitdan tuygandirman. Eduard Kreygning “Falsafa: oʻta qisqa tanishtiruv” kitobida shunday fikr bor: “Biz biror ish qilganimizda goʻyo boshqalarga ham xuddi shunday qilishga ruxsat bergandek boʻlamiz, shuning uchun faqat oʻz harakatimizni emas, balki uning oqibatlarini ham oʻylashimiz kerak”.
Shu oʻrinda bir xotira yodimga tushadi. Chet elga oʻqishga ketganimdan keyin Ibrohim Haqqul domla ammamga: “Yoshlarni koʻproq yonimda olib yurishim kerak ekan”, debdilar. Demak, ustozning oʻsha muhit, jiddiy masalalardagi suhbatlar va ularning kelajakka daxli haqida ezgu oʻylari boʻlgan ekan.
Domla menga: “Kam gapirishni oʻrganish kerak, koʻproq fikrlash lozim”, der edilar. Shunday ekan, yuqoridagi xotiralar baribir kitobga borib taqaladi – gapni shu yoqqa buray.
Kitob koʻp. Oʻqish uchun kitobni toʻgʻri tanlashning oʻzi bir ilm. Universitetning birinchi bosqichida “Tarix falsafasi” degan dars bor edi. Tizimga yuklangan maqolalardan birining ilk sahifalaridayoq kitob tanlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan: qaysi nashriyotda chop etilgan, tarjimoni, muharriri kim – mutolaa oldidan shu savollarga javob izlash kerakligi uqtirilardi. Ibn Xaldunning “Muqaddima” asarini esa bir semestr davomida alohida oʻrganganmiz. Nima oʻqish kerakligi bejizga doim muhim sanalmagan. Masalan, Yusuf Qoplonning maxsus “100 kitob” roʻyxati bilan tanishib chiqqanman. Bu roʻyxat besh bosqichga ajratilgan boʻlib, undagi kitoblar ketma-ketligi tasodifiy tuzilmagan – har bir bosqich keyingisiga tayyorgarlik vazifasini bajaradi. Dastlabki mutolaalar esa insonning tayanch tushunchalarini shakllantirishga qaratilgan.
Gapni uzoqdan olib kelganimning sababi ham shunda.
Doʻrmonda Ibrohim Haqqul domla oʻqishim kerak boʻlgan kitoblar roʻyxatini tuzib berganlarida sakkizinchi sinf edim.. Domla aytib turdilar, men telefonimga yozib bordim. 2017-yil 8-yanvarga tegishli oʻsha eski qayd telefonimda hanuz saqlanib qolgan.
Aslida, bu roʻyxatning tartibi uning oʻzidan qiziqroq. Domla menga darrov Tolstoy yoki Dostoyevskiyni tutqazmagan. Avval oʻzimizning ona soʻzimiz, dostonimiz, mumtoz adabiyotimiz va XX asr oʻzbek tafakkuri bilan tanishtirishni lozim koʻrgan. Shundan keyingina jahon adabiyotiga yoʻl ochilgan.
Mana oʻsha roʻyxat.
I. Xalq ogʻzaki ijodi va mumtoz meros:
1. “Alpomish”; 2. “Goʻroʻgʻli”; 3. Oʻzbek xalq maqollari; 4. Oʻzbek xalq qoʻshiqlari; 5. Yusuf Xos Hojib, “Qutadgʻu bilig”; 6. Ahmad Yassaviy, “Devoni hikmat”; 7. Alisher Navoiy, “Xamsa”; 8. Alisher Navoiy, “Mahbub ul-qulub”; 9. Alisher Navoiy, “Lison ut-tayr”; 10. Bobur, “Devon”; 11. Bobur, “Boburnoma”; 12. Abulgʻozi Bahodirxon, “Shajarayi turk”; 13. Mashrab, Devon va sheʼrlar; 14. Ogahiy, “Firdavs ul-iqbol”; 15. Ogahiy, “Taʼviz ul-oshiqin”; 16. Abdurauf Fitrat, maqolalar; 17. Abdurauf Fitrat, “Abulfayzxon”, “Hind sayyohi”.
II. XX asr va zamonaviy oʻzbek adabiyoti:
18. Choʻlpon, “Kecha va Kunduz”, sheʼrlar toʻplami; 19. Abdulla Qodiriy, “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”; 20. Oybek, “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”; 21. Sadriddin Ayniy, “Sudxoʻrning oʻlimi”, “Esdaliklar”; 22. Abdulla Qahhor, “Sarob”, “Oʻtmishdan ertaklar” asarlari, “Boshsiz odam” hikoyasi; 23. Odil Yoqubov, “Muqaddas”, “Ulugʻbek xazinasi”; 24. Pirimqul Qodirov, “Yulduzli tunlar”, “Til va el”; 25. Said Ahmad, “Ufq”; 26. Shukur Xolmirzayev, hikoyalar, 2 jild; 27. Neʼmat Aminov, “Yelvizak”; 28. Oʻtkir Hoshimov, “Ikki eshik orasi”; 29. Abdulla Oripov, sheʼrlar, “Jannatga yoʻl”; 30. Erkin Vohidov, Saylanma; 31. Rauf Parfi, Saylanma; 32. Xurshid Davron, sheʼrlar va Najmiddin Kubro haqida; 33. Shavkat Rahmon, Saylanma; 34. Usmon Azim, Saylanma; 35. Usmon Azim, sheʼrlar; 36. Murod Muhammad Doʻst, “Lolazor”; 37. Togʻay Murod, qissalar; 38. Omon Matjon, Saylanma; 39. Jamol Kamol, Saylanma; 40. Matnazar Abdulhakim, Saylanma; 41. Tilak Joʻra, Saylanma; 42. Erkin Aʼzam, qissalar, maqolalar toʻplami va “Shovqin” romani.
III. Jahon adabiyoti:
43. Lev Tolstoy, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Urush va tinchlik” romanlari, “Hoji Murod” hikoyasi; 44. Anton Chexov, hikoyalar toʻplami; 45. Nikolay Gogol, “Oʻlik jonlar”, “Taras Bulba”; 46. Fyodor Dostoyevskiy, “Xoʻrlanganlar va haqoratlanganlar”.
Ochigʻi, bu kitoblarning barini oʻqishga ulgurmadim. Jahon adabiyotiga oid roʻyxatning davomi ham bor edi. Ibrohim Haqqul domla keyinroq uni ham yozib berishini aytgan edilar.
Menimcha, yillar oʻtgan sayin inson qalbida “koshki” degan soʻzning maʼnosi ogʻirlashib borarkan. Goʻyo hamma narsaga, savollarga javob topishga, suhbatlashishga ulguradigandek yashaymiz-u, vaqt shiddatini sezmay qolamiz. Domla olamdan oʻtganlaridan keyin oʻsha tugallanmay qolgan roʻyxat ham, har bir soʻz ham nazarimda boshqacha maʼno kasb etdi.
Ibrohim Haqqul domlaning hayotimga, dunyoqarashimga taʼsiri ulkan boʻlganini, ehtimol, ularning vafotlaridan keyin yanada teranroq angladim. Ayrim insonlar borki, shunchaki ustoz emas, butun bir dunyoqarashingizning mustahkam qismiga aylanib qolar ekan.
Domlaning oxiratlari obod boʻlsin.
Jamshid JAVLON