Bugungi odamzodni bir soʻz bilan nomlash kerak boʻlsa, balki “TOMOSHABIN” deb atalsa, notoʻgʻri boʻlmas. Zero, u yaratilganidan beri oʻtgan million yillardan buyon, hozirgiga oʻxshab, hech qachon bu amalga yoppa berilmagan edi. Odamzodni bu ishga jalb etish uchun yaqinda Qatarda oʻtgan futbol chempionatiga oʻxshash ommaviy tomoshalarni oʻylab topish ham shart boʻlmay qoldi. Bogʻcha bolasidan tortib toʻqsonni qoralayotgan moʻysafidgacha yumushidan ortindi deguncha tomoshabinlikni boshlaydi. Kim televizor, kim ayfon, kim noutbuk ekranida vizual sayohatga shoʻngʻiydi. Ishi – yumushining oʻzi tomosha boʻlgan qancha yangi kasb egalari bor!

Gapning nishabi qayerga qarab ketayotganini ziyrak oʻquvchimiz allaqachon angladi: shuncha tomosha ichida odamlar eʼtiborini oʻziga jalb etish hech bir ommaviy axborot vositasiga oson kechmayapti. Maqsadga erishmoqning esa ne-ne yoʻl-usullari oʻylab topilmayapti deysiz.

Ular orasida erkinlik deganini, hech istihola qilmay, sharmandalik, beorlik tarzida taqdim etayotgan OAVlar qancha! Jazosi bitta tuzatish eʼlon qilish-u bir ogʻiz uzr aytib qoʻyish-da, degan tushuncha bilan tirikchiligini oʻtkazayotgan bunday vositalar egalari Lut qavmi yillar davomida koʻrsatib ulgurmagan “maraz tomosha”larni (Gʻafur Gʻulom iborasi) kun uzogʻi necha bor oʻzi sahna ortida saqich chaynab oʻtirib namoyish qilyapti...

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat telekanallarining soni ham nomini dabdurustdan eslab aytib boʻlmaydigan darajada koʻpayib ulgurgan. Efir vaqti  tun-u kun davom etadigan aksariyat bu kanallarning badiiy-estetik saviyasi, professional darajasi xususida muhokama yuritish bugungi suhbatimizning maqsadi emas.

Maqsadimiz boya eslangan milliardlab tomoshabin – xaridorning  biri sifatida milliy telebozorda bizning didimiz, qurbimiz yetgan “Madaniyat va maʼrifat” telekanali xususida ikki ogʻiz eʼtirof aytishdir.

Ilohim koʻz tegdirmasin: tashkil boʻlganidan to shu kunga qadar mazkur telekanalda dasturlar “setka”sini toʻldirish uchungina tayyorlangan, shunchaki vaqt oʻgʻirlashdan boshqaga yaramaydigan koʻrsatuv, badiiy yoxud hujjatli filmlar, arxivlardan olingan yoki shu kunlarda sahnalarda oʻynalayotgan xashaki spektakllarni deyarli koʻrmadik. Tomosha qilganimiz koʻrsatuvlar, intervyular, film va spektakllar, reportaj va lavhalarning aksariyati bizning yo aql-u tafakkurimizga, yo badiiy-estetik didimizga, dunyoqarashimiz va kayfiyatimizga nedir ijobiy taʼsir oʻtkaza olgani bilan yodimizda, gʻayrishuurimizda oʻrnashdi.

Deylik, Gulmira Musajonova muallifligi, Jamshid Xudoyqulov rejissorligida tayyorlanadigan “Men bilgan haqiqatlar” koʻrsatuvining oʻzi hozirga qadar chakana noyob lavhalarni siz-u bizga taqdim etdimi? Adabiyot va sanʼatimiz, fan va madaniyatimizning koʻrsatuvga loyiq topilgan vakillari bilan tashkil etilgan sokin, teran suhbatlardan tinglangan abadiy haqiqatlarni toʻla idrok etsa, xalq, millat qanchalar yuksaladi.

Yoxud “Birgalikda oʻqiymiz”da (Safarali Qurbon muallif,  Boynazar Madrahimov rejissor) kechayotgan jahon soʻz sanʼati va milliy adabiyotimizning eng sara namunalari tahlili va talqini nafaqat oddiy oʻquvchi, omma, balki soha mutaxassislari uchun ham nechogʻli foydali! 

Oʻtgan yilning nufuzli tanlovlarida gʻoliblar qatorida eʼtirof etilgan “Qaqnus” koʻrsatuvi (Vohid Luqmon loyiha rahbari,  Aziz Asrorov rejissor) tarix, zamona va kelajak olovlaridan tirik va toblanib chiqadigan chinakam ijodkorlar merosini qayta idrok etishga chorlashi barobarida, ommani qorin toʻygʻazish va tirikchilikning mingdan bir tashvishlaridan boshqa bosh qotirishga arzigulik muammolardan ogoh etmoqda.

Xuddi shu gapni “Fikrlayotgan odam” (Zebo Hasanova muallif, Najot Qosimov rejissor), “Tundaliklar” (Zebo Mirzayeva muallif) kabi loyihalar xususida ham malolsiz aytish kerak.

Muallif Iqboloy Qoʻshshayeva hamda rejissor Abror Qodirov tomonidan efirga tayyorlanayotgan “Birgalikda koʻramiz” koʻrsatuvi jahon kino sanʼatining hozirga qadar va bundan keyin ham uzoq muhokamalarga sabab boʻladigan noyob kartinalari tahlilidan bahramand etyapti. Zero, har qanday sanʼat durdonasi har bir xalq va zamon intellektlari nigohida oʻzgacha maʼno va jilva kashf etishiga shu loyiha orqali guvoh boʻlish mumkin...

Albatta, “Madaniyat va maʼrifat” telekanali ijodiy jamoasining qiladigan ishlari, izlanishlari hali oldinda. Jumladan, televideniye va unda tayyorlanadigan materiallar oʻz nomi bilan KOʻRILADIGAN narsa boʻlishi lozimligi ustida jiddiy bosh qotirishga toʻgʻri keladi. Bugungi tomoshabinni uzoq davom etadigan, yakkama-yakka yoxud davra suhbatlarida oʻrtaga tashlanadigan eng ohorli gaplar, gʻoya va fikrlar bilan ham ekran qarshisida uzoq tutib turib boʻlmaydi. Oʻsha suhbatlar foni shunday original, uzukka koʻz qoʻygandek joyiga tushadigan rang-barang tasvirlar bilan toʻldirilishi lozimki, buning uchun koʻrsatuv mualliflari, ayniqsa, rejissorlar boshqacha ishtiyoq va gʻayrat koʻrsatishlari talab etiladi.

Mana shu yoʻlda ijodkor doʻstlarimizga kuch-quvvat, fidoyilik va omadlar yor boʻlishini tilaymiz.

Rahmon QOʻCHQOR,

filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos