Kino paydo boʻlgan ilk davrlarda undan shunchaki joʻn axborot vositasi yoki koʻngilochar attraksion sifatida foydalanilar edi. Ammo qisqa fursatlarda kinoning kommunikatsion taʼsir kuchi borligi, undan ommaning aqliy, jismoniy faoliyatini boshqarish uchun oʻtkir qurol oʻrnida foydalanish va ortidan katta daromad koʻrish mumkinligi maʼlum boʻldi.  Aynan mana shu fakt salkam 130 yildan buyon kino sanʼatining boshqa sanʼatlar oʻrtasida shohsupadan tushmay kelishiga sabab boʻlmoqda. Asosiysi, kino nafaqat davlat bilan xalq oʻrtasidagi ishonchli “vakil”, balki mavjud hukmron mafkuralarning turli siyosiy oʻyinlari targʻibotchisi ham hisoblanadi. Oyina.uz Turkistonda inqilobgacha va inqilobdan keyin kinodan qanday siyosiy maqsadlarda foydalanilgani xususida soʻz yuritadi.

Turkistondagi ilk qadamlar

Turkistonda kinoning ilk namoyishi  1897-yil Toshkentda boʻlib oʻtgan edi. Chor Rossiyasi hukmron boʻlgan u davrlarda Turkistonga Rossiya orqali yoki Turkiya tomondan kelgan yevropalik sayyohlar kinotomoshalar koʻrsatganligi haqida uzuq-yuluq maʼlumotlar bor. Lekin 1897-yildan 1924-yilgacha boʻlgan vaqt oraligʻida Turkistonda tashkil etilib namoyish etilgan filmlarda mahalliy aholining turmush tarzidan hikoya qiluvchi kadrlar koʻp boʻlmagan. “Туркестанские ведомости”, “Туркестанский курьер”, “Самарканд” gazetalarining 1905-1907-yillardagi sonlarida xorijdan kelganlar manzarali kinolavhalar, sayillar suratga olgani, katta pul evaziga koʻrsatilgan bu filmlarning estetik qiymati yoʻqligi toʻgʻrisida  qayd etilgan.

Bu vaqtda Turkistonning bir qator qishloqlarini tasmaga tushirish uchun koʻp harakatlar boʻlgani haqida ham maʼlumotlar bor. Xususan, 1914-yilda daniyalik Frans Adolf Garder va “Ekler” fransuz kinematografiya jamiyatining vakili Rene Moro kino suratga olish uchun hokimiyatdan ruxsat oladilar. Shu kabi “Туркестанские ведомости” gazetasining 1912-yil 2-avgust sonida rossiyalik A.Xanjonkov va uning firmasi “Kinematograf uchun Turkiston tabiatini, mahalliy aholining turmushi va mashgʻuloti, oʻlkaning mustamlaka sharoitlari..., Oʻrta Osiyo qishloqlari koʻrinishi, turli davlat idoralari, savdo-sanoat korxonalari va boshqalarni aks ettiruvchi suratlarni olish maqsadida...” mahalliy hokimiyat ruxsatini olgani toʻgʻrisida maʼlumot berilgan.

Birinchi jahon urushiga qadar Turkistonda yangi kinoteatrlar ochilishiga yoki turli kinoseanslar uyushtirishga xayrixoh boʻlmagan hokimiyat urush vaqtida zudlik bilan koʻriklar oʻtkazishga koʻrsatma beradi. Bundan maqsad, bir tomondan aholining kinematografga nisbatan cheksiz qiziqishidan foydalanib, Oʻrta Osiyo xalqlariga oʻz mafkurasini singdirish boʻlsa, ikkinchi tomondan oʻlkaning shahar va qishloqlarida “maxsus kinematograf kunlari”, “hayriya kinematograflar” oʻtkazish orqali  koʻriklardan tushgan mablagʻni urushda yarador boʻlgan askarlarga yuborish edi. Asosan, Rossiya kinofirmalarining filmlari namoyish etilgan koʻriklarda mahalliy tomoshabin mustamlakachilarning siyosatiga xos gʻoyaviy mohiyatga ega filmlarni tomosha qilgan.

Shoʻrolar hokimiyati oʻrnatilgach, 1919-yilda Turkistondagi barcha dam olish va koʻngilochar tomosha maskanlari nazorat ostiga olinib, mamlakatdagi kino ishlab chiqaruvchi korxonalar va ijarachi muassasalar yangi hukumatning mulkiga aylanadi. Shu bilan birga kinodan mafkuraviy gʻoyalarning targʻibotida keng foydalanishga uringan shoʻro hokimiyati yangi-yangi filmlar yaratish, kinoteatrlar ochish, mahalliy xalq vakillaridan kino xodimlari yetishtirishga harakatni boshlab yuboradi. Avvaliga yerlik kinochilar boʻlmagani uchun, xorijlik kinochilarning ijod namunalari koʻpayadi. Maʼlumotlarga koʻra, mahalliy aholi hayotidan hikoya qiluvchi filmlarni yaratishga kelgan kinochilar film suratga olish vaqtidagina yerlik aholi bilan tanishganlar. Tayyor boʻlgan qisman “oʻzbekona” filmlarning mazmun-mohiyati oʻzbek tomoshabinlariga “afsona” sifatida koʻrinsa-da, kino muxlisi uchun bu filmlar oʻta qiziqarli tomosha hisoblangan.

Tobora son jihatidan salmoqli, sifati haminqadar boʻlgan filmlar koʻpaya bordi. 1923-yil iyul oyida Davlat kino trestida 56 ta yangi film tomoshabinga namoyish etilgan boʻlsa, shu yilning sentabrida 99 ta, oktabrda filmlar soni 119 taga yetgan. Bu filmlarning birortasi aholining turmush doirasiga mos kelmaganligidan 1927-yilda yaratilgan “Ravot qashqirlari” nomli yangi oʻzbek filmidan qoniqqan yozuvchi A.Qodiriy “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida shunday yozadi: “Shu kungacha oʻzbek hayotidan yoki umuman Oʻrta Osiyo xalqlari turmushidan olib oʻynalgan filmlarning hayotimizga yondoshib kelgan lavhalari, koʻrinishlari bus-butun deb boʻlmasa-da, va lekin xayoliy, soxtanamo boʻladi... Aksar shunday soxtaliklarga yoʻliqqan oʻzbek tabiiy oʻzini kulgudan toʻxtata olmaydi, yoqa ushlab oʻziga isnod qilingan “nav ijod hayotni” bir necha vaqtgacha kulgu maqomida oʻrtoqlariga, hazilmandlariga soʻzlab yuradi... Bu hol yolgʻiz kinolardagina emas, yevropaliklarning, hatto Oʻrta Osiyoda chiqadigan kundalik gazeta, jurnallarida va adabiyotlarida, bizga bagʻishlab yozilgan parchalarida, lavhalarida ham shu xayolot yoki rivoyat orqali yozilgan “vahimalarga” koʻp uchraymiz...”

“Kino tresti”ning risoladagidek ish olib bormayotganligi xususida boshqa qator maqolalar ham eʼlon qilingan.  Jumladan, “Sharq haqiqati” gazetasining 1929-yil oktabr sonida “Chaynayverib qirpit boʻlgan bir toʻlarsoq” nomli  maqola muallifi G‘.Gʻulom “Oʻzbekiston davlat kino trestini” “karvonsaroy”ga mengzaydi. “Nega kino tresti ravnaqsiz, nega u shuncha terlab-pishib ishchi-dehqon ommasiga qilmoqchi boʻlgan xizmatlarining natijasini “ayiq doʻstligi” bilan tamomlaydi, nega koʻpchilik trestni hurmatsiz bir iltifot bilan qarshilaydi?

Yuqoridagi qator savollarning keng moʻjaz javobi: kino trestining haligacha karvonsaroylikdan chiqa olmaganidir. Hozir uning tashkil qilinganiga olti yil boʻldi. Shu davr ichida bir necha direktorlar almashindi. Qator-qator mutaxassislar guruhlari qoʻnib oʻtdilar. Birlari endi ishni boshlaganda boshqalari keldi. Umumiy qoidalar boʻyicha ilgaridagilarning ishlari soʻnggilariga yoqmadi. Qaytadan boshladilar. Bir xurjun chervon, gʻalvir-gʻalvir tashabbuslar havoga uchdilar va hokazo...”.

Maqola muallifi sanab oʻtgan “Baxt quyoshi”, “Moxov qiz”, “Oʻzbekiston xotinlari”, “Lotinlashtirish” va “It olmas” kartinalarining birortasi talab darajasida emasligi, filmlarning mavzusi “aql korxonasida pishitilmagan”, “allakimlarning bogʻlanishsiz tasavvurlaridan” paydo boʻlgan ssenariylarning mahalliy xalq hayotidan juda yiroqligi  felyeton qilingan.  Mahalliy kinomutaxassis, kadrlarning yoʻqligi, shu bilan birga oʻzbek davlat kino tresti buning uchun harakat ham qilmasligi muallifni taajjublantiradi. “Rejissorlik nomiga boʻyalib kelgan” Averbax, Gertel, Dunayev singari kishilarning bitta kartinani suratga olishda keragidan ortiq pul sarflangani-yu, buning natijasi samarasiz boʻlganligini yaxshi oʻrgangan G‘. Gʻulomning bergan maʼlumotlaridan oʻtgan asrning boshlaridagi kinoning rivojlanish bosqichi keng jamoatchilikning diqqatida boʻlganligi, barcha muammolarning yechimini yosh adib va jurnalistlar qattiq oʻrganganlari, ammo matbuotdagi toʻxtovsiz “bong urishlar” javobsiz qolganligini bilish mumkin.

Ekrandagi “hayot”

Oktyabr inqilobidan keyin kino sanʼati tarixida yetakchi oʻrinda turgan mavzularni shartli ravishda quyidagicha belgilash mumkin: “inqilobning mehnatkashlar ommasini “qullikdan” ozod etishi”, “xotin qizlar ozodligi uchun kurash”, “bosmachilar va ularga qarshi kurash”, “yangi hukumat dushmanlari”.

Shoʻrolarning IX syezdi partiya qarorida mamlakatda mehnat unumdorligini oshirish yoʻlida kinodan foydalanish haqida soʻz yuritilgan. Bu qarorlarning ijrosi uchun mustamlaka mamlakatlar aholisiga taʼsir etishning yoʻllaridan biri mahalliy aholining oʻz turmushidan olib oʻynalgan filmlarda gʻoyaviy tashviqotni ilgari surish edi.

“Yuksalish” (1931, ssenariy mualliflari N.Klado, N.Gʻaniyev, rejissor N.Gʻaniyev), “Bogʻdodning Amerika paxtasi” (“Американка из Багдада”, 1931, rejissor N.Klado), “Makrli changal” (1932, rejissor V.Kozlov), “Arabi” (1930, rejissor N.Zubova) singari filmlar shunday mafkuraviy tashviqot filmlardandir. Ularning mavzu doirasida “dehqonlarning paxta yetishtirishiga qarshi boylarning kurashi”, “shoʻro hokimiyati qoʻlga kiritayotgan yutuqlarga milliy burjuaziya vakillarining qarshiligi” kabi masalalar namoyon boʻladi. Hukumat qarorlari burjua sinfini batamom yoʻqotish siyosatini olib borishi natijasida teatr, kino, adabiyot asarlarida bu siyosatning tamgʻalari muhrlanib qolgani hozirda aniq koʻzga tashlanadi. Ammo ekrandagi hayot bilan real hayot oʻrtasidagi tafovut, tabiiyki katta edi. Ayniqsa, xotin-qizlar ozodligi uchun kurash mavzusi yoritilgan “Ikkinchi xotin”, “Chodra” (1927), “Moxov xotin” (1928), “Avliyo qizi”(1930), “Uning huquqi” (1931)  kabi filmlarda oʻzbek ayolining inqilobga qadar oʻtkan “ogʻir turmushi” Oktabr inqilobidan keyingi oʻzgarishlar bilan qiyoslangan tarzda ifodalangan.

Rejissor M.Doronin suratga olgan “Ikkinchi xotin” filmida sharq ayolining xarakteri, yashash tarzi va oilaviy ahvoli qisman boʻlsa-da, haqiqatdan uzoq boʻlmagan tarzda ifoda etilgan. 1927-yilda suratga olingan filmda aktyor va rejissorlardan S.Xoʻjayev, N.Gʻaniyev, X.Jalilovlar maslahatchi sifatida ishtirok etdilar. Bu esa filmning tomoshabinlar tomonidan qizgʻin kutib olinishiga yordam bergan. Film L.Sayfullinaning “Ikkinchi xotin” nomli hikoyasi asosida suratga olingan boʻlib, hikoya 1925-yilda rus tilida chop etilgan “Ichkari” nomli hikoyalar toʻplamiga kiritilgan edi. Toʻplamdagi barcha hikoyalarda oʻzbek ayolining “ichkari”dagi turmush tarzi aks etgan. Ixcham ssenariyga qiyos «Ikkinchi xotin» hikoyasi ekranlashtirilishi jarayonida shoʻrolar hokimiyatining oʻzbek xotin-qizlariga koʻrsatgan “gʻamxoʻrligi” filmda oʻz aksini topishiga erishildi.

“Chodra” filmida ham inqilobning “kuch-qudrati”, yosh shoʻro hukumati oʻzbek xotin-qizlarining paranji tashlashlarini targʻib etishi aks etadi. Oktabr inqilobining oʻn yilligiga bagʻishlangan ushbu filmning bosh maqsadi mafkuraviy targʻibot edi. Bu filmda ham savdogar – Xaydarboyning rafiqasi Lolaning zolim er qoʻlidan olib chiqish uchun olib borilgan kurash yoritiladi. Ikki qarama-qarshi qutb – bechora oʻzbek ayoli va zolim boy obrazi aks etgan film oʻz vaqtida haqiqatdan uzoq ekanligi mahalliy matbuotda aytib oʻtilgan. “Averbax Maskovdan srochno chaqirildi. U endigina praktikantlikdan chiqqan, tahsil koʻrmagan xom bir kishi edi. Oʻzbekistonga umrida birinchi marta kelganiga qaramay, bir yarim oy mobaynida oʻzbek hayotidan  “Chodira” kartinasini ishlab chiqardi. Hozir oʻsha mahsulot davlat kino trestining omborida oʻtmas matoh boʻlib yotadi... “Chodira” ismiga yarasha “chodiralilar” singari chordevoldan tomoshabin koʻziga aks etgani yoʻq. Bu ham mafkuraviy tomondan poyma-poy kavsh. Sanʼat hemiri, natija muammo – bir hurjun. Bu ham trest podvalida endigi asarlarning tomoshabinlarini (chunki kelgusi boʻgʻinlar, darhaqiqat, kechmishda ahvol shundaydir, deya qoʻya qolarlar) kutib yotadi.”  Maqola muallifi G‘.Gʻulom sanab oʻtgan bir necha filmlar davr talabiga javob bermasligidan tashqari ularning yaratuvchilari oʻzbek davlat kino trestining behisob mablagʻini  havoga sovurayotganlari qayd etilgan. Film ijodkorlari (ssenariynavislar – M.Insarov, P.Korotkov, V.Bulax, M.Averbax, rejissor M.Averbax, operator A.Lemberg) mahalliy turmush va sharoitni yaxshi bilmasliklari filmning muvaffaqiyatsiz yakunlanishiga  sabab boʻlgan.

 


1931-yilda rejissor G.Chernyak “Uning huquqi” nomli filmni yaratdi. Bu film ijodiy guruhining asosiy qismi yevropa millatiga mansub boʻlgan  ijodkorlar edi. Faqatgina yetakchi obraz Tojixonning eri obrazi aktyor R.Ahmedovga topshirildi. Filmda ozodlikka intilgan Tojixonning erini tashlab ketib shaharga kelishi, zavodga ishga kirishi, vaqt oʻtib zarbdor ishchilardan biriga aylanishi hikoya qilinadi. Uning yutuqlari kinoxronika xodimlari tomonidan suratga olinib, koʻp oʻtmay film kolxozda namoyish etilayotgan vaqtda xotinini tanib qolgan kolxozchi Qosim Yusupov ekrandagi rafiqasiga pichoq oʻqtaladi. Biroq, kolxozchilarning taʼsiriga koʻra u oʻz xatosini tushunadi va shaharga borib rafiqasi bilan yarashadi...

Real hayot sirlari

Inqilobdan keyin mamlakatda sodir boʻlayotgan jiddiy va dahshatli hodisalarning aksariyati xotin-qizlarning erklikka intilishi bilan bogʻliq edi. Film ijodkorlari yuqorida aytib oʻtganimizdek, masalaga faqat shoʻro mafkurasini targʻib etish yuzasidan yondoshganlar. Maʼlumotlarga koʻra bu vaqtda xotin-qizlar ozodligi uchun tuzilgan “Hujum” tashkilotining tashviqotchilik faoliyati juda keng tarqalgan, mamlakatda ozodlikni istagan necha-necha ayollarning oʻz akalari, erlari, otalari, umuman, yaqin kishilari tomonidan oʻldirilgan, yoʻllari toʻsilgan bir shavqatsiz davr edi. Haqiqiy hayotdan uzilgan filmlarda esa paranji tashlagan ayollarning achchiq qismati roʻy-rost aks etmadi. Aksincha, yuzi ochiq boʻlgan oʻzbek qizining farovon turmushi ekran orqali madh etildi. Ammo 20-30-yillarda mamlakatda aynan shoʻro hokimiyatining shoshma-shosharlik bilan olib borgan siyosati juda koʻp ayollarning bevaqt hayotdan koʻz yumishiga sabab boʻlgan edi. Bu hodisani faqatgina mamlakat aholisining siyosiy ongi davr oʻzgarishlarini toʻlaqonli anglab yetmaganligi bilangina bogʻlash mumkin emas. Ayni shoʻro hukumati davrida badiiy ijodda aks etgan tarixiy voqeʼlik ozodlikka intilgan kuch (oʻzbek ayollari) va unga qarshi boʻlgan yovuz kuchlar (hurofotchilar)ning oʻzaro kurashi sifatida bayon etib kelindi. Aslida, sovet davlatining tezlik bilan oyoqqa turishida mamlakatda ayollar kuchidan ham foydalanish davr talabi edi. Shuning uchun ham Oʻrta Osiyo xotin-qizlarini mehnatga safarbar etish uchun avval ularni ichkaridan ozod etish va huquqlari teng ekanligini tasdiqlab olish shart edi.

Nazarimizda, Moskvadan Oʻzbekistonga film suratga olish uchun kelgan kinochilar maʼlum koʻrsatmalar asosida faoliyat yuritganlar. Ularning asosiy maqsadi xotin-qizlarni zudlik bilan jamiyatning faol ishchisiga aylantirish, yangi hokimiyatga nisbatan aholining ishonchini uygʻotish (garchi bu toʻqima syujetlar asosiga qurilsa ham), shuningdek, goʻyo mamlakatdagi ogʻir iqtisodiy ahvolning bosh sababchilari boʻlgan mahalliy boylar, eshonlar va bosmachilarga xalqning cheksiz nafratini qoʻzgʻatishda kinoning taʼsirini oshirish edi. Bu masalalarni toʻqima syujetlar asosida yoritgan rejissorlar mahalliy tomoshabinning filmni qay tarzda qabul qilayotgani bilan  mutlaqo qiziqmaganlar. Ular belgilangan reja boʻyicha ish olib borganlar va mafkuraviy tashviqot yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida hisobot toʻldirganlar. Ekran tashqarisidagi hayotda esa filmlardagidek erkaklar xotin-qizlar yoʻrigʻiga osonlik bilan ergashmagan. Agar 20-yillarda xotin-qizlar oʻrtasida olib borilgan tashviqot ishlari asta-sekinlik bilan olib borilgan, bir emas, bir necha marta oʻtkazilgan ommaviy mitinglar yoki xonadonlar aro oʻtkazilgan tushuntirish ishlari oʻzbek ayollarining paranji tashlashga boʻlgan ishtiyoqini uygʻota borib, ularning ishonchini qozona boshlagan boʻlsa, keyingi harakatlar keskin va shiddatli kecha boshladi.

1926-yilda Oʻrta Osiyo partiya komitetlarining xotin-qizlar boʻlimlari xodimlari ishtirokida kengash oʻtkazildi. Kengashda xotin-qizlarni tezroq sovetlar jamiyatining faollariga aylantirish uchun qaror qabul etildi. Qarorga asosan Oʻrta Osiyolik ayollarni ishlab chiqarishning barcha jabhalariga jalb etish, birinchi navbatda oʻzbek ayollarining paranji tashlashga nisbatan barcha choralarni kuchaytirish muhim vazifa etib belgilandi va bu tadbir “Hujum” deb ataldi. Tarixiy manbalar shuni koʻrsatadiki, faqat ayollar oʻrtasida olib borilgan tashviqotlar natijasida mamlakatdagi koʻp sonli yosh xotin-qizlar oʻz erkini shoʻro hokimiyatidan talab qilib chiqqanlar va paranji tashlashdan tashqari ajralish uchun sud organlariga arizalar berganlar. Bu harakatda erkaklar orasida ham ruhiy-mafkuraviy taʼsir oʻtkazish yoki tushuntirish ishlarini olib borish yoʻlga qoʻyilmagan. Aksincha, ayollar oʻz eri, otasi, birodarlariga qarshi qoʻyilgan. “Agar erking boʻgʻilsa seni himoya qiluvchi Shoʻro hokimiyati bor, paranjini tashla”, qabilidagi daʼvatlar bechora ayollarni zudlik bilan qaror qabul qilishga olib kelgani sir emas. Maʼlumotlarga qaraganda,  1927-yilga kelib 100 ming ayol paranjisini tashlagan, 5 ming ayol savodsizlikni tugatish kurslarida tahsil olgan, 5202 nafar ayol xalq maslahatchiligiga saylangan. (Alimova D. “Hujum”ga zarurat bormidi?// Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. -  1992, 11-sentabr № 37.)

 


Bu yutuqlarga erishishning barchasini “Hujum” yoki boshqa targʻibot ishlari bilangina bogʻlab boʻlmaydi. Teatr va kino asarlari ham oʻz tomoshabiniga bevosita ekran yoki sahna orqali taʼsir etganligi tabiiy. Zotan kinematografiya sanʼati aholini moʻjizalar roʻy berishiga ishontira olar edi va XX asr boshida yashagan tomoshabin ekrandagi voqealarni haqiqiy hayotning aksi, deb tushungan boʻlishi ham mumkin. Lekin mamlakat ayollarining oʻz erki uchun boʻlgan kurashi keskin toʻsiqlarga uchraganini quyidagi maʼlumotlardan bilib olish mumkin: “Rasmiy hujjatlarda 1927-1928-yillari birgina Oʻzbekistonda 2,5 mingdan ortiq faol xotin-qizlar, qishloq, rayon kengashlarining aʼzolari, xotin-qizlar klublari va kutubxonalar mudirlari hayotdan judo boʻlgani raqamlangan. Albatta, bu koʻrsatkich toʻliq emas. “Hujum”ning oddiy ishtirokchilaridan qanchasi oʻlgani yoki mayib-majruh boʻlgani, bu fojialar uchun masʼullikni va javobgarlikni kim oʻz zimmasiga olgani nomaʼlum”. (Alimova D. “Hujum”ga zarurat bormidi?// Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati. -  1992, 11-sentabr № 37.)

 


Tarixchi olimaning masalani chuqur oʻrgangan jihatlaridan yana biri  shundaki, oʻzbek xotin-qizlarining yuzlarini ochib ijtimoiy hayotda erkin faoliyat yuritishlarida milliy urf-odatlar, anʼanalar poymol etilish darajasida faoliyat yuritilgan. Yaʼni, tashviqot ishlariga dindorlar, garchi bu harakatni qoʻllab quvvatlasalar ham jalb etilmagan. Aksincha, dinga va ruhoniylarga nisbatan “Kurashchan xudosizlar” uyushmasi tuzilib, ruhoniylar va ularning eʼtiqodiga nisbatan ham jiddiy  kurash yoʻli boshlangan edi. Shu tariqa, 1930-yillarga kelib dindorlarning salbiy qiyofalari ham oʻz-oʻzidan badiiy ijod turlariga kirib kela boshladi. Natijada, xotin-qizlar oʻlimida ham dindorlar, shoʻro hukumatiga qarshi ham avvalo dindor va boy, mamlakatdagi iqtisodiy tanglikni keltirib chiqarayotganlar ham aynan mana shular, degan yorliq shoʻro hokimiyatining tashviqotchilari uchun juda qoʻl keldi. Lekin, 30-yillarda yaratilgan badiiy ijod namunalaridagi aksar boy, bek va ruhoniylar obrazlarining faqat salbiy qiyofada tasvirlanishi haqiqatga mutlaqo zid boʻlganidek, inqilobga qadar oʻzbek ayolining ichkarida zulm ostida yashaganligi, koʻp xotinlilik jafosini chekkani ham barcha Turkiston ayollariga xos emas edi. Turkiston boylari  va ruhoniylariga yoppasiga yopishtirilgan bu tamgʻa deyarli yetmish yil davom etib keldi.

Agar oʻzbek kinosining 20-30-yillarda yaratilgan asarlarini tahlil etib borsak, “oq” bu yoʻqsil, mehnatkash dehqon, “qora” bu jadid, eshon, boy va bosmachilardir, degan  tendensiyani  koʻrish mumkin... Tarixiy maʼlumotlar esa oʻzbek xalqi oʻz ahli ayolini behudaga xoʻrlamaganini, balki oʻzbek ayollari ham har bir xalq kabi tinch-totuv hayot kechirganlari toʻgʻrisida aytadi: 1886-yilda Qozon nashriyotida bosmadan chiqqan “Fargʻona tuzem aholisi ayollarining turmushidan ocherklar” nomli kitobda XIX asr oxirida Fargʻona viloyatida maʼlum muddat yashab, mahalliy ayollarning turmush tarzini sinchiklab kuzatgan va oʻz kuzatuvlari asosida hujjatli asar yozgan er-xotin Nalivkinlarning  oʻzbek ayollari turmushiga xolis munosabati aks etgan (Asarning inqilobdan avval nashr etilganligini qayd etamiz). Kitobda fargʻonalik ayollarning koʻrinishi, milliy xarakter xususiyatlari, shu jumladan oilaviy er-xotin munosabatlari ham batafsil yoritilgan. Inqilobdan keyingi badiiy ijod namunalarida ustun turgan oʻzbek ayollari obrazining bir taraflama talqinidan farqli tarzda Fargʻona ayollarining anchayin erkli boʻlganlari ushbu kitobda dalillar bilan ifodalanadi. “...Bu yerda erkak ayolga nisbatan zulmini Yevropaga qaraganda kamroq oʻtkazadi. Ayol moddiy sabablarga koʻra ajralish huquqidan foydalana olmagan taqdirgina erkak ayolga zulm qilishi mumkin. Har qalay, ayrim hollarda musulmon ayollarining ahvoli yevropaliklarnikiga qaraganda durustroq. Ular shaxs sifatida ham kengroq huquqqa ega boʻlib kelganlar”. Demak, inqilobgacha Turkiston ayollarining “xoʻrlik” va “zoʻrlik”dan iborat hayot kechirgani shoʻro mafkurasi targʻibotiga xizmat qilgan badiiy asarlarda bir tomonlama oʻz ifodasini topgan.

Shoʻrolar siyosiy mafkurasining mavjud voqeʼlikka bir tomonlama murojaat etishni sanʼat va madaniyat xodimlariga dasturilamal sifatida belgilab berganligi, ayni paytda muammolar va ularni bartaraf etishga boʻlgan harakat ham bir tomonlama yoritilib kelinganligi, bunday yoʻldan yurmagan ijodkorlar esa ijtimoiy-siyosiy maydondan yoʻqotilganligi bugun kundek ravshan.

Shohida ESHONBOBOYЕVA.

Oyina.uz

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!