Dunyo...
dunyo...
koʻp qadim dunyo...
na tubi bor, na chegarasi.
Shavkat Rahmon.
Dunyoning xaritadagi chegaralari bor, ammo uni anglashning chegarasi yoʻq. Uni anglash uchun maʼrifat kerak... Jaloliddin Rumiyning tasavvufiy tafakkurida inson qalbi va olam oʻrtasidagi uygʻunlik goʻzal aks ettirilgan.
Hazrat Navoiy esa insonning dunyodagi qadrini boshqalar taqdiriga daxldorlik bilan oʻlchaydi. Qayerga borsa, oʻsha yurtning tog‘-u toshi, daryosi, bog‘-u boʻstoni, havosi, mevasi, hayvonoti, shaharlari, odamlari haqida sinchiklab yozgan Bobur uchun safar – bir manzildan ikkinchisiga koʻchish emas, dunyoni kuzatish va anglash vositasi edi.
Mubolagʻasiz aytaman, xalqaro jurnalist, siyosatshunos olim Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobida ana shu qadimiy safarnoma va dunyoni anglash anʼanasining zamonaviy davomini koʻrish mumkin. Dastlab raqamlar, faktlar qurshovida qolgan oʻquvchi kitobda insoniyatning turfa taqdirlari jam boʻlganini anglaydi. Eng asosiy gap shu-ki, mutolaa jarayonida oʻz jonajon yurtimning jahon xaritasidagi oʻrni va maqeini yanada teran his qildim.
Kitobni maroq bilan oʻqirkanman, Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning “Ona sayyora” sheʼrini esladim. Yerni fazodan turib kuzatayotgan shoir koʻz oldida qitʼalar, dengizlar, togʻlar bir nuqtadek namoyon boʻladi. Olis masofadan qaraganda odamzodning barcha chegaralari ham oʻz maʼnosini yoʻqotadi goʻyo...
Shoirning:
“O, ona sayyora, kurrai qutlug‘...”
degan murojaatida butun insoniyatga nisbatan bir mehr bor.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilganligining 75 yilligiga bagʻishlangan “UN75” onlayn-tadbirda Xalq shoiri Erkin Vohidovning “Inson qasidasi” oʻzbek, qozoq, turk, arab, ingliz, rus, italyan va tojik tillarida kuylanganini bir eslang. Oʻzbek shoirining yuksak umumbashariy gʻoyasi dunyoning eng yuksak minbarida sheʼr va kuy uygʻunligida dunyo ahliga anglatildi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Erkin Vohidovning “Sobit-u sayyorada inson oʻzing, inson oʻzing” satrini eslab, beixtiyor shu oʻy xayolimdan oʻtdi: dunyo xaritasida qancha mamlakat, qancha xalq boʻlmasin, uning markazida baribir hazrati inson turadi. Kitobdagi barcha maʼlumotlar ortida avvalo shaxs – odam koʻrinadi. Shoirning oʻzi aytganidek:
Mulki borliq ichra bir mahal
Koʻrksizgina olam yaralgan.
Bermoq uchun olamga sayqal
Olam aro odam yaralgan.
Dunyoni xaritadan ham oʻrganish mumkin. Unda chegaralar bor, poytaxtlar bor, bepoyon sahrolar, adoqsiz dengizlar-u boqiy muzliklarni bagʻrida quchgan purviqor togʻlar, nomlari turfa mamlakatlar bor. Ammo xarita odamga bir xalqning qalbini, uning orzu-umidlarini, nimadan quvonib, nimadan iztirob chekkanini aytib berolmaydi.
Buni adabiyot aytadi.
Buni bedor qalb egalari boʻlmish adabiyot vakillari, millatning chin maʼnodagi ziyolilari va fidoyi jadidlar aytadi. Sababi, xalqning ichki dunyosini, uning maʼnaviy yuksakligini faqat maʼrifatparvar ziyolilarning qalami orqali idroklash mumkin.
Shu maʼnoda Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobida mamlakatlar haqidagi maʼlumotlar shoir va yozuvchilar, adabiyot va kitobga tutashib ketgan. Jumladan, kitob sahifalarida geografik nomlar ortidan adabiy nomlar paydo boʻla boshlaydi. Bir mamlakatdan ikkinchisiga oʻtar ekansiz, gohida poytaxt emas, bir shoir ismi sizni toʻxtatib qoʻyadi. Ana shu nuqtada kitob oddiy maʼlumotnoma boʻlib qolmay, dunyoni maʼnaviy anglash kalitiga aylanadi.
Menimcha, kitobning adabiy qimmatli tomoni ham shunda.
Mamlakatni uning adiblari orqali taniymiz
Masalan, Eron haqidagi maʼlumotlarni oʻqirkansiz, Firdavsiy, Umar Xayyom, Shayx Saʼdiy, Hofiz kabi nomlar xayolda paydo boʻladi. Necha asrlar-ki, bu ardoqli ismlar biz uchun begona emas. Oʻzbek ziyoli xonadonlarida ularning nomi azaldan ehtirom bilan tilga olinadi. Kitobda esa bu adabiy yaqinlik yana bir jihat bilan boyiydi: eronliklarning ham Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Pahlavon Mahmud Puriyovaliy, Alisher Navoiy kabi bizning buyuk siymolarimizni samimiy qadrlashi qayd etiladi.
Shunda bir oddiy, ammo muhim haqiqat namoyon boʻladi: Adabiyot va ilmning haqiqiy vatani chegaralar bilan oʻlchanmaydi, bilimlar koʻlami sarhadlarni tan olmaydi.
Baʼzan bir xalqning boshqa xalqqa boʻlgan hurmatini siyosiy munosabatlardan koʻra, kitoblaridan yaxshiroq anglash mumkin. Bir el-u elat oʻz farzandini qanday ulugʻlasa, boshqa millatning buyuk farzandlariga qanday ehtirom koʻrsatishi ham uning maʼnaviy dunyosi choʻqqisi haqida koʻp narsa aytadi.
“Dunyo mamlakatlari”dagi ana shunday yondashuv kitobxonni raqam va dalildan ensiklopediyaning qimmatli taʼsiri – oʻquvchini mulohaza-tahlil olamiga yetaklaydi.
Bizga notanish joylarda ham katta adabiyot bor
Farer orollari haqidagi maʼlumotlarni oʻqib oʻylanib qoldim. Aslida bu orol nomi koʻpchilikka yaxshi tanish emas. Quloqqa koʻpam chalinavermaydi. Aholisi bor-yoʻgʻi 50 mingdan oshadi. Kitobda qayd etilishicha, bu hududda aholi jon boshiga kitob nashr etish koʻrsatkichi Islandiyadan keyin dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi. Yozuvchi Xyanus Kambanning “Piligrim” asari xalqaro mukofotga sazovor boʻlgani, shoir Suymun av Skarining esa Farer milliy madhiyasi muallifi ekanligi aytiladi.
Bu maʼlumotlarni oʻqib, kitobxon beixtiyor iqror boʻladi: dunyo adabiyoti deganda biz koʻpincha tanish va mashhur markazlarni tasavvur qilamiz. Aslida adabiyotning yoʻllari ancha uzoqlarga ketar ekan.
Demak, dunyoda kitob oʻqiydigan, yozadigan, sheʼr bitadigan insonlar faqat biz biladigan katta mamlakatlarda emas, balki uncha-muncha odamning qadami yetmagan joylarda ham gullab-yashnamoqda. Demakki, adabiyoti yashayotgan millat ham hech qachon zavol topmaydi.
Adabiyot – millatning ovozi
Bangladesh haqidagi sahifalarda Rabindranat Tagor, Qozi Nazrul Islom kabi adabiy siymolar tilga olinadi. Zamonaviy bengal adabiyoti va uning vakillari haqida ham maʼlumotlar berilgan. Mamlakatda kundalik gazetalar va kundalik nashrlarning koʻpligi haqidagi maʼlumotlar esa adabiyotning jamiyat hayoti bilan qanchalik bogʻlanganini, ommaviy axborot vositalari ijodni targʻib etuvchi qudratli vositalar ekanini yana bir karra his qilish imkonini beradi.
Men bunday misollarni oʻqir ekanman, kitobxonlik madaniyati faqat kitob sotib olish yoki koʻp kitob oʻqish bilangina oʻlchanmasligi haqida oʻyladim. Gazeta oʻqish, adabiy jurnallarni doim kuzatish, shoir va yozuvchilar ijodiga qiziqish, ijtimoiy tarmoqlarda adabiy kontentlarni mutolaa qilib borish ham jamiyatning maʼnaviy hayotini belgilaydi.
Shuning uchun “kitobxonlik madaniyati” degan tushuncha menga bu asarni oʻqish jarayonida tom maʼnoda yanada kengroq maʼno kasb etgandek boʻldi.
Dante Oʻzbekistonga kelmagan, ammo...
Kitobning Italiyaga bagʻishlangan maʼlumotlari esa adabiyotning til va dini ayro xalqlarni qanday yaqinlashtirishini yana bir bor koʻrsatadi.
Italiya adabiyotining Jozue Karduchchi, Gratsiya Deledda, Luiji Pirandello, Salvador Kvazimodo, Eudjenio Montale, Dario Fo kabi Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan yirik vakillari tilga olinadi.
Ammo men uchun bu sahifalarning eng taʼsirli nuqtasi boshqa edi.
Alisher Navoiy yurtidan chiqqan Oʻzbekiston Qahramoni, shoir Abdulla Oripovning Dante Aligyerining “Ilohiy komediya” asarini katta mahorat ila tarjima qilgani va 2015-yilda “Italiya yulduzi” ordeni bilan taqdirlangani haqidagi maʼlumot Italiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi adabiy muloqotni bir boshqa nuqtai nazardan koʻrsatadi.
Dante Oʻzbekistonga kelmagan boʻlishi mumkin. Ammo uning soʻzlari oʻzbek tilida jarangladi. Abdulla Oripov Italiyaga borib, faqat oʻzbek shoiri sifatida emas, oʻzbek adabiyotining zabardast vakili sifatida ham koʻrindi, Italiya Hukumati tomonidan cheksiz sharafga noil boʻldi.
Shu maʼnoda, tarjima degan sanʼat shunchaki bir tildagi soʻzlarni ikkinchi tilga oʻgirish emas, balki u bir xalqning ruhiyati, tarixiy ildizlarini, tabiati va sezimlarini ikkinchi xalqqa yaqindan tanishtirishdir.
Abdulla Oripov umrining adogʻida yashagan Xyuston shahridagi xonadonda yaqinda uy muzeyi ochilgani haqidagi fakt esa okean ortida istiqomat qilayotgan hech bir oʻzbekistonlikni befarq qoldirmaydi.
Adabiyotning chegarasi yoʻq
Kitobda Gretsiya adabiyoti haqida gap ketganda Andreas Kalvos, Yannis Risos, Konstantin Kavafis, Nikos Kazansakis, Seferis, Elitis kabi ijodkorlar nomi uchraydi. Yorgos Seferis va Odiseas Elitisning Nobel mukofotiga sazovor boʻlgani qayd etiladi.
Meksika haqidagi maʼlumotlar esa men sevib oʻqiydigan shoir va tarjimon Oktavio Pas nomini yodga soladi. U 1990-yilda Adabiyot boʻyicha Nobel mukofotini olgan.
Gvadelupa sahifalarida Nobel mukofoti sohibi, yozuvchi Sen-Jon Pers, sheʼriyatda Pol Niger nomi koʻrinadi.
Ruminiya haqida oʻqiganda esa 15-yanvar – Milliy madaniyat kuni ekani va bu sana buyuk shoir Mixaya Eminesku tavallud kuniga toʻgʻri kelishi hayratimizni oshiradi.
Bir qarashda bular bir-biridan uzoq maʼlumotlardek. Aslida ularni bitta narsa birlashtiradi: xalq oʻz adabiyoti orqali oʻzini-oʻzligini tanitadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Dunyo mamlakatlari” kitobidagi shoir va yozuvchilar haqidagi maʼlumotlar bezak emas. Ular mamlakatlarning maʼnaviy qiyofasini ochuvchi kodlardan biridir.
Kitob sahifalarida uchragan tanish ismlar
Kitobdagi ayrim maʼlumotlar esa dunyoning turli nuqtalarida oʻzbek adabiyoti va ilmiy merosining izlari borligini koʻrsatadi.
Masalan, Hindiston madaniyati bilan bogʻliq maʼlumotlar orasida Amir Xusrav Dehlaviy, Mirzo Abdulqodir Bedil, Mirzo Asadulloh Gʻolib kabi bobolarimiz siymolari tilga olinadi. Ular zamonaviy Oʻzbekiston hududida tugʻilib, Hindiston madaniyatiga katta hissa qoʻshgani qayd etilgan.
Misr haqidagi maʼlumotlarda esa oʻzbek adiblari va shoirlari asarlarining ingliz va arab tillariga tarjimalari jamlangan “Qalbga sayohat” kitobining Qohiradagi taqdimoti haqida oʻqiymiz. Shuningdek, Jurji Zaydon, Najib Mahfuz, Toha Husayn kabi misrlik ijodkorlarning asarlari Oʻzbekistonda tanilgani ham qayd etiladi.
Asarda Moskva, Shanxay, Minsk, Ostona, Seul, Boku, Oʻsh va Dushanbe kabi yirik betakror shaharlarda Hazrat Alisher Navoiy haykalining qad rostlashi gʻurur bilan eʼtirof etiladi.
Shu bilan birga, Fransiyaning Sorbonna, Hindistonning Dehli va Jamiya Milliy Islamiya, Janubiy Koreyaning Pusan va Tegu xorijiy tillar universitetlarida, Misrning Ayn Shams, AQSHning Indiana universitetlarida, Shanxay va Lahor oliygohlarida, Afgʻoniston oʻquv maskanlarida hamda Nyu-Yorkdagi “Ziyo Art” oʻzbek maktabida ona tilimizning alohida oʻrganilayotgani qalbimni togʻday koʻtardi.
Nashrda, shuningdek, dunyo boʻylab sochilgan millatdoshlarimiz taqdiriga ham eʼtibor qaratilgan. Ayniqsa, XIV asr oxirida Samarqanddan chiqib, Xitoyning Sinxay muzofoti Syunxua avtonom uyezdida qoʻnim topgan va 1954-yilda alohida “salar” millati sifatida eʼtirof etilgan oʻzbek tilida soʻzlashuvchi ajdodlarimiz haqidagi maʼlumot kishini hayratga soladi. Zero, ular oradan shuncha asrlar oʻtgan boʻlsa-da, hanuzgacha ota tilini saqlab qolayotgani chin qahramonlik ishidir.
Madaniy-adabiy muloqotning yana bir yorqin namunasi sifatida 2018-yilda taniqli fransuz yozuvchisi Amin Maalufning tarixiy-badiiy qiymatga ega “Samarqand” romani akademik Akmal Saidov tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilgani haqidagi faktni keltirish mumkin.
Sayohat kitobxon qalbidan boshlanadi
“Dunyo mamlakatlari”ni oʻqish jarayonida menda bir fikr tobora mustahkamlandi: dunyo haqida maʼlumotga ega boʻlish bilan dunyoni anglash oʻrtasida farq bor. Maʼlumot bizga mamlakat nomini, poytaxtini, aholisini aytib berishi mumkin. Ammo bir xalqning shoiri va adibi bilan tanishish – oʻsha xalqning qalbiga yaqinlashishdir. Yozuvchini oʻqish – uning kechmishini his qilishdir. Asarining tarjimasini mutolaa qilish esa – ikki til oʻrtasida bunyod etilgan koʻprikdan yangi olamga oʻtishdir. Kitobxonlik esa ana shu koʻpriklarni koʻpaytirishga xizmat qiladi.
Shu sababli men “Dunyo mamlakatlari”ni faqat jahon davlatlari haqidagi katta hajmli maʼlumotlar jamlanmasi sifatida emas, turli xalqlarning maʼnaviy qiyofasiga nazar tashlash imkonini beruvchi yaxlit asar sifatida qabul qildim. Bir suhbatimizda muallif kitobning 2027-yildagi yangi nashrini xorij davlatlaridagi qaysi shoir-yozuvchi qaysi asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingani va kimlar tomonidan oʻgirilgani haqidagi maʼlumotlar bilan toʻldirmoqchi ekanligini maʼlum qildi. Demak, bu adabiy sayohatlar yana teranroq tarzda davom etajak.
Ularning sahifalaridan mamlakatlar oʻtadi. Ularning ortidan shoirlar va yozuvchilar koʻrinadi. Ularning ortidan kitoblar, tarjimalar, adabiy anʼanalar keladi. Va nihoyat geografik xarita asta-sekin maʼnaviy xaritaga aylanadi. Menimcha, kitobning eng katta yutuqlaridan biri ham shu.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Laziz Rahmatovning bu kitobi esa ana shu anglash uchun yana bir eshik ochadi. Bu eshikdan kirgan kitobxon mamlakatlar haqida emas, inson haqida ham oʻylay boshlaydi. Ehtimol, kitobning eng goʻzal sayohati ham xaritadan emas, kitobxonning maʼnaviy xaritasi – goʻzal qalbidan boshlansa kerak.
Shodi OTAMUROD,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi,
shoir