Dunyodagi tadqiqot institutlarining ilmiy xulosalarida tojli virus chillasi (pandemiyasi) odamlarning ruhiy salomatligiga katta ziyon yetkazgani bot-bot taʼkidlanmoqda. 2020-yildan soʻng yurtimizda ham aholining, ayniqsa, ayollarning ruhiyati, yaqinlari bilan munosabatida muammosi koʻpaygan. Ruhiy buzilish, vahima va xavotirlar soni ortib, psixologlarga ehtiyoj kuchaygan. Inson shifo istab mutaxassisga murojaat qilsa-yu davo topsa, nur ustiga nur. Ammo soxta mutaxassisga yoʻliqib, ahvoli battar boʻlsa, bundan ortiq koʻrgulik yoʻq.
Oxirgi paytlar Oʻzbekistonda soxta psixologlar yomgʻirdan keyingi qoʻziqorinday koʻpaygani xavotirli. Ular ham aslida oydan tushmagan. Ularga uch yil burungi chilla va erkaklarga nisbatan ayollarning ruhiy yordamga moyilligi koʻproq qoʻl kelmoqda. Natijada ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini psixolog deb tanishtirayotgan firibgarlar minglab ayollarni osongina chuv tushirayapti. Psixologik yordam koʻrsatishni iddao qilayotgan shaxslarning aksariyati uquvsiz, tajribasiz, bilimsiz, zoʻrgʻa uch oylik kursni oʻqib chiqqan. Soxta psixologlarning nayranglarini bilib qolgan odamlar “Bizga psixologiya kerakmi?” degan savolni ham oʻrtaga tashlamoqda. Aslida psixologiya deganda nimani tushunish kerak? Keling, soha mutaxassislarining bu haqdagi fikrlarini oʻrganamiz.
Nargiza Sultonova (30 yosh), hisobchi:
– Oilaviy muammolarim sababli internetda mashhur boʻlgan bir psixologning qabuliga yozildim. Oʻzini psixolog atagan kimsa avvaliga muammolarimni eshitdi, hammasiga oʻzimni aybladi. Sizni oʻzgartiramiz dedi. Er va xotin munosabatimiz chetda qolib, atrofimda boʻlayotgan barcha dilxiraliklar, xotiralar tubida saqlanib yotgan ota-onam bilan aloqalarim, bolaligimdagi masalalar koʻtarilib ketdi. Xullas, hammasiga kelib chiqishim, genim va hokazolar aybdor emish. Oʻsha kuni yuragim ogʻrib, ruhan ezildim.
Oʻsha psixolog bilan uch dars ishlashim kerak edi. Ikki marta qabuliga bordim. Maslahatlarining koʻpiga tushunmadim. Boshida taqdirga tan berib yashash haqida rosa uqtirdi. Keyin hammasini oʻzgartirish oʻz qoʻlimda ekanini tushuntirdi. Savol beray desam, “Meni eshitishni istamayapsiz, qarshi chiqayapsiz, muammolaringiz shuning uchun ham koʻpayib ketgan, yana koʻpayaveradi” deya ogʻzimga urdi. Indamay eshitib oʻtirishdan boshqa ilojim qolmadi. Bir yarim soat vaqtni bir amallab oʻtkazdim. Bir million toʻrt yuz ming soʻm toʻladim. Tagʻin bu chegirmali narx ekan. Aslida odamlar uning qabuliga bir soatga bir million soʻm toʻlab kirarkan. Uchinchi darsiga borib oʻtirmadim. Muammolarim oʻzim bilan qolaverdi. Hozir pulim va vaqtim bekor ketganiga achinib oʻtiribman.
Matluba Tosheva (64 yosh):
– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Baxtiyor oila” kitobidan bugungi kunda koʻp psixologlar foydalanadi, hatto iqtiboslar keltiradi. Shu kitobni qoʻlingizga olib, bir marta eʼtibor bilan oʻqib chiqing, azizlar. Najotni psixologdan izlashga ehtiyoj qolmaydi. Chin musulmon kishida aslida psixologga ehtiyoj sezilmaydi. Hozir din ahkomlarini biladiganlar koʻp, amal qiladiganlar oz. Najot iymonda, sabr va qalb halovatida. Tushunaman, agar sizda qandaydir nasliy yoki ruhiy kasallik boʻlsa, bu yordam bermaydi. Bunday hollarda psixiatr yoki psixoterapevtga murojaat qiling, ijtimoiy tarmoqlarda ulkan oʻzgarishlarni vaʼda qilayotgan loʻttibozlarga emas.
Zarifboy Ibodullayev, Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, “Tibbiyot psixologiyasi” darsligi muallifi, tibbiy psixolog:
– Psixologiya oʻta murakkab va masʼuliyatli fan. Psixolog doimiy izlanishga, oʻz ustida ishlashga majbur. Bugun asl psixolog bilan ezoterik, parapsixolog kabi tushunchalar qorishib ketdi. Buddizm, nasroniylik taʼlimotlari asosiga qurilgan gʻoyalar, veda madaniyati guruhlari aqidalari ommaviy singdirila boshlandi. Unisidan bir chimdim, bunisidan bir chimdim olib, boʻtqa pishirib yotgan kishilar oʻzlarini bexijolat psixolog deb atashmoqda. Har xil mavzudagi maʼruzalarini internetga joylab, auditoriyaga taʼsir oʻtkazishga urinmoqda. Hozirgi axborot asrida insonlarning informatsiyadan taʼsirlanishi juda yuqori. Koʻpchilik koʻrgan va eshitgan axboroti taʼsirida uzoq vaqt qarama-qarshi fikrlar girdobida qolib ketayapti. Bir fikrga kelolmay, boshi berk koʻchaga kirib qolmoqda. Inson ruhiyati juda nozik masala. Beqaror inson turli fikrlar girdobida qolib ketsa, uni uyqusizlik, bezovtalik, vahima qurshab oladi. Hatto ayrim insonlar oʻsha maʼruzalarga bogʻlanib, zombiga aylanib ulgurgan. Bora-bora ruhiyatni shunaqa yopishqoq gʻoyalar va fikrlar oʻrab oladi. Inson turli bemaʼni axborotni doimiy eshitavergach, unga koʻr-koʻrona amal qilishga odatlanib qoladi.
Oʻzbekistonda parapsixologiya, ezoterika, psixogenetika kabi yoʻnalishlar juda ommalashib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta shunday guruhni kuzatish mumkin. Ularda pulga minnatdorchilik bildirish, koinotga yuzlanish, quyosh, oy kabi osmon jismlaridan soʻrash kabi maslahatlar berilmoqda. Oʻzi uch oylik kursda oʻqib chiqqan-chiqmagani nomaʼlum “psixolog”lar xizmat koʻrsatish bilan birga shogird tayyorlash kurslarini boshlab yuborgan. Bu kurslarda har oyda oʻndan ortiq ayol “professional” boʻlib yetishayotgan ekan. Vaholanki, oddiy bir kasbni mukammal egallash uchun yillar davomida oʻqish va malaka oshirish kerak. Qarangki, bu yerda inson ruhiyati bilan bogʻliq sohaga uch oy vaqt yetarli deb qaralmoqda. Ayniqsa, psixologiyada eng kamida fundamental bilimlar uchun universitetlarda professorlar toʻrt yil davomida talabalarga taʼlim beradi. Islom diniga mos kelmaydigan turli nazariyalar, mashqlar, seanslar oʻtkazish shunchalar oson ish boʻlib qoldiki, “Instagram” yoki “Telegram” kanallarida obunachi yigʻib olsa boʻldi.
Dildora Amirjonova, Toshkent tibbiyot akademiyasi doktoranti, tibbiy psixolog:
– Koʻpgina odamlar psixologlarga murojaat qilib yordam topmaganini aytishadi. Ayrimlar maʼlum vaqt oʻzgardim deb yurib, oradan bir yil oʻtib-oʻtmay yana battar tushkunlikka tushib qoladi. Bu odamlar psixologlar yoki psixoterapevtlarga emas, balki soxta ezoteriklarga duch kelgan. Psixologiya inson ruhiy jarohatlari va xafagarchilikdan xalos boʻlishida yordam bersa, ezoterizm har qanday muammoga yechim topishni vaʼda qiladi.
Odatda bemorlar ichki dunyosini tahlil qilishni kutadi, biroq soxta ezoteriklar ularni butkul boshqa koʻchalarga kiritib yuboradi. Koʻpincha ezoterizm boʻyicha kitoblar va treninglar psixologiya nomi ostida yashirinadi. Chunki inson ongida fan va tasavvur uygʻunligidagi formulalar tez ishonch qozonadi va yaxshi daromad keltiradi. Odamlar ilohiyot, moʻjiza kabi sirli bilimlarga bir tomondan qiziqsa, boshqa tomondan choʻchib turadi. Bu yerda ularga sirli jumboqlarni fan bilan bogʻlab, muammolarni hal qilish taklif etiladi. Bu ongga taʼsir qilish, ishonch qozonishning samarali usuli.
Ezoterizm hayotning sirli mohiyati haqidagi qarashlar tizimi. Sehr va moʻjizalarga ishontirishga usta. Bunday gʻoyalarga moyil va hayotning eng katta maʼnosini izlayotgan odamlar koʻpincha ezoteriklarga aylanadi. Soxta ezoteriklar insonning zaif tomonlarini qanday topishni yaxshi biladi. Sehrni oʻrgatadi, hayotga fikrlar bilan taʼsir qilish, pulni jalb qilish, tana quvvatini boshqarish kabilar haqida gapiradi. Munajjimlar bashorati, quyosh, oy, koinot va boshqa energiyalarga murojaat qiladi. Koinot qonunlariga rioya qilishni va tabiatga qaytishni soʻraydi. Oʻtgan ajdodlar, ota-onalar ruhi bilan ishlaydi. Shu yoʻl bilan oʻzbek ayollarining soddaligidan foydalanib pul topadi.
Bugun psixologiyaga otilayotgan toshlar va ishonchsizlik kayfiyatining asl sababi sohada nazorat yoʻqligidir. Masalan, kardiolog shifokor deyilsa, universitetda taʼlim olgan, oliy maʼlumotli, diplomi, bilimi va malakasi bor mutaxassisni tushunamiz. Psixolog ham xuddi shunday mutaxassis. U ham oliy taʼlim maskanida oʻqishi, psixologiyaning asosiy ilmidan xabardor boʻlishi kerak. Bu yerda umumiy psixologiya haqida gap borayapti. Odatda umumiy psixologiyada insonning ruhiyati qanday ishlashi, ruhiy tizimi, idrok etishi, sezgi, tafakkur, tasavvur kabi holatlari boʻyicha tushuntirishlar beriladi. Jamiyat psixologiyasi, oila psixologiyasi, bolalar psixologiyasi, insonning xarakteri, temperamenti degan tushunchalar bor.
Madina Joʻrayeva, “Muslimaat.uz” sayti psixologi:
– Din arbobi ilmni yaxshi oʻrganib, maʼlum bir ijozalarni qoʻlga kiritgach, odamlarga shariatni oʻrgatishi mumkin. Shu maʼnoda psixolog ham avval insonning ruhiyatini yaxshi bilishi zarur. Yaʼni, insonning ruhiy salomatligi va ruhiy buzilishlarini ilmiy jihatdan puxta oʻrganmaguncha hech kimning psixologlikka daʼvo qilishga haqqi yoʻq. Odam qalbini yanglish yoʻllarga burib yuborishning javobi juda ogʻir.
Qabuliga kelgan kishiga psixolog maslahat bermaydi. Toʻgʻri yoʻlni topishga yoʻnalish beradi, xolos. Bemorga tashxis qoʻyish uchun uni tinglaydi, muammolarini aniqlaydi va ruhiy yordam beradi. Psixologlardan bir soatda katta oʻzgarish yoki moʻjiza kutish – bemaʼnilik. Afsuski, buni hamma ham bilavermaydi.
Hozir koʻpchilik psixolog deganda, “koinotga oʻzidan qandaydir energiya yoʻllash”, “har kuni oynaga qarab, “men baxtliman” deb tinmay takrorlash”, “pul bilan suhbatlashish” kabi tuturuqsiz maslahatlar beradigan mahmadonalarni koʻz oldiga keltiradi. Tabiiyki, bu dunyobexabarlik soxta psixologlarga qoʻl keladi. Ular hech bir javobgarlik his qilmay, ommaviy seanslar, turli terapiyalarni bosib oʻtkazaveradi. Ochigʻi, bunaqa ishlar zamonaviy firibgarlikning bir koʻrinishidir. Oʻzgalarning tashvishidan foydalanib, jaraq-jaraq pul qilayotganlar hech kimdan qoʻrqmayotgani xavotir uygʻotadi kishida. Nima, odamlarni turli yolgʻonlar – “naslni tozalash”, “genetikani oʻzgartirish”, “pul chaqirish sanʼati”ga oʻxshash yuzlab ahmoqona mavzular bilan jalb qilayotganlarga shahar bedarvozami? Ularning faoliyatini mutasaddi tashkilotlar qatʼiy nazoratga olishi kerak.
Shoira Isoqova, oila va bolalar psixologi:
– Yurtimizda oliy oʻquv yurtlarida psixolog mutaxassislarni oʻqitish boʻyicha talay ishlar qilinmoqda. Qisqa vaqtda mazkur muammolarning ijobiy yechimi boʻladi, albatta. Shu kunlarda aholining psixologiyaga munosabatini oladigan boʻlsak, avvalo psixologiyaning hech qanday yoʻnalish yoki oqimga taalluqli emasligini aytib oʻtmoqchiman. Bu falsafadan ajralib chiqqan bir yoʻnalish va inson ruhiyatini oʻrganuvchi fan. Buni bilgan-bilmagan, oʻqigan-oʻqimagan odamlar ham omma oldiga chiqib, oʻzidan bir xaloskor yasay boshladi. Buning hisobiga ilmsiz, soxta psixologlar qatlami vujudga keldi. Yaʼni, ular pul evaziga biznes boshlab, inson ruhiyatini obyekt qilib olishdi. Aslida psixolog boʻlish uchun oliy taʼlim muassasasida oʻqish, eng kamida bakalavr, boʻlmasa magistr darajasi talab etiladi. Amaliyotda esa hech qayerda oʻqimagan yoki kimlarningdir ikki yo uch oylik kursida, seminarida qatnashib “sertifikat” olgan chalamullalar oʻzini psixolog sifatida tanishtirayapti. Oʻzlarini psixolog, ezoterik, motivator yoki boshqa nom bilan atab, bemor qabul qilishayapti. Oqibatda ruhiy bemorlarning ahvolini battar ogʻirlashtirib qoʻyishayapti. Pixologiyaning barcha uslublari ilmiy asosga ega, unda koʻp yillik taqdiqotlar natijasida yoʻlga qoʻyilgan metodlar qoʻllanadi. Umuman, shaxsni oʻrganmay, uning individual xususiyatlarini, ijtimoiylashuv jarayonlarini bilmay bu sohaga kirishish mumkin emas. Chunki bu soha insonning ruhini, ongini nafaqat yaxshi tomonga, balki yomon tarafga oʻzgartirib yuborishi ham hech gap emas. Ilmdan bexabar, oʻzlarining oʻy-xayollari va fantaziyalari asosida bemorlarni davolamoqchi boʻlayotganlar katta xato qiladilar.
Oʻzbekiston psixologlar assotsiatsiyasi aʼzosi Shoira Isoqovaning bildirishicha, hozir Adliya vazirligi bilan hamkorlikda bu borada hujjat tayyorlangan. Shu kunlarda psixologlar faoliyatini nazorat qiluvchi meʼyoriy hujjat ishlab chiqilishi kutilmoqda. Agar hujjat qonuniy kuchga kirsa, ijtimoiy tarmoqlardagi soxta psixologlar faoliyati oʻrganiladi va litsenziya masalasi oʻrtaga chiqadi. Yaʼni, soha qonun bilan qatʼiy tartibga solinadi.
Feruza RAIMJON qizi
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.
“Inson qalbi bilan hazillshamang” maqolasi