Hech oʻylab koʻrganmisiz, nega tilimizga xorijiy tilllardan kirib kelgan soʻzlarning aksariyati bir-biriga oʻxshash? Nima uchun baʼzi soʻzlarning imlosi va talaffuzida oʻxshashlik boʻlsa ham maʼnolarida tafovut bor? Ushbu maqolamizda oʻzlashma soʻzlardan ayrimlarinining oʻzaro yaqinligini koʻrib chiqamiz.
Bilamizki, konstitutsiya soʻzi lotinchada “oʻrnatish”, “belgilash”, “tuzish” degani. Bu soʻzning asosi esa kons (oʻy, fikr). Kons soʻzi oʻz navbatida bir necha mashhur atamalarga asos boʻlgan. Ular quyidagilar:
Konstitutsiya, konspekt, konsalting, konsul, konsultatsiya, konselyariya, konsepsiya, konsert, konsentratsiya, konstruksiya, konserva, konservator.
Konstitutsiya ingliz tilida oʻrnatilgan qonun yoki odatni bildiruvchi soʻz sifatida tuzilgan. Bu lotincha constitutes yaʼni, constituere soʻzining oʻtgan zamon feʼli boʻlib, “oʻrnatmoq” degan maʼnoni bildiradi, bu con- (“bilan, birga, birgalikda”) prefiksining statuere (“oʻrnatmoq yoki qoʻymoq”) feʼliga qoʻshilishi natijasida yuzaga kelgan.
Konspekt (lot. conspectus – koʻrib chiqish, umumiy koʻrinish, insho) – biror narsaning mazmuni haqida xulosa yoki qisqacha yozuv. Yozuvlarning bir joyda yigʻilishi, toʻplanishi ushbu soʻz yasalishiga asos boʻlgan.
Konsalting (ingliz tilida consult+ing) kelib chiqishi fransuz tiliga borib taqaladi. Fransuzcha “maslahatlashish” degan mazmunni anglatadi. Soʻz asosi consult boʻlib bu hozirgi konsul soʻzining paydo boʻlishiga olib kelgan. Ingliz tilida consult+ant koʻrinishida esa “maslahatchi” atamasini hosil qilgan. Bundan ushbu kalima oʻzbek tiliga oʻrnashgan konsul va konsultatsiya soʻzlari bilan oʻzakdosh ekani anglashiladi.
Konsul (lot. consul) – Qadimgi Rimda respublika davridagi eng yuqori saylangan lavozim. Rim respublikasidagi ikkita bosh magistraturadan biri consuleva (toʻgʻridan toʻgʻri lotin tilidan consul) deb atalgan. Dastlab, “Senat bilan maslahatlashuvchi”, keyinchalik “Qadimgi Rimdagi magistratura” maʼnosini anglatishda qoʻllangan. Bu kalom ham oʻz navbatida esa consulere (“oʻylab koʻrmoq, maslahat olmoq”) va consultation (“maslahatlashmoq, maslahat bermoq”) soʻzlarni yasashga asos boʻlgan. Hozirda konsul soʻzi “suveren davlat tomonidan oʻz fuqarolarining manfaatlarini himoya qilish va u yerda savdo qilish uchun chet elda yashash uchun tayinlangan agent” maʼnosini bildiradi.
Konsultatsiya lotinchadan consultativ “uchrashuv”, “maslahatlashish”, konsullar bilan tez-tez muhokama qilish” maʼnolarini bildiradi. Lotin tilida consultationem (“maslahat berish harakati”), nominativconsultatio (“yetuk mulohaza”) kabi iboralar keng isteʼmolda boʻlgan. Qadimgi lotin xalqlari senatni yigʻish, senatorlar majlisi kabi jumlalarni ifodalashda oʻtgan zamon oʻzagidan yasalgan harakat consultare (“maslahatlashmoq, maslahat soʻramoq” yoki mulohaza yuritmoq, obdon oʻylab koʻrmoq”) soʻzini ishlatishgan.
Konselyariya lotin tilidan kelib chiqqan. Uning kelib chiqishi haqida 2 xil faraz mavjud. Birinchi taxminga koʻra cancellaria, cancelli (“panjara”) boʻlib, u hokimiyat buyruqlarini eʼlon qiluvchi platformani anglatadi. Ikkinchi talqinga koʻrsa esa consulere (“oʻylab koʻrmoq”, “birga chaqirmoq”) mazmunida ishlatilgan. Bu jumlaning ildizi qadimgi lotin tiliga borib yetadi. “Uzoqroq maslahatlashish”, “tez-tez muhokama qilish” mazmunida conselere (con-“bilan, birga” + selere-“chaqirmoq, kengash”) kalimasi qoʻllangan. Bu kalom, shuningdek, proto hind va ibroniy tillarida “maslahatlashmoq” (sal-“olmoq, tutmoq”) maʼnolarini ifodalagan. Consulere senatum deganda “senatni yigʻish” nazarda tutilgan.
Konsepsiya soʻnggi lotincha “concipere” soʻzidan olingan boʻlib, “qabul qilish, tasavvur qilish” mazmunini ifodalaydi. Konsepsiya bu – ongda oʻylab topilgan gʻoya. Konsepsiya (lotincha conceptio – majmua, tizim) – 1) biror sohaga oid qarashlar, tamoyillar tizimi, fakt va hodisalarni tushunish, anglash va izohlashning muayyan usuli, asosiy nuqtai nazar; 2) adabiyotda – biror asarning asosiy gʻoyasi. Konsepsiya jumlasi “qoʻshma, yigʻindi, umumiylik” mazmunida lotin tilida paydo boʻlgan. Concipere “toʻplash; tasavvur qilmoq; chizmoq” maʼnolarida (con-“bilan, birga” + capere “olmoq; qabul qilish”) qoʻllangan. Protohind va qadimgi Ovroʻpa tillarida kap (cap) “ushlash” maʼnosini bildirgan.
Konsert italiyanchada paydo boʻlgan soʻz. Consert “tanlov (ovozlar)” degani. Qadimgi lotin tilida concertāre “raqobat qiling, bahslashing” degan mazmunni anglatgan. Bunda ham asos con (“bilan, birga”) boʻlib, unga qoʻshilayotgan certus “aniq” yoki cernere “ajratish, farqlash” maʼnolarini ifodalaydi. Proto hind va ibroniy tillarida krei (crei) soʻzi – “elakdan oʻtkazmoq, ajratmoq” kabi mazmunlarda qoʻllangan. Italyan tilida “ommaviy musiqiy ijro” maʼnosida, odatda, qismlarga boʻlingan musiqiy chiqish nazarda tutilgan. Soʻzning ildizi yana lotincha concentare “birgalikda kuylash” (con-“birga” + cantare-“qoʻshiq aytish”)ga borib taqaladi.
Konsentratsiya kalimasining yana bir maʼnosi lotincha “birlashish harakati”ni anglatadi. Vikipediyaning oʻzbekcha variantida ushbu atama lotincha (con-“birga”, centrum-“markaz”) – biror narsaning muayyan joyda toʻplanishi deya izohlangan. Kimyo fanida eritma yoki erituvchining maʼlum ogʻirlik miqdori yoki hajmida erigan modda miqdori konsentratsiya deyiladi.
Konstruksiya (lotincha: constructs – tuzilish, qurilish) – 1) mashina, inshoot yoki oʻzel va detallarning tuzilish sxemasi, shuningdek, mashina, inshoot, oʻzellar hamda ularning detallari. Konstruksiyada kerakli qism va elementlarining shakli hamda oʻzaro joylashishi, ularni biriktirish usullari, oʻzaro taʼsiri va qanday materiallardan yasalishi hisobga olinadi; 2) ilmiy yoki badiiy asarlarning tuzilishi (shu oʻrinda bu soʻz kompozitsiya atamasi bilan oʻrin almashgan); 3) bir sintaktik birlikni tashkil qiluvchi soʻzlar birikmasi. “Qurilish” soʻzi lotincha construere soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, uning oʻzi ham con-“birgalikda” va struere-“uyilib ketmoq” maʼnosini bildiradi. Ingliz tilidagi structure “qurilish”ni anglatishi ham soʻzning negizi con ekanidan dalolat beradi.
Konserva lotinchdana “xavfsizlikni saqlash, yoʻqotishdan yoki parchalanishdan saqlash” degani. Bu nom ham quyidagi koʻrinishda hosil boʻlgan: con-“birga” + serve-“saqlash”. Qadimgi fransuz tilida conserver, lotin tilida conservare “saqlash, saqlab qolish, butunlikni saqlash, qoʻriqlash” maʼnolarida qoʻllangan.
Konservator soʻzi izohli lugʻatlarda yozilishicha “qotib qolgan qarashlar tarafdori, taraqqiyot va oʻzgarishlarga qarshi” maʼnolarini bildiradi. Inglizchada bu soʻz quyidagicha izohlanadi: “birovning yoki biror narsaning manfaatlari yoki huquqlarini himoya qilish vakolati yuklangan mansabdor shaxs”. Soʻz asosi lotincha conservator (“qoʻriqchi, saqlovchi, himoyachi”) kalimasiga borib taqaladi. U ham konserva singari (con-“birga” + servere-“saqlang”) hosil qilingan.
Xulosa oʻrnida, yuqorida sanab oʻtilgan soʻzlarni umumiy birlik, birgalik mazmuni birlashtirib turibdi. Biz esa ularga kongress, konslager, konsern, kontingent, kontrabanda, kontrakt, kontakt kabi jumlalarning ham aloqadorligi bor degan fikrdamiz. Bunga keyingi maqolalarimizda batafsil toʻxtalamiz.
Anvar ESHNAZAROV