Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz tabiatiga mos barcha milliy, maʼnaviy qadriyatlarni, xalqimizning ezgulik, insonparvarlik, bagʻrikenglik kabi fazilatlarini oʻzida mujassam etgan.
Eʼtiborli jihati, mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani toʻliq roʻyobga chiqarish, inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchiligimiz bilan uygʻunligini taʼminlash, xalq manfaatlarini taʼminlash yoʻlida davlat organlari faoliyatiga tizimli va bosqichma-bosqich joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish hamda qonun ustuvorligini taʼminlash, shuningdek, jamiyat va har bir fuqaro hayotiga ularni tatbiq etish Yangi Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatining bosh maqsadiga aylangani jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini samarali bajarishga qaratilgan Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirayotgani davlatimizning xalqaro maydondagi obroʻsini koʻtarmoqda. Buning isboti sifatida Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashining aʼzosi sifatida faol harakati, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari hamda inson huquqlari masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachilar bilan yaqin hamkorligini aytish oʻrinlidir.
Darhaqiqat, yurtimizda inson huquqlariga oid xalqaro standartlarni amalga oshirish, ayniqsa ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berildi. Shuningdek, xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashib, qiynoqqa solishning oldini olish boʻyicha qonuniy asoslar shakllantirilgani, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berilganining eʼtirofi, desak boʻladi.
Konstitutsiyaning 20-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan oʻzaro huquq va majburiyatlar bilan bogʻliqdir.
Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʻyilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʻyishga hech kim haqli emas.Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi.
Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerak.
Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”, deb belgilanishining oʻzi ham bugungi davr talablariga aynan mosligini taʼminlaydi.
Har bir fuqaroning hayoti, huquqi davlat tomonidan qonuniy himoyalanishi esa, Konstitutsiyaning 23-moddasida quyidagicha, yaʼni “Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish toʻgʻrisida xalqaro huquq normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik qiladi”, deb qayd etilgan.
Eʼtiborli jihati esa, Konstitutsiyaning 24-moddasida belgilab qoʻyilganidek, “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq taʼminlanishi xalqaro huquq normalariga muvofiq himoyalanishi kafolatlab qoʻyildi.
Konstitutsiyamizning 13-moddasida: Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”, deb belgilangan.
Mana shu normalarni oʻzi ham Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish boʻyicha olib borilgan barcha harakatlar xalqaro hujjatlarga toʻliq mos kelishini tasdiqlaydi.
Barchaga maʼlumki, Oʻzbekiston BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqqan davlat boʻlib, dunyoda 2 mlrddan ortiq yoshlar masalasi, muammolarini dunyo hamjamiyati oldida huquqiy yechimga chaqirgan davlatdir.
Shuningdek, Oʻzbekiston, inson huquqlari boʻyicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qoʻshildi. Bu hujjatlarda Oʻzbekiston oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi va shartnomaviy qoʻmitalariga muntazam ravishda milliy maʼruzalarni taqdim etib kelmoqda. Mamlakatda Ekologik taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishlari boʻyicha Parij bitimiga qoʻshildi.
Bunday oʻzaro hamkorlik natijasida tashqi siyosatda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha aloqalarning butunlay yangi shakllari va natijalar qayd etildi. Jumladan, inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Oʻzbekiston “Samarqand ruhi”ni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqladi.
Islom hamkorlik tashkilotining Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Oʻzbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari doirasida xalqaro majburiyatlarini, shuningdek, ushbu tashkilot tomonidan taqdim etilgan paxta yigʻim-terim kampaniyasi monitoringi yakunlari boʻyicha tavsiyalarni bajarishi, shu jumladan, 2017 — 2020 yillarda Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha dasturning amalga oshirilishi xalqaro hamkorlar tomonidan ijobiy baholandi. 2022-yildan majburiy mehnat boʻyicha qoʻyilgan shartlarning bekor qilinishi strategik ahamiyatga ega boʻldi.
Natijada bugun “inson – jamiyat – davlat” tamoyili har bir insonni farovon yashashini taʼminlashi bilan birga, fuqarolarimiz dunyoning qayerida yashamasin, mehnat qilmasin, taʼlim olmasin davlat tomonidan tinch va xavfsiz hayotini, fundamental huquq va erkinliklarini himoyalash boʻyicha yangi huquqiy himoyalanish mexanizmlarining hayotda tatbiq etilayotgani xalqaro ahamiyatga ega vazifalarning amaliy ifodasidir.
Yuqoridagilarga qoʻshimcha sifatida “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning barcha BMTga aʼzo davlatlar qonunchiligidagi oʻrniga ahamiyat beradigan boʻlsak, mazkur xalqaro hujjatning yangilangan Konstitutsiya bilan hamohangligiga amin boʻlamiz.
Bugungi kunda yangilangan Konstitutsiyada qayd etilgan moddalar bilan 30 moddadan iborat boʻlgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining moddalari oʻzaro bogʻliq va uygʻun. Bu esa, “Yangi Oʻzbekistonda inson huquqlarining xalqaro va milliy qonunchilikdagi himoyasi”ni koʻrsatadi. Jumladan, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 3-moddasida “Har bir inson yashash, erkin boʻlish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir”, deb belgilangan.
Konstitutsiyamizning 25-moddasida “Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir. Shuningdek, Konstitutsiyaning 31-moddasida “Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega boʻlish, oʻz shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega. Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qoʻyishni va koʻzdan kechirishni oʻtkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi. Uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi”, deb belgilangan.
Demak, bugun biz yangilangan Konstitutsiyamizning fuqarolarimiz uchun huquq va erkinliklar kafolati hamda xalqaro huquq normalariga mosligini keng jamoatchilikka targʻib etish, hayotiyligini qonun ustuvorligi bilan koʻrsatishimiz ham qarz, ham farzdir.
Zero, har bir xalq, millat oʻz istiqloliga erishganidan soʻng jahonda yangi mustaqil davlat sifatida tashkil topganligi, maqsadi, kelajak istiqbollarini Konstitutsiya bilan mustahkamlaydi. Chunki dunyodagi mavjud konstitutsiyalarning barchasi ularni ijod etgan xalqning, millatning siyosiy tafakkuri, maʼnaviyati va madaniyati bilan uzviy bogʻliqdir.
Feruza MUHIDDINOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori.
"Maʼrifat" targʻibotchilar jamiyati aʼzosi.