Xabaringiz bor, oyina.uz “Vatandosh” rukni ostida xorijdagi oʻzbekistonliklar bilan maxsus suhbatlar uyushtirib kelmoqda. Nashrning navbatdagi qahramoni Janubiy Koreyada yashab, avtomobillar uchun mikrochiplar yaratish ustida ishlayotgan – samarqanlik Murod Qurbonov.

– Assalomu alaykum, suhbatga rozi boʻlganingiz uchun rahmat! Avvalo, Koreyaga ketish tarixingiz, nega aynan ushbu davlatni tanlaganingiz va bugungi faoliyatingiz haqida aytib bersangiz.

– Va alaykum assalom, taklif uchun sizga ham rahmat! Men Toshkent axborot texnalogiyalar universitetida bakalavr bosqichida oʻqib yurgan paytlarimda, oʻz sohasini sevgan talabalarning har ikkinchisi Januboy Koreya davlatida magistratura oʻqish haqida orzu qilardi. Sababi, ushbu davlat IT sohasi boʻyicha ilgʻor mamlakatlar qatorida turardi. Akalarim ham magistraturani chet davlatlarda oʻqishdi, tabiiyki ularga havasim ham kelgan. Bu fikrimni ota-onam qoʻllab-quvvatladi. Shunday qilib Janubiy Koreyaga yoʻl oldim.

Koreyslar yurtiga kelgach, 6 oy til kursida oʻqidim. Magistraturani bitirib, ayolimni Janubiy Koreyaga olib keldim. Turmush oʻrtogʻim ham arxitektura yoʻnalishida magistraturani tamomlagan. PhD bosqichini tugallagach, oʻz soham boʻyicha Airpont companyʼda menejer lavozimida ishlayman.

Hozirda kichik oilam ­– ayolim, 5 yosh oʻgʻlim, 1 yosh qizim bilan Janubiy Koreyada oʻzimizning moʻjazgina dunyomizda yashab kelmoqdamiz.

– Boshqa davlatga moslashib ketish qanday boʻldi? Shaxsiy tajribada oʻrganganlaringiz, qiyinchiliklar...

– Menimcha, Koreyaga endigina koʻchib kelganlarning hammasida “oʻxshamadi, qaytaman” degan xayol boʻlishi aniq. Oʻzim ham “Ingliz tilini bilaman, eplab ketaman”, degan shijoat bilan keldim. Qarasamki, umuman boshqa dunyo. Aholisi ingliz tilida deyarli gaplashmaydi (Koʻp oʻzbek talabalar xuddi men kabi ingliz tilini bilish darajasiga ishonib keladi). Mentalitet, hatto ob-havo ilk kayfiyatga taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi. Dastlab, oʻzimni qoʻlga oldim-da, til kursiga bordim. Koreyadagi yurtdoshlarimiz qoʻllab-quvatlab, qoʻshimcha ish ham topib berishdi, boshlanishiga haftada ikki kun ishlardim.

Koreyaga birinchi kelgan vaqtlarim narx-navoni soʻmga chaqib, “Juda qimmat-ku!” derdik. Odam musofirchilikda kun kechirishi osonmas ekan. Oʻz aravamni oʻzim torta boshlaganimda bildim ogʻirligini. Hali til kursining uchinchi oyini tugatmasdan “boʻldi, qaytaman”, degan fikr keldi. Magistraturadan ham voz kechdim. Hatto qaytishga biletimni ham olib qoʻydim. Koʻnglim toʻq, ketaman deb qatʼiy reja qildim. Oldimda esa bir hafta vaqtim bor. Koreyadagi oxirgi kunlarim-ku, dedimda, bor pulimga oʻzbek oshxonasida toʻyib ovqatlandim. Oʻsha kuni bir oʻzbek yurtdoshimiz ishga taklif aytib telefon qildi-yu, shu bilan ishga kirishib ketdim, Koreya esa bundan keyingi taqdirimizga aylandi.

– Toshkent axborot texnologiyalari universitetidan boshlangan taʼlim Koreyada qanday davom etdi?

– Oʻzbekistonda ekanimda Pukyong Milliy universitetidagi hozirgi professorim bilan e-mail orqali yozishib turardim. Toshkentdaligimda professordan rad javobini olgandim, chunki Janubiy Koreyada oʻqish u paytda qiyinlik qilardi. Koreyaga kelganimni aytib, professorga qayta xabar yozdim va ertasiga uchrashuvga chaqirdi.  U meni koʻtarinki kayfiyatda kutib oldi, suhbatimizdan keyin magistraturani oʻz laboratoriyasida oʻqishga taklif qildi. Bilasizmi, oʻshanda birinchi marta Oʻzbekistonga qaytib ketmaganimdan xursand boʻldim. Shundan keyin sekin-sekin hayot yengillashdi. Atrofni rangli koʻrishni boshladik.

– Koreyadagi ijtimoiy hayot, yashash tarzidagi ijobiy jihatlar, taʼlim tizimining bizdan farqlari haqida fikrlaringiz...

– Koreyslar oila, doʻstlik va jamiyatga katta eʼtibor qaratishadi. Anʼana va zamonaviylikning qandaydir uygʻunligi bor. Shunchaki ochiq havoda sayr qilishdan tortib, yoshlar yigʻilib boradigan karaokelar yoki har qadamda uchraydigan kafelar… Xullas, har yerida oʻziga tortuvchi nimadir bor. Koʻp hollarda uyimiz yaqinidagi parkka oilaviy kirsak, qandaydir festival yoki yarmarkaning ustidan chiqamiz. Shunaqa tinim bilmaydi bu yerning odamlari, doim nimadir boʻlayotgan boʻladi. Odamlarni yigʻib, shunchaki yaxshi xotira qoldirish uchun ham harakat qilishadi. Men buni shu jamiyat odamlariga nisbatan hurmat deb tushunaman.

Taʼlim tizimiga keladigan boʻlsak, oʻqishni endigina boshlagan vaqtimda meni hayratga solgan narsa – tashqi koʻrinish yoki kiyimga umuman eʼtibor berilmasligi boʻldi. Talabalarning darsga oddiy shippakda kelishiga shu darajada hayratga tushganmanki… Hatto professorlarda ham shu holat. Kim oʻziga nimani qulay deb bilsa, shuni kiyadi. Muhimi darsni oʻqib oʻrganish, topshiriqlarni bajarish. Talabalar ham ongli ravishda tushunadiki, oʻqish, bilim olish bu faqat va faqat oʻz kelajagi uchun muhim.

– Koreyada va Oʻzbekistonda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish oʻrtasida qanday farqlarni sezdingiz?

– Hammamizga maʼlumki AQSh, Yevropa, Yaponiya, va Janubiy Koreya davlatlarida taʼlim sifati juda yuqori va professor-oʻqituvchilarning hurmati baland, ular har doim oʻz ustida tinmay ishlaydi. Bu davlatlarda tadqiqot markazlari ham koʻplab topiladi. Janubiy Koreyaning ilmiy ish bilan shugʻullanayotgan talabalari asosiy vaqtlarini ilm olish va uni tatbiq qilishga sarflashadi, talabalar uchun ajratilgan laboratoriyalar zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan, ilmiy ish olib borayotganlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Eng asosiysi, talaba biriktirilgan professor tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Talabalardan faqatgina oʻz ilmiy ishi muammosini topib, unga yechim izlash talab etiladi, ortiqcha masalalarga jalb qilinmaydi. Tadqiqot davomida qiyinchiliklarga duch kelishingiz aniq, chunki siz yangilik ustida ishlamoqdasiz. Oʻzbekistonda Ilmiy markazlarning, yaʼni tadqiqot markazlarining kamligi, soha mutaxassislari yetishmasligini asosiy kamchilik deb ayta olaman. Bu borada Koreya kabi davlatlar bilan hamkorliklar yoʻlga qoʻyilsa, bizdagi iqtidorli talabalar ham bemalol oʻzlarini koʻrsata oladi.

Toʻgʻrisi, ilmiy-akademik faoliyatim asosan Koreyada oʻtgani uchun Oʻzbekistondagi vaziyatdan bexabarman. Oʻz tajribamdan aytadigan boʻlsam, magistratura, PhD, umumiy 5 yil mobaynida professorim aʼlo darajada qoʻllab-quvvatladi. Har hafta xonasiga chaqirib, kamchilik, muammolar haqida suhbatlashardik. Oddiy oʻtiladigan darslardan tortib, yoziladigan maqolalar, kurs ishlari, dissertatsiyamning qay ahvolda ekanini koʻrib chiqardik. Professor tanlash borasida omadim chopgan. Chunki, vaqti kelsa, ular oilam haqida ham qaygʻurardi. Professor har oy qoʻl ostidagi talabalarini yigʻib, oʻz nomidan mehmon qilardi, hech birimizni pul sarflashga qoʻymasdi. Bu koreyslarning talabalar oʻrtasida keng tarqalgan juda ajoyib “anʼana”si, desam ham boʻlsa kerak.

Oʻzbekistonga keladigan boʻlsam, bugungi kunda yurtimizdagi mashhur Artel kompaniyasini olsak, agar ushbu kompaniya ham oʻz Tadqiqot markazini tashkil etsa va u yerga  yosh olimlarni jalb qilsa, bu katta yutuq boʻladi. Sodda qilib aytganda, bora-bora Artel uchun tashqaridan kerakli qismlarni olib kelishga hojat qolmaydi. Bunday dasturlar uchun litsenziyalar ham qimmat boʻladi, albatta, lekin keyin oladigan foyda bundan yuqoqiroq. Bu kabi kompaniyalarni rivojlantirish uchun yurtimizda yetarlicha bilimga ega yoshlar bor, faqat ularga imkon va sharoit yaratish kerak.

– Tadqiqot ishingiz mavzusi avtomobillar uchun yaratilgan aqlli radar bilan bogʻliqligiga kelsak, mavzuyingiz qanchalik dolzarb? Koreya va Oʻzbekiston misolida ushbu yoʻnalishning oʻxshash jihatlariga ham toʻxtalsangiz.

– Tadqiqot ishim haqida ozgina tushuncha berib oʻtaman –  hozir dunyoda katta yoʻlda oʻzi bemalol harakatlanadigan avtomobillar deyarli yangilik emas. Mening soham esa shu avtomobillar harakatlanganda xavf-xatarning oldini olish, undan xabar beradigan datchiklar – toʻlqinlarni uzatadigan va qabul qiladigan chiplarni yaratish. Yanayam chuqurroq tushuntiradigan boʻlsam, oʻsha uzatiladigan va qabul qiladigan chiplarning ishlash samaradorligini oshirish. Asosiy ishim – hozirgi kunda ishlab chiqilayotgan avtomobillar uchun, – toʻqnashuv haqida ogohlantiruvchi radar ustida ishlaganman.

Ushbu ilovalarning barchasi haydovchilarning xavfsizligini yaxshilash, xavf tugʻilganda boshqaruvni oldindan bilish, odamlarning hayotini saqlab qolish va toʻqnashuvlarning ogʻirligini kamaytirish uchun tormoz tizimi va rulni boshqarishga qaratilgan. Avtotransport vositalarining kelajak avlodlari bir-birlari bilan oʻzlarining nisbiy pozitsiyalari haqida muloqot qilishlari, transport holati yoki ob-havo haqida bir-birlarini ogohlantirishlari mumkin boʻladi.

Ilmiy ishimni oʻrganish va tatbiq qilish davrida oʻrganganlarim aynan Avtomobil uchun emas, balkim, koʻplab sohalarda qoʻllanishi mumkin, faqatgina talab qilinadigan chastotaga (Hz) bogʻliq boʻladi. Koreyadagi pullik trassalarga kirishda toʻxtab puli toʻlanardi – katta yoʻlning yuzida har bir qator uchun alohida postga oʻxshagan butkalarda operatorga plastik kartochka yoki naqd pul uzatiladi. Endilikda shuniyam masofadan turib toʻlash yoʻlga qoʻyilgan. Avtomobilga qurilma oʻrnatiladi. Postga yaqinlashganda signal orqali ulanib, toʻlov avtomatik tarzda yechib olinadi. Bu hozirda aqlli avtomobillar uchun talabgor soha. Shu yoʻnalishni oʻzimizga olib kiradigan boʻlsak, bizda juda katta imkoniyatlar mavjud. Birinchi navbatda Oʻzbekistonda shaharlarni bogʻlaydigan va yuqori tezlikka javob beradigan sifatli yoʻllar qurilsa, haydovchilarga katta yengillik boʻladi. Qolaversa, barcha signal uzatuvchi va qabul qiluvchi qurilmalar, yaʼni WiFi, Bluetooth, Smartfon va androidlar uchun ham qoʻllansa boʻladi. Aytmoqchi boʻlganim, elektronika sohasida yuqoridagi kabi signallarni uzatish va qabul qilish uchun microchiplardan foydalaniladi, ilmiy ishim xuddi shu microchip bilan bogʻliq.

– Tadqiqot mavzuyingizdan kelib chiqsak, mutaxassis sifatida Oʻzbekiston uchun qanday takliflaringiz bor?

– Ochigʻini aytadigan boʻlsam, Oʻzbekistonda ham masofaviy maʼlumot almashish kundan kunga rivojlanib bormoqda va bu holatda biz toʻgʻridan toʻgʻri yangi texnologiyalarga murojaat qilamiz. Ammo bizda koʻplab qurilmalar chet eldan olib kelinadi. Misol uchun, aloqa kompaniyalarining uzatuvchi va qabul qiluvchi antennalari, uyingizdagi WiFi qurilmalari… Bularning barchasini oʻzimizda ishlab chiqarsak boʻladi va ancha arzonga ham tushardi. Buning uchun yuqorida aytganimdek, tadqiqot markazlari va imkoniyatlar boʻlishi kerak. Shunda biz ham oʻz yurtimizga Reasercher (yosh olim) sifatida oʻz hissamizni qoʻshgan, ota-onamiz bagʻrida faoliyatimizni davom ettirgan boʻlardik.

– Yon atrofdan eshitamizki, hozirda koʻplab oʻzbekistonliklar Koreyada, kimdir tahsil olish, – kimdir ishlash uchun ketgan. Millatdoshlarimiz qaysi sohalarda ustun, ular Koreyada nimalarga erishyaptilar?

– Yaxshi savol boʻldi, haqiqatdan Janubiy Koreyada koʻplab vatandoshlarimiz istiqomat qiladi, ularni turli xil sohada uchratishingiz mumkin. Janubiy Koreyaga Oʻzbekistondan ikki xil holatda kelishadi – talaba va muhojir boʻlib. Oʻz yoʻnalishlarini tugatib, yirik kompaniyalarda yetuk mutaхassis boʻlib ishlab kelayotgan vatandoshlarimiz judayam koʻp. Demak, oʻzbeklarning koʻpchiligi IT sohasidagi mutaxassislar, desam ham boʻladi, qolgan sohalarda esa ishga joylashish nihoyatda qiyin, shu sababli koʻpchilik IT ni tanlaydi.

– Koreya davlatining oʻzbek yoshlarini oʻziga qaratayotgan jihatlari nimada deb oʻylaysiz? Taʼlim tizimi asosiy sabab deyolamizmi?

– Shuni bildimki, Janubiy Koreyaga kelishdan oldin maqsadni aniq qilish kerak ekan, oʻqishga kelganlarning hammasi ham talabalik gashtini surmaydi, ayrimlari universitetni tashlab noqonuniy muhojirlik yoʻlini tanlaydi va jismoniy mehnat qilishadi, koʻproq pul ishlab topishga harakat qiladi, Oʻzbekistonda uy quradi, bir nechta avtomobil oladi, hozirgi kunda aksar yoshlarning fikri-xayoli shu boʻlib qoldi.

Boshqa xilda esa talabalar ham oʻqib, ham jismoniy mehnat qilishadi, dars soatlarini oʻzlariga maʼqul, ish soatlariga хalaqit qilmaydigan vaqtga qoʻydirishadi. Har holda oʻz xarajatlarini qoplaydilar. Lekin ikkala holatni ham birdek olib borish, ayniqsa, bakalavr talabalari uchun anchagina qiyinchilik tugʻdiradi. Sababi, kontrakt toʻlovlari qimmat va grantlar ham oz, bunday holatda taʼlimni oʻzlashtirish ancha qiyin. Ammo magsitratura va PhD talabalari uchun yengilliklar mavjud, universitet tomonidan grantlar ham koʻp, dars soatlari haftasiga 1 yoki 2 kun boʻladi, qolgan vaqtlarini mustaqil izlanishga yoki qoʻshimcha ishga jalb qilishi mumkin. Qolaversa, IT va Engineering sohasida laboratoriyalar mavjud, u yerda oʻz izlanishlarini olib borishi mumkin. Demak, Koreyaga kelayotgan har bir talaba til bilishidan tortib, universitetda oʻqishigacha rejalashtirgan boʻlishi kerak.

– Kelajakdagi rejalaringizni Oʻzbekiston bilan bogʻlaysizmi?

– Maqsadim yurtimizda elektronika sohasini rivojlantirish, yaʼni mikrochiplarni yaratish va ishlab chiqish sohasini olib kirish. Hozirgi qilayotgan ishim ham pullik avtomobil yoʻllari uchun avtomobilga oʻrnatiladigan chiplar ustida. Qoʻshimcha qilib shuni ham aytishim mumkin, yaqin kelajakda elektroavtomobillar simsiz quvvat olish qobilyatiga ega boʻladi, hozirda shu proyekt usida ham ishlamoqdaman. Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qoʻshish rejalarim bor.

Zulxumor ORIFJONOVA suhbatlashdi.

Oyina.uz