Qizalogʻining yigʻisidan Salima choʻchib uygʻondi. Darhol chaqaloqqa koʻkrak tutdi. Lekin bola yigʻidan toʻxtamadi. Uning xarxashasidan xavotirga tushgan ona darrov beshikning qoʻlbogʻini boʻshatdi. Shunda kichkintoy tinchidi. Kerishib, qoʻllarini oʻynata boshladi.
Chaqaloqning shirin qiliqlaridan mehri tovlanib ketgan Salima ohista uni beshikdan boʻshatdi. Terlab ketgan kiyimchasini avaylab almashtirdi. Qarasa, oq matodan tikilgan toʻshama, yostiq va qalin koʻrpacha ham nam boʻlibdi. Salima bolasining injiqligini shunga yoʻydi. Nam koʻrpachani deraza dorga ildi.
Beshik anjomlari quyosh nurida yanada tovlanib, silkinib turardi...
– Mana buni sen ilganmiding? – dedi eri uyga keliboq qoʻlidagini tutqazar ekan. Oʻtning ustida yotgan ekan. Koʻzimga issiq koʻringani uchun koʻtarib chiqdim.
Salima bir-ikkita sariq rangli kir qisqichga qaradi-da, “ha” dedi.
– Lekin butun edi-ku, – deya mehmonxonaga kirib derazani ochdi.
Qarasa, koʻrpacha tushib ketibdi. Pastga egilib qaradi, lekin hech narsa yoʻq. “Men hozir” dedi-da, tashqariga chiqib ketdi.
Atrofni sinchiklab qaradi, ammo koʻrpachani topolmadi. Pastki qavatdagi qoʻshnilardan, oʻynab yurgan bolalardan ham soʻradi. Ular esa kimdir koʻzi tushganiyu, biroq eʼtibor bermay oʻtib ketganini, yana boshqasi umuman koʻrmaganini aytdi.
Salima xomush boʻlib uyiga koʻtarildi. Zinadan chiqar ekan, koʻrpacha hali yangi ekanini oʻylab, bir emas, bir nechta qisqich bilan ilmaganiga afsuslandi. Ikkinchi qavatdagi qoʻshnisi Dilnozaning eshigi ochiq turibdi. U homilador, oy kuni yaqin. Salima eshikdan uni koʻrib, boʻlgan voqeani soʻzlab berdi.
– Voy opajon, afsuslanmang, koʻchadan oʻtgan-ketganlarning birontasi olib ketgandir. Qizingiz katta boʻlib qoldi-ku! Endi divanchasida yotsa ham boʻlaveradi. Nasib etsa, buvijonisi keyingi nabirasiga yangisini tikib beradi, – deya unga tasalli berdi...
Oradan bir necha oy oʻtdi. Bu voqea Salimaning yodidan ancha koʻtarilgan edi. Lekin…
Bir kuni yarim tunda eshik qoʻngʻirogʻi toʻxtovsiz jiringladi. Tirqishdan qarasa, haligi qoʻshnisi Dilnoza. Darhol eshikni ochdi.
– Salima opa, iltimos, bolamning isitmasi tushmayapti, erim uyda yoʻq. Shunga yordam soʻrab chiqdim, – dedi titragan ovozda.
“Yon qoʻshni, jon qoʻshni” emasmi, Salima zudlik bilan yordamga oshiqdi. Bolaning ahvolini koʻrib, darrov “Tez yordam”ga xabar berishdi. Soʻng, beshikda yotgan bolakayni yechishga kirishdi.
Shu mahal Salimaning qoʻllari joyida qotdi: ne koʻz bilan koʻrsinki, bir necha oy ilgari yoʻqotgan koʻrpachasi bolaning tagiga toʻshalgan. Tillarang yaltiroq koʻrpachaning bosh tomoniga tikib qoʻyilgan koʻzmunchoqli tumor ham, qizalogʻiga dori ichiraman deb, toʻkib yuborganda hosil boʻlgan dog‘ ham oʻsha holicha turardi. Ayol bir zum esankirab qoldi.
“Tez yordam” chaqirdinglarmi?” deya eshikdan kirib kelgan shifokor ovozidan Salima oʻziga keldi va ohistagina tashqariga qadamladi. Ortidan esa qoʻshni ayolning “Salima opa, shifokor keldi” degan ovozi eshitildi…
Dilfuza MAHKAMOVA.