Daryo toshib, qirgʻoqdagi qishloqlarni suv bosadi. Asov oqim bir ayolni ham yosh goʻdagi bilan oqizib keta boshlaydi. Juvon suvda dohiyning portretini koʻrib qolib, bolasini tashlaydi va dohiyning rasmini bagʻriga bosgancha amallab qirgʻoqqa olib chiqadi...

Hatto birlamchi oziq-ovqat mahsulotini doʻkonda navbatda turib xarid qilayotganlar “Biz baxtlimiz!” deya qoʻshiq aytdi...

Bizga uyalib, qoʻrqib yoxud ayab aytilmagan gaplar baribir ortimizdan baralla soʻzlanadi – ammo izoh-tushuntirish bermoq imkonimiz boʻlmaydi u mahal...

Mahallangizdagi holatni tanqid qilsangiz, “Loʻlidan botir chiqsa, oʻz kapasiga oʻt qoʻyadi”, deb yozgʻirishadi...

Shuning uchun ular xalqqa emas, mansabdorlarga yoqadigan qarorlar qabul qilish, yiqiladigan yeriga somon toʻshab qoʻyishni maʼqul koʻradi...

Toʻgʻri, bu hol hech birimizga yoqmaydi, lekin nachora, oyni etak bilan yopib boʻlmaydi...

Bu – tiz choʻkib qilinadigan qaroqchilik, itoat niqobidagi hujumdir...

Germaniyaga borganimizda prokuratura, sud, parlamentda uchrashuvlar oʻtkazdik. Oʻzbekchilik – chopon, doʻppi, pichoq kabi sovgʻalar olib borganmiz. Qaysi idoraga kirib rahbariyatiga hadya topshirsak, negadir sovgʻani rad etadi...

Taniqli jurnalist Karim Bahriyev dolzarb savollarga javob beradi.

– Karim aka, puturdan ketgan imoratning peshtoqini boʻyash bilan demokratik jamiyat qurib boʻlmasligi kundek ravshan. Bu borada bahs ketganda, bir toifa zamondoshlarimiz xalqimiz hali demokratiyaga tayyor emas, binobarin, erkinliklarni bosqichma-bosqich berish kerak, degan nuqtai nazarni oyoq tirab himoya qiladi. Boshqa bir guruh esa demokratiya – Gʻarb tafakkuri mahsuli, birovning eski kovushini sudramoq chikora, deya eʼtiroz bildiradi. Siz demokratiya mavzusida oʻnlab maqola-yu risolalar yozgansiz, taʼbir joiz boʻlsa, sochingiz ana shu qadriyat himoyasi yoʻlida oqardi. Xalqimiz chindan ham erkinliklarni oqilona tasarruf etishga tayyor emasmi? Ingliz adibi Jorj Oruellning oʻzingiz oʻzbek tiliga oʻgirgan va qoʻlma-qoʻl oʻqilayotgan “1984” romanida “Insoniyat “Erkinlik kerakmi yoki baxt?” tarzidagi tanlovga roʻbaro‘ keladi. Aksar koʻpchilik erkinlikdan koʻra baxtli boʻlmoqni afzal koʻradi” degan fikr bor. Bu yorug‘ olamda odamzod erkinliksiz ham saodatmand hayot kechirishi mumkinmi?

– “Puturdan ketgan imoratning peshtoqini boʻyash bilan demokratik jamiyat qurib boʻlmasligi” ayni haqiqatdir – buni dunyo tarixi, jumladan, oʻz yaqin kechmishimiz ham isbotladi. Konstitutsiyasida demokratik huquqiy davlat deb eʼlon qilingan bir yurtda soʻz erkinligining cheklanishi, aybsiz insonlarning qamalishi, mahbuslarga gʻayriinsoniy munosabatlar, xalq nasibasi boʻlgan budjetning talon-toroj qilinishi kuzatildi. Agar demokratiya poydor boʻlganida, biz bu fojialarni koʻrmas edik.

Xalqimiz hali demokratiyaga tayyor emas, degan qarash nomaqbuldir. “Kelajagimiz – huquqiy demokratik davlat”, “Buyuk kelajakka bosqichma-bosqich boramiz” qabilidagi gaplar puch ekanini koʻrmadikmi?! Mustaqillikning ilk yillarida erishilgan erkinliklarni “bosqichma-bosqich” yoʻqotmadikmi?!

Demokratiya va inson huquqlari – birbutun universal tizimdir: uning unsurlarini oldinma-keyin joriy etib boʻlmaydi; bu chala homiladorlikdek gap. Masalan, soʻz erkinligini muayyan mavzularga tatbiq qilib, boshqasini tilga oldirmaslik oʻsha daxlsiz sohaning barbod boʻlishiga olib keladi. Yoki iqtisodiyot islohot etilsa-yu, siyosatda oʻzgarishlarga yoʻl berilmasa, alaloqibat iqtisodiyot ham inqirozga yuz tutadi. Negaki, haqqoniy siyosiy raqobat va kuchli fuqarolik jamiyati boʻlmagan, soʻz erkinligi jilovlangan muhitda korrupsiya va tanish-bilishchilik, qavm-u qarindoshchilik ildiz otadi.

Xoʻsh, nega demokratiyaga tadrijiy yoʻl bilan oʻta olmadik? Aksincha, yildan-yilga inson huquqlari doirasi toraydi, xalq zabun holga tushdi. Sabab shulki, siyosiy raqobatning yoʻqligi iqtisodiyotda suiisteʼmolchiliklar, xalq mulkining bir toifa shaxslar tomonidan tasarruf etilishi, yerosti hamda yerusti boyliklari talanishiga olib keldi; bunga qarshi chiqqan muxolif va haqgoʻylar taʼqibga uchradi. Agar soʻz erkinligi berilib, siyosiy raqobatga yoʻl ochilganida, jamoatchilik bularning bari xususida hisob talab etardi. Balki shu vajdandir, sobiq davlat rahbari demokratiyaga roʻyxushlik bermadi, pirovardida esa oʻz xatolarining asiriga aylandi.

Xayriyatki, hokimiyat oʻzgarib, barcha sohalarda islohotlar eʼlon qilindi. Oʻtmish xatolari tan olindi, inchunin, kechmish davr “qoʻrquv saltanati” boʻlgani eʼtirof etildi.

Demokratiya – Gʻarb tafakkuri mahsuli, degan fikr xuddi Magʻrib va Mashriqni ayro tasavvur etish kabi nisbiydir. Yer yumaloq boʻlgani bois uning har nuqtasi markazdir – agar sharqdan gʻarbga qarab yuraversangiz, yana harakat boshlagan joyingizga qaytib kelasiz. XX asrda aksar demokratik davlatlar Gʻarb deb atalmish hududlarda boʻlgani bois shunday qarash yoyildi. Demokratiya soʻzi ham, oʻzi ham qadimgi yunonlardan keladi. Hokimiyat taqsimlanishi tamoyili esa Gʻazzoliyning “Kimyoi saodat”i va “Ihyou ulumiddin”idayoq maʼlum maʼnoda aks etgan.

“Demokratiya – Gʻarbniki” degan fikr eskirdi. Jahonning kuchli demokratik davlatlari bugun Sharqda. Tabiiy boyliklari boʻlmasa-da, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya – eng farovon yurtlardir. Iqtisodiy ravnaqi sabab ular “Osiyo yoʻlbarslari” degan nom oldi.

Demokratiyaning negizini adolat tashkil qiladi. Eng yirik demokratik davlatning valyutasiga “Adolat bu – Xudodir” deb yozib qoʻyilgan. Amir Temurning qilichida ham “Adolat  bu – kuchdir, qudratdir” degan hikmat darj etilgani maʼlum.

Siyosiy mohiyatiga koʻra, demokratiya – xalqning erkin saylov va vakillar orqali davlat boshqaruvidagi ishtiroki; hokimiyat tarmoqlarining mustaqilligi va faqat qonunga itoat qilishidir. Huquq va burch nuqtai nazaridan esa fuqarolarning oʻz taqdirini oʻzi belgilashi, oʻz  hayoti uchun masʼuliyatni zimmasiga olishi demak. Xoʻsh, xalq bunday haq-huquqlarni rad etadimi? Uni tinimsiz ezgʻilab, mol-mulkini talashlari, taqdirulamal masalalarni uning ishtirokisiz hal etishlarini istaydimi?! Yoʻq, albatta!

Nazarimda, “demokratiyaga tayyor emasmiz” degan daʼvo xalq moli va mehnatini bebiliska istifoda etishni koʻzlaganlarning bahonasidir. Hayotiy misol keltirsam: mashina haydashni oʻrganish uchun ulovga oʻtirish, chambarakni tutib, yoʻl yurib koʻrish kerak boʻladi. Xalq ham demokratiyaga oʻrganishi uchun oʻsha muhitda yashay boshlamogʻi darkor. Deylik, hokimlarni saylash yoʻlga qoʻyilsa, dastavval ayrim nomzodlarni tanlashda xatolar boʻlar, lekin xalq albatta buni ham oʻrganadi. “Hali tayyor emasmiz” desak, hozirlik jarayoni xuddi “buyuk kelajak”ni kutganimiz kabi avlodlar umri qadar choʻzilaveradi.

Demokratiya adolat tamali oʻlaroq chinakam farovonlikka xizmat qiladi. Eʼtibor bering, moddiy zaxiralari boʻlmasa-da, demokratik davlatlar boy va farovon; yerosti-yerusti boyliklari moʻl, raiyati mehnatkash oʻlkalar esa totalitar va avtoritar tuzum tufayli qashshoq va huquqsizdir.

Mashhur “1984” romanida bahs etilgan erkinlik va baxt tanlovi xususidagi fikrni yodga oldingiz. Bu – barchani teng, baxt-saodatli etmoqni eʼlon qilgan sotsialistik tuzum oxir-oqibatda diktaturaga aylangani haqidagi romandir. Shoʻro hukumati balandparvoz shiorlarni niqob etib millionlab insonlar yostigʻini quritdi. Birlamchi oziq-ovqat mahsulotini ham doʻkonda navbatda turib xarid qilayotgan tobeinlariga “Biz baxtlimiz!” degan qoʻshiqni ayttirdi. Behbudiy, Choʻlpon, Fitrat, Qodiriyni qatl etib, buyuklarimizni surgun va qamoqqa hukm qilarak, omon qolgan qalamkashlarni “adabiyotning gulisiz” deb avradi. Ularni “Koʻp ajoyib yurtimiz bor: yarmi – jannat, yarmi – bog‘”, “Assalom, rus xalqi – buyuk ogʻamiz” deya madhiya oʻqimoqqa majburladi...

Odamzod erkinliksiz saodatmand hayot kechirishi mumkin emas. Bu – hayvoniy, nafsoniy saodatdir, aslo insoniy emas!

– Keyingi yillarda mamlakatimizda roʻy bergan eʼtiborga molik hodisalardan biri fikr aytish erkinligining koʻz ochgani boʻldi. Uzoq vaqt qorongʻi yertoʻlada oʻtirgan odam quyoshga birdan tik qaray olmasligi ayon. Chorak asr mobaynida sukut saqlamoqqa odatlangan jamiyat ahli ham tutilib-duduqlanib boʻlsa-da, oʻz fikrini ayta boshladi. Soʻz va matbuot erkinligi jabhasidagi umidbaxsh oʻzgarishlarni xalqaro tashkilotlar ham eʼtirof etayotir. Ayni choqda, sergak-hushyor torttirmogʻi lozim boʻlgan xavfni ham aytmasak boʻlmaydi. Bir muddat pana-pastqamda biqinib turgan maddohlik, qulluqbozlik kabi illatlar soʻnggi vaqtlarda yana bosh koʻtarib qoldi. “Tanqid va oshkoralik toʻxtagan joyda hamd-u sano, maddohlik va pinhonalik boshlanadi” degan edi Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov. Darhaqiqat, maddohlik ildiz otgan yurtga dushman qoʻshin tortishi ham shart emas, yolgʻon-u oʻtrikning oʻzi oʻlkani gʻorat qiladi. Birov xushomadgoʻylarning boshidan tuproq sochishni, boshqa birov maddohlikni qonun yoʻli bilan taqiqlashni taklif etayotir. Sizningcha, bu illatga qay yoʻl bilan barham bersa boʻladi?

– Yolgʻon, avvalo, katta gunoh; rost esa savobdir. Yaratgan “Iymonli boʻlingiz va rost soʻzlangiz” deya amr etadi (Qurʼoni karimning “Azhob” surasi). Demak, rost soʻzlamoq – iymonning asosiy shartlaridan biri. Imom Molik rivoyat qilgan hadisi sharifga koʻra, bir kuni sahobalar “Ey Ollohning Rasuli, moʻmin qoʻrqoq boʻlishi mumkinmi?” deb soʻrashdi. “Ha, boʻlishi mumkin”, dedilar u zot. “Ey Ollohning Rasuli, moʻmin baxil boʻlishi mumkinmi?” deya savol berildi. Paygʻambarimiz (s.a.v.) yana tasdiqladilar. “Moʻmin yolgʻonchi boʻlishi mumkinmi?” deb soʻralganda esa,  “Yoʻq!” deya qatʼiy javob berdilar.

Soʻz erkinligi insonning asosiy haq-erkinliklaridan sanaladi. U davlatlar va xalqlar taqdirida hal qiluvchi kuchga ega. Shoʻro saltanati ham soʻz erkinligi va oshkoralik zarbidan quladi. Imkon berilishi bilanoq mazlumlar yurti, millati, dini-yu tiliga sohib chiqib, qafasda yashashni istamasligini baralla aytdi. Ulkan shoʻro oʻrdusi, qatagʻon tizimi, tashviqot mashinalari hali harakatda edi, ammo qayta uygʻongan oʻzlikka dosh berolmadi.

Soʻz erkinligi – zolim tuzumning dushmanidir, u adolatsiz tartibotni qulatadi. Soʻz erkinligi – odil davlatning doʻstidir. Adolatli tuzumlar soʻz erkinligidan qoʻrqmaydi, rost soʻzlaganlarni qatagʻon qilmoqqa zarurat ham boʻlmaydi. Adolatsizlik kuchaygani sari soʻz erkinligi sarhadi toraya boradi, yolgʻon-u maddohlik avjiga chiqadi. Laganbardorlik – tiz choʻkib qilinadigan qaroqchilik, deydilar. Chunki maqtayotgan shaxs maqtalayotgan odamdan boylik, mansab yoxud unvon tama qiladi. Sirasi, maddohlik – itoat niqobidagi hujumdir. Maqtalayotgan insonning oʻzi ham oʻtriklarga mahliyo boʻla boshlashi esa chin fojia...

Inson rost soʻzni aytmogʻi kerak. Biz miyasi va zaboni bor xilqat, tili va madaniyati bor millat vakili sifatida million yillardan beri mavjud boʻlgan va yana ehtimol million yillar davom etadigan bu dunyo hayotida oldingilar koʻrmagan, keyingilar ham koʻrmaydigan bir davrning shohidi ekanimizni teran mushohada etmogʻimiz darkor. Nodirai davronning “Maqsad na edi jahona kelding? / Kayfiyatini bayon etib ket” degan daʼvatini eslang. Imom Gʻazzoliy esa “Kimyoi saodat”da masalani yanada keskin qoʻyadi: “Xullasi kalom buki, hech nimarsa oʻzingga oʻzingdin yovuqroq ermastur. Vaqtiki oʻzingni tanimasang, oʻzgani nechuk tanigʻaysan? Hamono aytursanki, oʻzimni tanurmen. Gʻalat qilursanki, bu nav’ tanimogʻliq Haq subhonahu va taoloni tanimoqgʻa sabab boʻlmaski, chahorpolar ham oʻzlarini bu nav’ tanurlar. Ey inson! Zohiringni tanimoqda bosh, yuz, qoʻl, fut va goʻshtdin oʻzgani tanimassen. Botining ahvolidin munchalik bilursenkim, vaqtiki och boʻlsang, non yersen. Va tashna boʻlsang, suv icharsen. Vaqtiki, gʻazabing kelsa, bir kishiga izzo berursen. Va shahvat gʻolib kelsa, xotun olursen. Va hama chahorpo va hayvonlar bu ishlarda sening birla barobardurlar. Bas, senga lozimdurki, haqiqatingni talab qilgʻaysen,oʻz asling ne nimarsadur va ne yerdan kelibsen va ne yerga borgungdur? Bu olam manzilgohiga nima ishga kelibsen va seni nima uchun ofarida qilibdur? Saodating ne ishdadur?”

Nazarimda, oʻzligimizga doir shu kabi savollarni javobsiz qoldirib ketmoq noravo. Inson oʻzini mudom hali-veri oʻlmaydiganday tutadi. Bir donishmand ayol “Umrimning toʻrtdan uch qismini “Hali hammasi oldinda! Hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi” deb oʻtkazib yuboribman” degan edi nadomat ila. Shoir Bulat Okujava esa “Mana, kun ham oʻtdi... Oʻtar umr ham. Tuproqqa tusharmiz bargixazonday...” deb yozadi. Ayrim narsalarni hozir mavridi emas deb, aytmay yuramiz. Xoliqi olam umr chirogʻimizni shamni shamol oʻchirgandek nogoh soʻndirsa-chi?..

Bizga uyalib, qoʻrqib yoxud ayab aytilmagan gaplar baribir ortimizdan baralla soʻzlanadi – ammo izoh-tushuntirish bermoq imkonimiz boʻlmaydi u mahal. Shuning uchun rost soʻzimizni bugun aytib ketganimiz maʼquldir.

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor – aytilgan soʻz munosib qabul qilinmogʻi muhim. Mahallangizdagi holatni tanqid qilsangiz, “Loʻlidan botir chiqsa, oʻz kapasiga oʻt qoʻyadi”, deb yozgʻirishadi. Mamlakatdagi kamchiliklarni yozsangiz, mamlakat obroʻyini toʻkish va hatto “xoin”likda ayblanasiz. Holbuki, maqsad-muddaongiz – mahallani, yurtingizni kamchiliklardan xoli koʻrmoq, xolos.

Rost gapirish insonning birlamchi majburiyatidir. Birovni aldash, koʻzni loʻq qilib yolgʻon soʻzlash unga nisbatan hurmatsizlikdir. Bir kishiga aytilgan yolgʻon kechirilmas ekan, butun bir xalqni aldash-chi?! Bu nafaqat xalqqa nisbatan nopisandlik, Yaratganning amriga qarshi chiqish hamdir. Zero, muqaddas kitobda aytilganidek, Olloh rostgoʻylarni sevadi.

Rivoyat qilishlaricha, saljuqiy hukmdor sulton Sanjarning saroyida Muiziy degan shoir boʻlar ekan. U hukmdorning oʻtirib-turishi, yegan taomi, kiygan libosigacha madh qilib yurarkan. Bir kuni sulton aʼyonlari safida Muiziyni ham ovga olib ketibdi. Shikor vaqti hukmdor kiyikni otaman deb Muiziyni otib qoʻyibdi. Jarohatlangan shoirni koʻtarib saroyga olib kelishibdi. Oʻq oʻz hunarini koʻrsatibdi. Oʻlim toʻshagida yotganini his etgan Muiziy shohni chaqirishlarini soʻrabdi. Sulton Sanjar “Oʻladigan boʻlsa, holidan xabar olganim boʻlsin” debdi. Hukmdor  yoniga kelishi bilan maddoh shoir sulton otgan oʻqni madh etib, ashʼor oʻqibdi va joni uzilibdi. Oʻsha soʻnggi sheʼr mazmuni bunday ekan: “Siz otgan oʻq shunday chiroyli uchdiki, unga mahliyo boʻldim, oʻqingiz unga koʻngil berganimni sezdi shekilli, mening koʻksimdan joy oldi”.

Chingiz Aytmatov shunday hikoya qilgan: “Rus tilida chiqadigan bir koreys jurnalida Koreyaning shimoliy qismini yaqin yarim asr boshqargan va tirikligidayoq ilohiylashtirilgan Kim Ir Senga bogʻliq bir voqeani oʻqib qoldim. Bir kuni daryo toshib, qirgʻoqdagi qishloqlarni suv bosadi. Asov oqim bir ayolni ham yosh goʻdagi bilan oqizib keta boshlaydi. Juvon suvda Kim Ir Senning portretini koʻrib qolib, bolasini tashlaydi va dohiyning rasmini bagʻriga bosgancha amallab qirgʻoqqa olib chiqadi. Jurnal juvonning bu ishini oliy vatanparvarlik deb atabdi”.

Mana – laganbardorlik, maddohlikning dahshatli oqibati! Shaxsga sigʻinish, jamiyat hayotini oʻta siyosiylashtirish va bir gʻoyaga boʻysundirish siyosiy manqurtliklarni tugʻdiradi. Ha, cheksiz hokimiyat oxir-oqibat odamlarni oʻz mustaqil qarashidan, insonlik shaʼnidan mahrum etadi. Bu illatga qarshi kurashish uchun har namoyon boʻlganida uni fosh qilmoq, odamlarni hushyorlikka daʼvat etmoq lozim.

– Demokratik davlatlarda parlament muhim oʻrin tutadi, kezi kelganda, hokimiyatning boshqa boʻgʻinlarini jilovlab-tergab turadi. Ikki yil avval ulkan umidlar bilan yangi parlamentni sayladik. Afsuski, qonunchilik idorasi elektorat ishonchini toʻliq oqlay olmayotir. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, bamisoli porox solingan idish deysiz! Yurtdoshlarimiz monopoliyadan tortib korrupsiyaga qadar – jamiyat taraqqiyotiga gʻov boʻlayotgan katta-kichik muammolar haqida bong urmoqda. Aksar deputat-u senatorlarimiz esa toʻni yamoq, qoʻli qadoq raiyat gʻam-tashvishidan bexabar goʻyo. Parlament majlisida mudrab oʻtirgan vallamatlarni koʻrib, bular yanglishuv sabab saylanib qolibdi-da, degan xayolga borasiz. Siz oʻtgan asrning dolgʻali yillarida deputat boʻlgansiz. U yillar parlamenti faoliyati zarbulmasal ham boʻlib ketgan. Bugungi qonunchilik idoramiz aʼzolari chinakam xalq noibi sifatida faoliyat yuritishiga nima toʻsqinlik qilyapti ekan?

– Avvalo, parlament demokratiyasining asl mohiyatini aniqlashtirib olsak. Davlat – jamiyat uchundir, xalq va inson uchundir. Shu jihatdan, “Kuchli davlatdan – kuchli jamiyat sari” degan daʼvat ahamiyatli edi. Afsuski, jamiyatimiz hanuz oʻz haq-huquqiga toʻliq sohib va talabgor emas, kezi kelganda kuchli davlat qarshisida zaif boʻlib qolayotir.

Xalq irodasi aks etmogʻi uchun parlament tarkibi elektorat, yaʼni saylovchilarning istaklariga uygʻun kelishi kerak. Bu asosan partiyalar vositasida amalga oshiriladi. Xalq orasida biznesmenlar koʻp boʻlsa, qonunchilik idorasida tadbirkorlar yetakchilik qiladi; dehqonlar koʻp boʻlsa, qishloq xoʻjaligi vakillari ustun keladi; milliyatchilik kayfiyati kuchli boʻlsa, milliy harakat tamsilchilari asosiy oʻrin egallaydi. Saylov qancha erkin boʻlsa, parlamentda xalq irodasi shu qadar aniq aks etadi. Oʻz istaklari parlamentning yuksak minbarida aks sado berayotgani, uning manfaatlariga mos qonun-qarorlar qabul qilinayotganiga ishonch hosil qilgan xalq norozilik namoyishiga chiqmaydi. Demak, risoladagi parlament tinchlik va barqarorlikka ham zamin hozirlaydi. Aks holda, dardi ichida qolgan olomon tahlikalidir. Binobarin, xalq saylovga jiddiy yondashishi, anglagan holda ovoz berishi shart. Jorj Oruell “Zolim, johil, badniyat kimsani saylagan xalq uning qurboni emas, hamtovogʻidir” deganda haq edi.

Oʻtgan asrning 80-yillaridagi parlamentni yodga oldingiz. Oʻsha kezlar saylov bir qadar erkin oʻtgan va unda jamiyatning keng qatlami qatnashgan. Qolaversa, u – shoʻro davlati zaiflashgan, jamiyat oʻz kuchini anglay boshlagan sharoitda saylangan parlamentdir. Saylov oldidan besh yil “qayta qurish va oshkoralik davri” kechgan, yaʼni soʻz erkinligi va siyosiy plyuralizm sharoitida shaxslar oʻzini namoyon qilishi, siyosatchilar yetishib chiqishi, xalq ularni tanishi uchun muddat va sharoit boʻlgan edi. Salmoqli qismi erkin fikrli, elparvar, oriyatli deputatlardan iborat parlament yurt mustaqilligi va prezidentlik respublikasini eʼlon qildi, Konstitutsiya va besh yuzga yaqin qonunlarni amalga kiritdi.

Saylovni bir kun yoki uch oy (nomzod ilgari surishdan ovoz berishgacha) deb oʻylash xatodir. Aslida, ovoz berish oʻtgach, besh yildan soʻng boʻladigan keyingi saylov mavsumi boshlanadi. Demak, elektorat ishonch bildirgan vakillarining soʻzi-yu amalini baholab borishi, koʻrib-kuzatib yangi nomzodlarni tanlashi kerak. Munosib nomzod lop etib saylov kunida chiqmaydi, u yillar boʻyi tarbiyalanadi.

Ehtimol, fikrim bahsli tuyular, ammo hozirgi parlamentimizda bir guruhgina haqiqiy deputat bor, xolos. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu deputatlarni ilk sessiyada nomma-nom sanab, ularning qatʼiyatini eʼtirof etdi. Qonunchilik idoramiz aʼzolarining saviya-darajasi meni ham koʻpdan buyon oʻyga toldiradi. Sabab-omillar bisyor, men bir qismini aytaqolay.

Birinchidan, amaldagi deputatlar mavjud firqalar ilgari surgan nomzodlardir. Rasmiy partiyalarimizning dasturlari deyarli bir xil, ijro hokimiyatining qarorlariga koʻpincha eʼtiroz ham bildirilmaydi. Menimcha, chinakam raqobatchi firqalar ham roʻyxatga olinishi, ilgari boʻlgani kabi, mehnat jamoalari, aholining tashabbuskor guruhlari koʻrsatgan, biror partiya aʼzosi boʻlmagan nomzodlarga ham saylanish huquqini berish kerak. Oʻzbekistonda jami partiya aʼzolari bir millionning nari-berisida boʻlsa, aholining katta qismi biror firqaga aʼzo emas, axir...

Ikkinchidan, deputatlar xalq ichidan yetishib chiqishi kerak. Hozirgilarning tarjimai holiga qarasangiz, aksari ijroiya hokimiyati yoki boshqa davlat idorasidan kelganini koʻrasiz. Demak, vakolat muddati tugasa, yana amaldor boʻlish ehtimoli katta. Shuning uchun ular xalqqa emas, mansabdorlarga yoqadigan qarorlar qabul qilish, yiqiladigan yeriga somon toʻshab qoʻyishni maʼqul koʻradi. “Jim oʻtirsam, itoatgoʻy boʻlsam, yana saylanaman, yuqoriroq mansabga oʻtaman” degan xomxayol sabab xalqqa hisobdorlikni unutadi.

Uchinchidan, bizda siyosiy islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramay, hokimiyatlarning taqsimlanishi va bir-biridan mustaqilligi toʻliq roʻyobga chiqqanicha yoʻq. Gohida sud hokimiyati hukm eʼlon qilishda ijro hokimiyatining qosh-qovogʻiga qaraydi. Parlamentda ijro hokimiyatiga itoat meʼyorga aylangandek, ijro tizimi harakatlarini muntazam soʻroqlaydigan bir-ikki deputatga esa telbaga qaragandek qarashadi. Hokimiyatlar aralashib-uyqashib ketgan oʻrinlar ham bor. Masalan, kamida yettita ijro hokimiyati aʼzosi – vazirlar bir vaqtning oʻzida qonun chiqaruvchi idora vakili, senatordir. Yoxud viloyat, shahar va tuman kengashlarida hamon hokimlar raislik qilmoqda. Bu hol konstitutsiyaviy hokimiyat taqsimlanishi tamoyiliga toʻgʻri keladimi?!

Sirasini aytganda, parlamentimiz taqdiri siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning toʻlaqonli amalga oshirilishi va qonunchilik hokimiyatining chinakam mustaqilligiga bogʻliqdir.

– Korrupsiya taraqqiyotimizga tushov boʻlayotgan jiddiy xatarlardan biri ekani sir emas. Ilohlik daʼvo qilgan Firʼavndan “Nega bu qadar ogʻir gunohlarga qoʻl urding?” deb soʻralganda, “Meni yomonlikdan qaytaradigan odam topilmadi”, deb javob bergan ekan. Omonatga xiyonat qilayotgan korrupsionerlarni ham oʻz vaqtida toʻxtatish, kichik yirtqich ulkan nahangga aylanmasdan qarmoqqa ilintirish – oqilona yoʻldir. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi beayov kurash eʼlon qilingan. Ammo u xuddi saraton hujayrasi kabi, jamiyatning bir aʼzosini davolasangiz, tananing boshqa uzviga oʻtib jon saqlayotgandek. Suhbatlardan birida “Davlat tashkilotiga korrupsiyani tugatish uchun pul ajratish – araqxoʻrga ichkilikbozlikni tugatish uchun araq ajratish bilan barobar. Yaʼni korrupsiyaga qarshi ajratilgan pullar ham korrupsiya qurboni boʻladi”, degan edingiz. Sizningcha, korrupsiya atalmish yuhoni toʻxtatmoq uchun qanday keskin chora-tadbir koʻrish kerak?

– Yurtni sevganlar va uning taqdiriga kuyungan insonlarni quvontirib, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashishga doir davlat dasturini imzoladi. Davlat xizmatchilari daromadi deklaratsiya qilinishi, poraxoʻrlik koʻrsatkichi yuqori boʻlgan yoʻnalishlarda “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirilishi eʼlon qilindi. Dasturning mohiyati bunday: davlat xizmatchilari va amaldorlar daromadini deklaratsiya qiladi, mansabdorlar tanlov asosida saralanadi, sud hokimiyati mustahkamlanadi va matbuot erkinligi taʼminlanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurash mavsumiy kampaniya emas, jadid bobolarimiz taʼrifi bilan aytganda, hayot-mamot masalasidir. Mana, soʻzning amalga aylanishi mushkul kechayotgan iqtisodiy, siyosiy, maʼmuriy, moliyaviy islohotlarning taqdiri ham ana shunga bogʻliq boʻlib turibdi. Uzoq yillar mobaynida davlat, jamiyat hayotining aksar sohalarini oʻrgimchak toʻri kabi qamragan illatga qarshi kurashgina qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish va  mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-eʼtiborini oshirishga xizmat qiladi. Rivojlangan davlatlarning taraqqiyot siri shundaki, korrupsiyaning davlat barqarorligi va milliy xavfsizlikka tahdid ekani barvaqt anglab yetilgan. Qoloq davlatlarda esa aynan korrupsiya taraqqiyotga tushov boʻlayotganini koʻrish mumkin.

Ming afsuski, mamlakatimiz poraxoʻrlikka botgan oʻlkalar roʻyxatida qolyapti. Transparency International tashkiloti hisobotida (2020-yil) Oʻzbekiston 180 davlat orasida 146-oʻrinda qayd etilgan. Jahon banki hisobotida ham korrupsiya koʻrsatkichi yuqori davlatlar guruhiga kiritilganmiz. Toʻgʻri, bu hol hech birimizga yoqmaydi, lekin nachora, oyni etak bilan yopib boʻlmaydi, yillar mobaynida yuzaga kelgan vaziyat kundek ravshan. Korrupsiya illati beshikdan to qabrgacha yetib bordi – tugʻruqxonadagi shifokordan tortib qabriston xoʻjayinigacha qoʻlga qarashga odatlandi.

Korrupsiya katta-kichik davlat amaldori ishtirok etgan jinoyat ekani, aynan shunisi bilan kissavurlik yoki firibgarlikdan farq qilishini hisobga olsak, faqat mansabdorlardan iborat komissiya bilan unga qarshi samarali kurashib boʻlmaydi. Takror boʻlsa-da aytaman, korrupsiyaga barham berish uchun mansabdorlarga pul ajratish – piyonistalarga ichkilikbozlikni tugatish uchun araq ajratish bilan barobardir. Chunki davlat mablagʻi  korrupsion sxemalar orqali talon-toroj etib yuborilmasligiga kafolat yoʻq.  Korrupsiyani jamiyat va jamoat nazoratisiz, odil sudlov va huquq-tartibot tizimisiz,  erkin ommaviy axborot vositalari hamda jasur va halol fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokisiz yengish amrimahol. Aksilkorrupsiya kurashi davlat xizmatini oʻtashda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, aholi huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishni ham taqozo etadi. Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiya qilish tartibi esa zudlik bilan joriy etilishi kerak.

Hukumatning aksilkorrupsiya kampaniyasidan ayrim mansabdorlarning birovdan qutulish yo oʻch olish maqsadida foydalanishiga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Qolaversa, haq va xalq xizmatidagi fuqarolik jamiyati faollari va jurnalistlar ham davlat va qonun himoyasida boʻlmogʻi lozim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bir gal “pora bermasang, qoʻl qoʻymayman” qabilida ishlayotgan tizimni sindirish oson kechmayotgani, shu balodan qutulsak, tadbirkorlarga koʻp yengillik boʻlishini aytgan edi. Darhaqiqat, inson omiliga bogʻliq boʻlgan byurokratik tizim poraxoʻrlikka zamin yaratib, xorijiy sarmoya istiqboliga soya soladi. Gohida esa qonunchilikdagi “tuynuk”lar pand beradi. Ayrim xorijiy sarmoyadorlar mamlakatimizdagi murakkab litsenziyalash tizimi, mujmal soliq qonunchiligi va valyuta cheklovlaridan yozgʻirishi bejiz emas.

Keling, jamiyatimizda uchrayotgan ayrim korrupsion jinoyatlarni tahlil qilib koʻraylik.

Birinchisi – davlat budjeti talon-toroji. Tanish firmalarga davlat buyurtmasini tendersiz berish, qurilish yoki taʼmirga atalgan mablagʻni oʻzlashtirish, “oʻlik jonlar” vositasida choʻntak qappaytirish va hokazo. Budjetni oʻmarish turli miqdorda, turfa xil sohalarda uchrayotir. Bu dardning davosi – budjet mablagʻi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishdan iboratdir.

Ikkinchisi – poraxoʻrlik. Pora odatda mansabdorning biron “xizmati” evaziga beriladi. Yoʻl noziriga – jarima qoʻllamasligi, huquq posboniga – jinoyatni xaspoʻshlashi, hokimga – yer ajratishi, bojxonachiga – kontrabandaga koʻz yumib turishi, amaldorga  –  litsenziya berishi uchun shirinkoma tarzida tutqaziladi. Bu hol barham topishi uchun amaldorning izniga bogʻliq hujjatlarni jiddiy qisqartirish, litsenziyani internet orqali, yaʼni mansabdor va talabgorning bevosita uchrashuviga yoʻl qoʻyilmaydigan tartibda berish kerak.

Uchinchisi – manfaatlar toʻqnashuvi. “Falon hokim milliardlab soʻmli davlat buyurtmasini qizining firmasiga olib berdi”, “Falon mansabdor oilaviy biznesiga sharoit yaratish uchun ayrim mahsulotlarni chetdan olib kirishga bojni oshirdi” mazmunidagi xabarlarni oʻqib-eshitib turibmiz. Bunday nomaqbul holatlarga ochiq huquqiy baho berilmas, tanish-bilishchilik, qarindosh-urugʻchilikka yoʻl qoʻyganlar muqarrar jazolanmas ekan, illat urchiyveradi.

Toʻrtinchisi – turli sohalardagi monopoliya. Bu hol milliy ishlab chiqaruvchini qoʻllab-quvvatlash, bir necha ming odamga ish oʻrni yaratish bahonasi ila, millionlab farzandi muhojirlikda mehnat qilayotgan xalqni  mahsulot va xizmatni tanlash huquqidan mahrum etmoqda. Monopoliyadan voz kechib, rasmana bozor iqtisodiyoti tartiblari, raqobat sharoitini joriy etish vaqti allaqachon keldi.

Shoir Abdulla Oripov suhbatlardan birida poraxoʻrlik illatini tirnoqqa oʻxshatgan edi, yaʼni u oʻsib chiqaveradi, faqat muntazam qirqib turish kerak. Darhaqiqat, korrupsiyani batamom yenggan mamlakat yoʻq, ammo uni jilovlaganlar bor – bu davlatlar tajribasi esa bizga asqatishi shubhasiz.

Germaniyada korrupsiyaga qarshi kurash borasida ochiq va izchil mexanizm yaratilgan. Qingʻirlikka moyil sohalarda oʻziga xos kurash usullari tatbiq etilgan. Masalan, davlat xaridlari ochiq va oshkora tarzda yoʻlga qoʻyilgan. Ommaviy axborot vositalarida doimiy ravishda korrupsiya haqida keskin materiallar eʼlon qilinadi. Olmon amaldorini pora evaziga ogʻdirish mushkul, chunki u bir lahzada mansabi, imtiyozlari, jumladan, kafolatlangan pensiyadan quruq qolishdan qoʻrqadi.

1998-yili Germaniyaga borganimizda prokuratura, sud, parlamentda uchrashuvlar oʻtkazdik. Oʻzbekchilik – chopon, doʻppi, pichoq kabi sovgʻalar olib borganmiz. Qaysi idoraga kirib rahbariyatiga hadya topshirsak, avval rad etadi, qistaganimizdan keyin sovgʻani kirim qilib, hujjatlashtirib qoʻyadi deng! 7 dollardan ziyod miqdorda sovgʻa olish mumkin emas ekan.

Oʻzbek musavviri Isfandiyorning “Oltin kuz” asari Luvr muzeyida saqlanishidan faxrlanamiz. U dovruqdor muzeydan qanday qilib oʻrin olgan? Gap shundaki, kartinani Oʻzbekiston yetakchisi Fransiya prezidentiga sovgʻa qilgan. Farang rahbari sovgʻani oʻziga olishi mumkin boʻlmagani uchun muzeyga topshirgan...

Singapur mustaqillikka erishgan ilk kezlar korrupsiya nihoyatda avjida boʻlgan. “Korrupsiya – osiyocha hayot tarzining oʻziga xos xususiyatlaridan biri. Odamlar mukofotni ochiqdan-ochiq qabul qilar, zotan, bu ular hayotining bir qismi edi. Uni yoʻqotishda ishni qarindosh-u doʻstlaringizdan uchtasini panjara ortiga oʻtqazishdan boshlang. Buning sababini siz ham, ular ham yaxshi bilasiz. Jazoning muqarrarligi korrupsiyani jilovlovchi birlamchi omildir”, degan edi atoqli davlat arbobi Li Kuan Yu.

Demak, ishni korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhit yaratishdan boshlash kerak. Korrupsiyaga qarshi kurashda ilgari siljimoq uchun bizda ham iqtisodiy, ham siyosiy tizim isloh qilinayotir. Endilikda mustaqil adliya tizimi rivojlanishi, matbuot va fuqarolik jamiyati institutlari yanada erkinlashishi lozim. Bu kurashda hammamiz ishtirok etsak, davlatimiz, shaʼnimiz va nomusimizga sohib chiqsak, murod hosil boʻlgusi...

– Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotiga qaraganda, yurtimizda 2000-yilda kutubxonalar (axborot-resurs markazlari) 6027 tani tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda ular soni 400 taga tushgan. Qarangki, 20 yil ichida kutubxonalarimiz qariyb 90 foizga qisqargan! Publitsist Halim Saidov halokat ostonasidagi millat ziyoxonalarini asrash uchun davlat dasturi qabul qilinishi kerak, deb yozdi. Bozor iqtisodiyoti (balki uni shafqatsiz kapitalizm deb atayvergan maʼquldir) tutumlari ilmiy-maʼrifiy jabhaga ham moʻr-malaxdek bostirib kelayotgan bir pallada kutubxonalarni saqlab qolish imkoni bormi? Har narsani moddiy manfaat, aqcha-yu boʻgʻcha bilan oʻlchaydigan arboblarni maʼrifat maskanlari suv bilan havodek zarur ekaniga ishontirib boʻlarmikan?

– Vahki, vaziyat aytganingiz kabidir, balkim undan-da yomon. Muammo murakkablashib ham ketgan. Chunki odamlar kitob oʻqish koʻnikmasini boy berayotir, kitobat sanoati rivojlanayotgan boʻlsa-da, adadlar kamayib ketgan. Taklif va talablarga qaramay, noshirlik biznesi ham soliqlardan ozod etilmadi. Ayrim hududlarda esa hokimlar kutubxona binosini tadbirkorlarga berib yuborgan. Oxirgi yigirma yilda 5 ming 500 kutubxonaning yoʻq boʻlib ketgani – katta fojiadir. Biz xorijni tanqid qilamiz, ammo u yerlarda minglab kutubxonalar ishlayotir, avtobus bekatlari-yu xiyobonlarda ham moʻjaz kutubxonalar, koʻchma kitob doʻkonlari tashkil qilingan. Ajnabiy millatlar kelajak kitobga bogʻliq ekanini teran anglaganda biz nega befarqmiz?

Bizda ham kutubxonalar tiklanishi, vaqt sinovidan oʻtgan ilmiy, badiiy kitoblar, gazeta-jurnallar har bir maktab kutubxonasiga yetkazilishi lozim. Qolaversa, boy elektron baza shakllantirilishi kerak. Toki yoshlar jahonda chop etilayotgan yangi adabiyotlarni planshet va smartfonida oʻqib borsin. Bunga mablag‘ topish imkoni bormi? Bor, albatta. Deylik, haligacha yasama koʻtarinkilikdan qutulolmayotgan davlat telekanallari hamda dabdabali tadbirlarga ajratilayotgan mablagʻning bir qismini kitob sohasiga yoʻnaltirish mumkin.

“Har narsani moddiy manfaat bilan oʻlchaydigan arboblar”ga kelsak, ular ilm-maʼrifatga aslo qarshi emas – ana, oʻz jigarbandlarini jaraq-jaraq pul toʻlab xususiy yoki xorijiy taʼlim dargohlarida oʻqitayotir. Oddiy xalqning bolalari tahsil koʻradigan maktablar, ziyo maskanlarimizning ahvoli esa xiyla nochor. Vaziyatni oʻnglamasak boʻlmaydi!..

– Karim aka, “charxi kajraftorning shevasi”ni koʻringki, ayni kuchga toʻlgan navqiron yillaringiz “uzlatnishinlik”da oʻtdi, qizgʻin siyosiy jarayonlardan chetda tutildingiz, talay yillar ilmiy, adabiy kitoblaringiz nashriga izn berilmadi. Bunga esa murosasiz siyosiy faoliyatingiz sabab boʻlgani maʼlum. Qodir Olloh sizga umr yoʻlini yangidan bosib oʻtish imkonini tuhfa etsa, yana qilich tigʻidek keskir siyosat yoʻlidan yurarmidingiz yo “el qatori” yashamoqni maʼqul koʻrarmidingiz?

– “Men haqimni olarman tundan”, deb yozgan edi Aleksandr Blok. Kamina ham “uzlatnishin”likka oʻrganib, haqimni mehnatdan oldim. Maqtanchoqlikka yoʻymasangiz, savol bahonasida ijodiy ishlarimni sarhisob etib chiqsam. “Tomchidil” sheʼriy toʻplamim, “Demokratiya va inson huquqlari”, “Jurnalistning huquqlari, majburiyatlari va masʼuliyati”, “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslari” kabi ilmiy-ommabop kitoblar, “OAV va saylovlar” nomli qoʻllanma, “Soʻz erkinligi haqida soʻz” degan siyosiy-ijtimoiy risola oʻzbek, rus va ingliz tillarida nashr qilindi, tanqidiy-tahliliy maqolalarim chop etildi.

Seneka, Aflotun, Volter, Monten, Paskal, Vovenarg, Larosh­fuko, Labryuyerning falsafiy asarlari; jahon xalqlari hikmatlari; Jorj Oruell va Malkolm Gladuell romanlari; Chingiz Aytmatov, Dino Bussati, Jovanni Papini, Korrado Alvaro, Marchello Venturi hikoyalari; Henri Ford memuari; uygʻur shoiri Temur Davomat, ozar shoiri Romiz Ravshan sheʼrlari; Abdurahmon Avtorxonovning “Kreml saltanati” kitobini tarjima qildim. Olmon, turk, yunon, farang, arab, ingliz, ispan, fors, yapon, koreys, hind va boshqa koʻplab ellar shoir-adiblarining asarlari tarjimamda chop etildi.

Yaqinda Anna Axmatova tarjimasida koreys shoirlari sheʼrlarini oʻqib qoldim. Rus sheʼriyatida xorij adabiyotidan eng goʻzal sheʼriy tarjimalarni aynan Anna Axmatova va Boris Pasternak qilgan. Gap shundaki, norasmiy taqiqda boʻlgan bu ijodkorlarning oʻz asarlari bosilmagan, lekin tarjimalari chop etilavergan. Sirasi, gʻayriixtiyoriy tarzda mutarjimlikka berilgan ular. Men ham taqiq yillarida koʻproq tarjimaga oshno tutindim. Tarjimalarning hajmi oʻz ijodimdan bir necha barobar ortib ketdi. Chop etilishi va qalamhaqidan umid boʻlmagani bois faqat qalbimga yaqin insholarni ona tilimizga oʻgirdim. Tarjimalarimning hech bir satridan xijolat emasman.

Yaqinda Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Aleksievichning “Chernobil tavallosi” romani tarjimasini tugatib, nashriyotga topshirdim. AES qurishni moʻljallayotgan yurtimiz uchun koni foyda asar bu. Maqola, ilmiy tadqiqot va adabiy suhbatlardan iborat salkam uch jild asarimiz, tarjimalarimiz, ilmiy-badiiy kitoblarimiz oʻz noshirini kutmoqda.

Mening ancha vaqt siyosiy “uzlatnishinlik”ka duchor boʻlganimga kelsak, uzlat bu – din va ilmga doir ulug‘ tushunchadir. Qani edi, yassaviyona uzlatga munosib boʻlolsak!..

Hayotga oʻn qayta kelsam ham shu taxlit yashardim, “el qatori”, jimgina umrguzaronlik qilolmayman. Meni islohotlar taqdiri yurtdoshlarimizning chinakam oʻzgarishi, fikr takomillashuviga bogʻliq ekani mudom oʻylantiradi. Sobiq Ittifoqning paymonasi toʻlgan davrga oid bir mutoyiba bor. Mixail Gorbachyov harbiyga ixtisoslashgan iqtisodiyotni isloh qilish ilinjida konversiya degan jarayonni boshlagan, yaʼni harbiy aslaha zavodlarining uskunalari qayta qurilib, tinchlikka xizmat qiluvchi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Oʻsha kezlar “Kalashnikov” qurol zavodi bolalar aravachasi ishlab chiqaradigan korxonaga aylantirilibdi. Sovet ishchisi, maosh roʻzgʻorga yetsa-yetmasa, ishxonadan qoʻliga ilingan bir nimani yashirincha olib ketishga odatlangan edi. Bir ishchi bolalar aravachasining qismlarini oʻmarib kelib, uyida yigʻsa, aravacha emas, baribir avtomat boʻlib chiqarmish... Alhazar!

Taassufki, bizda ham shunday boʻlayotgandek: islohotlarga qaramay, mahsulotimiz baʼzan “avtomat” boʻlib chiqyapti. Xalq va millat oʻlaroq oʻzgarishimiz ogʻir kechyapti. Islohotlar samara berishi uchun xalq uygʻonmogʻi, oʻz taqdiriga masʼul boʻlmogʻi lozim va lobuddir.

Sobirjon YOQUBOV suhbatlashdi.

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 1-son.

“Baxtdan baland boylik” suhbati