Faylasuflar orasida Nikolay Kopernikni faylasuf deb hisoblamaydiganlar ham bor. Buni Frensis Bekon boshlab bergan. Tarixiy merosga radikal-tanqidiy yondashuvi bilan maʼlum-u mashhur boʻlgan ingliz olimi bunday yozadi: “Uning (yaʼni Kopernikning) astronomiyasi, bizning fikrimizcha, mutlaq notoʻgʻridir” (Бэкон Ф. Сочинения в двух томах. Том 1. Москва, “Наука”, 1971. Стр. 222).
Yevropa falsafasini ikki yirik bosqichga (Suqrot, Platon va Aristotelga borib taqaluvchi qadimgi yunon falsafasi hamda Bekon, Dekart, Gobbs, Spinoza, Lokk, Leybnis, Yum, Russo va Volterga borib taqaluvchi Yangi davr falsafasi) ajratgan Entoni Gottlib ham oʻz tadqiqotida Kopernikni tilga olmaydi. “Vikipediya” elektron qomusida ham u astronom, mexanik, matematik, gidroinshootchi, iqtisodchi, ilohiyotchi, vrach boʻlgani taʼkidlanadi-yu, faylasuf ham ekani qayd etilmaydi. Faylasuflar pleyadasida polyak olimini tilga olmaslik yoki uning geliotsentrik gʻoyasini aytib oʻtish bilan cheklanish hayrat uygʻotadi.
Bizningcha, fanlar falsafasida Kopernikning oʻrni beqiyos. U geliotsentrizm taʼlimoti bilan 1500 yil hukmronlik qilib kelgan, diniy-falsafiy dogmaga aylangan geotsentrizmni rad etdi, Aristotel-Ptolemey sxolastikasiga qarshi ilmiy tanqidiy yondashuvni yoqlab chiqdi. U ilk turtki, yaʼni borliqni Xudo yaratgani haqidagi falsafiy-diniy qarashga muqobil ravishda barcha planetalar doiraviy harakatlari bilan oʻzini va Quyosh tizimini muvozanatda ushlab turadi degan fikrni ilgari surdi. Toʻgʻri, olim sof falsafiy yoki gnoselogiyaga oid asar yozgani maʼlum emas. Shunday boʻlsa-da, fan falsafasiga ilmiy-tanqidiy yondashuvni olib kirgani, insoniyat tafakkurini daqqi qarashlardan xalos qilgani, sxolastikaga qarshi chiqqani uni faylasuf oʻlaroq tan olmoqni taqozo etadi.
* * *
Kosmologiya eng qadimgi dunyoqarashlardan biridir. Akademik Aleksey Losev uni oʻrganib, dunyoning shakllanishi va koinotning harakatlari qadimgi kishilar oʻy-xayolini band etgan, bu merosdan Platon, Yevdoks, Aristarx va Ptolemey ham foydalangan, deb yozadi. Mazkur faylasuflarning qarashlarida Yer dunyo, borliq, kosmos markazi sifatida talqin etilgan, hayot Oy osti va Oy ustiga ajratilgan. Ptolemey (100–170-yillar) ushbu qarashlarni jamlab, astronomiyaga oid traktat yozgan. Uning fikricha, Yer – borliq markazi; Quyosh, Oy, Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter va Saturn (Uran va Saturn keyin qoʻshilgan) Yer atrofida kunlik, yillik va oʻziga xoslikda harakatlanadi. Kosmos harakatsiz yulduzlar bilan chegaralanadi. Ptolemeyning bu qarashi ilm-fanda “geotsentrizm” deb ataladi.
Oʻz davrining yirik olimlaridan sanalgan Ptolemey astronomiya, matematika, mexanika, astrologiya, optika, musiqa nazariyasi, geografiya fanlarini puxta egallagan, qadimgi Yunon va Bobildagi ilmiy, falsafiy qarashlardan yaxshi xabardor boʻlgan. Uning ilmiy risolalari, jumladan, “Almagest” asaridagi astronomik-kosmologik qarashlar hanuz qiziqish uygʻotib keladi. A.Losev taʼbiricha, “Ptolemey geotsentrizmi xato boʻlsa-da, uning merosi bebahodir”. Eng muhimi, ushbu boylik Kopernik va u orqali Jordano Bruno, Galileo Galiley, Iohann Kepler, Isaak Nyuton kabi aql dargʻalarini uygʻotdi, ularni tanqidiy-ratsional va obyektiv fikrlashga undadi.
* * *
Nikolay Kopernik (Nicolaus Copernicus) 1473-yili Visla daryosi boʻyidagi Torun shaharchasida (Polsha) oʻziga toʻq oilada tugʻilgan (bugun Torun UNESKOning Butunjahon madaniy merosi roʻyxatida). Taqdirni koʻringki, Yevropa boʻylab tarqalgan vabo uni birin-ketin ota-onasidan judo qiladi. Cherkov yepiskopi boʻlgan togʻa yetim qolgan toʻrt jiyanini oʻz himoyasiga oladi. Aka-uka Adjey va Nikolayni ruhoniylikka tayyorlashga ahd qilgan togʻa ularni 1491-yili Krakov universitetiga joʻnatadi. Kopernik tarjimai holini oʻrgangan tadqiqotchilar fikricha, Krakov universitetida Ptolemey taʼlimotidan voqif, hatto unga tanqidiy yondashishga moyil astronomlar Voysex Brudzevskiy va Yan Glogovchik dars bergan. Kopernik astronomiya, jumladan, geotsentrizm nazariyasi bilan aynan Krakovdagi tahsil kezlari tanishgan. Bir muddatdan keyin aka-uka oʻqishni Bolonya universitetida (Italiya) davom ettiradi.
Kopernik 1497-yili italyan astronomi Domeniko Novara bilan ilk astronomik kuzatuv oʻtkazadi. Oʻshanda unda Ptolemey qarashlarining toʻgʻriligiga shubha uygʻongan. Ehtimol, bunga Aristarx, Geraklid, Ekfant va Giketlarning fikr-mulohazalari ham sabab boʻlgandir (olim oʻz asarida ularning nomini alohida tilga olgan). Qayd etish joizki, Kopernik Ptolemeyning geotsentrizmi ilmiy eksperimentlar emas, balki kundalik kuzatishlar, astrologik farazlar, hatto kosmologik dogmalar mahsuli ekanini bilar edi. U oʻzining 40 yillik ilmiy astronomik izlanishlari mahsuli boʻlgan “Osmon sferalarining aylanishi haqida” asarida Yevklid, Regiomontan, Al-Battoniy, Ptolemey qarashlarini bayon qiladi.
Traktat olti qismdan iborat boʻlib, birinchi bobda Yer va borliq sharsimon ekani asoslanadi. Keyinchalik Fernan Magellanning dengiz osha sayohati bu fikrni ilmiy-empirik tasdiqlaydi. Astronomik uskunalar va tajriba taraqqiy etmagan davrda Yerning tekis emas, sharsimon ekanini aytmoq uchun katta salohiyat va jurʼat kerak edi.
Kitobning ikkinchi qismi yulduz va planetalarning holatini oʻrganish va aniqlash haqidadir. Kopernikka qadar ular harakati haqida aniq fikr aytish mushkul edi. Bundan tashqari, kosmologik qarashlar sodda faraz yoki teologik doktrinalar asosiga qurilgan edi. Yerning harakatlanuvchi sayyora ekani xaqidagi fikrlar Beruniy, Ibn al-Haysam, Nikolay Orem, Nikolay Kuzanskiy, Chelio Kalkanini va boshqa olimlar asarlarida uchraydi. Ular Ptolemey va dogmatik qarashlarga qarshi chiqmagan.
Uchinchi qismda kunlar taqsimi, ekvatorning ekliptik kesimi bilan tutashuvi ochib beriladi. Bu borada Kopernik trigonometriya va matematikaning modellashtirish imkoniyatlaridan foydalangan. U oʻz kuzatuvlariga asoslanib, yil uzunligini 365 kun, 5 soat, 49 minut, 16 sekund deb belgilaydi. Keyinchalik bu yangi kalendar tuzish, bayram kunlarini belgilash va umumiy vaqtni oʻrnatishga asos boʻladi.
Muallif kitobining toʻrtinchi qismini Oyga bagʻishlagan. Bu borada u oʻzidan avvalgi kosmologik qarashlarga tayangan, baʼzi hollarda qadimgi yunonlarga ayon fikrlarni takrorlagan. Ammo u Oy Quyosh atrofida aylanuvchi planeta deb hisoblagan. Aslida, Quyoshning oddiy planeta ekanini italyan olimi J.Bruno asoslagan. Geliotsentrizmda Ptolemey epitsikli kamaytirilgan tarzda saqlab qolingan. Yerning orbitadagi oʻrni, maqomi oʻzgargan boʻlsa ham, qolgan planetalar orbitasi Quyoshga emas, Yer orbitasiga moslashtirilgan. Natijada Ptolemey ekvanti bekor qilinadi-yu, Yer orbitasi taʼsiri saqlanib qoladi.
Asar beshinchi qismi boshqa sayyoralarga bagʻishlangan. Quyosh tizimiga kiruvchi 8 planetaning (Pluton va serera jajji planetalar hisoblanadi) oʻziga xos xususiyatlari va harakat tartibi mavjud. Kopernik barcha planetalar Quyosh va oʻz oʻqi atrofida aylanishini aniqlagan, ammo baʼzi planeta (aslida yoʻldoshlar, yaʼni sputniklar) oʻngdan chapga emas, balki, aksincha chapdan oʻngga yoki chayqalib, toʻlqinsimon aylanishi haqida fikr bildirmagan. XX asrga kelib planetashunoslar “retgrograd obyektlar”, yaʼni asteroidlar, kometalar yoki planetalar yoʻldoshlari boʻlishini aniqlagan. Masalan, Saturn – Feba, Neptun – Triton deb atalgan yoʻldoshlariga ega boʻlib, ularning Quyosh tizimidagi harakati teskari. Olimlarning farazicha, bu yoʻldoshlar turli gazlardan paydo boʻlish jarayonida yaqin planetalarning taʼsirida oʻz harakatini oʻzgartirib yuborgan. Ular Quyosh tizimidagi barcha sayyoralar harakat tizimiga moslashadimi yoki teskari harakatida davom etadimi – aytish mushkul.
“Osmon sferalarining aylanishi haqida” asari oxirgi qismida planetalar kengligi, ularning Quyosh hamda oʻz oʻqi atrofida aylanishi, Yer harakatining kunlik, oylik, yillik sikllari ochib berilgan. Olim planetalar harakati mexanizmlarini ilgaridagidek qoldirgan; chamasi, unga empirik manbalar yetishmagan.
Asar nashri haqida turli fikrlar mavjud. Kopernik uning trigonometriya qismini chop etish (1542) bilan chegaralanmoqchi boʻlgan, biroq izdoshlari Georg Retik va Tideman Gize asarni toʻliq holda nashr etishga koʻndiradi. Kitob 1543-yili Nyurnbergda chop qilinadi. Geliotsentrizm taʼlimoti Kopernikni mashhur qiladi.
Muallif kitobini koʻrgani haqida aniq dalil yoʻq. Ayrim tadqiqotchilar Kopernik kitobni qoʻlida ushlagan desa, baʼzi avtograflar traktat chop etilgan yili muallif oʻlim toʻshagida edi, deya eʼtiroz bildiradi. Kitobning titul varagʻi ham yoʻq, unga nomni noshir bergan boʻlsa ajab emas.
Asar oʻsha davr anʼanasiga muvofiq papa Pavel III ga bagʻishlangan. Shunga qaramay, kitob inkvizitsiyani dargʻazab etadi. Frombork shahri inkvizitsiyasi 70 yashar Nikolay Kopernikni gulxanda yoqish haqida hukm chiqaradi, ammo oʻlim farishtasi olimni bu vahshiylikdan qutqarib qoladi. Kopernikning qarashlarini inkvizitsiyaga yetkazgan, shu tariqa uni jazolamoqchi boʻlgan shaxs yetim qolganida oʻz qanotiga olgan, oʻqitgan, yepiskoplikka koʻtargan togʻasi degan taxmin mavjud.
Oʻsha kezlar eʼtiqod sofligini saqlash shiori ostida hurfikr egalarini mutaassib mahkamaga topshirish, ularning gulxanda azoblanishini tomosha qilish odatga aylangan edi. Shu tariqa 1543-yili inkvizitsiya kitobga taqiq qoʻyadi, 1616-yili esa katolik cherkovi geliotsentrizmni dahriyona qarash deb eʼlon qiladi.
Aslida, inkvizitsiyaning ildizi antik davr sud tizimiga borib taqaladi. Bu istiloh lotin tilidagi inquisitio soʻzidan olingan boʻlib, taʼqib, soʻroq degan maʼnolarni anglatadi. Katolitsizm oʻz dogmatikasini eʼtiqodga aylantirishda maxsus mahkama – inkvizitsiyadan foydalanadi. XIII asrdayoq inkvizitsiya oʻzga dinga eʼtiqod qiluvchilarni jazolashga kirishadi. Manbalarning guvohlik berishicha, 1215-yilgi Lyuteran soborida inkvizitsiyaga katolitsizmdan boshqa dindagilarni izlab topish, soʻroq qilish, aybdor boʻlsa gulxanda kuydirishga ruxsat beriladi. Oʻsha davrda birgina Angliyada 25-30 mingga yaqin ayol jodugar sifatida gulxanga tashlanadi. Italiyada olovda kuydirilganlar soni 30 ming kishidan ziyod. 1481–1498-yillarda ispan inkvizitsiyasi 10 mingdan oshiq kishini gulxanda yoqqan, 6,5 ming kishini qatl etgan, 100 ming kishining mol-mulkini tortib olib, oʻzini badargʻa qilgan. Baʼzi manbalarda inkvizitsiya Niderlandiyaning 3 million aholisini yoppasiga gulxanda kuydirish haqida qaror qabul qilgani qayd etilgan.
1542-yili Rim papasi Pavel III inkvizitsiyaning markaziy mahkamasini tuzib, unga cheksiz vakolat beradi. Mahkama Yevropa boʻylab ilm-fan tarafdorlari, maʼrifatli va hur fikrli kishilarni ham jazolashga tushadi. Chex islohotchisi Yan Gus (1415), fransuz vatanparvari Janna dʼArk (1431), italyan olimi Jordano Bruno (1600) tiriklay gulxanda yondiriladi. Yetmish yashar Galileo Galiley esa nasroniylik aqidasiga shubha uygʻotgani va Kopernik geliotsentrizmi tarafdori boʻlgani uchun Rim markaziy maydonida sazoyi qilinadi, fikridan qaytgani hisobga olinib, umrbod uy qamogʻiga mahkum etiladi.
Tahlikali davrda Kopernikning gulxanda yondirilmagani unga taqdirning tuhfasi edi. Ehtimol, aynan inkvizitsiya dahshati bois u kitobini chop etishni ortga surgandir? Harqalay, olimni shu sabab jurʼatsizlikda ayblashga haqimiz yoʻq... Darvoqe, oradan salkam uch asr oʻtib, Maʼrifatchilik harakati taʼsirida Kopernikning kitobiga qoʻyilgan taqiq bekor qilingan.
* * *
Kopernikni ijodxonaga bekinib, faqat oʻzini qiziqtirgan muammolar ustida bosh qotirishni sevadigan, zohidona yashashga moyil olimlar sirasiga kiritib boʻlmaydi. U vatani taqdiri, yurtdoshlari farovon yashashi haqida ham bosh qotirgan. Olimning tashkilotchilik qobiliyatidan xabardor Polsha qiroli uni Olshtin va Penenjno okrugi rahbari etib tayinlaydi. Oʻsha kezlar Tevton ordeni okrugni qaytarib olish uchun bostirib keladi. Yirik mulkdorlar, badavlat va eʼtiborli kishilar okrugni tashlab ketganida Kopernik mudofaaga tayyorgarlik koʻradi, xarbiy boʻlinmalar tuzadi, ularni qurol-aslaha, oziq-ovqat bilan taʼminlashni yoʻlga qoʻyadi. Kuchli qarshilikka duch kelgan dushman Polsha qiroli shartlariga koʻnib sulh tuzadi. Kopernikka Polsha va Litva yerlari xaritasini tuzgani katta yordam beradi, jugʻrofiy bilimlar harb maydonida asqatadi.
Kopernik okrug rahbari sifatida aholini suv bilan taʼminlash loyihasini ishlab chiqadi. Gidravlik mashina ixtiro qiladi, uning yordamida kemalarga energiya, omborxonalarga suv yetkazish va bugʻdoy yanchish uskunalarini yaratadi. Suvning tekin quvvatini foydali oʻzanga yoʻnaltirish mexanikadagi yirik loyiha edi.
Iqtisodiy-moliyaviy muammolarni hal etishga bel bogʻlagan olim pul, tanga zarb etishni markazlashtirish tashabbusi bilan chiqadi. Gap shundaki, oʻrta asrlarda har bir oʻlka, viloyat oʻz pulini zarb etgan, bu esa firibgarlik va turli jinoyatlarni keltirib chiqargan. Olimning “Yomon pul yaxshi pulni isteʼmoldan siqib chiqaradi”, “Davlat kuchli pulni kuchsiz pulga almashtirish tartibini oʻrnatsa, kuchli pulni sandiqda yigʻish avj oladi” kabi fikrlari hanuz ahamiyatini yoʻqotmagan.
Darhaqiqat, aholi kuchli pulni “yostiq ostida” yigʻishi oqibatida u kam istifoda etiladi, zaif valyuta esa kundalik isteʼmol vositasiga aylanadi. Bu iqtisodiy-moliyaviy qonun Aristofan davridan maʼlum, biroq uni ilmiy asoslashni Kopernik boshlab bergan.
* * *
Nikolay Kopernik qoʻli yengil vrach ham boʻlgan. U pruss qiroli oila aʼzolarini davolagan. Oʻzi tayyorlagan dori-darmonlarni yoʻqsillarga bepul tarqatgan. Qiziqarli fakt shundaki, u buyuk zamindoshimiz Abu Ali ibn Sino tibbiy merosi va davolash usullaridan xabardor boʻlgan, kezi kelganda ulardan foydalangan.
Cherkov ruhoniysi maqomi olimga daromad topish, qoʻshni mamlakatlarga borib bilim orttirish imkonini bergan. Ferrara universiteti ilohiyotshunoslik doktori ilmiy unvoni esa tinch-osuda izlanishlar kafolati boʻlgan.
Ham cherkovga, ham ilmga xizmat qilish Kopernikning qismati edi. Shu bois u dinga, teologik qarashlarga qarshi chiqolmasdi. Nega u barhayot chogʻida geliotsentrik qarashlari mujassam kitobini chop etmagan? Bunga nima toʻsqinlik qilgan: xizmat burchimi yoki mutaassiblik vahshatimi? Nazarimda, bu savolga polyak rassomi Yan Mateyko “Astronom Kopernik. Xudo bilan suhbat” rangtasvir asarida javob bergandek.
Olim qoʻlidagi sirkul, qalam, trigonometrik chizmalarni unutib, ilohiy nuqtaga bor vujudi, oʻy-xayoli bilan talpingan koʻyi oʻtiribdi. Ilohiy nuqta – u izlagan sir; balki olim ham, musavvir ham hali anglab yetmagan savolga javob berishi mumkin boʻlgan abadiyatdir. Badiiy-estetik rangtasvir fikr uygʻotadi, lekin real hayot, aql-u idrok bilan kosmik kenglik oʻrtasidagi muroqaba undan-da keng, sirli, mahobatli. Qani edi, abadiy savollarga inson idroki, izlanishlar-la javob topa olsa...
Ilmiy-falsafiy qarashlar tarixini oʻrgangan E.Gottlib bunday yozadi: “Agar Dekart flamand boshqotirmasini yechishda yordam soʻramagan va tushiga “hayratli ilm” kirmaganida nima boʻlardi? Agar Leybnis professor unvoniga koʻnib, oʻz gʻoyalariga mahliyo tarzda butun Yevropa boʻylab hukmdorlarga loyihalarini tavsiya etmaganida nima boʻlardi? Agar Yum kareraga erishgan, Oksford universiteti Lokka tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasini berishni rad qilgan, Gobbs Kopernik, Galiley, Yevklid nazariyalariga mahliyo boʻlmaganida nima boʻlardi? Agar Spinoza oʻz ibodatxonasidan chiqmaganida-chi? Chamasi, biz yashayotgan dunyo ehtimoliy dunyolarning aʼlosi emas, ammo nomi zikr etilgan novatorlar uni intellektual zavqli, (fransuz olimi) Jan DʼAlamber aytganidek, esliroq qilgani rost” (Готтлиб Э. Мечта о Просвещении. Рассвет философии Нового времени. Москва, “Альпина нон-фикшн”, 2020. Стр. 340).
“Nikolay Kopernik Birinchi ilmiy inqilobning boshlovchisi, Uygʻonish davrining buyuk vakili edi. Ammo uning taʼlimoti XVII asrga kelib Kepler va Galiley tomonidan oʻzlashtirilgandan va takomillashtirilgandan soʻng keng yoyildi” deb yozadi atoqli faylasuf Bertran Rassel. Xoʻsh, zahmatkash olimning ilmdagi inqilobiy xizmati nimada namoyon boʻladi?
Birinchidan, u ongda, dunyoqarash va diniy-falsafiy taʼlimotlarda dogmaga aylangan fikrni shubha ostiga qoʻyadi. “Ilk turtki yoʻq, planetalar Quyosh tizimi va oʻz oʻqi atrofida aylanib, bir-birini maʼlum bir masofada tutib turish tartibini shakllantirgan” degan nuqtai nazarni ilgari suradi.
Ikkinchidan, Aristotel, Ptolemey qarashlarini tanqidiy oʻrganish asosida fan falsafasiga olamning cheksizligi, sayyora va yulduzlarning mudom harakatda ekani haqidagi fikrni olib kirdi. Bu esa aql-u idrokni dogmatika va sxolastikadan xalos qilishga yoʻl ochdi.
Uchinchidan, olim “Yer – harakatdagi planetalardan biri. U Quyosh atrofida aylanadi” degan fikrda sobit boʻldi. Bu – geliotsentrizm taʼlimotining ilmiy magʻzidir.
Toʻrtinchidan, kosmosni muqaddaslashtirishga qarshi boʻlgan Kopernik uni desakrallashtirishni boshlab berdi. Uning fikricha, borliq, kosmos “oʻzi oʻzi uchun” mavjud, u kimningdir mehnati yoki sehrli ishorasi mahsuli emas; kosmos cheksiz, ammo olamning chegarasi muqim yulduzlardadir.
Beshinchidan, u inson Yer va kosmos oraligʻidagi mavjudot, antropotsentrik va teotsentrik qarashlar notoʻgʻri degan fikrni ilgari surdi.
Oltinchidan, olim asarlaridan kelib chiqadigan yana bir xulosa: Yer va Quyosh sayyoralar ichida alohida maqomga ega emas.
Yettinchidan, Kopernik birinchi boʻlib Yerning Quyosh va oʻz oʻqi atrofida aylanishini aytgan. Bu esa sayyoralarning borliqdagi oʻrnini obyektiv baholash, bilishga yordam berdi. Quyosh tizimi haqidagi fikrlar kuzatuv va gʻayriilmiy farazlarga emas, balki eksperimental izlanishlarga tayanadigan boʻldi.
Bugungi astronomik va kosmologik izlanishlar Yerning Quyosh tizimida uchinchi, diametri va massasi boʻyicha beshinchi oʻrinda turishini, u 4,54 milliard yil avval paydo boʻlganini tasdiqlaydi. Yerda hayot 4,25 milliard yil avval yuzaga kelgan. Kurrai arzning 70,8 foizi suv va okeanlardan iborat, qolgan qismining 40 foiziga yaqiniga ekin ekiladi. Yer chang va gazlardan iborat katta bulutlardan paydo boʻlgan, bu bulut asosan vodorod va geliydan iborat. Yerning hozirgi shakliga kelishi uchun 10–20 million yillar ketgan. Odamzodning paydo boʻlishi esa nafaqat Yerdagi, balki Quyosh tizimi, umuman, borliqdagi betakror voqeadir. Ushbu faktlarni aniqlashga, bilishga Nikolay Kopernik geliotsentrizmi, ilmiy-astronomik va falsafiy-kosmologik qarashlari turtki berganini unutib boʻlmaydi.
Viktor ALIMASOV
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.
“Ilmiy inqilob dargʻasi” maqolasi