Til – millat mavjudligi va davlat mustaqilligining asosiy belgilaridan biri hisoblanadi. Barcha davrlarda ziyolilar, maʼrifatparvarlar millatga oʻzligini anglatishda ona tilini asosiy vosita deb bilgan. XX asr boshlarida Abdurauf Fitrat, Shokirjon Rahimiy, Ashurali Zohiriy, Qayum Ramazon, Elbek, Gʻozi Olim Yunusov kabi Turkiston jadidlari milliy tilni asrash, uni rivojlantirish uchun kurashlar olib borgan. Bular orasida Ashurali Zohiriy oʻzbek tilining imlo qoidalarini ishlab chiqish borasida qilgan xizmatlari bilan ajralib turadi. U “Sadoyi Fargʻona” gazetasida chop etilgan “Ona tili” maqolasida: “Qachonki, oʻz tilimizni yaxshilab bilmadikmi, boshqa tilni albatta durust bilmaymiz”, deb yozadi.
Ashurali Zohiriy mohir tilshunos, lugʻatshunos, adabiyotshunos olim boʻlish bilan birga mashhur pedagog, jurnalist va tarjimon ham edi. U 1885-yili Qoʻqon shahri yaqinidagi Oyim qishlogʻida tugʻilgan. Boshlangʻich taʼlimni eski maktabda olgan Ashurali 1897–1914-yillarda Qoʻqon shahridagi Muhammad Alixon (Madalixon) madrasasida oʻqiydi. Madrasada oʻqish barobarida 1907-yildan Qoʻqon shahridagi 2-rus-tuzem maktabida oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi sifatida faoliyat boshlab, 1917-yilga qadar shu maktabda ishlaydi. Ashurali Zohiriy oʻqish va ishdan boʻsh vaqtlarida arab, fors, turk, ozarboyjon, tatar va rus tillarini mukammal oʻrgangan. 1912-1913-yillarda Qozonda yashab, tatarlar foydalanayotgan taʼlim jarayonidagi innovatsion yoʻllarni oʻrganib kelgan. Qoʻqonga qaytgach, “Gʻayrat” kutubxonasini ochgan va jadid maktablarida oʻqituvchilik qilgan.
“Oyina” jurnalining 1914-yil 12-sonida eʼlon qilingan “Hoʻqandda usuli savtiya muallimlari” maqolasida Qoʻqon jadid maktablarida dars berayotgan 22 nafar ziyoli nomi koʻrsatilgan boʻlib, roʻyxat boshida Ashurali ibn Muhammadzohirning turgani, u nafaqat rus-tuzem maktabida, balki yangi usul maktabida ham muallimlik qilganligini isbotlaydi.
Ashurali Zohiriy 1917-yil sentabrda Qoʻqon shahrida ochilgan Turkistondagi birinchi dorulmuallimin – oʻqituvchilar tayyorlash kursi tashkilotchilaridan biri boʻlgan. Keyinchalik dorulmuallimin negizida tashkil etilgan Fargʻona viloyati taʼlim-tarbiya texnikumida 1921–1926-yillarda oʻzbek tili va adabiyoti fanidan dars bergan.
1917-yil fevralda Rossiyada boʻlgan burjua inqilobi Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ham taʼsir koʻrsatadi. Turkiston jadidlari milliy davlat qurish gʻoyalarini amalga oshirish yoʻlida kurashga bel bogʻlaydilar. Ashurali Zohiriy ham bu harakatning bevosita ishtirokchisiga aylanadi. U 1917-yil aprel oyida boʻlib oʻtgan “Oʻlka musulmonlarining birinchi qurultoyi”da Turkistonning demokratik Rossiya tarkibidagi Muxtor jumhuriyat tuzish haqidagi qarorini yoqlab chiqqan va Turkiston oʻlka musulmonlar shoʻrosining Fargʻona viloyati tashkiloti faoliyatini yoʻlga qoʻyishga boshchilik qiladi.
Shuningdek, 1917-yilning 1-iyunidan Qoʻqonda oʻz muharrirligi ostida “Yurt” jurnalini chiqara boshlaydi. Jurnal sahifalarida ozodlik, mustaqillik buyuk neʼmat ekanligini eʼtirof etuvchi hamda Turkiston xalqlarini birlashuvga chorlovchi maqolalarini eʼlon qilib borgan. Uning 100 yil oldin aytgan “Maqsadga yetmoq uchun ittifoqlik har nav zulmdan qutulmoqning muqaddimasidur, ammo bunday muhim fursatda gʻaflat ulug‘ bir jinoyatdur”, degan fikrlari bugungi kunda ham eskirmagan haqiqatdir. Ashurali Zohiriy 1917-yil noyabrda tashkil topgan Turkiston Muxtoriyatining ishlarini yoʻlga qoʻyishda va milliy hukumatni saqlab qolishda kuch-gʻayratini ayamagan.
Ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisi Ashurali Zohiriy matbuot sohasida ham samarali mehnat qilib, “Sadoyi Fargʻona” (1914), “Xalq gazeti” (1918-1919), “Mehnat bayrogʻi” (1921), “Fargʻona”, “Yangi Fargʻona” (1921–1930) gazetalarida adabiy xodim boʻlib faoliyat olib borgan.
Ashurali Zohiriy oʻqituvchilik, jurnalistlik, muharrirlik va noshirlikdan tashqari maktab oʻquvchilari uchun darsliklar ham yozgan. U 1912-yili maktab oʻquvchilari uchun “Turkiy xrestomatiya yoxud terma kitob” va 1916-yili boshlangʻich maktablarning toʻrtinchi sinf oʻquvchilari uchun “Imlo” darsliklarini yaratgan. Zohiriy “Imlo” kitobining soʻz boshisida turkiy tilning uzoq davr arab va fors tillari tazyiqi ostida qolib kelganidan, soʻnggi paytda esa uning butunlay arab imlosi tartibida yoziladigan, oʻndan bir kalimasini ham odamlar anglamaydigan darajaga yetib kelganidan qaygʻurib: “Buning bilan kundan-kun, yildan-yil oʻtgan sari tilimiz oqmay qolgʻan suvdek muzlamoqqa boshladi. Hatto baʼzi kishilarimiz arabiygʻa xeyli iqtidorli boʻlsa, oʻz tilimizning eng kerakli qoidalarini ham bilmaydurgʻon boʻldilar”, deb taʼkidlagan.
“Imlo” darsligi bilan tanishib chiqqan Abdurauf Fitrat oʻzining “Sarf” kitobi soʻzboshisida ona tilini oʻqitish tamoyillari, oʻzbek adabiy tilining qonun-qoidalarini belgilash, tilning taraqqiyot yoʻnalishlarini aniqlash haqida fikr yuritar ekan, Ashurali Zohiriyning xizmatlarini alohida eʼtirof etib oʻtgan. Tatar maʼrifatparvari Abdurahmon Saʼdiy esa oʻzbek adabiy tilining maydonga kelishi, milliy matbuotning yoʻlga qoʻyilishi, oʻzbek tilida kitoblar chop etilishida jadid maʼrifatparvarlarining hissalarini munosib baholab, “Uygʻonish davrida bu ishlarni Behbudiy turgʻazib, Hoji Muinlar, Zohiriylar ishlaguchi boʻldilar”, deb taʼkidlagan.
Ashurali Zohiriyning tilshunoslik merosida “Ruscha-oʻzbekcha mukammal lugʻat”i (1927-1928 y.) salmoqli oʻrin egallaydi. 34 ming soʻzdan iborat ikki jildli ushbu lugʻat milliy tilimizning leksik meʼyorlarini belgilashda katta ahamiyatga ega boʻlgan.
Ashurali Zohiriy oʻsha vaqtda yaratilgan oʻzbek tiliga oid har qanday risola, darslik, oʻquv qoʻllanma va kitoblar bilan tanishib, ularni tahlil qilgan hamda taqrizlar yozgan. Jumladan, Majiy ismli kishi tomonidan rusiyzabon oʻquvchilarga moʻljallab tayyorlangan “Самоучитель узбекского языка” kitobini tanqid qilib, undagi oʻzbek tilining alifbo va imlo, tinish belgilari, lugʻat qismidagi xatoliklarni koʻrsatib bergan hamda “Bu kitob ilmiy, fanniy, taʼlim-tarbiyaviy va mafkuraviy jihatdan aslo yaramaydur”, deb xulosa bergan.
Ashurali Zohiriy oʻz davrining taniqli tilshunos olimi sifatida Toshkentda 1921-yili Til-imlo qurultoyida, 1922-yili Oʻzbek madaniyat va maorif xodimlarining oʻlka qurultoyida, 1926-yili Bokuda Turkiyot qurultoyida, 1927-yili Samarqandda Lotin alifbosini qabul etishga bagʻishlangan Oʻrta Osiyo ilmiy anjumanlarida faol ishtirok etgan.
1921-yili Toshkentda boʻlib oʻtgan Til-imlo qurultoyi jadidlarning “Chigʻatoy gurungi” tashkiloti tashabbusi bilan tashkil qilingan boʻlib, unda “Chigʻatoy gurungi” imlo asoslari qabul qilingan. Ular eski alifbo-imlo savod chiqarishga, maktab-maorif rivojiga, madaniy taraqqiyotga toʻsqinlik qilgani uchun shunday qarorga kelganlarini yigʻilganlarga asoslab berishga harakat qilganlar. “Chigʻatoy gurungi” aʼzolari til va yozuv masalasida asosan oʻzbek millati manfaati nuqtayi nazaridan ish koʻrishgan. Ular yangi oʻzbek milliy adabiyoti va adabiy tilini yaratishni maqsad qilganlar. Uning Navoiy davridagidek mavqeiga, shon-shavkatiga qaytishini, boshqa turkiy tillar uchun ham oʻrnak boʻlishini istaganlar. Natijada imlo masalasida ziyolilar oʻrtasida fikriy boʻlinish sodir boʻlgan. Munavvarqori, Muso Begiyev, Ashurali Zohiriylar Turkiston ozodligi uchun kurash ketayotgan bir sharoitda milliy-madaniy jabhada yolgʻiz oʻzbek millati nomi bilan yoʻl tutilsa, kurashning dushman foydasiga hal boʻlishi mumkinligini taʼkidlab, Oʻrta Osiyodagi turkiy xalqlar uchun umumiy bir til, yagona yozuv va adabiyot yaratishni oʻz oldilariga maqsad qilib qoʻyganlar.
1923-yilning oktabrida Buxoroda boʻlib oʻtgan Oʻrta Osiyo oʻzbeklarining Til va imlo oʻlka anjumanida yangi alifboni isloh qilish, imloni ishlab chiqish masalalari muhokama qilingan. Yigʻinda ishtirok etgan Ashurali Zohiriy til, imlo va yozuv boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini taqdim etgan. Ushbu yigʻinda kelgusida alifboni lotinlashtirish fikri ishtirokchilar tomonidan maʼqullangan. Shu oʻrinda qayd etish kerakki, arab alifbosidan lotin alifbosiga oʻtish gʻoyasi XIX asrning ikkinchi yarmidayoq ozarboyjonlik maʼrifatparvar Mirza Fatali Oxundov tomonidan ilgari surilgan. 1922-yildan boshlab Ozarboyjonda lotin alifbosini joriy etishga doir tadbirlar amalga oshirila boshlangan. Koʻp oʻtmay bu tashabbus turkiy tilda soʻzlashuvchi xalqlar oʻrtasida ham keng yoyilgan.
1926-yil 26-fevral – 3-mart kunlari Bokuda Birinchi Butunittifoq turkologiya qurultoyi oʻtkaziladi. Qurultoyda Oʻzbekistondan Abdurauf Fitrat, Rahim Inʼomov, Ashurali Zohiriy, Shokirjon Rahimiy, Elbek, Gʻozi Yunus va boshqalar vakil boʻlib boradi. Qurultoyda turkiy xalqlarning lotin alifbosiga oʻtishlari haqida qaror qabul qilingan. Shu yilning oʻzida Oʻzbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi “Yangi alifbo markaziy qoʻmitasi”ni tuzish toʻgʻrisida qaror chiqargan.
1929-yil may oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan Til va imlo anjumanida lotin alifbosiga oʻtish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan. Abdurauf Fitrat, Ashurali Zohiriy, Choʻlpon, Gʻozi Olim, Qayum Ramazon, Elbek, Shokirjon Rahimiy singari jadid namoyandalari lotin yozuvi asosidagi yangi oʻzbek alifbosi va imlosini ishlab chiqish hamda uni joriy etish ishlarida faol ishtirok etgan.
Ashurali Zohiriy til sofligini saqlash jonkuyarlaridan biri boʻlganini uning matbuot sahifalarida chop etilgan qator maqolalari ham tasdiqlaydi. U 1929-yili “Qizil Oʻzbekiston” gazetasidagi “Til va imlo” maqolasida: “Agar ajnabiy soʻzlar olinaversa, tilda soflik bita-bita, sal yilning ichida boshqa soʻzlar u tilni qoplab, tanimasliq holga keltiradi va yutadi”, deb uqtirgan edi. Ashurali Zohiriy til sofligini saqlash va milliy tilni rivojlantirishni targʻib qilar ekan, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburning til sohasidagi ilmiy merosini chuqur oʻrganadi. Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn” (Ikki til muhokamasi) va “Vaqfiya” asarlari ustida matnshunoslik tadqiqotlari olib borgan. Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn” va Zahiriddin Muhammadning “Boburnoma” asarlarini chop ettirgan.
Milliy tilimizning tolmas kurashchisi Ashurali Zohiriy sovet hokimiyati olib borayotgan siyosatga qarshi chiqqanlikda va millatchilikda ayblanib 1930-yil 31-dekabrda 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Qamoq jazosi 1934-yili muddatidan oldin bekor qilingach, yurtiga qaytgan Zohiriy oʻz faoliyatini davom ettirgan. Ammo 1937-yilda qaytadan avj oldirilgan qatagʻon siyosati Ashurali Zohiriyni ham chetlab oʻtmaydi. Milliy til jonkuyari 1937-yil 5-sentabrda qamoqqa olingan va shu yilning dekabr oyida “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan millatparvar va vatanparvar jadid bobolarimiz faoliyatini chuqur oʻrganish hamda keng targʻib qilish boshlandi. Jadidchilik harakatining yirik namoyandalari qatorida Ashurali Zohiriy va uning tilshunoslik merosi filolog olim Toʻlqin Togʻayev tomonidan oʻrganildi. Ammo haligacha Ashurali Zohiriyning Turkiston jadidchilik harakatidagi ishtiroki, tarjimonlik, pedagogik va jurnalistik faoliyati chuqur oʻrganilmagan. Uning gazeta va jurnallarda eʼlon qilingan istiqlol va ozodlikni targʻib qiluvchi, maʼrifatparvarlik, til – imlo masalalariga oid maqolalari toʻliq jamlangan kitobi chop etilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 28-sentabrda Fargʻona viloyati saylovchilari bilan boʻlgan uchrashuvida jadidchilik harakatining yirik namoyandasi Ashurali Zohiriy hayoti va merosini oʻrganish, kengroq targʻib qilish, nomini abadiylashtirish boʻyicha topshiriqlar bergan boʻlib, bu tilshunos, adabiyotshunos, tarixchi, pedagog olimlar oldiga Ashurali Zohiriy faoliyati, uning ilmiy merosini chuqur oʻrganish vazifasini qoʻyadi.
Dilnoza JAMOLOVA,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori