XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkiston oʻlkasining tarixi, madaniyati, geografiyasi va etnografiyasiga oid eng nodir maʼlumotlarni oʻzida jamlagan ulkan qomusiy manba shubhasiz “Turkiston toʻplami” (Turkestanskiy sbornik) hisoblanadi. Rossiya imperiyasining mustamlakachilik va ilmiy maqsadlari asosida mashhur bibliograf V.I. Mejov tomonidan tuzilgan ushbu toʻplam 594 jilddan iborat boʻlib, oʻsha davr matbuoti, arxiv hujjatlari va jonli guvohliklarini oʻz ichiga olgan. Toʻplamning 423-jildida (97-106 sahifalar) joy olgan va eski oʻzbek  tilida bitilgan “Qoʻqon xonlari hayotidan” (“Из жизни Кокандских ханов”) nomli maqola xonlikning eng murakkab davrlari – Sheralixon va Xudoyorxon hukmronligi yillarining sirli voqealarini ochib beruvchi tarixiy manbadir.

Qoʻqon xonligining taxtiga oʻtirishidan avval Sheralixon Namangan togʻlarida, qirgʻizlar orasida oddiy, dabdabalardan uzoq hayot kechirar edi. U dastlab Suna oyim, keyinchalik esa Jarqun oyim ismli qirgʻiz ayollariga uylanib, tog‘ anʼanalari boʻyicha umrguzaronlik qilgan. Sheralixon oʻta taqvodor, soʻfiy tabiatli va odamlar bilan yumshoq muomalada boʻlgani, eng muhimi – hokimiyat ishlariga mutlaqo qiziqmagani oʻsha paytdagi Qoʻqon hukmdori Muhammadalixonga juda maʼqul keladi. Shuning uchun Muhammadalixon unga tez-tez inʼom-ehsonlar yuborib turardi. Qirgʻiz boylari esa “bir kun kelib Sheralixonni taxtga oʻtqazamiz” degan maqsadda unga yashirincha mablag‘ yigʻib, moddiy koʻmak berib kelishgan.

Sheralixonning birinchi xotinidan farzand boʻlmagach, u Umar ismli qirgʻiz bolasini asrab oladi. Keyinchalik suyukli xotini Jarqun oyimdan toʻngʻich oʻgʻli Sarimsoq, qizi Norchuchuk hamda Xudoyorxon va Sulton Murodlar tugʻiladi. Ikkinchi xotini Suna oyimdan esa Mallaxon, Soʻfixon, Oftob hamda Mohlar ismli qizlar dunyoga keladi.

Xon xonadonidagi eng katta baxtsizlik oʻchogʻi ikki xotin oʻrtasidagi ashaddiy kundoshlik edi. Suna oyim va Jarqun oyim oʻrtasidagi dushmanlik shu darajaga yetgan-ki, Jarqun oyim oʻgʻli Xudoyorxonni kundoshidan oʻta qattiq ehtiyot qilgan. Hatto oʻchoq boshida qozonni tushurayotgan mahalda ham kichkina Xudoyorxonni etagiga solib, kiyimining chetini tishlab turib ish qilgan. Onalar oʻrtasidagi bu gʻarazgoʻylik va sovuqchilik vaqt oʻtib ulgʻaygan farzandlar qalbiga ham koʻchdi va aka-ukalarning bir-biri bilan dushman boʻlib oʻsishiga asosiy sabab edi.

Buxoro amiri Nasrullo Qoʻqonni bosib olib, Muhammadalixonni oʻldirgandan soʻng, yurt parokanda boʻlib qoladi. Qoʻqon xalqi Buxoro tayinlagan noib Ibrohim xayoldan qutulish va taxtni egallash uchun elchilar vositasida togʻdagi Sheralixonga xat yoʻllaydi. Ibrohim xayol Buxoroga qochib ketgach, keksa Sheralixon tinchlik bilan taxtga oʻtiradi.

Sheralixon oʻzidan keyin taxt mustahkam boʻlishini oʻylab, katta oʻgʻli Sarimsoqni oʻziga voris qilib, barcha askarlarni unga boʻysundiradi. Biroq siyosiy oʻyinlar qurboni boʻlgan Sarimsoqni qipchoqlar shafqatsizlarcha oʻldirishadi. Shundan soʻng xon boshqa oʻgʻillarini turli shaharlarga hokim qilib, endigina toʻqqiz yoshga toʻlgan Xudoyorxonni Toʻraqoʻrgʻon va Namangan beki qilib tayinlaydi, yoniga esa eng ishonchli, ishbilarmon odamlarni qoʻyadi. Sheralixon oʻz xavfsizligini oʻylab, oʻrda atrofini baland loy devor bilan oʻrab olgan boʻlsa-da, bu uni qutqarib qololmaydi. Shahrisabzlik qarindoshi Murodxon ozgina askar bilan xufyona oʻrdaga kirib, Sheralixonni qatl etadi.

Ammo Murodxonning davri ham uzoqqa choʻzilmadi. Atigi ikki haftadan soʻng, ayyor va qudratli qipchoq beki Musulmonqulning harakati bilan Murodxon oʻldiriladi va 1845-yilda taxtga toʻqqiz yoshli sagʻir (kichik) Xudoyorxon oʻtqiziladi. Taxtga aslida ulug‘ yoshli, qatʼiyatli Mallaxon oʻtirishi kerak edi. Ammo xalq va amaldorlar Mallaxonning oʻta zolim va shafqatsiz siyosatidan qoʻrqib, uni yomon koʻrishardi. Musulmonqulning asl maqsadi esa mutlaqo boshqa edi: u yosh Xudoyorxonni qoʻgʻirchoq qilib, butun davlat boshqaruvini oʻz qoʻlida ushlab turishni maqsad qilgandi.

Haqiqatan ham shunday boʻldi. Musulmonqul xon nomidan ish yuritib, amalda mutloq hukmdorga aylandi. Xudoyorxon esa koʻchmanchi qirgʻizlar muhitida oʻsgani bois mutlaqo savodsiz, oʻqish-yozishni bilmas edi. U taxtga oʻtirgachgina zoʻr berib oʻqishni va savod chiqarishni boshladi. Biroq Musulmonqulning faqat oʻz urug‘-aymoqlariga yon bosishi va oʻzboshimchaligi xalqning gʻazabini qoʻzgʻatdi. Oxir-oqibat gʻalayon koʻtargan xalq xondan Musulmonqulni oʻzlariga topshirishni talab qildi. Xudoyorxon oʻz jonini asrash uchun chorasiz qolib, bu talabni bajardi va Musulmonqul qatl etildi.

“Turkiston toʻplami”dagi maqolada qayd etilishicha, Xudoyorxon tabiatan tinchlikni xohlaydigan, davlat ishlariga unchalik ham ishtiyoqi boʻlmagan shaxs edi. Biroq u uzoq yillar akasi Mallaxonning dahshatli zulmidan (Mallaxon kichik bir gunoh uchun odamlarning boshiga qaynoq suv quydirib jazolardi) yuragi bezillab, doim vahima va xavfda yashadi. U atrofidagilarga ishonmas, faqat oʻz otasidek hurmat qiladigan, dono va aqlli vaziri Otabek noibga qattiq ishonar hamda hamma narsani unga ishonib topshirardi. Xon ovga yoki bogʻlarga ketganda, davlat boshqaruvi butunlay Otabek noib qoʻlida qolar edi.

Oʻrda ichidagi eng obroʻli ayol esa xonning otasi tomondan qarindoshi, qirgʻiz qabilasidan boʻlgan “Ziyoda dodxoh” laqabli Qarboq xotin edi. U saroydagi barcha ayollarning boshligʻi (muboshiri) boʻlib, ularning dard-u iltimoslarini xonga yetkazuvchi asosiy shaxs boʻlgan. Undan nafaqat ayollar, balki erkak amaldorlar ham qattiq hayiqishgan. Xonning eng suyukli xotini esa Darboz xoni Ismoilxonning qizi Shoh oyim boʻlib, undan toʻngʻich oʻgʻli Oʻrmonbek tugʻilgan edi. Xudoyorxon uylanish masalasiga ham siyosiy ittifoq deb qaragan: taʼsirini kuchaytirish uchun doim nufuzli, obroʻli beklarning qizlariga uylangan. Agar toʻrttadan oshib ketsa, shariat qoidasiga koʻra, xotinlaridan birining nomini rasman “sufiya” (yaʼni ruhan ajralgan) qilib qoʻyib, keyin beshinchisiga uylangan.

Saroyda farzandlarning xatna toʻylari bir necha oylab davom etadigan ulkan dabdabaga aylanardi. Karnay-surnaylar sadolari ostida dorbozlik, tuya urushtirish, uloq koʻpkarilar va albatta, masxarabozlik tomoshalari oʻtkazilgan. Matnda keltirilgan qiziqarli epizodlardan biri – xalq masxarabozlari yetakchisi Zokir Eshon va boshqa qiziqchilarning sahna koʻrinishlaridir. Ular oʻz oʻyinlarida xalq hayoti, sodda choʻponlar, poraxoʻr raislar va tarozidan uradigan qassoblarni hajv ostiga olishgan. Masalan, poraxoʻr rais tunda uning uyiga goʻsht bilan kelishini tayinlagan qassobni fosh qiluvchi qiziqarli xalqona teatr sahnalari xon huzurida ijro etilgan.

Xudoyorxonning eng katta ermagi va xobbisi ov edi. U ov uchun juda koʻp mablag‘ va vaqt sarflardi. Saroyda burgut, qarchigʻay, lochin kabi yirtqich qushlar boqilgan. Har yili kuz (mezon) fasli kelishi bilan xon saroy aʼyonlari, sarkardalar va merganlar hamrohligida ulkan karvon boʻlib ovga chiqib ketardi. Hatto ovga ixlosi yoʻq baʼzi amaldorlar ham xon bilan ov bahonasida yeb-ichish, safoga berilish uchun bu safarlarga qoʻshilishgan. Ular Shohimardon, Uchqoʻrgʻon, Rovash, Taxti Sulaymon, Hazrati Ayub, Andijon, Eski Shahrixon va Margʻilonda kunlab toʻxtab, kayf-u safo qilishgan. Ayniqsa, Qozogʻiston hududidagi Chimkent ov uchun eng qulay joy boʻlgan, chunki u yerda qirgʻovul (tustovuq) va kakliklar benihoya koʻp edi.

Hazrati Ayub atrofidagi to‘qaylarda parranda ovidan boshqa tamosho uchun toʻngʻuz ovini ham qilar edilar. Oyim qishloq bilan Suzoq oʻrtasida har xil parranda va hayvonlar koʻp boʻlar edi. Chunonchi, gʻoz, oʻrdak, tustovuq, tulki, boʻri, quyon va shunga oʻxshash parranda va hayvonlarning koʻpligiga xon qiziqib, u hatto qilich bilan ham ov qilardi. Xudoyorxon ovni shunchalik yaxshi koʻrganidan koʻplab mirishikor va  merganlardan soliq olmay, balki inʼomlar berar edi.

Xon qushlar va ov itlarining orqasidan quvib, oʻzi shaxsan ov qilishni xush koʻrgan. Hatto qushlar och qolmasin deb, maʼlum hududlarga inʼom sifatida don tushirtirgan. Masalan, Oyim qishlogʻi atrofidagi qirgʻovullar uchun 1000 pud don sochilgani qayd qilingan. Ov safari paytida xon koʻchalardan oʻtayotganda, qizlar va ayollar tomlarga chiqib uni tomosha qilishgan. Agar xonga u yerdagi qizlardan birontasi maʼqul kelib qolsa, darhol oʻsha joyning oʻzida nikohlab, oʻrdaga olib ketavergan.

Xon oʻz onasi, millati qirgʻiz boʻlgan Hokim oyimni nihoyatda yaxshi koʻrgan va eʼzozlagan. Hokim oyim oʻrda ichida boʻlsa ham oʻzining koʻchmanchilik anʼanalarini tark etmay, saroy oʻrtasiga qozoqcha oʻtov tiktirib, oʻsha yerda yashagan va bir necha yildan keyin vafot etgan. Xon uni dabdabali marosim bilan dafn etgan. Shuningdek, oʻgʻli Oʻrmonbekni shunchalik yaxshi koʻrgan-ki, zindonda yotgan aybdorlarni Oʻrmonbek oʻrtaga tushib ozod qilishni soʻrasa, xon darhol ularni ozod qilgan.

Biroq, bu yumshoqlik ortida mudhish shafqatsizlik ham yashirin edi. Xudoyorxon voqeanavislar va chaqimchilarning soʻziga tez ishonib, aybsiz odamlarning quloq, burun va qoʻllarini kesishga buyruq berar, ogʻir jinoyat sodir etganlarni shahar oʻrtasida xalq koʻz oʻngida vahshiylarcha qatl ettirardi. Tergov ostidagi gumondorlarni oyoqlariga qoziq qoqib, muzdek suvga tushirib qoʻyishar va oyoqqa qoqilgan qoziq suvda shishib, gumondorga koʻp azob bergan. Bundan tashqari, oyoq ostiga mix qoqib qiynash usuli ham boʻlgan. Shuningdek, Xudoyorxon oʻta irimchi boʻlib, folbinlarning soʻziga ishonar va oʻzi ham qoʻyning kurak suyagiga qarab rom ochishni yaxshi koʻrardi.

Tarix charxi tez aylanib, 1876-yilga kelib Rossiya imperiyasi Qoʻqon xonligini batamom tugatdi va oʻz tasarrufiga kiritdi. Xudoyorxon taxtdan ayrilgach, dastlab Toshkentga keldi, u yerdan Orenburgga surgun qilindi. Keyinchalik haj ziyorati bahonasida Makka va Madinaga qochib ketdi. Umrining oxirida musofirlik va darbadarlik iskanjasida qolib, Hirot yaqinidagi Karux qishlogʻida vafot etdi.

“Turkiston toʻplami”dagi ushbu qisqa maqola orqali biz Qoʻqon xonligining ichki inqirozi, xotinlar oʻrtasidagi adovatning davlat taqdiriga taʼsiri, shu bilan birga fojiaviy yakunini yaqqol koʻrishimiz mumkin.

Abdullajon USMONOV,
OʻzR FA Tarix instituti tayanch doktoranti