Muqaddas dinimiz abadiy yashil daraxtga oʻxshaydi. Chunki uning uch teran ildizi bor: tavhid, axloq va ilm. Axloq nisbatan umumiylik xususiyatiga ega boʻlib, har ikki ildiz orasida koʻprik vazifasini oʻtaydi. Tavhid yakka-yu yolgʻiz Ilohnigina mutlaq yaratuvchi oʻlaroq eʼtirof etishni, oʻziga oʻxshash tarzda yaratilgan, oʻz qavmidan chiqqan mavjudotga – qanday qudratga ega boʻlmasin – sajda qilmaslikni, Ollohga shirk keltirmaslikni taqozo etadi. Shu bois tavhidning oʻzi muqaddas axloqiy hodisa, eng goʻzal axloqdir. Ilm ham, diniy yoki dunyoviyligidan qatʼi nazar, qanchalik taraqqiy etmasin, axloqdan nari boʻlsa, foydasi yoʻq; bilʼaks, insoniyat uchun koni zarardir. Shunga koʻra, tasavvuf goʻzal axloqni oʻziga dasturilamal deb biladi va unga islom falsafasining ildizi sifatida qaraydi.
Mavridi kelganda aytish kerakki, baʼzilar, hatto ayrim shariat peshvolari ham falsafa bilan din sigʻishmaydi deb hisoblaydilar. Bunday yondashuv butunlay notoʻgʻri. Chunki falsafasiz din ham, sanʼat ham oʻzini rasmana namoyon qila olmaydi, uchalasi bir-birisiz tom maʼnoda mavjud boʻlishi mumkin emas. Hazrati Paygʻambarimizning (s.a.v.) “Olloh meni goʻzal axloqni yoyish uchun yuborgan”, “Olloh goʻzaldir va U goʻzallikni sevadi” degan mazmundagi muborak hadislarida falsafiy fanlar boʻlmish axloqshunoslik va estetika islom asoslari bilan uzviy bogʻliqlikda aks etgan. Bu uchyoqlama robitai sharif asos oʻlaroq tasavvufni shariatning yuksak bosqichi rutbasiga koʻtaradi.
Tavhidga oid qarashlar Qurʼoni karim nozil qilinganidan keyingina maydonga kelganmi? Baʼzilar, afsuski, shunday deb oʻylaydi. Aslida unday emas. Bizgacha yetib kelgan yozma manbalarga koʻra, bundan salkam uch ming yil avval koʻpxudolik hukm surgan qadimgi Yunonistonda ulug‘ faylasuflar Yaratuvchining yagonaligini eʼtirof etganlar. Dastlab Suqrot hakim oʻz suhbatlarida tavhid gʻoyasini ilgari suradi – uni yoshlarni yoʻldan urishda ayblaydilar va oʻlimga hukm qiladilar. U sikuta zaharini ichib, oʻlimi oldidan musiqa tinglaydi va jon berayotganida “Men Uning oldiga ketyapman”, deydi. Vaholanki, u davrda odatda “Men ularning oldiga ketyapman” deyilguvchi edi.
Suqrotning shogirdi Aflotun esa qadimgi “Gʻor haqidagi masal” degan falsafiy-majoziy qissasida maʼbudlar maskani Olimp ham, maʼbudlarning oʻzlari ham bor-yoʻgʻi soyalar oʻyini, xayolot mahsuli boʻlib, chin dunyo naryoqda, Haqiqat quyoshining nuri ostida ekanini, odamlar uni koʻrmay aldanayotganini va koʻra bilganlar haqiqatni aytsalar, yolgʻonchiga chiqarilib kaltaklanishi, hatto oʻldirilishi mumkinligini yozgan.
Aflotunning shogirdi Arastu bu borada yana ham ilgarilab ketadi va tavhidni falsafiy-nazariy jihatdan nisbatan mukammal tarzda isbotlab beradi. Atoqli olim Valentin Asmus Arastu asarlarida keltirilgan Xudoga xos xususiyatlarning barchasini jamlab: Uning yakkaligini; jismsiz, oʻzi yaratilmagan, lekin Yaratuvchi hamda hech narsa tomonidan harakatga keltirilmaydigan, aksincha, Oʻzi butun borliqni ilk harakatga keltiradigan mutlaq qudrat ekanini taʼkidlaydi. Uni “Oliy shakl” deb ataydi va barcha shakllar Undan ekanini taʼkidlaydi. Arastu talqinida Xudo – olam va barcha olamiy jarayonlarning maqsadi hisoblanadi; U olamning markazi, barcha yaratilganlar markazga intilma harakat vositasida Unga intiladilar; U Oliy Aql, Oliy Tafakkur, tafakkur haqidagi Tafakkurdir (Асмус В. Античная философия. Издание 2-е, дополненное, Москва, “Высшая школа”, 1976. Стр. 284–288). Shu sababdan ham bizning mashshoiyyun faylasuflar Arastuni oʻzlarining ustozi, “Birinchi muallim” deb ataganlar va falsafiy qarashlarida unga ergashganlar.
Xoʻsh, shunday ekan, nasroniylikdagi “ilohiy uchlik”, Iso alayhissalom yoki buddhaviylikdagi Buddha – oʻzimizga oʻxshagan odamning Xudo ekaniga qanday ishonish mumkin!? Mazkur dinlarga eʼtiqod qiladiganlarning adashishi, mana, qayerda! Oʻrta asrlar musulmon Sharqi falsafasi (mashshoiyyunlik, tasavvuf) esa eʼtiqod obyektini toʻgʻri tanladi.
Aslida nasroniylikda ham oʻziga xos falsafiy-eʼtiqodiy nazariyalar mavjud. Chunonchi, daniyalik ekzistensiyachi faylasuf Syoren Aabe Kirkegaard Xudoga yaqinlashishning uch bosqichi xususida yozadi: estetik, axloqiy va diniy. Ilk bosqichning tamoyili – lazzat, ikkinchisiniki – burch, uchinchisiniki – iztirob. Estetik bosqichda inson oʻzini tashqi dunyoga baxsh etadi, hissiyotlar olamiga shoʻngʻiydi; hamma narsani bilgisi, barcha lazzat turlaridan bahramand boʻlgisi keladi; musiqa, teatr, ayollar – hammasi uning xizmatida. Lekin inson qanchalik hissiyotga berila borsa, lazzatdan shunchalik toʻyib, koʻngli qolib, qoniqmaydigan boʻlib boradi. Zero, takrorlanmas narsalarning takrorlanaverishi kishida hafsalasizlikni tugʻdiradi, hayotdan zerikish esa insonni umidsizlik chegarasiga keltirib qoʻyadi. Natijada insonda yuksakroq darajadagi hayotni tanlash zarurati paydo boʻladi va u axloqiy bosqichga oʻtadi.
Bu bosqichda odam erkin lazzatlanishdan kechib, oʻz ixtiyori bilan axloqiy qonunga boʻysunadi; fazilatlar yoʻliga kiradi, burchni bajarish mezon darajasini oladi; oʻziga nisbatan bamisli ustozga, qattiqqoʻl otaga aylanadi. Endi uning tanlovi ezgulik bilan yovuzlikni farqlaydigan, oʻzini gunohkor deb biladigan, ayni choqda, ongli ravishda haq yoʻlga yuz burgan kishining qarori sifatida namoyon boʻladi. Bu bosqichning timsoli – Suqrot. Uning yechimi – estetik ishqibozlikka qarama-qarshi qoʻyiladigan nikoh. Estetik bosqichdagi kapalaknamo oshiqlikning ziddi boʻlmish axloqiy darajadagi nikohda muhimi – oilaviy burchga sadoqat.
Axloqiy insonning hayoti tashqi emas, balki ichki, oʻziga nisbatan boʻlgan burchni bajarishga qaratilgan; u boshqa odamlar oldida burchli esa-da, uning uchun muhimi tashqi xatti-harakatlar emas, balki oʻzining abadiy va ajralmas xususiy mulki boʻlmish ichki holat, ichki ruhiy dunyodir. Xazina oʻzingda yashirin, u ixtiyor erkinligi, tanlov; unga erishish insonni malaklardan ham yuksakka koʻtarishi mumkin. Axloqiy bosqichda inson oʻzini tanlaydi. U oʻzini ezgu odam sifatida tanlamaydi, chunki inson gunohga botgan mardum va oʻz ayblarini boʻyniga olmasdan boshqa iloji yoʻq. Shuning uchun oʻzini yovuzlik va ezgulikning farqiga boradigan axloqiy shaxs oʻlaroq taniydi. Faylasuf inson faqat tanlov hodisasi tufayligina ilk bor oʻzligini anglaydi, zero, faqat erk haqiqiy shaxsni vujudga keltiradi, degan fikrni ilgari suradi.
Lekin axloqiy bosqich ham soʻnggi pillapoya emas, u oʻtish holati; eng yuksak daraja, bu – diniy bosqich. Zero, axloqiy bosqichda inson, birinchidan, baxtga, chunonchi, oilaviy, nikohdagi baxtga intiladi; ikkinchidan, umumiy qonunlarga boʻysunib yashaydi. Demak, bu bosqichda u oʻz erkini, ixtiyor erkinligini toʻliq namoyon qilolmaydi. Diniy bosqichda esa inson umumiy axloqiy qonun-qoidalar doirasidan chiqib, balandroq darajaga koʻtariladi, Xudo bilan toʻgʻridan-toʻgʻri munosabatga oʻtadi. Bu bosqichning timsoli – Ibrohim alayhissalom. Maʼlumki, u kishiga sevimli oʻgʻlini qurbonlik qilish haqida amri ilohiy keladi. Xoʻsh, nima qilish kerak? Ibrohim alayhissalomning oldida ikki talab koʻndalang edi: oʻgʻlini oʻldirmaslik (chunki zurriyotini oʻldirish axloqqa, otalik mehriga zid) va Tangriga boʻysunish. Birinchi talabni bajarish – Xudoga boʻysunmaslikka, ikkinchi talabni bajarish esa axloqiy qonunni buzish va oʻz oʻgʻliga nisbatan shafqatsizlikka olib keladi. Ikkisidan birini tanlash kerak. Bu tanlov esa iztirob orqali roʻyobga chiqadi. Unga hech kim yordam berolmaydi, muammoni uning yolgʻiz oʻzi hal etishi lozim. Bu tanlov mantiqiy jarayonning emas, ixtiyor etishning natijasi sifatida maydonga chiqadi. Unda insoniy aql emas, insonning oʻzi butun borligʻi bilan ishtirok qiladi...
Shu tariqa Suqrotning “Oʻzingni angla!” shiori Kirkegaard taʼlimotida “Oʻzingni tanla!” shioriga oʻrin boʻshatib beradi. Kirkegaard nafaqat iztirobga shukr qilishni, balki uni sevish kerakligini va bu sevgi har qanday baxtdan baland ekanini taʼkidlaydi. Zero, Xudoga muhabbat – shart. Har qanday iztirob, yoʻqchilik, sinov va riyozat bu ahdni buza olmaydi, uning ahamiyatini pasaytira olmaydi. Iztirob toʻgʻri tanlov tufayli ezgulik va xayrning manbaiga aylanadi. Shuningdek, erkinlik iztirob bilan birgalikda; gunoh, ayb, qoʻrquv tushunchalari esa inson mavjudligining sifatlari tarzida talqin etiladi.
Men Kirkegaardning bu fikrlarini butunlay toʻgʻri yoki butkul notoʻgʻri deb aytolmayman, lekin shunisi ayonki, ular din falsafasi ildiziga borib taqaladi. Bizning musulmon mintaqamizda bunday falsafiy yumushni tasavvuf bajarib kelmoqda. Ammo, afsuski, baʼzi dindorlarimiz, hatto din peshvolari orasida, shariat ahkomlari bor-ku, tasavvuf shartmi, deydiganlar ham topiladi. Bunday qarash islomning mohiyatini teran tushunmaslikdan kelib chiqadi. Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) asos solgan va Imom Gʻazzoliy hazratlari falsafiy-nazariy jihatdan asoslab bergan tasavvufning muqaddasligi shundaki, u shariatning yuqori bosqichi sanaladi. Tasavvuf Ollohdan qoʻrqish majburiyatini Ollohni sevish bosqichiga olib chiqadi. Bu borada dastlabki soʻfiylardan boʻlmish Robiya al-Adaviyaning (713–801) Xudoga munosabati diqqatga sazovordir. Bu munosabatini u muhabbat deb ataydi va Yaratganga shunday iltijo qiladi: “Yo Egam! Agar doʻzaxingdan qoʻrqqanim uchun Senga ibodat qilayotgan boʻlsam, meni doʻzaxingda yondir; agar jannating ilinjida ibodat qilayotgan boʻlsam, meni unga yoʻlatma. Agar faqat Oʻzingni deb ibodat qilayotgan boʻlsam, mendan mangu goʻzal jamolingni yashirma! (Бертельс Е. Суфизм и суфийская литература. Москва, “Наука”, 1965. Стр. 18).
Robiya al-Adaviya nazdida haqiqiy ishq manfaatsiz voqe boʻlishi kerak. Olmoniyalik ulkan mutasavvif olima, zamondoshimiz Annemariye Shimmel xonim shu munosabat bilan oʻz kitobida qiziq bir qadimiy rivoyatni keltiradi: “Xudojoʻy soʻfiy Robiya bir qoʻlida bir chelak suv, ikkinchi qoʻlida yonib turgan mashʼala koʻtargancha Basra koʻchalaridan yugurib oʻtayotgan ekan. Yoʻlovchilar hayron boʻlib undan soʻrashibdi:
– Bunchalar shoshilib qaylarga yoʻl tutding, ey Robiya?
– Doʻzaxdagi oʻtni oʻchirmoqchiman, – debdi Robiya qoʻlidagi chelakka ishora qilib.
Yoʻlovchilar yoqalarini tutib, “astagʻfirulloh” degancha soʻrashibdi:
– U holda qoʻlingdagi mashʼala nechun?
– Bu mashʼala bilan jannatga oʻt qoʻymoqchiman.
Odamlarning yuzlaridan qoni qochib, qichqirishibdi:
– Ollohdan magʻfirat soʻrab iltijo qil, ey badbaxt ayol, aks holda kofir qavmlardan boʻlib qolasan!
– Yoʻq, azizlarim, meni notoʻgʻri tushundinglar. Men kofir emasman, Olloh taolo bilan bandalar oʻrtasidagi bu ikki pardani yoʻqotmoqchiman, xolos. Toki bandalar Olloh taologa doʻzax oʻtida kuyishdan qoʻrqqanlari yoki jannat iqbolidan umidvor boʻlganlari uchun emas, balki Uning Olloh ekanligi, Bir-u Borligi va Boqiy goʻzalligi uchun ibodat qilishsin” (Shimmel A. “Jonon mening jonimda”. Y.Parda tarjimasi. Toshkent, “Sharq”, 1999. 44-45-betlar). Bu fikrlar muayyan maʼnoda Ollohga munosabatning Mansuri Halloj va Mashrab uslubini yodga solsa-da, mohiyatan Yaratganga muhabbat qoʻyish samimiy hamda begʻaraz hodisa ekanini aks ettiradi.
Demak, shariat – islomning umumiy aqoidlarini anglatadigan dastlabki, tashqi-huquqiy bosqich boʻlsa; tariqat uning ichkiaxloqiy, yuksak maqomidir. Buni alloma Husayn Voiz Koshifiy bunday tushuntiradi: “Shariat – ravshan bilgan narsalardir, nishonadir, hurmatdir. Tariqat – qidiriladigan narsalardir, intilish, bayondir, xizmatdir. Haqiqat – koʻrish uchun kurashish, koʻriladigan narsa, yaʼni ayondir, hikmatdir. Agar bulardan har birining samarasi nima deb soʻrasalar, degil: shariatning samarasi – ahdga vafo, tariqatning samarasi – fikr, yaʼni oʻzidan voz kechmoq, haqiqatning samarasi – baqo, yaʼni botildan umidni uzib, Haq suygan ishlarga bogʻlanish” (Husayn Voiz Koshifiy. Futuvvatnomai Sultoniy yoxud javonmardlik tariqati. N.Komilov tarjimasi. Toshkent, Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1974. 17-bet).
Koshifiy tomonidan tariqatning qidirish, intilish hamda bayon qilish bilan bogʻliq ekani taʼkidlanishi, uning samarasi esa fikr deya talqin etilishi tasavvufning mushohada va tafakkurga suyanishini, yaʼni falsafiy umumlashtirish tamoyili asosida ish koʻrishini anglatadi.
Tangri insonni ayricha bir muhabbat bilan yaratdi, unga farishtalardan-da ulug‘ martaba berib, yerdagi xalifasi deb sayladi, tafakkur salohiyatini tuhfa etdi. Demak, inson ham unga muhabbat qoʻymogʻi lozim. Insonga yuboriladigan azob-uqubatlar ana shu muhabbat yoʻlidagi imtihonlardir. Tasavvufning mohiyati – ikki tomonlama muhabbatni talqin etmoq. Binobarin, tasavvuf axloqshunosligida muhabbat his-tuygʻu maqomidan tushuncha darajasiga koʻtariladi. Qisqa qilib aytganda, tasavvuf islomiy axloq falsafasi sifatida ish koʻradi.
Tasavvuf kishisi shariat ahkomlarini bajarish bilan cheklanmaydi, balki chinakam xalifalik vazifasini bajarish uchun jidd-u jahd etadi. Zero, xalifalik rutbasi oddiy bandalik majburiyatlari – farzlar va boshqa arkonlarni bajarishdan tashqari yanada balandroq maqomga koʻtarilishni taqozo qiladi. U oʻzi yashayotgan dunyoning pokizaligini, axloqiyligini, goʻzalligini asrab, takomilga yetkazishga; shuningdek, hayvonot va nabotot olamiga insof hamda shafqat bilan munosabatda boʻlishga masʼul ekanini anglaydi. Ana shu anglash hissi tariqatga kirish orqali yanada teranroq, yanada miqyosliroq tarzda roʻy beradi.
Tasavvuf ham boshqa baʼzi bir diniy va dunyoviy oqimlar kabi oʻz tarixida muayyan evrilishlarga, goh yuksalish, goh buhronga duch kelgani shubhasiz. Chunonchi, XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida, ayniqsa, ruslar istilosidan keyin, bizning Turkiston va Movarounnahrda tasavvuf salbiy koʻrinishdagi qalandarlikka, qalandarxonalarning aksari takyaxonalarga aylanganini, ommaviy tus olgan diniy va dunyoviy ilmsizlik oqibatida oʻz mavqeini boy berganini koʻrish mumkin. Ayrim din peshvolari, shayxlik, donishmandlik daʼvosidagi soʻfiylar mustamlakachilar hamda mahalliy hukmdorlar tomonida turib, shariat bilan tariqatning obroʻsi tushishiga sabab boʻldilar. Maʼrifatparvar shoira Anbar Otin “Qarolar falsafasi” asarida bunday yozadi: “Gʻayrihaqiqiy donishmand shu soʻfiy johillar xalqni dunyo lazzatidan onchunon kechirib, mosuvo qilib, dunyo rohatini bir guruh davlatmandlarga xos deb ranjbar xalqni(ng) umrini, gunohiydursan deb va doʻzaxdin qoʻrqutib, yegoni-ichgonini zahar va zaqqum qilurlar” (Anbar Otin. Tanlangan asarlar. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1970. 106-bet).
Tasavvufning mohiyatini idrok etmagan soʻfiylar va darveshlar ilm bilan shugʻullanish oʻrniga takyaxonalarda giyohvandlikka berildilar, ularning asosiy ishi faqat zohiriy zikr va bozorlarda diniy sheʼrlarni oʻqishdan iborat boʻlib qoldi. Qalandarlar yirtiq janda kiyib, mis kachkulini shaldiratib, sadaqa yigʻuvchi tekinxoʻrlarga aylandilar. Ayrim shayxlar esa tasavvuf ildizlarini unutib, hukmron doiralar xizmatiga oʻtdilar; xalqni tarkidunyochilikka, qanoatga chaqirib, boy zolimlar va badavlat kishilarning adolatsiz qilmishlarini oqlash bilan kun koʻrdilar. Shoira gʻazallaridan birida bunday yozadi: Xudoning neʼmatini boʻlub olgʻonlargʻa oʻt tushsun, / Shariat hukmini yoʻldin chiqargʻonlargʻa oʻt tushsun (oʻsha manba, 39-bet).
Turkiy dunyoning Rusiya imperiyasi bosib olib, erksiz, huquqsiz mustamlakaga aylantirgan katta qismidagi mamlakatlarda shunday ayanchli hol hukm surar edi. Keyinchalik mintaqa xalqlari bundan beshbattar ahvolga tushdi. 1917-yilgi Oktabr davlat toʻntarishi oqibatida Sovet Ittifoqi deb atalgan, mohiyatiga koʻra imperiya sanalgan bolsheviklarning (taʼbir joiz boʻlsa, sotsial fashistlarning) xudosiz davlati vujudga keldi, ateizm uning shovinizmdan keyingi asosiy mafkurasiga aylandi. Koʻp yillar mobaynida nafaqat din peshvolari, ilm egalari otildi, qamaldi, surgun qilindi, balki uyidan arab alifbosidagi kitoblar topilgan oddiy odamlar ham jazoga tortildi. Natijada asta-sekin islom ilmi zaiflashdi, tasavvuf butunlay yoʻqotildi, diniy va tasavvufiy adabiyotlarni chop etish taqiqlandi.
Nihoyat, Ollohning inoyati bilan qon toʻkmay mustaqillikka erishdik. Yana islomga, diniy qadriyatlarimizga qaytish imkoniga ega boʻldik. Qurʼoni karim, Hadisi sharifni oʻqish va tasavvuf allomalari asarlari bilan tanishish imkoni vujudga keldi, millatimiz ateistik gʻoyalardan voz kechib, eʼtiqodiy izlanishlar sari yuz burdi. Ana shunday murakkab oʻtish davri yana tasavvufga murojaat qilish zaruratini tugʻdirdi. Dastlab atoqli navoiyshunos va tasavvufshunos olim, professor Najmiddin Komilovning ikki kitobdan iborat “Tasavvuf” asari, keyinroq akademik Izzat Sultonning “Bahouddin Naqshband abadiyati”, buyuk islomshunos alloma Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Tasavvuf haqida tasavvur”, “Naqshbandiya” kitoblari chop etildi. Lekin bu asarlar qimmatli manbalar hisoblansa-da, koʻproq ilmiy doiralarga moʻljallangan edi. Qolaversa, son va adad jihatidan ham xalqimiz ehtiyojini yetarli darajada qondirolmasdi. Zero, Oʻrta asrlardagi tasavvufiy adabiyotlar nisbatan koʻp va uslubiy rang-barang boʻlgani holda, ziyolilardan tashqari hunarmand, kosib kabi tabaqalarga, umuman, savodi bor xalq ommasiga tushunarli qilib yozilgan edi. Xususan, Turkiyada kamol topgan, asli buxorolik, musulmon olamining mashhur shayxlaridan biri, filologiya fanlari doktori, professor Mahmud Asʼad Joʻshon hazratlarining ilmiy-maʼnaviy merosi shoyon diqqatga sazovordir.
Bu zot – naqshbandiya tariqatining hozir koʻpchilikka maʼlum boʻlgan keng imkoniyatlaridan foydalanib, nafaqat turkiy xalqlar orasida, balki jahon afkor ommasi ichida mazkur tariqatga hurmat-ehtirom uygʻota olgan, umumjahoniy tasavvuf taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan allomadir. U oʻz asarlarida tasavvufni bir tomondan, Ollohni bilish, tanish uchun; ikkinchi tomondan, nafsni tarbiyalash, ruhiy-axloqiy takomil yoʻlidagi xatti-harakatlar tajassumi deb taʼriflaydi. U baʼzi bir aqidaparastlarning, tasavvufning islomga aloqasi yoʻq, hatto ular bir-biriga qarama-qarshi, degan fikrlarini rad etar ekan, hazrati Paygʻambarimizning mutasavviflar sultoni, sahobalarning esa ahli tasavvuf boʻlganini isbotlab beradi.
Mahmud Asʼad Joʻshonni musulmon olamida yangitasavvufchilik yoʻnalishiga asos soldi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Zero, alloma asarlari Yassaviy hazratlari hikmatlari yoʻlida, sodda uslubda yozilgan; ularda oyati karimalar, hadislar, sharʼiy ahkomlar va tasavvufiy gʻoyalar, mohiyatning murakkabligiga qaramay, koʻpchilikka tushunarli tilda bayon etiladi. Qolaversa, naqshbandiya yoʻnalishining muayyan afzalliklari yassaviya, kubroviya, mavlaviya, joʻmardlik (futuvvat) kabi tariqatlar bilan dialektik bogʻliqlikda namoyon boʻladi. Sirasini aytganda, naqshbandiyaning oʻziga xosligi hech bir holatda umumtasavvufiy qonun-qoidalar hamda talablar doirasidan chetga chiqmaydi. Bu borada Joʻshon hazratlarining ustozi Muhammad Zohid Qutqu bayon etgan quyidagi rivoyat alohida eʼtiborga molik: “Joʻmardligi bilan mashhur boʻlgan Abdulloh ibn Jaʼfar roziallohu anhu bir xurmozorga kirdilar. U yerda bir qora qul ishlayotgan edi. Shu payt bog‘ sohibi kelib, qulga uch burda non berib ketdi. Uch burda non qulning kundalik ish haqi edi. Nogoh shu choq qayerdandir bir it paydo boʻlib qulning yoniga keldi. Qul qoʻlidagi nonning bir burdasini unga berdi. Jonivor yedi-yu, lekin toʻymadi. Qul yana bir burdani berdi. Nonni yeb boʻlib, it yana koʻz tikib turdi. Shunda qul nonning soʻnggi burdasini ham itga berdi. Jonivor uni yeganidan keyingina nari ketdi. Bu holga qiziqib qolgan Abdulloh ibn Jaʼfar quldan “Kundalik ish haqingga nima olasan?” deb soʻradilar.
– Hozir koʻrganingizdek, har kuni uch burda non.
– Unday boʻlsa, nechun butun ovqatingni itga berding?
– Bizning yerlarda it boʻlmaydi, demak, bu hayvon uzoqlardan kelgan. Och holdagi jonivorni quvib yuborishni istamadim.
– Xoʻsh, endi oʻzing nima yeysan?
– Ertalabgacha oʻzimni sirib, sabr qilaman.
Shunda Abdulloh ibn Jaʼfar “Bildimki, bu qul mendan ham joʻmardroq ekan”, dedilar. U zot oʻsha bogʻni butun dov-dastgohi bilan sotib oldilar va qulni ozod qilib, bogʻni unga hadya qildilar (Muhammad Zohid Qutqu. Joʻmardlik. “Sirli olam” jurnali, 1999, 6-son).
Bu yerda biz insonning hayvonga va insonning insonga nisbatan koʻrsatgan joʻmardligiga guvoh boʻlyapmiz. Ayni choqda bu tamoyil saxovat nuqtai nazaridangina emas, balki tasavvuf uchun umumiy boʻlgan nafs tarbiyasi jihatidan ham naqshbandiya tariqati talablariga nihoyatda mos keladi. Muhammad Zohid Qutqu hazratlari tasavvufiy adabiyot xazinasining noyob namunasi boʻlmish besh jildli “Tasavvufiy axloq” deb nomlangan fundamental asari bilan bir qatorda “Nafs tarbiyasi” degan yirik kitob ham yaratgan.
Mahmud Asʼad Joʻshon ham ustozidan ulgi olib, xuddi shu nomda hozir zamondoshlarimiz hayotiga kirib kelgan salbiy maʼnodagi haddan oshgan pragmatizmga qarshi kurashda, axloqiy muhitni sogʻlomlashtirishda muhim ahamiyat kasb etgan risola yozdi. Muallif axloq toʻgʻrisida, xususan, islom mintaqasi kishilari hayotida axloq egallagan mavqe haqida yozar ekan, uni boshqa maʼnaviy omillar bilan qiyoslab fikr yuritadi. Shu maʼnoda tasavvuf va sanʼatning oʻzaro munosabatlariga alohida eʼtibor beradi; sanʼatni inson axloqiy hayotini boyituvchi, uni yuksak axloqiylikka daʼvat etuvchi vosita sifatida talqin qiladi; sanʼatkor qalbida axloqiylik bilan hayajon uygʻunlikda yashashini taʼkidlaydi. Sanʼat asosida hayajon yotishini aytib, uning muhabbat kabi yurakka yaqinligini taʼkidlaydi; koʻngli hayajondan yiroq insonning goʻzallikni his etishi, topa bilishi va tasvirlashi mumkin emas, deydi u. Koʻrinib turibdiki, Joʻshon sanʼatga mensimay qarash, uni inkor etish fikridan yiroq. Aksincha, uning nazdida sanʼat – koʻngil mulki, insonni diniy-tasavvufiy bosqichga koʻtarish uchun xizmat qiladigan vosita. Bu jihatdan tasavvuf sanʼat bilan oʻxshash. Lekin tasavvufdagi hayajon sanʼatdagidan koʻra kuchliroq, sururiyroq ekanini aytadi: “Tasavvufdagi his-hayajon shu qadar kuchli va hayotbaxshki, bu tuygʻu insonni havoda uchiradi” (Mahmud Asʼad Joʻshon. Tasavvuf va nafs tarbiyasi. N.Hasan tarjimasi. Toshkent, “Choʻlpon” nashriyoti, 1998. 79-bet). Sanʼat va tasavvuf komil insonni tarbiyalashda bir-birini toʻldiradigan maʼnaviy hodisalardir. Zero, buning isboti uchun turkiy dunyoning ulug‘ shoiri, oʻzbek adabiy tiliga asos solgan Xoja Ahmad Yassaviy boshlab bergan yassaviya tariqatida sheʼriyat va yokim ulug‘ shoir va alloma Jaloliddin Rumiy asos solgan mavlaviya tariqatida sheʼriyat bilan musiqa sanʼati qanday mavqe egallaganini eslash kifoya. Shuningdek, “tarixiy davrda tasavvuf ahli sanʼat, adabiyot, musiqa, meʼmorlik va boshqa sohalarga homiylik qilgan” (oʻsha manba).
Mahmud Asʼad Joʻshon tasavvufning axloqiy mohiyati haqida bunday yozadi: “Axloq – fardiy emas, balki ijtimoiy hodisadir. Jamiyat mavjud boʻlmay, inson yolgʻiz oʻzi yashasa edi, axloq degan narsaga hojat qolmagan boʻlardi. Axloq jamiyat hayotining koʻrinishidir. Shunday ekan, axloq jamiyatning tartib-intizomga ega, kuchli taʼsir koʻrsatadigan, jamiyat nizomining shaxslarga taalluqli manbaini tashkil etadigan unsurdir. Shuning uchun axloqni yoʻlga qoʻymay turib, inson jamiyatga foyda berishi, axloqqa rioya qilmaydigan shaxslardan tashkil topgan jamiyatning ham muvaffaqiyatga erishuvi mumkin emas” (oʻsha manba, 70-bet).
Hamonki, tasavvufning mohiyatini tashkil etuvchi axloq xususiy hodisa emas ekan, demak, tasavvuf ham ijtimoiy qamrovga ega hodisa; u jamiyatda mavjud va jamiyat uchun katta ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Mahmud Asʼad Joʻshon avvalo islomning mohiyatini asl holicha tushuntiradi, islomda boshqa umumjahoniy dinlardan farqli oʻlaroq, tarkidunyochilik yoʻqligini qatʼiy tarzda uqtiradi: “Holbuki, oʻtmishdagi ummatlarga jamiyatdan qochishga tashviq bor edi. Shu bois togʻlarda ibodatxonalar qurilgandi. Jamiyatdan qochgan holda shaxsiy kamolotga erishmoqqa harakat qilardilar. Bularga ruhbonlik – tarkidunyochilik deyiladi. Islomda esa tarkidunyochilik yoʻq” (Mahmud Asʼad Joʻshon. Islom, tasavvuf va axloq. S.Sayfulloh tarjimasi. Toshkent, “Istiqlol”, 1999. 163-bet).
Aksincha, islom insonni nafaqat jamiyatdan uzilmaslikka chaqiradi, balki zamon bilan hamnafas yashashga, diniy bilimlarni dunyoviy bilimlar bilan uygʻunlashtirishga, ularni maʼlum maʼnoda zamonga moslashtirishga daʼvat etadi: “Bilimlarimizni yangilab bormogʻimiz lozim. Chunki… bilimlar zamoni boshlangan”, deb yozadi tariqat peshvosi (Mahmud Asʼad Joʻshon. Tasavvuf va goʻzallik. M.Kenjabek tarjimasi. Toshkent, “Adolat”, 2004. 167-bet).
Tariqat peshvosi shahar va qishloq ahli axloqi orasidagi tafovutlarga ham toʻxtalib oʻtgan. Uning fikricha, inson hayoti davomida turli qiyinchilik, musibat va sinovlarga duch keladi hamda ularni kuchli eʼtiqod, sabr, gʻayrat-u halollik bilan yengib oʻtadi. Bunday kurash odamni maʼnaviy jihatdan chiniqtiradi, axloqiy yuksaklikka koʻtaradi. Gap shundaki, shaharda ilm-u maʼrifat darajasi baland, jamoat boʻlib yashash va ishlash tarzi, yaʼni fuqarolik jamiyatining aʼzosi sifatida umr kechirish insonni torlikdan kenglikka, xudbinlikdan bagʻrikenglikka olib chiqadi, uni jamiyat manfatlarini ham hisobga olib yashashga oʻrgatadi, yovvoyilikdan, badaviylikdan madaniyatga yetaklaydi (“Islom, tasavvuf va axloq”, 163-164-betlar). Mazkur fikrlar insonning hozir nafaqat qadimdan naqshbandiya suluki qoralagan tarkidunyochilikka, balki avvalgi asrlardagidek shoirona qishloq romantikasiga berilib, oʻzini aldab yashashi mumkin emasligini, butun dunyo boʻylab shiddat bilan borayotgan urbanizatsiya (shaharlashuv) jarayonlari ham hayotiy reallik ekanini yaqqol koʻrsatib turibdi.
Hazrat Bahouddin Naqshbandning ulug‘ avliyolar Yusuf Hamadoniy va Abduxoliq Gʻijduvoniydan keyin suluk aʼmoliga qoʻshgan uch tamoyili – “vuqufi zamoniy”, “vuqufi adadiy” va “vuqufi qalbiy” tasavvuf ilmida yangi qadam hisoblanadi. Chunonchi, vuqufi zamoniy tamoyilini va undagi botiniy maʼnoni Joʻshon hazratlarining zamondoshi, ulkan ilohiyotchi-islomshunos olim Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bunday sharhlaydi: “Zamondan voqif boʻlmoq. Bu shiorda solik oʻzi yashayotgan zamonni bilmogʻi va undan unumli foydalanmogʻi koʻzda tutilgan... Xoja Bahouddin Naqshband rahmatullohi alayh aytadilar: “Vuqufi zamoniy – solikning oʻz holini anglamogʻi va oʻzi turgan zamonni yaxshi bilmogʻidir. Shukr keltirish kerakmi yoki uzr aytish lozimligini ajratmogʻidir. Agar yaxshi boʻlsa, shukr qiladi, boshqacha boʻlsa, uzr keltiradi” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Naqshbandiya. Vazifalar. Zikrlar. Toshkent, “Hilol”, 2018. 74-75-betlar).
Ushbu koʻchirma soʻnggidagi “uzr keltirish” iborasiga eʼtibor qilaylik: zamon yomon boʻlsa, unga shukr qilish kerak emas, unga uzr aytish, yaʼni mazkur zamonning talablaridan yuz oʻgirish, ularni inkor etmoq lozim. Demak, nashqbandiya “Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq” maqoliga mos yashashni ijobiy hodisa sifatida talqin qilmaydi. Chunonchi, biz boshdan kechirgan xudosizlik, kufr va yolgʻon asosiga qurilgan shoʻrolar tuzumiga shukrona aytib umr kechirish nafaqat dunyoviy, islomiy talablarga ham toʻgʻri kelmaydi. Xoʻsh, bunday holatlarda nima qilmoq kerak? Qurol bilan qarshilik koʻrsatish, bu – soʻnggi chora, ayni choqda, totalitar tuzum bunga imkon bermasligi tayin. Bunday pallada gʻazab emas, nafrat ishga tushishi maqsadga muvofiq, zero, gʻazab – jahlning, nafrat esa aqlning hosilasidir. Naqshbandiya tariqatining ikki tamoyili yovuzlikka qoʻshilmaslikning, norozilikning ikki bosqichi sifatida qoʻl keladi. Birinchisi – “xilvat dar anjuman”, ikkinchisi – miqyosiyroq, hozir fikrlayotganimiz “vuqufi zamoniy”dagi uzr aytish holati. Birinchisi sukut orqali amalga oshirilsa, ikkinchisi soʻz yoki jismoniy ziyon-zahmat yetkazmaydigan xatti-harakat vositasida voqe boʻladi. Bunga Hindistonning ozod boʻlishida Mahatma Gandi tutgan yoʻl yorqin misol boʻla oladi. Gandi xalqni qurolli qoʻzgʻolonga chorlamadi, balki mustamlakachilar qonunlariga tinch yoʻl bilan boʻysunmaslik orqali umumxalq nafratini namoyon qilib, oʻz mamlakatini mustaqillikka olib chiqdi...
Professor Joʻshonning naqshbandiylik va tariqat darveshlari estetikasi borasidagi fikrlari ham katta ahamiyatga ega. Ularni yangitasavvufchilik oqimini vujudga keltirgan ilmiy omillardan biri deb atasak yanglishmagan boʻlamiz. Tariqat peshvosiga koʻra, tasavvuf – ham ilohiy, ham insoniy ilmdir. Shu bois u hech qachon goʻzallikdan ayro boʻlolmaydi. Zero, butun dunyoda goʻzallikka ehtiyoj bor. Xulqiy goʻzallik esa, qadimgi faylasuflar taʼkidlaganidek, eng ulug‘ goʻzallikdir. Joʻshon ham bu tushunchani minbaʼd axloqdan ajratmaydi. Qaysi xatti-harakat goʻzal boʻlsa, u axloqiydir, axloqiy xatti-harakat doimo goʻzaldir. Mahmud Asʼad Joʻshon tilanchilik qiladigan juldurvoqilardan, takyaxonalarda chilim tortishdan boʻshamaydigan giyohvandlardan, oʻzlarini “bektoshiylar” deb atagan ichkilikboz “tariqatchi”lardan nafratlanadi, ularning tasavvufga aslo aloqasi yoʻqligi, ular xunuklik dunyosi bandalari ekanini qayta-qayta taʼkidlaydi. Darvesh asl mohiyatiga koʻra goʻzallikning, goʻzal dunyoning oshigʻi, maʼnaviyat olamiga goʻzallik orqali yoʻl solgan haqiqiy ziyolidir.
Alloma umuman goʻzallik, shu jumladan, estetik goʻzallik ham muhabbat bilan bogʻliqligini, bu tushunchani idrok etishda muhabbat maʼnaviy asos vazifasini oʻtashini alohida taʼkidlaydi. “Biz goʻzallikka toʻlgʻun, hamdam boʻlgan, ichimizda va tashimizda koʻp turli goʻzalliklar boʻlgan bir jamoatmiz, musulmon sifatida, ahli tasavvuf sifatida shundoqmiz! Boshqa millatlarga nisbatan maqtanish uchun emas, rostini aytayotirmanki, shundoq bir madaniyat, estetika namunasimiz... Bizning koʻchamizda yoshi ulug‘, oq soqolli amakilar, togʻalar, bobolar chorsuga – bozorga oʻtishardi. Bellarida belbog‘... Sallali edilar, ammo sallalarining chetida rayhon boʻlar edi, chinnigul boʻlar edi, atirgul boʻlar edi. Goʻzal madaniyat, estetika bor edi. Toʻliq estetikaga rioya qilsak, diqqat etsak, shundan ham bir muhabbatlashuv, muhabbatning ortishi yuzaga keladi”, deb yozadi u.
Sirasi, yangitasavvufchilik oqimi, xususan, Mahmud Asʼad Joʻshonning qarashlari zamonaviyligi, oʻtkir diniy-falsafiy, axloqiy-estetik mushohadalar asosiga qurilgani bilan dolzarbdir. Alloma asarlarida tasavvufning zamonaviy talqiniga duch kelamiz. Muallif naqshbandiya tariqatidagi, nafaqat vuqufi zamoniy, balki oʻn bir tamoyilni, shuningdek, tasavvufning oʻzini butunisicha zamonaviy nuqtai nazardan tahlil qiladi. Biz – hazrat Paygʻambarimizning ummatlari, u kishi aytganlaridek, har ikki dunyoda ham goʻzal yashamogʻimiz lozim. Oxiratdan kechmaganimiz kabi bu dunyodan ham kechmasligimiz; toki bu dunyoda yashar ekanmiz, doimo oʻzimizni, zamonimizni va makonimizni goʻzallashtirish harakatida boʻlmogʻimiz kerak. Yangitasavvufchilik oqimi ana shu talabni qalban chuqur anglab yetib, uni zamonni inkor etmagan tarzda bajarishga qaratilgan islomiy-eʼtiqodiy yoʻnalishdir. Bu haqda Shayx Asʼad Joʻshon shunday yozadi: “Moddiy va maʼnaviy oʻzligimizni yoʻqotmasdan, nasibalarimizni oyoqosti qilmasdan, yurtimiz boyliklarini – iqtisodiy va madaniy boyliklarimizni talatmasdan, hurriyat va istiqlolimizni qoʻldan chiqarmasdan, vatanni boʻlib tashlamasdan, borligʻimizni yanada rivojlantirib, miqyosiylashtirib, yuksaltirishga harakat qilishimiz lozim. Eng diqqatli, hushyor, uygʻoq, fidoyi, eng bilimli, faol, eng sodiq, vafodor, vatanparvar, xullas, chinakam darvesh (ziyoli – A.Sh.) boʻlishimiz kerak. Bir tomondan, juda ham durust idealist, hassos qalb egasi, boshqa tarafdan esa oʻtkir aql egasi va pragmatik boʻlishimizga toʻgʻri keladi” (Tasavvuf va naqshbandiylik. S.Sayfulloh tarjimasi. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 2019. 170-bet). Bu koʻchirmadagi insonparvarlik, vatanparvarlik, millatparvarlik, milliy ozodlik, eʼtiqodparvarlik, milliy va diniy qadriyatlarga sadoqat, milliy boyliklarni isrof qilmaslik, intellektual salohiyatni yuksaltirish gʻoyalari zamonaviylik tamoyillariga mosdir. Bu gʻoyalar yagona xalifalik tuzish kabi millat mustaqilligini xavf ostiga qoʻyadigan kosmopolitizm tarafdorlariga, Paygʻambarimizning “Dinni qiyinlashtirmanglar, osonlashtiringlar” degan muborak oʻgiti mohiyatini anglamagan aqidaparastlik yalovbardorlariga qarshi qaratilgani bilan qimmatlidar. Shayx Joʻshon asos solgan yangitasavvufchilik oqimi hozirda jahon boʻylab keng yoyilgan islomiy yoʻnalishlardan biri ekani boisi ham, ehtimol, shudir. Uning izdoshlari Turkiyadagina emas, balki Olmoniya, Avstraliya, Niderlandiya kabi mamlakatlarda ham koʻplab topiladi. Darvoqe, uzoqlardan misol qidirib yurishimiz shartmi? Oʻzimizga, Oʻzbekistonga bir nazar tashlashning oʻziyoq bu suluk qanchalik kengayib borayotganini ravshan koʻrsatadi.
Tasavvuf va, xususan, naqshbandiya tariqati borasida jahoniy miqyosda yirik ishlar qilgan ustoz allomalardan keyin yangitasavvufchilik gʻoyalariga tayangan taniqli olimlar yetishib chiqdi, ularning xalqimiz orasida keng tarqalgan asarlari, tarjimalari vujudga keldi. Bugungi kunda Sayfiddin Sayfulloh, Mirzo Kenjabek, Ibrohim Haqqul, Nodirxon Hasan singari isteʼdodli olimlarni xalqimiz ayricha hurmat bilan tilga oladi.
* * *
Olloh oʻzi sevgan bandalarga goho qachon, goho qayerda qazo topishini avvaldan koʻngliga solgani haqida eshitganmiz, oʻqiganmiz. Bu borada Umar Xayyom taqdirida roʻy bergan ikki hodisa eʼtiborga loyiq. Muarrix Bayhaqiy Xayyomning qarindoshidan quyidagilarni eshitganini yozadi: “Bir kuni u (Xayyom) oltin misvok bilan tishini tozalayturib, “Ash-Shifo” (Ibn Sino) asarining metafizika qismini diqqat bilan oʻqir edi. Kitobning yakkalik va koʻplik haqidagi bobiga kelganida, u misvokni varaq orasiga qoʻyib, “Shohidlarni chaqir, men vasiyat qilmoqchiman”, dedi. Keyin namoz oʻqidi, (shundan soʻng) hech narsa yemadi ham, ichmadi ham. Xufton namozini oʻqib boʻlgach, boshini sajdaga qoʻydi va sajda holatida, “Yo Rabbim, men Seni imkonim qadar bildim. Tavbamni qabul ayla, Seni bilishim – mening Senga boradigan yoʻlim edi”, dedi-da, jon berdi” (Омар Хайям. Трактаты. Москва, “Наука”, 1961. Стр. 353).
Ikkinchi hodisa: Nizomiy Aruziy Samarqandiy bir kuni Xayyomning: “Mening qabrim shunday joyda boʻladiki, u yerda har bahor shimoliy yellar ustimdan gul sochib turadi” deganini eshitadi. Samarqandiy hijriy 530 (milodiy 1135)-yili Nishopurga boradi va vafot etganiga toʻrt yil boʻlgan u ulug‘ inson qabrini borib koʻradi. “...bog‘ devori ostidagi ustozim qabrini koʻrdim, – deb yozadi u. – Devor osha oʻtgan nok va oʻrik daraxtlarining shoxlari qabr ustiga gullarini shunchalik koʻp toʻkkan ediki, u gulga koʻmilib yotardi. Oʻshanda men Balxda eshitgan soʻzlarni eslab, yigʻlab yubordim” (Низами Арузи Самарканди. Собрание редкостей или четыре беседы. Москва, Издво Восточной литературы, 1963. Стр. 97-98).
Huzuriga oʻlim farishtasi qachon kelishini, qabrining qay holatda boʻlishini bilgan odamlar, shak-shubhasizki, oddiy bandalar emas, komillik pillapoyasining yuqorisidan oʻrin olgan xalifalardir. Shayx Joʻshon hazratlari ham dini Islom yoʻlida qilgan ulug‘ xizmatlari uchun ana shunday rahmatga noil boʻlgan esa ajab emas. “Tasavvuf va goʻzallik” kitobini oʻzbek tiliga oʻgirgan Mirzo Kenjabek asar soʻngidagi izohotida Joʻshon hazratlarining quyidagi gaplarini keltiradi: “Men geografiya kitoblarida Avstraliyani koʻrar edim. Na mablagʻim yetadi, na xayolimning koʻchasidan oʻtadi Avstraliyaga ketmoq. Bizni u yerlarga birodarlarimiz chaqirdilar: “Keling, ustoz, anjuman bor, universitet, taʼlim...” va hokazo... Borolmayman, ketolmayman... Lekin turadi, ketadi inson. Ajali oʻsha yerda boʻlsa, aytadilarki: “Mahmud Asʼad ustoz Avstraliyaga ketdilar, bas, vafotlari oʻsha yerda ekan...”. Shunday boʻlajakdir. Olloh hammamizni Oʻzi sevgan bir bandasi boʻlib, Oʻzi sevgan bir amalni qilayotganimizda, xayr ustida ekanimizda jonimizni olsin!..”
Darhaqiqat, ul zot oʻzi aytgan yerda – Avstraliyada, oʻzi soʻraganidek xayrli amal ustida – yangi masjid ochilishiga ketayotganda omonatini topshirdi. Olloh rahmatiga olsin!
Mahmud Asʼad Joʻshonning yangitasavvufchilik taʼlimoti Hazrati Paygʻambarimiz oʻgitiga muvofiq diniy eʼtiqodimizni yengillatishga undaydi, uni sallaga qistirilgan atirguldek boshda koʻtarib yurishga chaqiradi.
Abdulla SHER
“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 3-son.
“Sallaga qistirilgan gul” maqolasi