Yozuv tilning aloqa vositasi sifatidagi vazifasini bajaruvchi vositagina emas, tafakkurni shakllantirish, dunyoni koʻrish, bilimlarni toʻplash, uni keyingi avlodlarga sogʻlom yetkazish, his-tuygʻuni ifodalashdek koʻplab muhim vazifalarni ham bajaradi. Ana shu jarayonlarning murakkab kechmasligi uchun alifboning qulayligi muhimdir. Oʻzbek davlatchiligi tarixida bir necha bor alifbo almashtirilganligi hammaga maʼlum. Arab alifbosi, lotin alifbosi, kirill alifbosi va yana lotin alifbosi tarzida.

Dunyo tajribasidan maʼlumki, mavjud alifbolarning hech biri mukammal emas, har qaysi alifbo ifoda imkoniyatiga qarab tildagi tovushlarni ifoda etadi. Shunday ekan, biz eng mukammal alifboni yaratamiz yoki yaratishimiz kerak, qabilidagi muddao oʻrinsiz. Shu maʼnoda amaldagi oʻzbek-lotin alifbosi ham oʻta mukammalikka daʼvo qilolmaydi, shu bilan birga, chorak asrdan ziyod vaqt mobaynida oʻzbek xalqiga xizmat qilib keldi. Ana shu vaqt oraligʻida unda muayyan notamomliklar borligi ham ayonlashdi. Bugun davr bizga mazkur notamomliklarni toʻgʻrilab olish, hozirga qadar lotin yozuvida ish yuritishda “qoʻlimizni bogʻlab kelgan” nodurustliklardan qutulish imkoniyatini berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi 61-son “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qarori bilan alifboni takomillashtirishning huquqiy asosi yaratildi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2023-yil 5-iyul kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida alifbomizni isloh qilish boʻyicha bildirgan takliflari asosida Ishchi guruh tomonidan takomillashtirilgan alifbo loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur uchrashuvda davlatimiz rahbari quyidagilarni aytgan edi: “Mana, keyingi paytda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish boʻyicha katta ishlarni amalga oshiryapmiz. Ayni paytda oldimizda yangi, yanada muhim vazifalar turibdi. Jumladan, ziyolilarimiz, keng jamoatchiligimiz bilan bamaslahat, lotin yozuviga asoslangan alifbomizni takomillashtirish boʻyicha ishlarni yakuniga yetkazishimiz zarur”.

Endi ushbu loyiha tayyorlanishining qanday zaruriyatlari borligiga toʻxtalib oʻtsak:

birinchidan – amaldagi alifboda o‘, g‘ harflarini kompyuterda yozish uchun bir nechta ortiqcha amallarni bajarish lozim edi. Bunday ortiqcha amallardan qochish yoki koʻpincha o‘, g‘ harflaridagi ‘ belgisini ’ – apostrof deb tushunilishi natijasida O’zbekiston, o’zbek, o’lka, G’ayrat, g’alaba, g’olib kabi imloviy xatolar bolalagandan-bolalamoqda. Yana bir jihat: ona tili taʼlimda agar urgʻu tushgan boʻgʻin tarkibida o‘, g‘ harflari boʻlsa, bu harflardagi ‘ belgisi bilan urgʻu belgisi yonma-yon joylashadi hamda soʻzni va urgʻu tushgan boʻgʻinni ilgʻash qiyinlashadi. Ushbu harflarning yozma shakli esa ayni harflarning amaldagi yozma shakllari bilan yaqinligi sababli 1-sinf oʻquvchilarining ularni oʻzlashtirishiga toʻsiq boʻlmaydi.

ikkinchidan – mavjud tajriba amaldagi alifbomizdagi sh, ch harfiy birikmalarini bir tovush – bir harf tamoyiliga muvofiq tuzatish zarurligini koʻrsatdi; toʻgʻri, shu vaqtga qadar bu harfiy birikmalardan foydalanib keldik, ammo qoʻsh harflilik muammosi “Imlo qoidalari”ga turli istisnolarni kiritdi. Moʻtabar, moʻtadil, moʻjaz, moʻjiza soʻzlarining tutuq belgisi qoʻyilmay yozilishi ham “Imlo qoidalari”ga kiritilgan istisnolardan biridir;

uchinchidan – oʻzbek tilidagi Isʼhoq, as’hob soʻzlarini Is‘hoq, as‘hob tarzida toʻgʻri yozish uchun, albatta, s va h harflari orasiga tutuq belgisi qoʻyilishi kerak boʻlib, bu ham amaldagi alifboni oʻzlashtirishda, ayni alifboda toʻliq ish yuritishda qiyinchilik tugʻdirar edi. Bu qoidani bilmaslik oqibatida Is‘hoq, As‘hobiddin ismlarining Ishoq, Ashobiddin tarzida yozilishidek nodurust holatlar koʻpayib bormoqda;

toʻrtinchidan – amaldagi oʻzbek-lotin alifbosida soʻz boshida kelmaydigan “ng” tovushi uchun Ng bosh harfi ham ajratilgan edi. Biroq oʻzbek tili lugʻat tarkibida ayni harf bilan boshlanadigan soʻzlar yoʻq. Shu bois loyihada soʻz ichida va soʻz oxirida keladigan “ng” tovushi uchun kichik ng harfnigina alifboga kiritish zaruriyati yuzaga keldi.

Loyihada shu paytga qadar koʻp murakkabliklarni yuzaga keltirayotgan ayrim harflar quyidagicha isloh qilindi. Jumladan:

        

Amaldagi Ch ch harfini Cc tarzida oʻzgartirishning quyidagi ijobiy jihatlari bor:

1)             Cc harfi 1929–1940-yillardagi lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ham Ch ch tovushini ifodalagan.

2)             Cc harfi amaldagi Ch harfining tarkibiy qismi boʻlgani uchun aholi tomonidan oson qabul qilinadi.

3)             Cc harfi alifboga kirishi tufayli lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi toʻkis holga keladi.

4)             Cc harfi orqali Chch tovushini ifodalash tajribasi boshqa xalqlar (masalan, italyan) yozuvida ham mavjud.

Amaldagi G‘ g‘ harfini Ğğ tarzida oʻzgartirishning quyidagi ijobiy jihatlari bor:

1)             Ğğ harfi 1993–1995-yillardagi oʻzbek alifbosi orqali xalqimizga tanish.

2)             Ğğ harfi amaldagi yozma shaklga yaqin boʻlgani uchun aholi tomonidan oson qabul qilinadi.

3)             Ğğ harfi boshqa turkiy xalqlar alifbosidan ham joy olgan boʻlib, aksar shriftlar tarkibida mavjud.

Amaldagi O‘ o‘  harfini Õ õ tarzida oʻzgartirishning quyidagi ijobiy jihatlari bor:

1)             Õõ harfi amaldagi yozma shakl bilan bir xil boʻlgani uchun aholi tomonidan oson qabul qilinadi.

2)             Õõ harfi portugal, eston va boshqa xalqlar alifbosidan joy olgan boʻlib, aksar shriftlar tarkibida mavjud.

Amaldagi Sh sh harfini Ş ş tarzida oʻzgartirishning quyidagi ijobiy jihatlari bor:

1)             Şş harfi 1929–1940 va 1993–1995-yillardagi lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ham Shsh tovushini ifodalagan.

2)             Şş harfi boshqa turkiy xalqlar alifbosidan ham joy olgan boʻlib, aksar shriftlar tarkibida mavjud.

Shuningdek, ng tovushi hech qachon soʻz boshida kelmagani uchun ushbu harflar birikmasining bosh shakli – Ng kiritilmadi.

Loyihada ng harflar birikmasi yaxlit harfga aylantirilmasdan hozirgidek n va g harflari orqali ifodalanmoqda. Sababi:

- bu tovush uzoq vaqt davomida arab, kirill va hozir amalda boʻlgan lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbolarida ham n+g birikmasi orqali ifodalangan;

- yangi, mangu kabi talaffuzida oʻzgarish sodir boʻlgan koʻp soʻzlarni ifodalashda anglashilmovchiliklar, muammolar yuzaga keladi;

- kirill va hozir amalda boʻlgan lotin yozuvidagi adabiyotlarni dasturlar orqali oʻgirishda muammolar paydo boʻladi. Yaʼni dasturlar ng tovushi bilan birgalikda matnda yonma-yon kelgan ikkita mustaqil n va g harflarini ham (Namangan, nonga, angina)   yaxlit harfga aylantirib yuboradi;

- ng harflar birikmasi Ch va Sh harflar birikmasidan farqli oʻlaroq hozir hech qanday muammo paydo qilayotgani yoʻq. Aksincha, bu birikma yaxlit harfga aylansa, yuqoridagi va boshqa muammolarni yuzaga keltirib, yangi alifboning aholi orasida ommalashishini qiyinlashtiradi.

Bugun nihoyasiga yetgan konferensiyada unlilar miqdorini oshirish ham tavsiya etildi. Bizningcha, buning imkoni yoʻq, chunki oʻzbek tili egalari boshqa qardosh tillar egalari kabi faqat bitta lahja (faqat qipchoq yoki faqat oʻgʻuz lahjasi)da soʻzlamaydilar. Oʻzbek tili 3 lahja tovushlarini oʻzida birlashtirgan tildir. Tabiiyki, qipchoq lahjasidagi unli tovushlarning soni qarluq lahjasidagi unlilar sonidan farq qiladi. Shuning uchun har uch lahja tovushlarini bitta alifboda aks ettirishning imkoni yoʻq. Amaldagi alifboning tuzuvchilari unli tovushlar belgilashda ana shu jihatni hisobga olgan boʻlsalar kerak.

 

IZOH: Alifbo loyihasi 28 ta harf, bitta harflar birikmasi va tutuq belgisidan iborat.

Masalaning boshqa tomoni ham bor. Yaʼni bugun juda katta avlod 6 ta unli va 24 ta undosh tovushni aks ettirgan alifboda savod chiqardi va bu alifboda fikrimizni ifoda eta olyapmiz. Agar biz unlilar sonini 9 taga yetkazsak va ularni alifboda muayyan harflar bilan aks ettirsak, nima boʻladi? Bunda bir soʻzidagi “I” tovushi bilan kiyik soʻzidagi “I” tovushini, “ikkiga ajratmoq” maʼnoli boʻl soʻzidagi “o‘” tovushi bilan “yuz bermoq” maʼnoli boʻl soʻzidagi “o‘” tovushini farqlab yozish koni mashaqqatga, lingvistik mushohadaga aylanadi.

Amaldagi alifboning tegishlicha oʻzgartirish va toʻldirishlar bilan takomillashtirilishi yozuv amaliyotini osonlashtiriladi, “Imlo qoidalarida” istisnoli holatlar yuzaga kelishining oldini oladi, milliy alifbomizning ilmiy-taʼlimiy jihatdan puxta boʻlishini taʼminlaydi va pirovardida mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtish borasidagi ishlarni jadallashtiradi.

Yorqinjon ODILOV,

OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori

instituti boʻlim mudiri,

filologiya fanlari doktori, professor


Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!