Lyabi-Hauz emas, inglizchada Labi Havuz deb olish toʻgʻriroq boʻladi, menimcha. Ruschasi ham Lyabi-Xauz boʻlmasa kerak. Nega rus tilidagi joy nomlarini biz bor holicha olamiz-u, lekin oʻsha tilga tarjima qilayotgan “gramotey”lar oʻzbekcha soʻzlarni istagancha “burab” oʻz tiliga oʻtkazaveradi? Eng yomoni, bu nomlar boshqa tillarga rus tili orqali buzilgan tarzda koʻchadi. Xuddi Shahrisabz ingliz tiliga Shakhrisabz (Shakrisabz) boʻlib oʻtganday. Vaholonki, rus tilida boʻlmagani bilan, ingliz tilida h harfi bor. Buning uchun ruscha orqali emas, oʻzbek tilidan tarjima qila oladigan mutaxassislar kerak.
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga katta eʼtibor berilayotgan paytda, yurtimizga yiliga millionlab sayyohlar kelayotgan paytda joy nomlarini boshqa tillarga tarjima qilishni ham jiddiy oʻylab koʻrish zarur. Alam qiladigani, bunaqa reklama-yu eʼlonlarni birov emas, oʻzimiz tayyorlab, internetga, ijtimoiy tarmoqlarga qoʻyyapmiz. Hatto hukumatning qarorlarida ham shu kabi holatlarni kuzatamiz.
Oʻzimiz, mamlakatimiz, xalqimiz haqidagi maʼlumotlarni boshqa tillarga rus tili orqali emas, toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazishning allaqachon yoʻlga qoʻyish vaqti yetgan.
Oldingi gapimni yana qaytaraman: bizga yagona til siyosatini yurgizadigan markaz kerak. U Vazirlar Mahkamasida departament boʻlishi shart emas. Masalan, vakolatni Fanlar akademiyasi tarkibidagi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti yoki Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga berish mumkin. Toki vakolatli organ tilga kirayotgan har bir atamani har tomonlama puxta oʻrganib, oʻzbekchalashtirib, roʻyxatga olib, barcha idoralar qoʻllashi uchun majburiy qilib qoʻysin. Bu – birinchidan.
Ikkinchidan, oʻsha markaz barcha turdagi lugʻatlar (ikki yoki koʻp tilli lugʻatlar, izohli lugʻatlar, glossariylar) tayyorlab chop qilish uchun masʼul boʻlishi shart. Shunda istagan odam lugʻat tuzib chiqarishidek oʻzboshimchalikka barham beriladi.
Oʻzimizga bir savol berib koʻraylik: tilimizda rasman qayd etilgan qancha soʻz bor? Hech qaysimiz bilmaymiz, chunki bizda soʻzlarni (jumladan, atamalarni ham) roʻyxatga olib boradigan tashkilotning oʻzi yoʻq. Faqat miqyosni imlo lugʻati yoki izohli lugʻatga kiritilgan soʻzlar miqdori bilan chamalash mumkin, xolos. Mustaqillikdan soʻng tilimizga qancha yangi soʻz kirib kelganini biror mutaxassis hisoblab koʻrdimi yoki ularni alohida lugʻat qilib chiqardimi? Toʻgʻrisini aytaylik, bunga juda katta ehtiyoj bor.
Maʼlumot uchun: AQShning “Merriam-Webster, Inc.” korporatsiyasining onlayn lugʻatida 470 mingga yaqin soʻz kiritilgan, Oksford universitetining ingliz tili lugʻati rasmiy veb-saytida 600 mingdan ortiq soʻz bor, “Collins” ingliz tili lugʻati esa 750 mingdan ortiq soʻzni qamrab olgan.
Dunyoning nemis, rus, italyan, ispan va boshqa koʻp tarqalgan tillarida qancha soʻz borligi bilan pickwriters.com veb-sayti orqali tanishish mumkin.
Faxriddin NIZOM