Ayni kunlarda oʻzbek media olamida hususiy telekanallar orqali namoyish etilayotgan “tarbiyaviy” mazmundagi serial nomi ostida odamning ong ostiga hayosizlik, yengiltaklikni singdirayotgan seriallar asosiy trend mavzularga aylangan. Mazkur masalalarga davlat va jamoat tashkilotlari, jurnalist va blogerlarning qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda faol boʻlgan halqimizning haqli eʼtirozlariga sabab boʻldi.
Bu boʻyicha ayrim mutasaddilarga tegishli choralar ham koʻrilmoqda. Men koʻtarayotgan yana bitta masala bor-ki, bu ham koʻpchilikka tushunarsiz koʻrinayotganiga aminman. Anchadan buyon telekanallarda bir soatlarcha davom etadigan koʻrsatuvda sifat reklamalari namoyish etilmoqda.
Bu reklamalar telekanalning oʻz moliyaviy ishi ekanligini tushunamiz. Lekin bu reklamalar axloq chegaralaridan chiqib ketmoqda. Bizning odatdagi oʻzbek oilasida uch avlod (ota-ona, oʻgʻil-qiz, nevaralar) vakillari yashaydi. Ular ovqatlanish vaqtida oilaviy dasturxon atrofida oʻtirganida qoʻrqibgina bemaza seriallar va kliplarga duch kelib qolmasin deb davlat telekanaliga olasiz.
U yerdagi maza-matrasiz serialni koʻrib “Madaniyat va maʼrifat” kanaliga oʻtasiz. Madaniyatni targʻib qiluvchi bu kanalni qoʻysak “Erkaklik kuchingizni qaytaring!”, “Turmush oʻrtogʻingizga yoqimli ertak sovgʻa qiling!” deb bir erkak va ayolning tinimsiz vaysashiga guvoh boʻlamiz. Bu ham yetmaganday erkak reklama qilayotgan dorisini oʻzi ichib yuboradi. Ayol esa erkaklar badanidagi oʻsimliklar (jun) oʻstirish usulini oʻrgatyapti.
Buni koʻrgan bobo bilan buvi bir-biriga qaraydi, kelin tezlik bilan “choy damlab kelay” deb yangi damlangan choynakni koʻtarib oshxonaga shoshiladi, “Kango qani, kango?”ni oʻrgangan, bir necha ertaklarni buvisidan eshitgan nevara esa dadasidan “Dada, yoqimli ertak qanday sovgʻa?” deb soʻraydi. Dada esa “soqov” boʻlib televizorni oʻchirib qoʻya qoladi.
Savol tugʻiladi. Nima? Bugun oʻzbek erkaklarining “kuchi” yoʻqolib qolibdimi? Ayollarga soqol oʻstirmaydigan, badanida oʻsimliklari yoʻq erkaklar yoqmay qolibdimi? “Madaniyat va maʼrifat” telekanali shu reklamani qoʻymasa yopilib ketadimi? Telekanallarning Badiiy kengashlari qachon ishlaydi? Yoki kengash aʼzolarining saviyasi yetmaydimi?
Biz maʼnaviyat, maʼrifat deb maktabda, mahallada tadbir oʻtkazsak, aholidan birinchi boʻlib “Nimaga telekanallardagi seriallar va kliplarga qaramaysiz?” degan savol beriladi. Telekanallardagi bu kabi “maʼrifat” targʻibotiga chek qoʻyilmasa, bizning targʻibotimiz qay darajada foyda beradi? Bu matnda darak gapdap koʻra, soʻroq gap koʻproq boʻldi. Aybga buyurmaysiz.
Bekzod Abdirimov,
Xorazm viloyati Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Xorazm viloyati boʻlimi rahbari