Mashriq Yunusov – Elbek oʻz faoliyatini XX yuzyillik avvalida boshlagan, jadid ustozlari kabi koʻpqirrali ijod sohibi: shoir va yozuvchi, folklorshunos, tilshunos olim, yirik pedagog boʻlgan. Uning ism-sharifi Mashriq Yunusov, “Elbek” adabiy taxallusidir. Pedagogning “Imlo masalasi”, “Boshlangʻich maktablarda ona tili”, “Yozuv yoʻllari”, “Goʻzal yozgʻichlar” kabi asarlarisiz ona tili va adabiyot oʻqitish metodikasi fani tarixini toʻla tasavvur etish qiyin. Elbek – oʻzbek bolalar adabiyotining yaratuvchilaridan biri. U qisqa umri davomida oʻzidan yigirmadan ziyod badiiy, ilmiy-publitsistik, pedagogik asarlar qoldirdi.
Mashriq Yunusov 1898-yili Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumanining goʻzal Xumson qishlogʻida kambagʻal dehqon oilasida dunyoga keldi. Mashriq yoshligidan dehqonchilik ishlarida otasi Yunus aka bilan yonma-yon ishlab chiniqdi, dastlab eski qishloq maktabida savodini chiqardi. Bolaligi ogʻir tirikchilik mashaqqatlari girdobida oʻtdi.
Mashriq bolaligidanoq jisman va aqlan yetuk boʻlib oʻsdi. 1911-yilda Toshkentga keladi: kishilar uyida qarol boʻlib kun kechiradi, ammo ilmga boʻlgan ishtiyoq har qanday sharoitda ham uni tark etmadi. U bir muddat Eski Joʻva bilan Xadra oraligʻida Saidkarimboy Saidazimboy oʻgʻli uyida ochilgan 1-rus-tuzem maktabida, 1912-yildan Munavvarqori Abdurashidxonov ochgan va Eshonxoʻja Xoniy muallimlik qilgan usuli jadid maktabida oʻqishni davom ettirdi. Bu maktabni bitirgach, Munavvarqorining Shayxontohurdagi ikki yillik rushdiya (oʻrta maʼlumot beruvchi) “Namuna” maktabida oʻqiydi. Munavvarqori boshchiligida 1909-yildan faoliyat koʻrsata boshlagan “Jamiyati xayriya” bu yosh isteʼdodni oʻz bagʻriga oldi. Mashriq bu maktabni tugatib, Toshkentda ancha eʼtiborga tushgan jadid maktablarida ustozlari rahnamoligida oʻqituvchilik qila boshladi, bilimini oshirish uchun tinimsiz mehnat qildi. Bu davrda faoliyat koʻrsatayotgan “Turkiston viloyatining gazeti”, jadid matbuoti namunalari “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Fargʻona”, “Samarqand” gazetalarini, “Oyina”, “Al-isloh”, “Al-izoh” jurnallarini muntazam kuzatib bordi, oʻzi ham sheʼrlari bilan qatnashib turdi.
Eski Joʻvadagi “Beklar begi” madrasasi bilan Chorsudagi “Koʻkaldosh” madrasasini birlashtiruvchi Mahsidoʻzlik mahallasidagi Shermuhamedovlarning shinam hovlisi Saʼdulla Tursunxoʻjayev, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Mannon Uygʻur, aka-uka Sobirjon va Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Elbeklar ishtirokida oʻtadigan adabiy gurunglar bilan gavjum boʻlar, baʼzida Abdurauf Fitrat va Hamzaning ishtiroki gurungga yanada fayz, yangi ruh bagʻishlar edi. Koʻp hollarda Ismoilbek Gasprinskiyning “Tarjimon”, Fotih Karimiyning “Vaqt” gazetalari, Jalil Mamadqulizodaning “Mulla Nasriddin”, Rizo Faxriddinning “Shoʻro” jurnallari oʻqilar va muhokama qilinar edi.
1918-yilning dekabridan Abdurauf Fitrat boshchiligida tashkil etilgan “Chigʻatoy gurungi” nomli ilmiy, adabiy-maʼrifiy tashkilot Turkiston oʻlkasi ziyolilarini oʻz atrofiga birlashtiradi.
Gurungning til va imlo shoʻbasi rahbari dastlab Choʻlpon, keyinroq Elbek boʻlib, uning yoʻnalishini Fitratning “Tilimiz” nomli ikki dasturiy maqolasi belgilab bergan edi. Elbekning “Imlo masalasi”, “Boshlangʻich maktabda ona tili”, “Yozuv yoʻllari” kabi oʻzbek tilshunosligi va oʻzbek tili hamda adabiyotini oʻqitish metodikasiga oid darslik hamda qoʻllanmalari “Chigʻatoy gurungi” dasturi asosida yozilgan edi. Uning shu yillardagi “Til” sheʼri ham “Gurung” dasturi asosida yaratilgan boʻlib, sheʼrida ona tiliga mehr ufurib turadi:
Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat –
Kimlar erur turk tilini sotgʻuvchi?
Bulbul kabi sayrab turgʻon bu tilni
Uyalmayin bu oʻlkadan otgʻuvchi?!
Mungli qushim, ularni qoʻy, sen sayra,
Turk tilining dongʻin chiqar koʻklarga!
Qoʻy ularni, ular yoʻldan ozsunlar,
El ichinda boʻsh-boʻgʻozlik sotsunlar.
Oʻtgan asrning yigirmanchi yillarida adabiyotga kirib kelgan deyarli hamma oʻzbek shoirlari kabi Elbek ham Abdurauf Fitratni oʻziga ustoz deb bildi. “Elbek” taxallusini ham unga Fitrat taklif etgan edi.
Elbek faoliyatiga xos fazilat shundaki, u yetuk ijodkor sifatida pedagogik faoliyatini olimlik va badiiy ijod bilan baravar olib bordi. 1918–1920-yillarda yangi ochila boshlagan sovet maktablari uchun darslik va oʻquv qoʻllanmalari yoʻq darajada edi. Oktabr toʻntarishigacha jadid pedagoglari tomonidan yaratilgan oʻquv adabiyotlaridan foydalanish zararli deb topilgan edi. Shu munosabat bilan Elbekning yangi imlo qoidalarini ishlab chiquvchilar uchun qoʻllanma sifatida yaratilgan birinchi asari “Imlo masalasi” nomi bilan 1920-yilda bosmadan chiqdi. Unda muallif tilshunos-pedagoglar eʼtiborini quyidagi muhim masalalarga qaratadi: “Endi biz qoʻrqmaylik. Mumkin boʻlganicha, turkiycha yozganimiz kabi, yot soʻzlarni-da, chogʻli oʻlaroq oʻz negizimiz ostiga olib boraylik. Biz bu toʻgʻridagi siylamaslikni (hurmatsizlikni), boshqalarni qoʻyay, arablarning oʻzlaridan oʻrgandik. Ular oʻz tillarida boʻlmagan harflarni oʻz harflari bilan yozganlari kabi (“g” oʻrnida “j”, “ch” yerida “s”, general – jeneral, chin – sin kabi). Bu yoʻl allaqancha yot soʻzlar arab kiyimi, arab qolibida yoziladurgan boʻlib, oʻz oʻgʻitlarini (shakllarini) yoʻqotdilar: “geografiya” yerida “jugʻrofiya” yozilgani kabi”.
Darhaqiqat, bu tilshunoslik ilmining juda muhim qonuniyati edi: har qanday millat “yot soʻzlar” (boshqa tillardan kirgan soʻzlar)ni olgan vaqtda oʻz artikulyatsiyasi (talaffuz qoidasi)ga moslashtiradi. Shoʻrolar davrida tilshunoslikning mazkur qonuniyati, ayniqsa, rus soʻzlarini qabul qilishda qoʻpol ravishda buzilgan edi: majburiy ravishda oʻzbek talaffuziga xos boʻlmagan “ц”, “ь” kabi harf belgilari ham kiritilgan edi. Elbek shu maʼnoda, boshqa tillardan soʻz olishda ona tilining oʻziga xos xususiyatlarini hamda tilshunoslikning umumiy qonuniyatlarini eʼtibordan soqit qilmaslik kerakligini alohida taʼkidlaydi: “Shubhasiz, biz boshqa tillardan soʻz olamiz va bunga qarshi boʻlish tilning tarixidan xabarsizlik boʻlar edi. Ammo soʻz olishning chegarasi boʻlishi kerak va shu bilan birga, oʻz tilining xususiyatini, uning oʻsishi, rivojlanish yoʻllarini ham koʻzda qattiq tutish kerak”.
Eʼtibor bering: bu talabi bilan Elbek rus shovinistlarining til sohasidagi siyosati (kirill imlosiga oʻtishdan ancha oldin) ildiziga bolta urgan edi. Bu davr mutafakkirlari mustamlakachi siyosatdonlarning lotin yozuvini oʻrganib ulgurmasdanoq xalqimizni kirill imlosiga oʻtkazish rejasidan bexabar edilar.
Elbekning ushbu “Imlo masalasi” asari yangi imlo qoidalarini ishlab chiqishda va ona tilidan maktablar uchun darslik va oʻquv qoʻllanmalari yaratishda oʻz davrida nazariy asos vazifasini bajardi. Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, hozirda ham yangi yozuv tizimiga oʻtishimizda, yangi imlo qoidalarini ishlab chiqishda bu asarning ahamiyati beqiyos. Elbek yangi imloning mukammal hamda xato va kamchiliklardan xoli boʻlishini istab, tanqidchilarni, tilshunoslarni munozarada faol ishtirok etishga daʼvat etdi: “Belgilidurkim, dunyoda boʻlgʻon har bir ishning yaxshigina negiz olib, bir yoʻsin ostigʻa kiruvi uchun koʻb tanqidchilar tomonidan tanqid etiluvi yoxud bir necha tuzatuvchilar tomonidan yaxshi tekshirilib, maydongʻa otiluvi kerak boʻladur. Busiz maydongʻa otilgʻan bir ishning, albatta, kamchilik yerlarining boʻlishi mumkindur. Shuning uchun boshqa kimsalarning tomonidan koʻriluvchi va tanqid etilib, uning buzuq yerlarini tuzatib beriluvi oʻrinlidur. Yolgʻizgina koʻrib, uning ishlovchisiga “barakalla” desa yoxud jimjitgina qolib ketmoq kelishmaydur. Bu choqda ishlovchining ishigʻa koʻmak beruv emas, unga zararni istagangina boʻladur”.
Elbekning ona tili grammatikasiga oid birinchi darsligi “Yozuv yoʻllari (Birinchi boʻlak. Boshlangʻich maktablarning 2-, 3-, 4-boʻlim oʻqugʻuvchilari uchun saboqlik)” nomi bilan 1921-yilda nashrdan chiqdi va u oʻn bir saboq (dars)ni oʻz ichiga olgan. Mazkur darslik oʻzbek tili grammatikasi va oʻzbek tilidan darslik yaratishdagi dastlabki qadam edi. Shuningdek, Elbek asarida oʻquvchilarning yozma nutqini oʻstirish masalasiga ham alohida eʼtiborni qaratadi. Shuning uchun ham darslikning “Bir-ikki soʻz” nomli uqtirish xatida oʻz maqsad va vazifalarini bayon etgan: “Elimizda shu kungacha “yozuv yoʻllari” yoʻqligidan yozuvlarimiz bir turli yozilmasdan, har kimning yozgʻichi istagan yoqqa berilib, istagan yoʻl bilan ketgan va shu yoʻl orqasida bir necha turli yoʻlsiz yozuvlar yuzaga chiqib qolgʻon edi. Bu yoʻlsiz yozuvlarni toʻgʻri yoʻlgʻa solib, bir negizdur yoʻsin ostigʻa olmoq kerakmidi? Buni eng oldin qaygʻurgan va tushungan “Chigʻatoy gurungi” muchalari boʻldilar. Bular yoʻlsiz qolgʻon oʻzbek elining yozuvin bir yoʻlgʻa va bir negiz ostigʻa qoʻymoq tilagi bilan eng birinchi boʻlaroq “Bilim yoʻllari” (nomi) ostida bir kitobcha tarqatib, elga yangi yozuv yoʻllarini koʻrsatdilar. Tabiiy, buning bilan bizning yozuvimiz anchagina yoʻlgʻa solindi. El bolalari anchagina bundan foydalandilar”.
Aslini olganda, tilshunoslikning bunday muhim masalasiga birinchi boʻlib qoʻl urgan olim-pedagog Muhammadamin Faxriddinov 1913-yilda “Turkcha qoida” asarini yaratgan boʻlib, bu oʻzbek tili grammatikasini, yozuv tizimini ishlab chiqishda dastlabki qadam edi. Albatta, Elbek bu asar bilan tanish boʻlgan.
Elbek 1923-yili “Boshlangʻich maktabda ona tili” oʻquv-uslubiy qoʻllanmasini yaratdi. Aytish mumkinki, asar ona tili va adabiyot oʻqitish metodikasi boʻyicha birinchi uslubiy qoʻllanmadir. Asarda muallif metodika ilmining amaliy masalalari bilan bir qatorda, oʻquvchilarning ogʻzaki va yozma nutqini oʻstirish masalasiga pedagogika va metodika ilmining birlamchi va oʻta masʼuliyatli vazifasi sifatida qaraganligining guvohi boʻlamiz: “Ulug‘ bir vazifa – bolagʻa tuzuk tarbiya berish uchun uni goʻzal adabiyot bilan tanishtirish ham bolani tushunib, uqub oʻqishgʻa oʻrgatish kerakdur”, deb yozadi Elbek.
Asar muallifi Mashriq Yunusov maktablarda ona tili va adabiyotini oʻqitish masalasiga ustozlari kabi millatning hayot va mamoti masalasi sifatida qaradi: “Bir elning maktabin tirgizaturgon narsa u elning ona tilisidur. Tili boʻlak el turi boʻlak maktab izlaydur. Bir elning maktabi oʻsha elning negiziga qurulgʻon boʻlmogʻi tegishdur. Chindan u shunday boʻladur. Biroq bir elning tarixida turli sabablar bilan el maktabi bir davrlarda onasidan ayrilib yetim boʻlib qolishi mumkindur. Shunday davr biz – oʻzbeklar maktabi(ning) boshidan-da kechdi, toʻgʻrisi, endi kechib turibdur”.
Ayniqsa, mustamlaka zanjirlari yanada tarang tortilayotgan, milliy til va milliy maʼnaviyatga, millatning buyuk mutafakkirlari asarlariga nigilistik, bepisandlik avjiga chiqqan 1920–1930-yillarda bunday soʻzlarni aytish katta jasorat edi. 1922-yilda Elbek Fotih Sayfiy bilan hamkorlikda boshlangʻich maktablar uchun “Oʻzbekcha oʻqish kitobi” darsligini yaratdi. Unda Elbekning oʻzbek mumtoz adabiyotining daho ijodkorlari haqida oʻquvchilarbop maqolalari qatorida “Navoiy” maqolasi ham berilgan. Unda muallif oʻtmish madaniy merosga bepisandlik ustuvor boʻlib turgan bir paytda Alisher Navoiyning xalqimiz, jahon maʼnaviyati taraqqiyotiga qoʻshgan buyuk hissasini oʻquvchilarga toʻla yetib boradigan uslubda izohlab bergan.
Afsus bilan aytish kerakki, shu kunlarda yangi oʻzbek yozuv tizimining kamchiliklari haqidagi munozaralardan maʼlum boʻlyaptiki, hatto yetakchi professor-tilshunoslarimiz ham Muhammadamin Faxriddinov va Elbekning tilga olingan ilmiy-pedagogik asarlaridan bexabardirlar.
Bolalar ruhiyatini nozik his qilgan shoir, pedagog Elbek oʻzbek bolalar adabiyotining shakllanishi va rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshdi, oʻnlab bolalarbop sheʼrlar, masallar toʻplamlari, xalq ogʻzaki ijodi yoʻllarida dostonlar yaratdi. Yirik adabiyotshunos, tilshunos olim, yozuvchi va pedagog Ashurali Zohiriy juda toʻgʻri taʼkidlaganidek: “Shoir Elbek xalq mulki – ogʻiz adabiyotini xalqdan olish va xalqqa qaytadan yetkazishda el tilining tushunarli taʼsirlaridan koʻb foydalangan, el bolalar adabiyotida masalchilikni yaratgan katta sanʼatkordur”.
Bunday taʼkidni professor Abdurahmon Saʼdiy ham alohida eʼtirof etadi: “Masalchilikni Elbek boshladi. Tarjima yoʻli bilan emas, balki masalchilikni tugʻdirish yoʻlini tutdi. Hali bu yoʻlda undan boshqa kishi koʻrinmagan”.
Elbek va Muborak aya 1922-yilda bir oʻgʻil farzand koʻrishdi, unga katta umid bilan Ulugʻbek deb ism qoʻyishdi. Ulugʻbekning avji yigitlik yillari oʻtgan asrning 30–40-yillariga toʻgʻri keldi: “xalq dushmani”ning farzandi sifatida Ikkinchi jahon urushi yillari Rossiyaning Ivanovo viloyatida mehnat frontida boʻldi, taʼqib va haydovlar ostida oʻqishni oxiriga yetkazdi, oʻqituvchi boʻlib yetishdi.
Men Ulugʻbek aka Elbekov bilan qarindosh sifatida yaqin munosabatda edim. Mustaqillikning dastlabki yillarida Sunnat Ahmedov bilan birgalikda Shermuhamedovlar oilasiga bagʻishlangan koʻrsatuv tayyorladik. Unga Ulugʻbek akani taklif etdim. Teletomoshabinlarga ota-onalari Elbek va Muborak aya haqida, togʻalari Mirmulla, Mirmuhsin va Mirmuslim Shermuhamedovlar haqida koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan ancha eʼtiborli voqealarni soʻzlab berdi. Ulugʻbek aka Elbekov 2006-yilda 84 yoshida vafot etdi.
Atoqli pedagog, shoir, yozuvchi va folklorshunos olim Mashriq Yunusov – Elbek ijodining avj pallasiga koʻtarilayotgan bir davrda – 1937-yilning 13-avgustida dahshatli qatagʻon mashinasi uni ham oʻz komiga tortdi. Elbek 1942-yilda sobiq shoʻro davlatining eng chekka va eng sovuq oʻlkasi – Magadanning Kolimo jazo lagerlaridan birida oʻpka shamollashi kasaliga uchrab hayot bilan vidolashdi.
Istiqlol, mustaqillik uning ruhi pokini, oʻlmas asarlarini ona xalqiga qaytardi, u tugʻilib oʻsgan Boʻstonliq tumanining markazi Gʻazalkentda “Elbek bogʻi” majmuasi tashkil etildi, uning muhtasham haykali qad koʻtardi. Shoirning “Armugʻon” masallar toʻplami eʼlon qilindi, eng sara asarlarini oʻz ichiga olgan “Tanlangan asarlar”i ijodkorning 100 yilligi munosabati bilan 1999-yilda nashr etildi.
Ulugʻbek DOLIMOV,
pedagogika fanlari doktori
“O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi,
2021-yil 5-noyabr, 45 (4652)-son,
“Jadidchilik harakati namoyandasi Elbek hayoti va faoliyatiga bir nazar” maqolasi