Qadrli farzandlarim! 

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Muhtaram ota-onalar!

Avvalo, siz, azizlarni yurtimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarda Oʻzbekiston mustaqilligining 34 yillik bayramiga uygʻun holda oʻtayotgan Bilimlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu shukuhli ayyomda “Birinchi qoʻngʻiroq”lar jarangi ostida ilk bor maktab ostonasiga qadam qoʻyayotgan
720 mingdan ortiq oʻgʻil-qizlarimiz va nabiralarimizni, ularning ota-onalarini alohida qutlab, oʻzimning eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan gʻoyat mamnunman. 

Hech shubhasiz, keyingi yillarda butun yurtimiz kabi maktablarimiz qiyofasi ham tubdan oʻzgarib, ular tom maʼnoda Yangi Oʻzbekiston timsoliga aylanib borayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Chunki maktab qanchalik obod va charogʻon boʻlsa, jamiyat hayoti shunchalik farovon, mazmunli va maʼrifatli boʻladi. 

Shu maʼnoda, mamlakatimizda taʼlim-tarbiya jarayonlari tobora takomillashib borayotgani, har yili koʻplab yangi oʻquv maskanlari barpo etilayotgani, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, maktab ishi umumxalq harakatiga aylangani – keyingi davrda erishgan eng katta yutuqlarimizdan biri, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Chindan ham, koʻzlari ilmga havas va hayajon bilan chaqnab turgan sizdek azmu shijoatli yoshlarimizga  yuksalish va kamolot, baxt va saodat eshiklarini ochib beradigan muqaddas dargoh – maktablarimiz ravnaqida biz xalqimiz, millatimizning yorug‘ kelajagini koʻramiz. Bugungi kunda oʻz oldimizga qoʻyayotgan katta-katta maqsadlarga erishishning asosiy omili, bosh kalitini, avvalo, taʼlimda, maktablarimizda, deb bilamiz. 

Soʻnggi yillarda oʻquvchi yoshlarimiz hurmatli ustoz va murabbiylari bilan birgalikda ana shunday yuksak eʼtiborni chuqur his etib, oʻqishda, ijodda, sportda, jamoat ishlarida muhim gʻalabalarni qoʻlga kiritayotgani bizga albatta qoʻshimcha kuch-gʻayrat, ilhom va ishonch bagʻishlaydi. 

Koʻplab maktab bitiruvchilari mamlakatimizdagi nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan birga xorijdagi yetakchi universitetlarga yuqori ball bilan oʻqishga kirayotgani, hayotda oʻz munosib oʻrnini topib, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshayotgani hayotimizda maktabning, ustoz-murabbiylarning ahamiyati yanada ortib borayotganini koʻrsatadi. 

Ishonchim komil, siz, azizlar ana shunday ezgu anʼanalarni munosib davom ettirasiz va yuksak bosqichga koʻtarasiz.   

Hech qachon unutmang, maktab – bu moʻjiza, kitob, ustozlar oʻtadigan har bir dars – beqiyos xazinadir.

Oldingizga aniq maqsad qoʻyib, bor kuch-gʻayratingiz, bilim va qobiliyatingiz bilan harakat qilsangiz, koʻzlagan marralarga albatta yetasiz.

Bu yoʻlda sizlarga sihat-salomatlik, yutuq va zafarlar tilayman.

Yangi oʻquv yili barchangizga muborak boʻlsin!


Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti