Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida xizmat qilayotgan yoshlarni maʼnaviy jihatdan barkamol, Vatanga sadoqatli va fidoyi shaxs etib tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu yoʻlda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Mudofaa vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, FA Tarix instituti, Yoshlar ishlari agentligi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida harbiy xizmatchilar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.
Kitob — askarning dunyoqarashini kengaytirib, unda Vatanga muhabbat, jasorat, masʼuliyat va fidoyilik tuygʻularini shakllantiradi. Badiiy adabiyotlar orqali yoshlar milliy tarix, ajdodlar qahramonligi va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalanadi.
Taʼkidlanganidek, harbiy qismlarni badiiy va maʼrifiy adabiyotlar bilan tizimli taʼminlash, harbiy kutubxonalarni rivojlantirish hamda taniqli yozuvchi va shoirlar asarlarini keng targʻib etish muhimdir. Bu askarlarning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Maʼnaviy yetuk, bilimli va vatanparvar askar — yurt tinchligi va taraqqiyotining ishonchli kafolati. Zero, kitob va kitobxonlik bu yoʻlda eng samarali vositalardan biri boʻlib qolaveradi.