Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek HASANOV bilan suhbat

– Soʻnggi yillarda maʼnaviyat haqida koʻp va xoʻb gapirdik. Oqibatda bu soʻzni eshitgan kishining gʻashi keladigan, ensasi qotadigan boʻlib qoldi. Siz bu holatga qanday munosabat bildirasiz?

– Maʼnaviyat tushunchasi atrofida doim bahs-munozaralar koʻp boʻlgan. Har kim oʻzicha fikr bildirgan, qarashlarini ilgari surgan. Hatto, maʼnaviyat kerak emas, deb hisoblaydigan toifalar ham bor. Asl haqiqat esa shuki, odamlarning kundalik hayotida, jamiyatda maʼnaviyatning oʻrni va ahamiyati beqiyos. Taniqli adibimiz Oʻtkir Hoshimov taʼkidlaganiday, “odamzodni hayvonotdan ajratib turadigan chegara bor. Bu chegaraning nomi maʼnaviyatdir”. Afsuski, bugun mazkur chegaraga urgʻu berilgani sayin unga yot koʻz bilan qaraydigan toifalar uchrab turibdi. Maʼnaviyat aslida har birimizning botinimizda boʻladi. Maʼnaviyatli kishilar Vatanni ham, elni ham indamay sevaveradi. Xalqning tashvish-muammolariga yechim izlayveradi. Yolgʻon va puch vaʼdalarga uchib ketavermaydi. Shu maʼnoda, millatning maʼnaviyatini oʻzgartirmoqchi boʻlgan inson, eng avvalo, islohotlarni oʻzidan, oilasidan, yon-atrofidagi doʻstlaridan boshlashi kerak.

Odamlarni “maʼnaviyatli” va “maʼnaviyatsiz”ga ajratish ham mavhum tushuncha. Har kimning qalbida u yoki bu darajada maʼnaviyat ildizlari mavjud. Chunki har bir odamning koʻnglidagi ezgu orzu-niyatlari, xayrli amallari, uyi, qarindoshlari, Vatani – maʼnaviyat. Faqat yon-atrofdagi muhit, turli axborot xurujlari, yovuz niyatli kimsalarning saʼy-harakatlari kabi omillar koʻpchilikni yoʻldan adashtirib qoʻyishi mumkin. Shu maʼnoda maʼnaviyat – inson boʻlib yashash degani.

– Hozirgi zamon yoshlari uchun oʻn yil oldingi gaplar ham qiziqarli emas. Ular doim yangilikka intilib yashashni maʼqul biladi. Shu maʼnoda, maʼnaviyat deb faqat ajdodlarimiz yutuqlarini koʻz-koʻz qilaverish ham samarali natija bermasligi mumkin. Sohaga yangicha nazar bilan boqish fursati kelmadimikin?

– Maʼnaviyat sohasida nafaqat zamon bilan hamnafas, balki Prezidentimiz taʼkidlaganiday, bugungi hayotdan oʻn qadam oldinda yurish shart. Bu – davr talabi. Oʻtgan yili Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida davlatimiz rahbari “Biz bugungi keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlod tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi?” singari savollarni oʻrtaga qoʻygan edi. Oʻzini ziyoliman degan har bir millatdoshimiz bu savollarni har kuni, har soatda oʻziga oʻzi berishi oʻta muhim va dolzarb. Boisi, sohada qilinayotgan islohotlarining hammasi millat ertasiga, Vatan taqdiriga, yurt kelajagiga bevosita daxldor. Shu bilan birga barchamiz hamjihatlikda savollarga javob topishimiz, muammolarga yechim axtarishimiz zarur.

Chindan ham, axborot texnologiyalari rivojlangan, axborot almashinuvi tezlashgan hozirgi zamon bolasiga oʻn yil oldingi emas, hatto bir soat oldin aytilgan gap ham qiziq boʻlmasligi mumkin. Ammo ularning shijoati, kuch-gʻayrati, intiluvchanligini koʻrib odamning havasi keladi. Shu bilan birga, ularning qiziqish va qarashlari juda oʻzgaruvchan boʻladi. Bunday yoshlarning kuchi notoʻgʻri maqsad va gʻoyalarga yoʻnaltirilishiga yoʻl qoʻymasligimiz kerak. Jang maydonida ham raqiblar dushmanining eng zaif joyini topib zarba berishga harakat qiladi. Shu maʼnoda, bugungi global axborot maydonida yoshlarimiz turli gʻarazli kuchlarning nishonida qolib ketmasligi lozim. Globallashuv sharoitida inson ongi va qalbini zabt etish masalasi oʻrtaga chiqmoqda. Shunday ekan, bu borada kurash keskin tus olayotgan davrda yoshlarimizni xavf va tahdidlardan asrash, ularning mustaqil fikri, eʼtiqodi va qatʼiy hayotiy pozitsiyasini shakllantirish shart.

 Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi turli davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda katta loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirib turibdi. Qolaversa, bugun faqat targʻibot tadbirlari bilan koʻzlagan maqsadga erishib boʻlmaydi. Ayni paytda markaz faoliyatining 30 foizini anʼanaviy targʻibotga, 40 foizini raqamli targʻibotga va 30 foizini amaliy-metodik qoʻllanmalar yaratishga yoʻnaltirmoqchimiz.

Millat tarbiyasi va maʼrifatining rivojlanishida ziyolilarning oʻzaro birlashuvi va fidoyiligi juda muhim. Zero, Choʻlpon aytganiday “millatni uygʻotish – uygʻonganlarning vazifasi”dir. Shu sababli markazimizda ziyolilarni yagona maqsad yoʻlida jipslashtirish, yoshlarni yoʻnaltirish, jamiyat hamjihatligini taʼminlash, vatanparvarlik hissini kuchaytirish kabi qator yoʻnalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirishni koʻzlab turibmiz.

– Roppa-rosa bir asr burun jadid bobolarimiz “Najot – taʼlimda” degan gʻoyani ilgari surib edi. Hozir oradan koʻp vaqtlar oʻtib ketdi. Odamlarning hayotga qarashlari, tutumlari oʻzgardi. Xoʻsh, bugun maʼnaviy kamolotning boshlangʻich nuqtasi qayerda: taʼlimdami yoki tarbiyada?

– Insonning qalbi oʻzgarsa, uning maʼnaviyati ham oʻzgaradi. Jadidlar ham birinchi galda odamlarning dunyoqarashini oʻzgartirish orqali jamiyatni isloh qilishga intilgan. Ilmni ana shu ezgu maqsad yoʻlidagi najotkor kuch deya bilgan. Hozir ham bu fikr oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar maʼrifatparvar bobolarimizning orzu va maqsadlariga hamohang. Prezidentimizning “Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi gʻarb ilm-fani yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, degan soʻzlari zamirida ayni shu haqiqat mujassam. Shu bois mamlakatimizda taʼlimni tarbiya bilan birgalikda rivojlantirishga ahamiyat qaratilmoqda. Yanada sodda qilib aytsak, bir inson oilada tugʻilib, mahallada ulgʻayadi. Maktabda ilm olish orqali esa maʼnaviy tarbiyaning uzviyligi taʼminlanadi.

Prezidentimiz Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida 5-sektor sifatida “Maʼnaviyat sektori”ni tashkil qilish, bu borada “Surxondaryo tajribasi”ni oʻrganish vazifasini belgilab berdilar. Ilgari surilgan mazkur ezgu harakat bugun har bir hududda tashkil etilgan sektorlar jamiyatdagi mavjud muammolarga tizimli yondashib, sohadagi vazifalarni belgilab olishda qoʻl kelmoqda. Mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirish bilan birga, aholi keng qatlamini kitobxonlikka jalb etish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, madaniyat va sanʼatga oshno qilish, milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimizni ommalashtirish hamda xalqimiz orasida mehr-oqibat tuygʻularini kuchaytirishga keng yoʻl ochilmoqda. Shuning qatorida tashkilot va korxonalarning masʼul rahbarlari, ziyolilar biriktirilgan holda, hududlarning ijtimoiy-maʼnaviy xaritasi yaratilmoqda. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan tuzilgan olimlar, tadqiqotchilar, ziyolilar, soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh yangi sektorning ish samaradorligini oʻrganmoqda. Sektorlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha namunaviy metodik qoʻllanmalar, tavsiya­viy yoʻriqnomalar yaratilmoqda.

Bugun maʼnaviyat va maʼrifat ishini yangi pogʻonaga koʻtarish uchun faol fuqarolarga ehtiyoj sezamiz. Shu sababli markazda olimlar, soha mutaxassislari tomonidan “Faol fuqaroni shakllantirish” konsepsiyasi loyihasi tayyorlanmoqda. Mazkur hujjatda goʻdakka ona qornidaligidan boshlab, to ulgʻaygunicha beriladigan eʼtibor, tarbiya, maʼrifiy ozuqa asoslari yaratilmoqda. Shuningdek, konsepsiyada ziyolilarning oʻz bilganlarini oʻzgalarga oʻrgatishi masalasiga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Faol fuqarolar safining eng oldingi qatorida ziyolilar boʻlishi haqidagi tashabbus ishlab chiqilmoqda. Agar u bugun “menga tinchlik kerak” desa, jamiyatda notinchlik koʻpayaveradi, u “men gapirmayman” desa, dushmanlarimizni “minbar”ga chiqargan boʻladi.

– Bugun odamlar kitob oʻqimayotgani ortidan maʼnaviyatimiz ham qashshoqlashib ketayotganidan qaygʻuryapmiz. Dunyoda bu borada ahvol qanday? Markaz tomonidan jahon tajribalari ham oʻrganilyaptimi?

– Kitob – inson tomonidan yaratilgan eng katta moʻjiza. Chunki kitob orqali har kuni uyingizda yozuvchi, olim, donishmandlar bilan xayolan muloqot qilasiz.

Savolga keladigan boʻlsak, kitob oʻqilmayapti, deb noligan bilan jamiyatda kitobxonlik shakllanib qolmaydi. Eng avvalo, nima uchun oʻqilmayotganini oʻrganib koʻrish kerak. Soʻrovnomalar oʻtkazib, tadqiqotlar uyushtirish zarurdir, balki. Xorijiy davlatlarda muntazam odamlarning qanday, qancha kitob oʻqigani haqida tadqiqot olib borib turiladi. 2022-2023-yillarda oʻtkazilgan soʻrovnomada Yevropa, AQSh, Osiyo, Avstraliya, Kanada, Afrika va Janubiy Amerika aholisi oʻzlarining kitobxonlik odati va sevib oʻqiydigan janrlari haqida fikr bildirgan. Ijtimoiy soʻrovnomada qatnashganlarning 27 foizi bir yilda 20 dan ortiq, 32 foizi 1-5 dona kitob mutolaa qilganini aytgan. Shuningdek, ularning 18 foizi 6 tadan 10 tagacha, 19 foizi esa 11 dan 20 tagacha turli mavzularda asarlar oʻqigan. Natijada amerikalik va britaniyalik kishilar koʻp kitob oʻqigani oydinlashgan. 2022-yilda dunyodagi eng ommabop janrlar uchligiga tarixiy kitoblar (34 foiz), detektiv hikoyalar (33 foiz) va avtobiografik-memuar asarlar (31 foiz) kirgan.

Fikrimcha, bugun jamiyatda kitobxonlik darajasi pasayganini quruq gaplar bilan iddao qilmasdan amaliy ishlarga oʻtish fursati yetdi. Hozir markazimiz tomonidan “Kitob marafoni” loyihasini boshlash rejalashtirilmoqda. Shu yoʻl orqali jamiyatimizda kitobxonlar sonini aniqlash, qiziqish va talablarini oʻrganib, bu borada tahliliy maʼlumotlarga ega boʻlishni oʻylayapmiz.

Yoshlar orasida kitobxonlik kamaygani borasida bir mulohaza bor: bolalarda yoshlikdan kitobga mehr, kitob oʻqishga ishtiyoq uygʻotish kerak. Afsuski, bugun bolalar uchun kitob yozadigan oʻzbek yozuvchilari juda kam. Bolalar qiziqib oʻqiydigan, turli yoshga doir rang-barang, sarguzashtlarga boy asarlar yoʻq hisobi. Dunyo tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, bolalar yoshiga qarab asarlar toifalangan, ularning sevimli yozuvchilari ham talaygina. Shunday ekan, biz bolalar adiblarining safini kengaytirishimiz, ularni ragʻbatlantirib, yangi avlod asarlarini yaratishiga shart-sharoit hozirlashimiz shart. Bugun kutubxonalardagi kitoblarning koʻpi chet tillardan tarjima qilingani yoki oʻsha tilning oʻzida nashr etilganini koʻrish mumkin. Farzandlarimiz ergashadigan, havas qiladigan qahramonlarning hech biri oʻzimizniki emas, barchasi begona siymolar. Shuni inobatga olib, biz bolalar adabiyoti yoʻnalishida qalam tebratadigan ijodkorlarni ragʻbatlantirish uchun turli xil koʻrik-tanlovlar tashkil etishni niyat qilganmiz.

– Yoshlarimiz kitob oʻqimayotgan boʻlsa, yana qanday vositalar orqali ularning taʼlim-tarbiyasiga taʼsir koʻrsatishimiz mumkin?

– Yoshlar butunlay kitob oʻqimayapti, degan fikrlarga qoʻshila olmayman. Oʻqiyotgan yoshlarimiz ham koʻp. Prezident tashabbusi bilan bunday kitobxon yoshlarga avtomashinalar sovgʻa qilinayotgani, turli ragʻbatlar berilayotgani ortidan ham kitobga qiziqish, mutolaaga mehr, kitobxonlik yana ortmoqda. Kitob oʻqimaslik fojia boʻlsa, yuzta kitob oʻqib, biron-bir xulosaga kelmaslik chinakam musibatdir. Bu – inson fikrlamayapti, degani. Shuning uchun bolalarga kitobxonlikni bolaligidan singdirib borish, bu borada ota-onalar farzandlariga oʻrnak boʻlishi lozim. Imom Gʻazzoliyning shunday fikri bor: “Bola – ota-ona qoʻlidagi omonat. Uning qalbi turli naqsh va rasmlardan xoli. Qanday naqsh solinsa, qabul qiladi... Agar yaxshilikka undalsa va oʻrgatilsa, saodatli boʻladi”.

Hozir kitobdan boshqa tarbiya vositalari ham moʻl. Masalan, kino, musiqa sanʼati asarlari, bola yashaydigan muhit, oila, mahalla, u tahsil oladigan maktab – bularning barchasi tarbiyada katta ahamiyatga ega.

Bugungi kunda markaz tomonidan bolaga milliy, xalqona usulda tarbiya berishning aniq metodik asoslari ustida izlanish olib borilmoqda. Bu metodik asoslar qoʻllanma holida chop etilib, har bir ota-ona, mahalla, bogʻcha va maktablarga yetkazib beriladi.

“Biz bir boʻlsak – xalq, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida hududlarda turli loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda “Kinokarvon” ijodiy-madaniy loyihasi mahalla va taʼlim muassasalariga kirib bormoqda. Yoshlar oʻrtasida sevimli kino qahramonlari haqida insholar tanlovi oʻtkazilmoqda. Hozirga kelib, Navoiy, Sirdaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida loyiha qamrovi 43 ta tuman (shahar), 40 nafar “Maʼrifat” targʻibotchilari,

25 300 nafar aholini qamrab oldi. Shuningdek, markaz tomonidan ijtimoiy tarmoqlar uchun moʻljallangan animatsion roliklar, tarbiyaviy ahamiyatga ega vaynlar, qisqa metrajli filmlar yaratish ustida allaqachon ishlar boshlab yuborildi. Mana, kuni kecha muhtaram Prezidentimiz tomonidan Toshkentda oʻzbek estradasi asoschisi, Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi. Kinochilar saroyida kino sanʼatimiz tarixiga bagʻishlangan muzey hamda “Tirik tarix” loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Aytilganidek, sanʼat va madaniyatga qaratilayotgan eʼtibor ham aslida yuksak maʼnaviyatli avlodni tarbiyalashning muhim sharti.

– Barcha tashkilot va taʼlim muassasalarida maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimlari bor. Ularning faoliyati aksariyat hollarda qogʻozbozlik, hisobotbozlikdan iboratdek. Buning boisi sohada oʻz vazifasini yetarli darajada bilmaydigan xodimlar faoliyat yuritishidami yoki talab shundaymi?

– Har bir sohada ishga munosabat juda muhim. Maʼnaviyat va maʼrifatga masʼul inson bu masʼuliyatni yaxshi anglamasa, teran his qilmasa, bundan ortiq koʻrgilik yoʻq. Markaz tomonidan ishchi guruh tuzilib, hududlarda oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Bu boradagi dastlabki xulosalar ham hududlardagi maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimlarining eng katta kamchiligi aynan koʻzboʻyamachilikdan iborat ekanligini koʻrsatmoqda. Topshiriqlarni xoʻjakoʻrsinga bajarish, hatto qogʻozbozlik va koʻchirmakashlikka ruju qoʻyish holatlari ham uchramoqda. Albatta, bunaqa nojoiz holatlarning oldini olish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilmoqda.

Bugun turli yoʻnalishlarda maʼnaviy-maʼrifiy sohaga masʼul boʻlgan 40 mingdan ortiq kishi bor. Buni bemalol katta bir armiya deyish mumkin. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazini faqatgina targʻibot tadbirlarini amalga oshiradigan tashkilot emas, balki ana shu katta guruhni amaliy-metodik qoʻllanmalar, uslubiy ishlanmalar bilan taʼminlab turuvchi tashkilotga ham aylantirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Maʼlumki, Prezidentimiz Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari mos ravishda ushbu kengashning joylardagi boʻlimlari rahbari hisoblanadi. Shundan ham bilish mumkinki, bugun tarbiya, maʼrifat masalasi muhim, eʼtiborda, doimiy nazoratdadir.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan alohida ishchi guruh tuzilib, joylardagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning holati tizimli oʻrganilib, tahliliy-amaliy tavsiyalar berilmoqda. Ularni amaliy-metodik qoʻllanmalar, uslubiy ishlanmalar bilan taʼminlashga harakat qilinmoqda.

Hozirda barcha hududlar boʻylab oʻrganish ishlari davom etmoqda, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar holatini baholash tizimi joriy etildi. Xususan, Qashqadaryo, Sirdaryo, Toshkent viloyatlaridagi oʻrganish natijalari boʻyicha viloyatlar hokimlari ishtirokida tanqidiy-tahliliy yigʻilishlar oʻtkazildi. Shu oʻrinda baʼzi tumanlar hokimlari yilning bir choragi davomida biron marta maʼnaviyat muammolariga eʼtibor qaratmagani achinarlidir. Iqtisodiy muammolar yechim topishi mumkin, lekin odamlar ongidagi maʼnaviy qashshoqlikning oʻrnini toʻldirish qiyin boʻladi.

– Jadid maʼrifatparvarlari millat taraqqiyotini umummillat maʼnaviyati, maʼrifati yuksalib, illatlardan xalos boʻlishi bilan bogʻliq deb hisoblagan. Ayting-chi, oʻz davrida jadid bobolarimizni tashvishga solgan illatlardan qaysi birlari hamon millatimiz gardanida yuk boʻlib yuribdi?

– Maʼrifatparvar bobomiz Behbudiy shunday yozgan: “Bizni qilaturgon aqlsizligimizni qaysi millat qilur? Nikoh, xatna, bu ikki balo shundog‘ qattiq bir illatki, oʻlmaguncha qutulub boʻlmaydur. Shaharlarda oʻrtahol, yaʼni oʻturargʻa xona va bogʻi bor bir kishi nikoh uchun ikki ming soʻm sarf etar va oʻgʻul xatnasi uchun hech boʻlmaganda ming soʻm. Har bir benavo kishi bu mavridlarga 200 soʻmdan 1000 soʻmgacha sarf etar. Boy va zoʻraki boylar esa besh ming, oʻn minglab sarf etar”.

Bugun ham isrofgarlik bilan oʻtkazilayotgan toʻy-hasham, oʻtkinchi orzu-havaslar va dabdabani jamiyatimizni kemirayotgan illatlar sirasiga kiritish mumkin. Aslida xalqimizga toʻyxona emas, katta-katta kutubxonalar yarashadi.

Yana illatlarimiz sifatida taʼlim olishdan koʻzlangan maqsadlarimizni alohida taʼkidlamoqchiman. Haligacha ayrim yoshlarning ongida “Bu oʻqishga kirsam, erta soqqaliroq kasb egasi boʻlaman”, “Obroʻli ishda ishlayman” degan biryoqlama tushuncha mavjud. Aslida, ilm olishdan maqsad jadidlarimiz singari yurtning taraqqiyotiga hissa qoʻshish, rivojiga xizmat qilish emasmi?

Xullas, bizni kemiruvchi illatlar talaygina. Xususan, odamlarimiz orasida yolgʻonchilik, tarbiyada masʼuliyatsizlik, boqimandalik, milliy oʻzligimizdan yiroqlashish, befarqlik, tarqoqlik kabi millatimizga yarashmaydigan illatlar ham koʻzga tashlanadi. Mana, masalan, bugun internetda oʻzgalarning fojiasini vosita qilib pul ishlash, layk toʻplash, obunachilar sonini oshirish urfga kirib borayotgani ham achinarlidir.

– Odatda maʼnaviyat kattalarning shaxsiy namunasi, oʻrnagi asosida yoshlarga singdiriladi. Bugun quruq gaplardan amaliy harakatlarga oʻtish vaqti kelmadimikin?

– Albatta, tarbiya – avvalo amalda koʻrsatiladi, keyin anglanadi, soʻngra namoyon boʻladi. Qusurlar ham vaqtlar oʻtib koʻzga tashlanadi. Tarbiya millat kelajagi, xalq ertasi ekan, bu jarayonda hech kim tomoshabin boʻlmasligi, oʻquvchiga dakki bergan oʻqituvchini doʻpposlamasligi, u tashkilot yaxshi ishlamayapti, bu rahbar safsata sotyapti, deya “aqlmirzalik” qilavermasdan, birinchi galda oʻzi vijdonan ishlashi kerak.

Tarbiyaviy ishlarimiz samara berishi uchun muhit kerak. Bu – zanjirdek bir-biriga ulanib ketadigan jarayon. Tarbiya ishida begona yoʻq. Hammamiz bunga masʼulmiz. Tarbiya ishida shoshmashosharlik, ura-urachilik, tezda natija kutish notoʻgʻri. Bu shunday uzluksiz jarayonki, hech qachon toʻxtamaydi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, tarbiyada tanaffus boʻlmasligi kerak. Albatta, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bu jarayonda muvofiqlashtirib turuvchi tashkilot sifatida amaliy harakatlarni olib bormoqda.

Kamchiliksiz odam, har tomonlama mukammal insonni topish imkonsiz. Ayniqsa, Oyning dogʻini ham muhokama qiladigan virtual tanqidchilik kuchaygan bugungi kunlarda aniq bir zamondoshimizni “milliy maʼnaviyatimiz pasporti” sifatida taqdim etolmaymiz. Shu sababli, oddiy odamlarning yaxshi amallari, yon-verimizda yashayotgan zamondoshlarimizning qaysidir ibrat boʻlgulik ishini oʻrnak qilib koʻrsatish koʻproq natija beradi, deb oʻylayman. Deylik, yaqindagina jazo koloniyasidan ozod etilgan sobiq mahkumning oʻz koʻchasida nihol ekishi, qaysidir qassobning oʻzi oʻqigan maktabdagi isitish tizimini homiylik asosida tuzatib bergani kabi holatlar targʻib etilsa, odamlarga buyuk ajdodlarimizning shonli hayot yoʻliga bagʻishlangan ilmiy maʼruzalardan koʻra koʻproq taʼsir qiladi, deb oʻylayman.  

– Siz oilangizdagi maʼnaviyat masalasiga qay yoʻsinda yondashasiz, farzand tarbiyasiga-chi?

– Oiladagi farzand tarbiyasi anʼanalar asosiga qurilib, zamon bilan bogʻlangani maʼqul. Bizning oilamizda ham bu borada anʼanalar shakllangan. Bunda otamning oʻrni katta. U kishi farzandlarini ham qattiqqoʻllik, ham maʼrifat, ham shaxsiy namuna asosida tarbiyalagan. Maoshining bir qismini kitob sotib olishga sarflardi. Faqat kitob olib berib, oʻqi, demay oʻzlari oʻrnak boʻlib kelgan. Oilamizda haftada bir marta kitobxonlik kuni tashkil qilinardi. Uyimizda otam kutubxona ham tashkil qilgan.

Otamga bu fazilat bobo-momolarimizdan meros. Hozirda bu meros kaminaga ham oʻtgan. Faqat zamonga, bolalarim qiziqishiga qarab, ularni turli xil usulda ragʻbatlantirib boraman. Oʻqigan kitoblari uchun ularni ragʻbatlantiraman. Agar kitob haqidagi xulosalarini oʻzbek tilida chiroyli ifodalasa, ragʻbat yana oshadi. Shu asar haqida zamonaviy texnologiyalardan foydalanib taqdimot qilib bersa, yanayam kattaroq ragʻbatga loyiq boʻladi. Kimdir bolani pulga oʻrgatmaslik kerak, deydi. Lekin bolaga pul topishni, uni sarmoyaga aylantirish, ishlatish koʻnikmalarini ham yoshlikdan oʻrgatib borgan maʼqul.

Oilaviy muzey, teatr, kutubxonalarga borib turamiz. Buni tarbiya haqida gapirmasdan bolalarni tarbiyalashning eng yaxshi usullaridan, deb hisoblayman.

– Maʼnaviyatni bolaga bogʻchadan, maktabdan singdirishimiz kerak, deb koʻp gapiramiz. Botinimizda maʼnaviyatni uygʻotish, shaxs boʻlib shakllanishimiz, oʻzlikni qonimizga singdirish uchun nimalar qilishimiz kerak, deb hisoblaysiz?

– Botinimizda, qonimizda maʼrifat, maʼnaviyat yuksak darajada bor. Bunga oʻtmishimizdan koʻp misollar keltirib oʻtish mumkin. Ibn Sino, Muhammad Xorazmiy, Jaloliddin Manguberdi, Nodirabegim, Uvaysiylarni allaqachon jahon tan olgan. Ajdodlarimiz ilm-maʼnaviyat yoʻlidan yurib, dunyo tarixida munosib iz qoldirdi. Bizga maʼrifat, maʼnaviyat yoʻlini qoldirdi. Hozir bu yoʻl boshida turib, oʻsha yoʻldan oldinga yurmaslik ularning merosiga xiyonatdan oʻzga narsa emas. Bugungi tahlikali zamonda qonimizdagi ajdodlarimizdan meros boʻlgan jasorat, mardlik, vatanparvarlik, ilmga intilish xislatlarini, maʼnaviy fazilatlarni tezroq uygʻotish har qachongidan ham muhim va shart.

                                                                                    I. MIRZAALIYEV suhbatlashdi.

  “Jadid” gazetasi, 2024-yil 24-may, 22-son.