Doktor Davron Maxmudov – yuqumli kasalliklar va sifat nazorati boʻyicha ekspert. Oʻzbekiston, Rossiya, Yevropa va AQSH davlatlari ish tajribasiga ega mutaxassis. Bugungi kunda AQSHda sifat boʻlimi analitigi sifatida dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi ustida izlanish olib bormoqda. Hozirda “Yevropa va Amerika sifat nazorati standartlarini Oʻzbekistondagi farmasevtika va oziq-ovqat mahsulotlari nazorat tizimiga integratsiya qilish: innovasion yondashuvlar va global ahamiyat” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida izlanmoqda. 

Tushlar haqiqatga aylanganda: oq xalatga eltgan bolalik parvozi


...Yodimda, chamasi 7 yoshlar edim. Tush koʻrdim. Tushimda oppoq xalatda kengliklar, vodiylar, katta suv toʻlqinlari uzra keng qanot yozib uchdim. Ha, aynan oppoq xalatda kengliklar uzra parvoz qildim. Bu shunday yoqimli tuygʻu ediki, hali hanuz oʻsha bolalikda tushimda his qilganlarim koʻzimni yumsam, koʻz oldimda gavdalanadi. Tushimning taʼbiri yillar oʻtib oʻz tasdigʻini topdi. Bugun men aynan oppoq xalat kiyadigan kasb egasi – shifokor boʻldim. Men qalban hamon oʻsha 7 yoshli bolakay Davron boʻlib yashayapman. Hozir 38 yoshdaman. Biroq oʻsha 7 yoshimdagi hissiyot hamisha men bilan birga.

Maqsad sari shaxdam qadam


...Bolaligim Toshkent shahrida oʻtdi. Ilk tahsilni poytaxtdagi 242-maktabda olganman. Soʻng Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik liseyida tibbiyotga oid dastlabki bilim va koʻnikmani oʻzlashtirdim. Soʻng Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Rossiyadagi Sankt-Peterburg davlat pediatriya akademiyasida tahsilni davom ettirdim. Men pediatr shifokor sifatida bolalarda S gepatiti infeksiyasini individual tarzda davolash yoʻnalishida nomzodlik dissertatsiyamni muvaffaqiyatli himoya qilgach, maqsadim yanada aniqlashdi: ushbu tadqiqot ilmiy doiralarda eʼtirof etildi va bolalar uchun differensial terapiya usullarini rivojlantirishga asos boʻlgandi. 


2012–2016-yillar juda samarali kechdi. Toshkent pediatriya tibbiyot institutida xalqaro loyihalarni muvofiqlashtirib, Yevropa bilan hamkorlikda sogʻliqni saqlashga doir yirik loyihalarda faoliyat yuritish shifokor sifatida meni chiniqtirib bordi. Ushbu yillar oraligʻida oʻzbek va ingliz tillarida chop etilgan ilk ilmiy monografiyamdan tibbiyot muassasalarida oʻquv qoʻllanmasi sifatida foydalanib kelinmoqda.


Keyinchalik ish faoliyatimda burilish yuz berdi. Oʻzbekistonda sifatsiz va baʼzida xavfli import dorilarining keng tarqalashini koʻrib, sifat nazoratining xalqaro tizimlariga eʼtibor qaratdim. Yaʼni, men oʻzimni global sifat nazorati sohasida koʻra boshladim. Chunki oziq-ovqat va dori vositalarining xavfsizligi butun dunyo miqyosida, jumladan, Oʻzbekistonda ham har doim va har qachon dolzarb sanalgan. Avvaliga Maltadagi oziq-ovqat korxonalarida Yevropa sifat standartlarini oʻrgandim, tajriba orttirdim. Olgan bilim va koʻnikmalarimni EU-GMP talablariga javob beruvchi farmasevtika kompaniyasida  yanada rivojlantirdim.


Bugungi kunda AQSHda sifat boʻlimi analitigi sifatida dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi ustida izlanish olib boryapman. Hozirda “Yevropa va Amerika sifat nazorati standartlarini Oʻzbekistondagi farmasevtika va oziq-ovqat mahsulotlari nazorat tizimiga integratsiya qilish: innovatsion yondashuvlar va global ahamiyat” mavzusidagi doktorlik dissertatsiya ishim aynan shu sohaga qaratilgan. 


Maqsadim aniq: Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimiga xalqaro sifat nazorati tizimini joriy etishni istayman. FDA va USP kabi dunyo boʻyicha tan olingan AQSH regulyator tizimlarining eng ilgʻor tajribasini oʻrganib, Vatanimga olib kelish, mahalliy xodimlarni oʻqitish va zamonaviy sifat siyosatini shakllantirish boʻyicha ish olib bormoqdaman.


COVID-19: old qatordagi xizmat


COVID-19 pandemiyasi davrida, Oʻzbekiston hukumati chaqirigʻiga binoan, yurtimizga qaytib, inqirozni boshqarishga yordam berdim. 2020–2021-yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazida faoliyat olib bordim. Bu jarayonda 600 dan ortiq bemorni davolab, antikoagulyant asosidagi yangi protokollarni joriy qildim, bu esa asoratlarni 50% ga va sunʼiy nafas oldirish ehtiyojini 25% ga kamaytirgan.


Kamtarona xizmatlarim eʼtirof etilib, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim. 

Shifokorlikning mazmun-mohiyati bitta: inson hayoti uchun javobgarlik


Mendan koʻp soʻrashadi: Oʻzbekistondagi va Amerikadagi shifokorlik kasbi oʻrtasidagi asosiy farq nimada, deb? Mening javobim oddiy: dunyoning qaysi nuqtasida boʻlmang, shifokorlikning mazmun-mohiyati bitta: inson hayoti uchun javobgarlik. Boʻldi, boshqa javob yoʻq. Tizim jihatidan esa har ikkala davlatning oʻz ish prinsipi bor, albatta. Bunda Amerikada bemorlarga xizmat koʻrsatishda barcha jarayonlar elektronlashgan, tekshiruvlar aniq, yondoshuv yagona standart asosida olib boriladi. Bu borada Oʻzbekistonda ham  katta oʻzgarishlar boʻlayotganini alohida eʼtirof etaman. Bu albatta, quvonarli hol. Lekin Oʻzbekistonning AQSH tajribasidan oʻrganadigan jihatlari talaygina. Buni ham alohida aytib oʻtishim kerak. 

Harakat qilgan insonga chegara yoʻq


Amerika haqida, hayot tarzi, iqtisodiyoti, taʼlim tizimi, madaniyati, umuman sehrli diyorda yashash zavqi va mashaqqatlari haqida, Oʻzbekiston va Amerikaning taqqosiy jihatlarini soʻrab yaqinlar va tanishlar koʻp savolga tutishadi. Men ularga umumiy tushuncha hosil boʻlishi uchun bir gapni aytaman: Amerika boy davlat. Ha, u sehrli diyor. Iqtisodiyoti boʻyicha ham yetakchi oʻrinlarda turadi. Oʻzbekiston esa endi rivojlanib kelayotgan davlatlar sirasiga mansub. Shunday ekan, bu ikki davlatni taqqoslashning oʻzi absurd tushuncha, aslida. Yagona va haqiqatga anchagina yaqin boʻlgan oʻz xulosani aytaman: siz qanchalik yuqori tomon odimlasangiz, tasavvuringizga-da sigʻmagan olamni kashf qilib boraverasiz. Imkoniyatlar eshigi keng ochilaveradi. Har bir bosilgan shaxdam qadam kelgusidagi imkoniyatlar zanjirining navbatdagi boʻgʻinini yaratadi. Eng muhimi, harakat qila olgan insonga chegara yoʻq. Demak qaysi bir yangi manzilni bosib oʻtish yana bir ertangi muvaffaqiyatingiz poydevori boʻlishi mumkin. Asosiysi, siz oʻzingiz uchun eng yaxshisini koʻra oling va oʻzlashtiring!

Maqsadingiz aniqmi, oʻz yoʻlingizni toping, chekinmang!


Xorijga kelishdan avval men uchun eng katta maqsad – bu ota-onamni rozi qilish boʻlgan. Hozir esa – insonlarni, atrofimdagilarni, hammani, Vatanimni rozi qilishni istayman. Yaʼni, maqsadim yuksalgan. 


Xorijga kelib tahsil olishni, ish oʻrganib, tajriba orttirishni istayotgan har bir uka-singlimga albatta keling, dunyo koʻring, harakatdan toʻxtamang, degan boʻlardim. Maqsadingiz aniqmi, oʻz yoʻlingizni toping, chekinmang. Qiyinchiliklar, toʻsiqlar dunyoning har bir nuqtasi, har bir chekkasida mavjud. Muhimi, hamma gap, siz ana shu toʻsiqdan yorib oʻtib, oʻz chegarangizni kengaytira olishingizda. Siz birinchi qadamni qoʻya oldingizmi, biling-ki, keyingilari oʻz-oʻzidan davom etaveradi: ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va.... hokazo.

Nigora NISHONBOYEVA suhbatlashdi.