Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi sentyabr oyida 8 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalarini qoʻlladi.

Qoʻmita oy davomida 8 ta yigʻilish oʻtkazib, jami 37 ta masalani koʻrib chiqdi va tegishli qarorlar qabul qildi.

Xususan, roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 21 ta masala muhokama qilindi. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha ikkita, mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazish, akkreditatsiya va toʻlov tashkilotiga litsenziya berish boʻyicha 7 ta masala koʻrib chiqildi.

Shuningdek, kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish boʻyicha 3 ta, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlarini koʻrib chiqish boʻyicha 9 ta masala muhokama qilindi.

Bundan tashqari, kredit va toʻlov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masala koʻrib chiqildi.

Jumladan, Markaziy bank koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlariga rioya etilishi, inspeksiya tekshiruvlari natijalari hamda moliyaviy xizmatlarni “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.