Oʻrta Osiyo xonliklarining XIX asr muhiti haqida gap ketganda, odatda, birinchi boʻlib sheʼriyat tilga olinadi. Xorazm mamlakati ham bundan mustasno emas. Qoʻngʻirotlar sulolasi Xorazm mamlakatini boshqarishni de-fakto Muhammadamin inoqligi (1175–1205/1762–1791), de-yure esa Eltuzar inoq “xon” (1219–1221/1804–1806) titulini olgandan keyin boshlashgan. Hokimiyat uchun kurash haqida alohida seriallar olsa arziydi. Voqealar shunchalik shiddat bilan oʻzgarganki, Qozoq dashtlaridan olib kelingan qoʻgʻirchoq xonlar yarim kun ham hukmron boʻlmasdan oʻzgargan holatlar boʻlgan, bu voqealik tarixnavislar tomonidan “xonboziy” nomi bilan tilga olingan. Xonbozlik qilish esa Legitimatsiya – yaʼni hokimiyatni qonunlashtirish uchun kerak boʻlgan. Hokimiyatni qonunlashtirishning keyingi usuli tarixnavislik edi. Hukmdor taxt tepasiga kelgandan keyin albatta oʻzi va ajdodlari haqida tarixiy asar yozishga buyurtma bergan. Shunday tarixiy asarlardan biri “Firdavs ul-iqbol” asari hisoblanadi. Asar buyurtmachisi Eltuzar rabʼi al-avval oyining birinchi kuni, hijriy 1220-yili / 1805-yil 28-iyunida Qoʻngʻirot shahriga hujum qiladi va shu yili 14-iyul kuni Xiva shahriga qaytgach, rasman Qoʻngʻirotlar sulolasi tarixini yozishga buyruq bergan. Rasmiy tarixnavislikning bunyodkori sifatida u Munis taxallusi ila sheʼrlar bitgan Shermuhammad mirobni (1192–1244/1778–1829) tanlaydi. Shuningdek, Qoʻngʻirotlar sulolasi hukmronligi davrida 120 ga yaqin asar tarjima qilingan, Xorazm bir qator manbalarni turkiy tilga tarjima qilish boʻyicha yetakchiga aylangan. “Turkiylashtirish” madaniy jihatdan olib qaraganda matnning ommaviylashuvi deb hisoblangan.
Ayni madaniy hodisa yangi sulolaning oʻz “imidji”ni yaratish yoʻlidagi oʻzidan oldingi sulolalar bilan tarixini bogʻlash, birligini isbotlash istagidan kelib chiqqan. Bu safarbarlikga ulkan hissa qoʻshgan adiblardan biri Munisning shogirdi va jiyani Ogahiy taxallusi ostida nom chiqargan Muhammadrizo (1224–1291 / 1809–1874) hisoblanadi. U Munis boshlagan “Firdavs al-iqbol”ni davom ettiradi. Asar orada 20 yil davomida yangi muallifni kutib toʻxtab qoladi, toʻgʻrirogi Xorazm xonlari bu ishga munosib kishini topolmaydi. Asarning Munis tomonidan davom ettirilmaganining sababi xon unga “Ravzat al-safo” asarini turkiy tilga tarjima qilishni buyurgan edi. Yaʼni, xon Munisga ajdodlarining tarixini “nazm va nasr ila jahonga gavhar sochish” bilan zamona “Shohnoma”sini yozishni buyurgan edi.
Faktik jihatdan olib qaraganda, qoʻngʻirotlar sulolasi tomonidan yangi tarixiy-bibliografik makonning yaratilishi, yaʼni fors tilidan turkiy tilga tarixiy va bibliografik (nasr yoki nazm koʻrinishidagi) asarlarning faol va katta miqyosda tarjima qilinishi XX asrning boshlariga qadar davom etgan. Ana shu jarayonning faol ishtirokchisi va voqealarning asosiy yozuvchisi Muhammadrizo. U shoir boʻla turib, umrini asosan tarixiy asarlar yozish va fors, usmonli turkiydan oʻzbekchaga kitoblar tarjima qilishga sarflagan. Shoir tarjimai holi oʻrni bilan batafsil, rekonstruksiya qilingan, deb aytish mumkin.
Rasmiy mansabi Miroblikga 1851-yil sogʻligʻi tufayli isteʼfo berib, 1857-yili qayta tayinlandi. Shoir asarlarining avtograf va prosograf nusxalari mavjud.
Uning tarixga oid 6 ta asari bor. Hayot xronologiyasi quyidagicha:
1809-yilda Xiva yaqinidagi Qiyot qishlogʻida tugʻilgan. Ogahiyning otasi Erniyozbek 1812-yilda vafot etgan. Madrasa tahsili jarayonida – 1821-yildan sheʼrlarida Ogahiy taxallusini qoʻllaydi.
Xiva xoni Olloqulixonning Xurosonga qilgan safarida (1829) vabo kasali tarqalib, togʻasi Munis 51 yoshda vafot etgach, Olloqulixon Ogahiyni uning oʻrniga miroblik vazifasiga tayinlaydi.
Munis boshlagan “Firdavs ul-iqbol” nomli tarixiy asarni Ogohiy tugatadi. Buxoro-Xiva urushlarida tugʻdor boʻlib qatnashgan (1843). Olloqulixonga bagʻishlangan “Riyoz ud-davla” (“Davlat ishlari”) tarixiy (1844), Rahimqulixonga bagʻishlangan “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlarning qaymogʻi”) tarixiy (1846) asarini nihoyasiga yetkazgan. Muhammadaminxon, Sayyid Abdullaxon, Sayyid Qutlugʻmurodxon hukmronlik yillariga bagʻishlangan “Jomʼeul-voqeoti sultoniy” (Sultonlar voqealari toʻplami) tarixiy asarini yozgan (1846–1856).
Muhammad Aminxonga hamroh boʻlib koʻhna Urganchga borganda xonning tashabbusi va Ogahiyning xayrixohligi bilan Xon-yop kanali qaziladi (1847).
Munis boshlagan Mirxondning “Ravzat us-safo” tarixiy asarining II, III jildlari tarjimasini oxiriga yetkazadi (1849-1850). Muhammadaminxon buyrugʻiga binoan “Durrayi Nodira” asari tarjimasini tugatadi (1850).
Ogahiy sogʻligʻi tufayli oʻz ixtiyori ila isteʼfoga chiqadi – miroblikdan ketadi, oʻrniga jiyani Muhammadkarimbek mirob etib tayinlanadi (1851).
Ogahiy ikkinchi marta miroblik lavozimiga tayinlanadi (1857) va umrining oxirigacha shu lavozimda qoladi.
Sayyid Muhammadxonga bagʻishlangan “Gulshani davlat” (Davlat gulshani) asarini yozishni boshlaydi (1856). Joni Mahmud ibn Shayx Ali Gʻijduvoniyning “Miftoh ut-tolibin” asarini 44 kunda, Husayn Koshifiyning “Ahloqi Muhsini” asarini tarjima qiladi (1859). Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”i tarjimasini nihoyaga yetkazadi (1859–1863).
Sayyid Muhammadxonning buyrugʻiga binoan Rizoqulixon Hidoyatning “Ravzat us-safoi Nosiriy” asari tarjimasiga kirishadi (1860) va shu yili Muhammad Yusuf Munshiyning “Tazkirai Muqimxoniy”si tarjimasini tugatadi. Nizomiddin Ahmad Haraviyning “Taboqati Akbarshohiy” asari (1864), Abdurahmon Jomiyning “Yusuf va Zulayho”si tarjimasini ham nihoyalatgan (1868).
Ogohiy “Taʼviz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) devonini tuzgan (1872), Muhammadrahimxon Soniy Feruz davriga bagʻishlangan “Shohidi iqbol” (Baxtlar shohidi) asarini yozgan (1864–1873).
Ogahiy 65 yoshida vafot etgan (1874), Xiva yaqinidagi Eski Qiyot qishlogʻining Shayx Mavlon bobo qabristonida, amakisi Shermuhammad Munis qabri yoniga qoʻyilgan.
Muhammadrizoning Alisher Navoiy singari saylanmasi nashr etilgan:
Abdulla Oʻrozboyev masʼul muharrirligida 2019–2021-yillarda uning asarlari saylanmasi qayta nashr qilindi. 2020-yilda asarlar toʻplamining 10 tomidan 8 tomi chop etildi;
Q.Munirov, S.Dolimov, G‘.Karimov, R.Majidi, Y.Bregel, F.Gʻanixoʻjaev, N.Shodmonov, N.Toshev singari olimlar tomonidan ijodi oʻrganildi.
“Firdavs al-iqbol” (1840–1842);
“Riyoz al-davla” (1842–1844);
“Zubdat al-tavorix” (1844–1846);
“Jome’ al-voqeati sultoniy” (1846–1855);
“Gulshani davlat” (1855–1864);
“Shohid al-iqbol” (1864–1872) asarini yozadi.
Ogahiyning tarixiy asarlarida xonlar hayoti dabdabali va jimjimador qilib koʻrsatiladi, hukmdorlarga nisbatan tanqidiy gap aytilmagan.
Shuningdek, Ogahiy Xorazm hududidagina emas, butun Markaziy Osiyodagi eng sermahsul tarjimon boʻlgan. 19 ta tarjima asarining 3 tasi hozirgacha topilmagan.
Hilola NAZIROVA,
manbashunos tarixchi