2000-yillar boshida dunyo kino prokatida “Matritsa”ning hissasi katta boʻldi. Aka-uka Vachovskilarning filmi zumda ommalashdi va reytinglarni birma-bir egalladi. U kino olamida nafaqat kompyuter grafikasini, balki dunyo falsafasi haqidagi tasavvurni ham oʻzgartirgan ijod mahsuli sifatida koʻriladi. Ammo Vachovskilar intervyulardan birida yapon animelarini tilga olib, kinoning gʻoyasida “Qurol-aslahali sharpa”dan ilhomlanganlarini aytishdi. Bu esa oʻz navbatida yapon madaniyatiga va aynan anime janriga qiziqishni oshirib yubordi. Bugungi maqolada ushbu janr – animening qanday paydo boʻlgani, qanday falsafalarni oʻz ichiga olishi va janrning bosh tomoshabinlari haqida tahlil qilamiz.

Anime tarixi XX asr boshlariga borib taqaladi, oʻshanda yapon kinoijodkorlari Yevropalik hamkasblarining multiplikatsion texnologiyalaridan foydalana boshladilar va 1907-yilda uch soniyalik ilk namuna paydo boʻladi. Biror nom bilan atalmagan ushbu multiplikatsiya namunasi matros libosidagi bolakayning taxtaga “harakatlanuvchi suratlar” deb yozishi va bosh kiyimini yechishidan iborat.

1917-yilda ommaga 2 daqiqalik komediya: “Namakura Gatana” taqdim etiladi. Ushbu animatsion filmda yapon samurayi oʻzining yangi qilichini amalda qoʻllab koʻrmoqchi boʻladi, ammo koʻr mashshoqqa magʻlub boʻladi. Film koʻp yillar muqaddam yoʻqotilgan hisoblanardi, biroq 2008-yili Osaka antikvarlar doʻkonchasidan uning nusxasi topildi va qayta namoyish qilindi.

Janrning oʻz shakl-shamoyiliga ega boʻlishi va katta tezlik bilan rivojlana boshlash davri 1963-yilga toʻgʻri keladi. Aynan shu yili yapon telekanallarida “Qudratli Atom” (Tetsuwan Atom) seriali efirga uzatila boshlandi. Bu katta kuchga ega boʻlgan robot-bolakayning qahramonliklari haqida hikoya qilinadigan multfilm edi, keyinchalik u Yevropa teleekranlariga “Astroboy” sifatida talqin qilindi. Serial muallifi Osama Tedzukani bekorga “animening otasi” deyishmaydi. U janrning asosiy belgilarini kiritdi, janrgagina xos boʻlgan uslublar yaratdi, 500 ga yaqin manga (yapon komikslari, “komikku” deb ham ataladi) chizdi. Osama keyinchalik Mushi Productions studiyasiga asos soldi, “Astroboy” serialidan keyin esa, yuqorida taʼkidlanganidek, anime janrida portlash yuz berdi.

Oʻsha davrda yaratilgan anime seriallarning xarakterli jihati – ularning qahramonlari xuddi atomga oʻxshab qudratli kuchga ega bolalar ekani edi. Ular oʻz qudrati bilan dunyodagi yaxshilik muvozanatini tutib turishga, odamlarga yordam berishga harakat qilishadi. Bu oʻz-oʻzidan emas – buyuk nemis faylasufi Nitshening super odam (yaʼni komil inson) gʻoyasiga koʻra odamda kamolotining uch davri mavjud: tuya, sher va BOLA. Nitshe ham, yapon animelari ham bolalar nafaqat oʻzlarini, balki dunyoni ham yaxshi tomonda tutib turishiga ishongan.

Anime-seriallarning ommalashishiga yangi studiyalarning paydo boʻlishi katta hissa qoʻshdi. Masalan, 1965-yili Toei Animation studiyasi Hans Kristian Andersen va Jonatan Svift asarlari asosida “Gulliverning kosmik sarguzashtlari” toʻliq metrajli filmini ishlab chiqardi. 1966-yili esa sehrgar qizaloqlar haqidagi serial – “Salli ismli yalmogʻiz” dunyo yuzini koʻrdi. Ushbu serial qizaloqlarga atalgan birinchi anime sifatida tarixda qoldi, undan soʻng animeda alohida – qizaloqlar va oʻsmir qizlarga atalgan syodzyo janri paydo boʻldi. Syodzyolarning ayricha jihati ularda notabiiy kuch va xususiyatlarga ega boʻlgan bosh qahramon qiz bola boʻlishi hisoblanadi.

1980-yillar anime uchun oltin yillar deb ataladi, bu davrga kelib u alohida submadaniyat sifatida shakllangan, nafaqat oʻz vatanida, balki chet mamlakatlarda ham shuhrat qozona boshlagandi.

1984-yili Xayao Miyadzaki “Shamollar vodiysi malikasi Navsikaya” filmini namoyish etadi. Bu asar yapon stimpanki (ilmiy-fantastika janr boʻlib, bug‘ texnologiyalarini boshidan-oxirigacha oʻzlashtirgan sivilizatsiyalar yaratiladi) ning yorqin namunasiga aylandi. Unda uzoq kelajak, toʻgʻrirogʻi atom urushidan tirik qolgan, ekologik fojealar ichidagi sayyora tasvirlanadi. Yer sathi havoga zaharli spora chiqaradigan oʻsimliklardan iborat oʻrmonlar bilan qoplangan, tirik qolgan odamlar esa oʻrmonlardan uzoqroqda, vodiylarda jamoa boʻlib yashaydilar. Shunday maskanlardan biri – Shamollar vodiysi boʻlib, uni yosh va jasur malika Navsikaya boshqaradi. U dunyoni batamom yoʻq qilish uchun yangi qurol yaratish bilan shugʻullanayotgan dushmanlarga qarshi kurashadi. Filmni yaratish jarayonida “Gibli” studiyasi hosil boʻldi, uning boshqa toʻliq metrajli filmlari: “Osmon qoʻrgʻoni Laputa”, “Mening qoʻshnim Totoro”, “Jodugarlar yetkazuv xizmati”, “Porko Rosso” oʻziga xosligi bilan ajralib turadi.

Oxirgi yillarda anime janrining mavzu jihatidan juda koʻp ishlarga qoʻl urganini koʻrish mumkin. Bu filmlar faqatgina dunyoning nafaqat oq va qoradan iboratligi tasvirlanmaydi, balki tamoman boshqacha falsafalar bilan sugʻorilganini ham taʼkidlash lozim. Bundan tashqari animelar faqat bolalar va oʻsmirlar uchun emas, katta yoshdagi tomoshabinlarga ham moʻljallangan boʻladi.

Anime qahramonlari nega oddiy insonlardan boshqacharoq tasvirlanadi?

Animega janr sifatida tamal toshini qoʻygan “Astroboy”dagi xarakterli katta koʻzlar va hissiyotlarning koʻpligi boshqa film qahramonlariga ham koʻchib oʻtgan. Xoʻsh, nega anime qahramonlari bunday koʻrinishda tasvirlanadi? Chunki dumaloq yuz, katta koʻzlar va anchagina kichik burun tomoshabin diqqatini personajning his-tuygʻulariga qaratishda qoʻl keldi. Yana animelar katta planlarda koʻp ishlanishiga ahamiyat bergan boʻlishingiz mumkin, bu ham qahramonning emotsional holatini tasvirlashga urgʻu berishning yoʻli.

Faqat katta planlarning oʻz yetmaganida esa mualliflar qoʻshimcha vizual uslublardan foydalanadilar: anime qahramonlarining feʼl-atvori va tuygʻulari uning yuzida deyarli “yozib qoʻyilganini” koʻrasiz. Masalan, yuzdagi ulkan yoki mayda-mayda ter tomchilari qahramonning emotsional bosimdaligini, lavlagidek qizarishi – qattiq uyalishni, koʻzlarida yulduzchalar porlashi – hayrat va quvonchni bildiradi. Agar qahramonning atrofida toʻlqinsimon chiziqlar paydo boʻlsa, qahramonning kimningdir oldida hayajonlanayotganini anglash mumkin. Deylik, uning boshi atrofida uch-toʻrtta qisqa chiziq hosil boʻlsa, bu uning juda hayron boʻlganidan. Bularning bari oʻziga xos anime tili boʻlib, tomoshabin tomonidan osongina tushuniladi.

Animelar nega bu qadar tez ommalashdi?

Yapon animatsiyalari avval-boshda kichik yoshdagi bolalarga emas, oʻsmirlar va kattalarga moʻljallangan edi. Shu bois janrning koʻplab tarmoqlari yuzaga keldi. Bundan tashqari, koʻplab anime seriallari va filmlari murakkab va muhim mavzularni koʻtarishadi. Bular, deylik, notenglik, ekologiya, hayot yoʻlini tanlash, texnologiyalardan foydalanish, muhabbat, doʻstlik, qadriyatlar boʻlishi mumkin. Anime chini bilan oʻsmirlar dunyosini egalladi, ularning qiziqishlari, istaklari, intilishlarini tasvirlar ekan, odatiy bolalar multfilmlari-yu, kattalarning jiddiy, zerikarli filmlaridan oʻzib ketdi va oʻz tomoshabiniga ulkan tanlov berdi. Bu turfalik animedagi janrlarga ham, mavzularga ham xos boʻlib, har bir odam unda oʻzini ilhomlantiradigan qahramon yoki syujet topa oladi. Aynan shu bois animening butun dunyo boʻylab ishqibozlari koʻp va u zamonaviy subkultura hisoblanadi.

Animelarning ildizi qayerda?

Animening asosiy qismiga manba boʻlib yapon madaniyati, miflari va xalq ogʻzaki ijodi hamda manga komikslari xizmat qilgan. Bundan tashqari jahon badiiy adabiyoti klassikasining ayrimlariga ishlangan anime-adaptatsiyalar ham boʻlib, ularning ayrimlari originaldan tashqariga chiqmagan, baʼzilari esa asosiy mazmunni saqlagan holda ishlangan.

Yosh tomoshabin uchun lugʻat

Quyida animega oid ayrim atamalarni keltirib oʻtamiz. Ular yordamida janrga endigina qiziqa boshlagan tomoshabin anime dunyosida bemalol yoʻnalish olishga qiynalmaydi, deb oʻylaymiz:

Ranobe – ommaviy yapon adabiyoti turi boʻlib, u oʻzining turfa xilligi, dialoglarga boyligi, xayoliy syujetlarning moʻlligi, anime va manga uslubidagi illyustratsiyalari koʻpligi bilan ajralib turadi. Ranobe asosan oʻsmirlarga moʻljallangan boʻladi.

Isekay – bosh qahramonning boshqa dunyoga tushib qolishiga asoslangan anime janri.

Kodomo — 12 yoshgacha boʻlgan bolalarga moʻljallangan anime va manga.

 

Manga — yapon komikslari, ayrim holatlarda komiku deb ham ataladi. Deyarli barcha mangalar oq-qora qilib chiziladi va chop etiladi, ammo rangli mangalar ham mavjud.

Mangaka – manganing muallifi.

Maxo-syodzyo – bosh qahramoni sehrgar qizaloq boʻlgan anime.

Mexa – odamsimon robotlar jangiga asoslangan janr.

Otaku – anime, manga va yapon madaniyatiga muhabbati kuchli odam.

Sensey – animelarda qahramonlar ustoz va ustalarga shunday murojaat qiladilar. Yana manga va animelar mualliflarini ham shu soʻz bilan atash ham urfga kirgan.

Syodzyo – anime va manganing 12–18 yoshdagi qizlarga moʻljallangan janri.

Syonen – anime va manganing 12–18 yoshdagi oʻsmir bolalarga moʻljallangan janri.

Seynen – anime va manganing 18–25 yosh yigitlarga moʻljallangan janri.

Spokon – personajlarning sportdagi muvaffaqiyatlari haqida hikoya qiluvchi anime janri.

Alisher FAYZULLAYEV