Maktab taʼlimi tajriba-sinov maydoni boʻlib qolgan. Reyting tizimi (oʻqituvchi salkam hisobchiga aylangan edi), soʻngra baholash sistemasining yana oʻzgarishi, pedagogning ish yuklamalari va ustama, toifa uchun kurashlar, ayni kunlarda esa attestatsiya sinovlaridan eson-omon oʻtib olish tashvishi oʻqituvchilarni har doim sarosima va hadiklar ichra ishlashga majbur qilmoqda.
Xalq taʼlimi vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018-yil 20-avgustdagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari boʻyicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq umumiy oʻrta taʼlim muassasasining pedagog xodimlari uchun bir stavka miqdoridagi ish yuklamasi quyidagicha belgilandi:
· 1–4-sinflarda – haftasiga 18 soat;
· 5–11-sinflarda – haftasiga 20 soat.
Shunga muvofiq oʻqituvchilar darsdan tashqari belgilangan soatlarda boʻsh oʻzlashtiruvchi oʻquvchilar, iqtidorli oʻquvchilar bilan alohida mashgʻulotlar olib borishi, fan toʻgaraklari tashkil etishi, ota-onalar bilan ishlashi lozim.
Bugun qaysi maktabda pedagogik yuklama vijdonan ado etilmoqda?
Bu savol poytaxtning Yangihayot tumanida yashovchi Noila Shorasulova kabi koʻplab ota-onalarni oʻylantiradi:
– Farzandim 4-sinfgacha ingliz tilini yaxshi oʻzlashtira olmadi. Vaholanki, maktablarda ingliz tili 1-sinfdan boshlab oʻqitiladi. Boshlangʻich sinfda oʻqituvchilar bahoga saxiy boʻlishadi. Ammo 5-sinfda qarasam, chorak bahosi 3 chiqibdi. Hatto, harflarni tanimaydi. Keyin repetitorga berdim. Ikki oyda bola harflarni tanib, oʻqishni boshladi. Har darsda oʻquv markazi oʻqituvchisi yangi soʻzlar yodlatadi, grammatikani oson tarzda oʻrgatadi. Bolam yaxshi oʻzlashtira boshladi. Ammo chorak bahosi yana 3 chiqdi. Men maktabdagi ingliz tili oʻqituvchisi bilan bogʻlandim. “Nahotki oʻquvchingizda oʻzgarish boʻlganini sezmadingiz. Oʻquv yili boshida harf tanimasdi, hozir oʻqiyapti, gapira boshladi. Mashqlarni bajara olyapti”, dedim. Oʻqituvchi esa “Bolangizning bahosi shu”, dedi. Axir, farzandim yaxshi oʻzlashtirolmayotgan ekan, oʻqituvchi u bilan darsdan tashqari har xil qiziqarli metodlar asosida qoʻshimcha ishlashi kerak emasmi? Men ham maktabda ishlaganman, pedagogik yuklama degan narsa bor. Oʻquvchining oqsayotgan tomonlarini oʻqituvchi vaqtida aniqlab, u bilan darsdan tashqari mashgʻulot olib borishi kerak. Buning uchun ularga haq toʻlanadi. Agar har bir oʻqituvchi pedagogik yuklama uchun ajratilgan soatlarni toʻlaqonli ado etganida biz ota-onalar bolalarimizni ovora boʻlib repetitorga bermasdik. Maktabda yuzaga kelayotgan boʻshliqlarni bugun oʻquv markazlari, repetitorlar toʻldiryapti. Koʻpgina maktab oʻqituvchilarining oʻzi repetitorlik qiladi. Yaʼni darsda yaxshi oʻzlashtirolmayotgan oʻquvchini darsdan tashqari vaqtida pulga oʻqitadi.
Noila Shorasulovaning eʼtirozlari oʻrinli. Ammo aksariyatimiz bu oʻrinli eʼtirozlarga allaqachon koʻnikib boʻlganmiz. Albatta, oʻqituvchilar orasida fidoiy, oʻquvchi bilimini masʼuliyat bilan oʻstirishga eʼtibor qiladiganlar ham talaygina. Ammo boʻsh oʻzlashtiruvchi oʻquvchiga tekinga qoʻshimcha dars oʻtadigan oʻqituvchilar juda oz. Iqtidorlilar bilan ishlash oʻqituvchiga bugungi kunda foyda keltiradi. Sababi, oʻquvchisi fan olimpiadalari va turli tanlovlarda gʻolib boʻlsa ustozga ustamalar yoziladi, mukofotlar beriladi. Bu albatta, yaxshi. Oʻqituvchi qancha ragʻbatlantirilsa, taʼlimda oʻsish koʻzga tashlanadi. Ammo... boʻsh oʻzlashtiruvchilar bilan kim ishlaydi?
Oʻqituvchilarni ham eshitaylik!
Ehtimol, bu borada oʻqituvchilarning oʻz haqiqatlari va aytar gaplari bordir. Pedagogik yuklamaga yetarli haq toʻlanadimi? Nega aksariyat oʻqituvchilar unga sovuqqonlik bilan qarashadi?
– Bir vaqtlar oʻqituvchilar dars oʻtar, daftar tekshirar, sinfga hamda kabinetga rahbarlik qilar va shunga maosh olar edi, – deydi Andijon tumanidagi 38-maktab oʻqituvchisi Muzaffar Ismoilov. – Keyinchalik kabinet mudirligi uchun pul toʻlanmaydigan boʻldi. Taʼlimda yuklama degan narsa chiqdi. Unga koʻra, endi oʻqituvchi turli tadbirlarda, tanlovlarda, olimpiada va bilimlar bellashuvida oʻquvchilarining ishtirok etgani, obodonlashtirishdagi hissasi, majlislarda qatnashgani, darsni tahlil qilgani, konspekt yozgani, matbuotda maqola chiqargani, toʻgarak oʻtgani, navbatchilikda turgani, imtihon olgani, iqtidorlilar va boʻsh oʻzlashtiruvchilar bilan alohida ishlagani kabi ishlarga ham haq toʻlanadigan boʻldi goʻyo. Aslida-chi?
Muammoni oddiy arifmetik usul bilan yechaylik. Bir soat dars uchun oʻqituvchiga 4000 soʻm beriladi, deb hisoblaylik. Uni ikkiga boʻlishdi. 2000 soʻm oʻtilgan darsga, qolgan 2000 soʻmning 92,5 foizi yuklama uchun toʻlanadigan boʻldi, yaʼni sopi oʻzidan chiqarildi. Shu tariqa yuklama qoʻshilishi bilan oylik oshishi oʻrniga 3,75 foizga kamaydi. Yuklama uchun qoʻshimcha mablag‘ ajratilmagan. 4000 soʻm 6000 soʻm boʻlib qolmagan. Aksincha, maosh kamayib, ish koʻpaygan. Oʻsha yillarda yuklamani bajarishga koʻp kuch va mablag‘ sarflanib, papkalar keraksiz qogʻozlar bilan toʻldirildi. Qogʻozbozlik 2018-yili keskin qisqartirildi, alohida jurnal yuritish ham bekor boʻldi. Kasb-hunar maktablarida jurnal yuritish va qogʻoz toʻldirish jarayonlari esa hamon davom etmoqda.
“Pedagogik yuklama?.. Axir tadbirlardan ortmayapmiz-ku”
– Pedagogik yuklama toʻlaqonli bajarilsa, bu yaxshi, – deydi Termiz shahridagi 13-maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Gulchehra Ashurova. – Koʻp yillik oʻqituvchilarda fidoyilik degan tushuncha bor. Ular qoniqarli haq toʻlanmasa ham, oʻquvchining bilim darajasi sustlashayotganiga qattiqqoʻllik bilan qarab, jiddiy shugʻullanishadi. Ammo yosh oʻqituvchilarda kelajak avlod oldidagi masʼuliyat tushunchasi yoʻqolib borayotgandek. Oʻquvchi bilan darsdan tashqari paytlarda tekinga shugʻullanishni istashmaydi. “Yuklama uchun haq toʻlanmaydi” yoki “Toʻlanayotgan haq qoniqarli emas”, deyishdan oldin oʻylab koʻraylik, biz oʻzi yuklamani bajaryapmizmi?! Bajarmayapmiz, desak ham xato boʻladi, lekin asosiy vaqtimiz pedagogik yuklamaning tadbirbozlik yoʻnalishiga ketyapti. Chunki bugun hamma tashkilot maktabga egalik qilishni xohlaydi. Har kuni tadbir yoki unga tayyorgarlik ishlari bilan bandmiz. Oxirgi vaqtlarda tadbirlar shunchalik koʻpaydiki, oʻqituvchi darsdan tashqari fan toʻgaragi oʻtishi, iqtidorlilar yoki boʻsh oʻzlashtiruvchilar bilan alohida ishlashga vaqt topolmay qoldi. Har kuni qaysidir tashkilot oʻquvchilarimizni tadbirga olib ketadi. Uning orqasidan oʻqituvchilar ovora, darslar buzilgan, tadbir uchun kostyum, detallar, yoʻl kira va hokazo xarajatlar oʻqituvchining choʻntagidan ketadi. Endi oʻqituvchi oʻzi istasa ham, pedagogik yuklamani toʻliq bajara olish imkoniyatidan mahrum. “Zakovatbozlik”, inshobozlik, tadbirbozlikdan boʻshamayapmiz. Bisyor boʻlsa bol ham beqadr, deyishadi. “Zakovat” intellektual oʻyinlari yoki oʻquvchilarning fikrlashini oʻstirishga xizmat qiluvchi har xil mavzularda insho yozishlari juda yaxshi, ammo ular xoʻjakoʻrsinga, faqat hisobotlarni toʻldirish uchun, keragidan ortiq darajada koʻpayib ketishi oʻquvchilarni bezdirib qoʻyyapti. Eng yomoni, darslardan qolishyapti. Haqiqiy bilim olish jarayoniga putur yetyapti.
Nega maktablar oʻquv markazlaridek bilim berolmaydi?
Bu haqda koʻp gapiramiz, koʻp oʻylaymiz. Maktab oʻqituvchilari bilan suhbatda boʻlsangiz, buning sabablari topiladi. Har kuni oʻquvchini yetaklab tadbirga yugurayotgan, attestatsiya dardi bilan darsni ham unutayozgan oʻqituvchi qanday qilib samaraga erishsin?!
– Oʻqituvchilarga oylik ustamalarni belgilash mezonlarining oʻzi notoʻgʻri tuzilgan, nazarimda, – deydi filologiya fanlariga ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabining boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Oysara Usanova. – Baholash mezoni 9 banddan iborat. Bandlarni mazmuniga koʻra 4 ta qismga ajratish mumkin. Birinchisi, bevosita taʼlim mazmuniga tegishli 1-, 4-bandga jami 25 ball ajratilgan. Ikkinchisi, tadbirlarni tashkil qilishga tegishli 2- , 3-, 8-bandlarga jami 45 ball ajratilgan. Uchinchisi, ish staji, malaka oshirganligi va sinf rahbari faoliyatga tegishli 5-, 6-, 7-bandlarga jami 25 ball ajratilgan. Toʻrtinchisi, oʻquvchilar va Kuzatuv kengash aʼzolari fikri bilan baholash mezoniga tegishli 9-bandga jami 10 ball ajratilgan.
Oʻqituvchi bir oʻquv yilida 30-40 nafar oʻquvchisi boʻlgan sinfda oʻrtacha sifat koʻrsatkichini 86 foizdan oshirishga erishsa 5 ball, tadbirda oʻquvchisi (qancha oʻquvchi soni qatnashishi belgilanmagan) 86 foizdan yuqori ball toʻplasa 30 ball beriladi.
Oʻqituvchilarni ragʻbatlantirishning bu mezonlari oqibatida birinchi navbatda maktablarda tadbirbozlik rivojlanadi, taʼlim sifati yanada pasayib ketadi. Oʻqituvchi oʻquvchilar bilimini oshirishga, sifat koʻrsatkichini yaxshilashga harakat qilishdan koʻra oʻquvchilarining tadbirlarda ishtirok etishiga eʼtibor bera boshlaydi. Sinfda oʻquvchilarning oʻrtacha sifat koʻrsatkichi pasaysa, ballni tadbirlar orqali toʻldirishga harakat qiladi. Dars uchun vaqt ajratmasdan, tadbirlarga tayyorgarlik koʻrishga vaqt va kuch sarflaydi. Tadbirlarni tayyorlaydigan mutaxassislarni qoʻshimcha mablag‘ hisobiga (ota-onalar mablagʻi hisobidan) oʻquvchilarni tayyorlashga jalb qilishga harakat boshlanadi.
Tadbirlar dars hisobidan boʻlmasin!
Bu hali hammasi emas, angrenlik oʻqituvchi Matluba Nasriddinovaning taʼkidlashicha, hatto taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar ham maktabdagi darslarni inobatga olmagan holda tashkillashtiriladi.
– Mana universitetlar maktablar bilan hamkorlikda ishlayapti, – deydi Matluba Nasriddinova. – Maqsad taʼlim sifatini yaxshilash, ammo... Masalan, ertaga maktabimizdan 30 oʻqituvchi universitetda oʻtkaziladigan seminar-treningga olib ketilishi aytildi. Ertaga metod kuni emas. Har bir oʻqituvchida 5 soatdan dars bor. Masofa uzoqligini hisobga olib, 2 soat oldin yoʻlga chiqiladi. Agar har bir oʻqituvchida 4 soatdan dars bor desak, 30 nafari jami 120 soat dars oʻtishi kerak. “Taʼlim sifatini oshirishga” qaratilgan seminar-trening oʻquvchining haqiga xiyonat qilish evaziga tashkil etilmasligi kerak-ku! Nima deb oʻylaysiz, bu ahvolda taʼlim sifati osharmikan?
Ha, bunday sabablarni oʻrganganda xulosalar qanday boʻlishi maʼlum. Taʼlim tizimida qachon xoʻjakoʻrsinga asoslangan tadbirlardan voz kechilsa, oʻqituvchining bilimini sinovdan oʻtkazish va baholash mezonlari optimallashtirilsa, oʻqituvchining mehnati munosib ragʻbatlantirilsa, shundagina sifat va samaradorlikka erishiladi. Muallimning vaqti behuda tadbirlar-u yugur-yugurlardan xoli boʻlmas ekan, u hech qachon oʻziga tegishli boʻlgan eng muhim vazifa – oʻquvchiga bilim va koʻnikma berish, uni hayotga, fikrlashga oʻrgatish ishini maromiga yetkazib bajarolmaydi. Shunday ekan, oʻylab koʻraylik, bizga qaysi biri kerak, tadbirlar-u ulardan qolgan bir dunyo qogʻoz va rasmlar uyumimi yoki bilimdon avlodmi?
Zilola MADATOVA