Kavkazdagi Elbrus togʻining baland choʻqqilari orasida Jilisuv degan bir maskan bor. Bu yerda Sultonsuv, Qoraqoyasuv, Qizilkoʻlsuv, Amirsuv deb nom olgan bir nechta mineralga boy issiq buloq bor. Suvi shifobaxsh. Havosi toza. Tabiati goʻzal. Yaylovlari keng. Qoʻy-qoʻzilar oʻtlab yurganida koʻrsangiz koʻzingiz zavq oladi.

Shu nabotot-u hayvonoti ajoyib boʻlgan goʻzal tabiatning qoʻynida turmushi chorva bilan bogʻlangan, qalbi pok bir el yashaydi. Bular – balqarlar.

Balqarlar haqidagi hikoyani nega tog‘ tasviri bilan boshladi demang. Buning sababi bor. Chunki bu el oʻzini tavlilar (togʻliklar) deb atab kelgan[1]. Balqar nomi esa ularga qadimgi turkiy el balgʻar (bulgʻor)lardan meros qolgan.

Balqarlar kamsonli turkiy ellardan biri. Ularning nufusi 150 000 ga yaqin, xolos. Elning asosiy qismi Qabardin-Balqar Respublikasida yashaydi. Shuningdek, Qorachoy-Cherkas Respublikasi, Stavropolda, umuman, sobiq shoʻrolar mamlakatining barcha hududlarida balqarlar bor. Jumladan, Oʻzbekistonda ham 900 dan ziyod balqar yashashi qayd etilgan[2].

Balqarlar balqar tilida soʻzlashadi. Balqar tili turkiy tilning qipchoq lahjasiga mansub. Shu sabab ularni hamma balqar atasa-da, oʻzlari oʻzlarini malqar deydi.

Balqarlarning kelbati koʻproq kavkaz xalqlarinikiga oʻxshaydi. Ammo sinchiklab qarasangiz, qipchoq qiyofalilari ham koʻp. Ayniqsa, Jilisuv atrofidagi balqarlar koʻproq oʻzbeklarga oʻxshab ketadi. Ular qiyofasining oʻzgarishi asosan shu yerda yashovchi xalqlar bilan quda-andachiligi sabab yuzaga kelgan assimilyatsiya bilan bogʻliq. Inchunin, bugungi balqarlarning etnik shakllanishida bulgʻor, xazar, qipchoq, turkiy tilda soʻzlashuvchi alan xalqlarining taʼsiri katta boʻlgan.

Balqarlar islom dinining sunniylik oqimi, hanafiya mazhabiga eʼtiqod qiladi. Shuningdek, balqarlarning diniy tafakkurida tangrichilik dinining unsurlari ham koʻzga tashlanadi. Misol uchun yetti, qirq, yil marosimlari, is chiqarish, ajdodlarning ruhi uchun jonliq soʻyishlar uchrab turadi. Jilisuv atrofida yashaydigan choʻponlarda muqaddaslashtirilgan daraxtlar, toshlarga sigʻinish, maʼlum bir yaylov yoki daraning egasi (ruh)ga atab jonliq soʻyish holatlari ham kuzatilgan. Balqarlar tarixida toshsanam – balbaltoshlar yasash va ularga hurmat koʻrsatish ham boʻlgan va bu toshlar hozirgacha saqlanib qolgan. Boshqa tog‘ xalqlari kabi balqarlar ham toshga ishlov berish anʼanasini yaxshi bilgan.

Balqarlarning islomni qabul qilishi VIII asrdan boshlangan boʻlsa-da, bu jarayon XVII asrga qadar davom etgan. Maʼlumki, VIII asrgacha Shimoliy Kavkaz hududi Xazar xoqonligi tarkibiga kirgan. Xazarlar esa yahudiylik dinida edi. Shuning uchun balqarlarda ham ayrim gebraizmlar[3] saqlangan. Masalan, shanba kuni shabat deb ataladi. Ular shabatni arabcha sabt shaklida qoʻllamasligi, shuningdek, shanba kunini alohida kun sifatida ifodalovchi aforizmlar saqlangani ham buni tasdiqlaydi: shabat kunda jangur toxtamasa qiyamatda-da toxtamaz (shanba kuni yomgʻir toʻxtamasa qiyomatda ham toʻxtamas).

Balqarlarning naqsh-u nigorlarida ham Kavkaz, ham turkiy bezaklarni koʻrish mumkin. Ammo ular orasida turkiy, aniqrogʻi qipchoq ellariga xos naqshlar koʻproq. Misol uchun, balqarlar kigizni xuddi oʻzbek qipchoqlari kabi kiyiz deb atashadi. Kigiz ularning turmush tarzida muhim oʻrin tutadi. Ular yerga toʻshaladigan (jayma), sandiqlar ustiga taxlab qoʻyadigan (jiyma) toʻshaklarini, shuningdek tuzxalta, choyxalta va boshqa koʻplab maishiy buyumlarini aynan kigizdan tayyorlashgan. Kiyiz buyumlarida julduz, koʻz, qoʻchqormuyiz (qoʻchqorshox), qoʻshmuyiz, jilanizi (ilon izi) kabi bezaklar koʻproq uchraydi.

Balqarlarning turmush tarzida turfa taomlar alohida oʻrin tutadi. Sutli va goʻshtli, undan tayyorlanadigan taomlar, jumladan bovursaq, manti, pishloq, qaymoq, ayran, joʻgurt (yogurt), boʻza, jalbaur (dumbali jigar kabob), doʻlma, qovurilgan va dimlangan goʻsht ularning eng sevimli taomlaridan. Balqarlar qaymoq soʻzini sutbashi deb bir boshqacha ishlatishadi. Bu soʻz oʻzbek tilida uchramasa-da, mazmunan qaymoqqa nisbatan aniqroq ekani, sof turkiy soʻzligi uchun ham qiziqarli tuyuladi va eʼtiborni tortadi.

Balqar tili

Yuqorida keltirganimizdek, balqar tili turkiy tilning qipchoq lahjasiga mansub. Men bu tilni koʻplab jihatlariga koʻra oʻzbek tilining qipchoq lahjasiga oʻxshataman. Nega?

Balqar tilida soʻz yasalishi oʻzbek tilining qipchoq lahjasiga juda oʻxshash. “Men qaerdan bilaman? Bilmayman!” maʼnosidagi soʻzlarning balqarcha shakllariga eʼtibor bering: qaydam, kim biledi, kim bilsin. Bu soʻz doimiy istilohdagi oʻzbek soʻzlariga oʻxshaydi.

Ilmiy manbalarda ularning tili qorachoy-balqar tili deb berilsa-da, asli ularning tili balqar tili. Qorachoylarning tili bilan oʻxshashligi yoki yagona alfavitga ega ekanligi ularni bitta tilga birlashtirish uchun asos boʻlmaydi. Inchunin, til millatni identifikatsiyalashning asosiy shartlaridan biridir.

Qorachoy va balqar tillari uchun 1920-yillarga qadar arab alifbosi qoʻllangan. Arab alifbosidagi ilk yozuvlar XVII-XVIII asrning boshlariga tegishli. Ungacha boʻlgan yozma yodgorlik Qumanlar qomusi boʻlib, balqar tili ham leksik, ham fonetik xususiyatlariga koʻra quman tiliga yaqindir.

1924-yilda ikki xalq – qorachoy va balqarlar uchun yagona boʻlgan lotin alfaviti ishlab chiqildi. 1937-yilga kelib kirill grafikasiga asoslangan yangi alifbo qabul qilingan.

Balqar tilining alohida xususiyati umumturkiy b tovushi oʻrniga m tovushining koʻllanishida koʻzga tashlanadi: balqar – malqar, biyiz (bigiz) – miyiz, biyik – miyik, baqirmoq – maqirmak, burun – murun, baqa – maqa va hokazo. Bu xususiyat qorachoy shevalarida uchramaydi.

Ayni jihatlarni tahlil qilish uchun umumiy qorachoy-balqar shevalariga eʼtibor qaratamiz.

Qorachoy-balqar tillari ch va j tovushlarining talaffuziga koʻra bir nechta shevaga boʻlinadi.

Bunda s va sh oʻrniga qipchoq shevalariga xos tarzda ch ishlatilishi alohida ajralib turadi. Sach (oʻgʻuz, qarluq) soʻzi qipchoq-noʻgʻay guruhida shash, balqar tilida esa oʻzbek tili qipchoq lahjasidagi kabi chach shaklida talaffuz qilinadi. Ammo ayrim balqar shevalarida (Cherek vodiysi) chachning sas shaklida talaffuz qilinishi ham maʼlum.

Y oʻrniga j ishlatilishi qorachoy-balqar shevalarining barchasida bor. Balqar tilining qiziq jihati shuki, til soʻzligida aynan y tovushi bilan boshlanadigan bironta soʻz yoʻq. Ammo bu hamma y tovushlari oʻrniga j ishlatilishini bildirmaydi. Ayrim harflar oʻrniga choʻziq ya (ya) yoki yu (yu) harf birikmasi qoʻllanadi: yus (yuza), yaniq.

Ayrim holatlarda u oʻrniga ham j qoʻllanilishi kuzatiladi: uyqu – juqu, uyquchi – juquchi.

Balqar tilining oʻzbek tili qipchoq lahjasidan yana bir farqi – u harfining oʻrniga yu qoʻllanishida koʻrinadi: yuy (uy), yuzyuk (uzuk), yulgyu (ulgu, namuna, andoza maʼnosida), yulyush (ulush), yuch (uch), yurgenmek (oʻrganmoq, qipch. urganmoq).

Balqar tilida oʻzbek tilidagi o‘ tovushi oʻrniga yo ishlatiladi: yogey – oʻgay, yoz – oʻz, yozek – oʻzak, yokyunyus – oʻkinish, yolet – oʻlat, yolyum – oʻlim, yopke – oʻpka va hokazo.

Yo ayrim hollarda h oʻrnida ham qoʻllanadi: yokyuz – hoʻkiz, yoki v (w) oʻrnida ham ishlatiladi: yozer – vazir.

Balqar tilida boshqa turkiy tilda uchramaydigan oʻzak soʻzlar ham uchraydi. Ulardan biri igi. Igi yaxshi maʼnosida qoʻllanadi: igi adam – yaxshi odam, igilendirar – yaxshilash, igilendiru – takomillashtirish, igilik – yaxshilik va hokazo. Bu oʻzak turkiy tillardagi iyi (yaxshi) soʻzining buzilgan shakli boʻlishi ham mumkin.

Balqar tilidagi iy oʻzagidan yasaluvchi soʻzlar oʻzbek tili qipchoq lahjasi bilan bir xil talaffuz qilinadi: iyna – igna, iydiru – koʻndirmoq, iymoq – egmoq, iyilu – enkaymoq, iyiltu – engashtirmoq, iyiru (urchuq bila iyiru) – yigiruv (urchuq bilan yigiruv), iyartu – ergashtirmoq, iyin – yelka, iyak – iyak (engak), iylau – oshlash (terini).

Qorachoy-balqar alfaviti yaratilishining achinarli tomoni shundaki, bu alfavit yaratilgandan keyin qorachoylar va balqarlar yagona adabiy til atrofida birlashgan boʻlsa-da, ularning tili boshqa turkiylar uchun ancha begonalashib qoldi. Bu aynan yuqorida keltirganimiz o‘ tovushining yo, u tovushining yu shaklida yozilishida yaqqol koʻrinadi. Bu soʻzlar yangi alfavit yaratilgunga qadar qirimlar yoki qoʻmiqlar tili bilan bir xil talaffuz qilingan. Katta ehtimol bilan bu holat shevalarda 1990-yillargacha saqlangan. Chunki men 1990-yilda balqar (jilisuvlik) doʻstlarim bilan gaplashib oʻtirganimda u tovushining “yu”ga oʻzgarganini sezmaganman. Aksincha, balqarlarning tili qirimlarnikidan koʻra oʻzbek tili qipchoq lahjasiga yaqinroq tuyulgan.

Balqarlarning oʻzlarini tavli yoki tavchi deb atashi-yu, boshqalar tomonidan balqar atalishining ham sababi bor. Bir zamonlar turkiy tilning toʻrt oʻzanidan biri boʻlgan bulgʻor guruhi aynan balqar tiliga oʻxshash boʻlgan. Hozirgi kunda bu til guruhiga mansub tillardan faqat chuvash tili saqlanib qolgan boʻlsa-da, uning lugʻat tarkibi katta oʻzgarishlarga uchragan. Bugungi chuvash tili leksikasida rotatsizm[4] va zetatsizmlar[5] koʻp uchraydi. Misol uchun turkiy tillardagi kez/gez soʻzi chuvash tilida ker, qiz xer shaklida ishlatiladi. Bundan koʻrinadiki, chuvash tilining shakllanishi oʻrtabulgʻor davrida Oltin oʻrdaning bulgʻor ulusi atrofida shakllangan. Balqar tilida ham qadimgi bulgʻor tili bilan oʻxshashliklar koʻzga tashlanadi. Qadimgi bulgʻor tilidan saqlangan quyidagi toʻrtlikda ularning oʻxshashligi aniq koʻrinadi:

Balqar tilida soʻz umumturkiy qolipda oʻzak buzilmasdan yasaladi. Affikslarning qoʻshilishi esa qipchoq tillariga xos. Ammo soʻz yasalishida baʼzan noanʼanaviy holatlar ham uchraydi. Masalan, Nasriddin Xoʻja balqarlarda ham eng mashhur obraz. Shuning uchun boʻlsa kerak, aslida soʻfiy shayxlarining nisbasi yoki “ega” maʼnosida ishlatiladigan “xoʻja” soʻzi qiziqchi, hazilkash, masxaraboz maʼnolarida qoʻllanadi. Shunga koʻra xoʻja oʻzakli boshqa soʻzlarning ham maʼnosi buzilgan: xoʻjalaydiru – hazillashish, xoʻjalanma – hazillashma. Ayni soʻzning maʼnosini buzib ishlatish usmonli turkchasida ham uchraydi. Ammo unda xoʻja – oʻqituvchi maʼnosida ishlatiladi. Chunki dars berish va dinga oʻrgatish xoʻjalarning sifatlaridan biri boʻlgan. Shu sabab buni tushunsa boʻladi.

Umuman olganda, balqar tili oʻzbek tili qipchoq shevalariga juda oʻxshash. Faqat yozma manbalar orqali tilni oʻrganish birmuncha qiyin kechadi. Negaki, kiril alifbosida tovushlar talaffuzdagi aniqligini yoʻqotgan. Balqarlarning oʻzlari bilan soʻzlashganda, qoʻshiqlarini tinglaganda yoki sheʼrlari, maqollarini eshitganda tarjimon mutlaqo kerak boʻlmaydi.

Balqar tili goʻzal bir til. Adabiyoti undan-da goʻzal. Bunga shu elning buyuk shoiri Qaysin Quliyevning sheʼrlarini oʻqisangiz, amin boʻlasiz:

Suuuq qilich tiygendi bashinga,

Iyering sensiz qalgʻandi.

Ating qarindashi yolgen egech

Kibik, betinge qaraydi.

Ketmeyd, tashlamayd, syuygen tengingcha

Sanga qayitad, tabadi.

Kyun kyuydyurgen suuugʻan betinge

Jili shitisi tamadi.

Tarjimasi:

Sovuq qilich tekkanda boshingga,

Egaring sensiz qolganda.

Oting ukasi oʻlgan opa (egachi) kabi

Betinga qaraydi.

Ketmaydi, tashlamaydi, sevgan doʻstingdek

Senga qaytadi, topadi.

Kun kuydirgan sovuq betinga

Iliq koʻz yoshlari tomadi.

Nart soʻz

Balqarlar maqollarni boshqa turkiylardan oʻzgacha “nart soʻz” deb atashadi. Nart balqarchada bahodir, qadimgi maʼnolarida ishlatiladi:

“Nart syoz tilge jan salir” (Maqollar tilga jon kiritadi);

“Nart soʻz tilning tamiri” (Maqollar tilning tomiri).

Balqarlarning milliy xususiyatlari va oʻzligi ularning maqollarida yaxshiroq koʻrinadi:

“Syuryuuchyu keb bolsa, qoy xaram yolyur” (“Choʻpon koʻp boʻlsa, qoʻy harom oʻlar”; bu yerda “choʻpon” suruv soʻzidan suruvchi shaklida kelayapti. Biz “bir suruv qoʻy” deymiz-ku).

“Iynek saua bilmegenge arbaz qingir kyoryunyur” (“Sigirni sogʻishni bilmaganga hovli qiyshiq koʻrinar”).

“Ishi bolmaqan itleni suugʻa eltir” (“Ishi yoʻq itini sugʻorar”).

“Igi malchini tyort kyozyu bolur” (“Yaxshi podachining toʻrt koʻzi boʻladi”).

“Osal malchi kyun tiyginchi uyanmaz, uyansa-da qobub malin jayalmaz” (“Yomon (oʻsal) podachi kun chiqqancha uygʻonmas, uygʻonsa-da turib molini yoyolmas”).

“Ayyuden qachsang, kyondelen qach” (“Ayiqdan qochsang, koʻndalang qoch”).

“Djatxan byoryu toq bolmaz” (“Yotgan boʻri toʻq boʻlmas”).

“Igi jilqichini mingen ati bek chabar” (“Yaxshi yilqichining mingan oti tez chopar”).

“Jilanni bassang, bashindan bas” (“Ilonni bossang boshidan bos”).

Bu maqollarni oʻqisangiz, turmush tarzi chorva bilan bogʻlangan bir elning butun kechmishini, tashvishlarini ilgʻaganday boʻlasiz. Shuning bilan birga ular sizga ham tanishday tuyuladi. “E, bu maqol bizda ham bor-ku” deysiz beixtiyor. Chunki bu maqollar ham, balqarlar ham bizga begona emas. Biz bir otaning bolasimiz.

Shunday boʻlsa-da balqarlarning maqollarida bizga tanish boʻlmaganlari ham uchraydi:

“Qargʻa qʼangqildab qaz bolmaz, amma singsildab qiz bolmaz” (“Qargʻa qanqillab gʻoz boʻlmas, qari sinini bezab qiz boʻlmas”.

“Byodene suugʻa kirmeydi, chabak’ suudan chikʼmaydi” (“Bedana suvga kirmaydi, chavoq (baliq) suvdan chiqmaydi”.

“Tyulkyu yurse, itni kʼarni aurur” (“Tulki hursa itning qorni ogʻrir”).

“At ayagʻan bet tabmaz” (“Otini ayagan mashhur boʻlmas”).

“Eshek giliuun bek syuer” (“Eshak xoʻtigini koʻp suyar”).

Oʻzbek tilida “Har kimning bolasi oʻziga oy koʻrinar” degan maqol bor. Shu maqolning ham balqar tilidagi maʼnodoshlari uchraydi: “Ayyunyu balasi ayyuge ay kyoryunyur” (“Ayiqning bolasi ayiqqa oy koʻrinar”).

Xulosa oʻrnida

Kavkazda, Qabardin-Balqar Respublikasida Ulutov degan tog‘ bor. Togʻning etaklaridagi yassitogʻlarni yerli xalq adir deydi. Togʻdan tushadigan keng sayhonlikni Adirsay, darani Adirsu deb atashadi. Adirsuda Jayliq degan alpinistlar lageri bor. Ulutovning eng tepasiga birinchi bor 1903-yilda ingliz alpinisti Tom Jorj Longstaff chiqa olgan. Longstaff Ulutovni juda mashaqqat bilan zabt etadi. U hali hech kimning qadami yetmagan yerlarni zabt etayapman degan oʻy bilan Adirsuv darasi boʻylab koʻtarilib borar ekan, togʻning tepalarida bemalol qoʻy boqib yurgan balqarlarni koʻradi. Uni chorlayotgan togʻlarning haybati bu togʻlarga allaqachon chiqib ulgurgan va shu yurni vatan tutgan odamlarga boʻlgan hayrati oldida hech narsa emas edi.

Keyinchalik ham bu yurtga alpinistlar koʻp kelishgan. Sobiq shoʻro davrida Jayliqda alpinistlarning eng yirik lageri ham barpo etilgan. Alpinistlar Ulutovni har tomondan chiqib zabt etishgan. Ammo balqarlarni koʻrib, doim hayratga tushishgan.

Balqarlar shunday, hammani hayratga soladigan el. Balqarlar – bizning chinakam qardoshlarimiz, bovurlarimiz. Buni ularning yuziga qarab ham, soʻzini tinglab ham his qilasiz. Bir marta boʻlsa ham bagʻringizga bosgingiz, “ogʻamsan, inimsan” deb aytgingiz keladi.

Negadir mening oʻsha yerlarga borgim keladi. Nega? Bilmayman!

Balki yana Qaysin Quliyev javob berar:

Tashla meni atimi aytxanday,

Auaz keledi manga uzaqdan.

– O, qaydasa? Kel! – dep qichirgʻanday

Yon eshtiledi mangu tauladan…

Tarjimasi:

Toshlar mening otimni aytganday

Ovoz keladi menga uzoqdan.

– O, qaydasan? Kel! – deb chaqirganday

Un eshitiladi mangu togʻlardan...

Anvar BOʻRONOV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.

“Qondoshim qarindoshim” maqolasi



[1] Волкова Н. Г., «Этнонимы и племенные названия Северного Кавказа», 1973. «Наука» (Главная редакция восточной литературы, г. Москва), стр. 87.

[2] Country: Uzbekistan. Joshua Project. Дата обращения: 22.01.2016. Архивировано 5 апреля 2019 года.

[3] Gebraizm – qadimgi yahudiy tilidan oʻzlashgan soʻzlar.

[4] Rotatsizm (yunoncha ρ, “ro”) – turkiy tillarda biron tovushining titrovchi r shaklida talaffuz qilinishi.

[5] Zetatsizm (yunoncha ζῆτα – “zeta”) – turkiy tillarda biron tovushining z [z] shaklida talaffuz qilinishi.