Inson yaralibdiki, savollar ham tugʻilaveradi. Ayniqsa, yosh bolalarning savollari tugamaydi, deyavering. Baʼzida bolalarimiz tomonidan berilgan ayrim noqulay savollar bizni oʻylantirib qoʻyadi. Koʻpincha aldash yoki javob bermaslik bilan vaziyatdan chiqishga urinamiz. Ammo bu xato yechim.

Bir donishmand aytgan ekan: noqulay savollar boʻlmaydi, shunchaki noqulay javoblar boʻladi. Bolakay sizga berayotgan savol oddiy va joʻn. Ammo unga toʻgʻri va sodda javob qaytarish ancha mushkul. Aniqlanishicha, ota-onalarning  har toʻrttadan biri farzandining savoliga javob bera olmaydi. Uch-besh yoshlardagi bolaning ongida “nima uchun”, “nega”, “qanday qilib” degan savollar gʻujgʻon oʻynaydi. Tabiiyki, u oʻz qiziqishlariga ota-onasidan javob izlaydi. Bu pallada bolaga toʻgʻri javob berish juda muhim. Quyida eng koʻp tarqalgan savollar roʻyxatini koʻrib chiqamiz. 

“Men qayerdan paydo boʻlganman?”

Albatta, har bir bolani oʻzining qayerdan va qanday paydo boʻlib qolgani qiziqtiradi. Umuman, barcha bolalar qanday yaraladi? Savollar orasida eng mashhuri boʻlgan bu jumlalarga har bir ota-ona turlicha javob beradi. Afsuski, javoblarning deyarli barchasi choʻpchakdan iborat.

Sizning xato javoblaringiz:

1. “Doʻkondan harid qilganmiz”. Koʻpchilik ota-ona shu javobda toʻxtalib qoʻya qoladi: axir doʻkondan hamma narsani sotib olish mumkin. Xoʻsh, bunga ishongan farzandingiz bir kuni sizni doʻkonga sudrab uka yoki singilcha sotib olishga undasa-chi? Unda nima bahona topasiz? Yo boʻlmasa doʻkonga haridga kirgan mahalingiz u peshtaxtalarda negadir bolalar sotilmayotganini koʻrib yana ajablanadi va savolini takrorlaydi. Savol ketidan savollar tugʻilaveradi.

2. “Seni laylak tashlab ketgan”. Bu ham ommabop javob. Ayniqsa, uch yoshli bolalar uchun. Multfilmlarda ham shunga oʻxshash manzaralarni koʻrgan bolakay bunga astoydil ishonadi. Lekin u umuman qayerdan paydo boʻlgan? Laylak uni qayerdan olib kelgan? Yoki u laylaklar orasida paydo boʻlganmi? “Tashlab ketgan”, “olib kelgan”... yoʻq, bu javoblar bolakayning aynan sizlarga, yaʼni oʻz ota-onasiga tegishli ekaniga katta shubha tugʻdiradi. Buning ustiga uka yoki singilchasining laylak emas, tugʻruqxonadan mashinada olib kelishgani uni yanada hayron qoldiradi.

3. “Sen loʻlilar aravasidan tushib qolgansan”. Hazilkash amakiyu togʻalarning jiyanlari bergan savoliga javobi. Ayniqsa, bola xarxasha qilganda qoʻrqitish uchun koʻp ishlatiladi. “Yana yigʻlasang, loʻliga berib yuboraman”. Bu gapni umuman ishlatmaslik kerak. Yoʻqsa, bolada oilaga begonalik hissi, qoʻrquv tuygʻusi uygʻonadi.

4. “Sen qornimda yaralgansan, keyin shifokorlar qornimni yorib seni olishgan”. Haqiqatga ancha yaqin. Ammo oxiri sal qoʻrqinchli. Bolada shifokorlarga nisbatan qoʻrquvning paydo boʻlishi shu javobdan boʻlsa, ehtimol. Qorinni yorish... bola buni tasavvur ham qilolmaydi, tasavvur qilsa ham naqadar dahshatligini oʻylaydi. Onasining uka yoki singil olib kelishini istamaydi, sababi onasiga ogʻir boʻlishini biladi.

Toʻgʻri javob: Bolakayga haqiqatni oddiy va ijobiy soʻzlar bilan bildiring. “Men va dadang seni dunyoga kelishingni istaganmiz. Qornimda paydo boʻlib ulgʻaygansan. Vaqti kelib yorug‘ dunyoga chiqqansan. Oʻshanda juda xursand boʻlganmiz. Mittigina shirintoy eding... Barcha bolalar oʻz onasining tanasida paydo boʻladi.  Oilalar shu tariqa vujudga keladi”. Shunga oʻxshash soʻzlar bilan bolajonning aynan sizlarga, yaʼni OTA-ONAsiga tegishli boʻlganini bildiring. Bu oʻrtadagi mehr rishtalarini  mustahkamlaydi. Bola oʻzining kimlardir tomonidan tashlab ketilgani, sotib olingani, topib olingani kabi mavhum gaplardan koʻra shu toʻgʻri javobni mamnun qabul qiladi.

“Nega bolalar qiz va oʻgʻilga ajratilgan?”

Oʻzining oʻgʻil bola ekanini anglagan bolakay yonidagi bolalarga eʼtibor beradi. Ular orasida qizlar ham bor. Nega odamlar ikki xil: qizlar va oʻgʻil bolalar toifasiga ajratilgan? Bunday faylasufona savollar koʻproq besh yoshdan katta bolalarni qiziqtiradi. Oʻz tana aʼzolarini oʻrganayotgan bolakayda shunga oʻxshash koʻplab savollar paydo boʻladi. Ukachasini choʻmiltirayotgan qizcha onasidan nega ukasining tana aʼzolari oʻzinikidan farq qilishini soʻrash holatlari koʻp uchraydi. Bu savolga ona nima deb javob berishni ham bilmaydi…    

Toʻgʻri javob: Javob berishdan qochmang yoki gapni boshqa yoqqa burmang. Oʻgʻil bolalar katta boʻlsa erkakka, qizlar esa ayolga aylanishi, har bir oila yaralar ekan, u erkak va ayoldan iborat boʻlishini ayting.   Bunga oʻzingiz va dadasini misol qilib koʻrsating. Qizlar ulgʻayib ona, xola, amma, buvi boʻlishini, oʻgʻil bolalar esa ota, amaki, togʻa, bobo boʻlishini tushuntiring. “Axir buvingning yonida bobong, mening yonimda otang boʻlishini istaysan-ku, toʻgʻrimi?” deb soʻrang. Insonlarning juft boʻlib yashashi tabiat qonuni ekanini ayting. 

“Sevgi nima oʻzi?”

Koʻp narsaga aqli yetib qolgan bola kattalar turmush qurishi, keyin bolalari paydo boʻlishini bilib, koʻrib boradi. Barcha uylarda oilalar yashaydi. Xoʻsh, nega ular katta boʻlganda oila quradi? Sevgi nima oʻzi? Nima uchun ular bir-birini yaxshi koʻrib qoladi? Nega bolalarga bu mumkin emas?

Toʻgʻri javob: Hayot davom etishi uchun oilalar yaratilishini ayting. “Oʻgʻil bolalar yigit boʻlgach, bir qizni yoqtiradi. Ular birga yashashga ahd qilishadi. Sababi, ikkisi bir-biriga yordam beradi, bir-birini tushunadi, xafa qilishmaydi. Ikkalasi hayotlari qiziqarli boʻlishi uchun bolalari boʻlishini istaydi. Oila qurgandan soʻng ishlash va bolalarni oʻqitish kerak. Shuning uchun ham yosh bolalar oila qurmaydi. Chunki ular hali ishlay olishmaydi-da”.

“Meni koʻproq yaxshi koʻrasizlarmi yoki ukamnimi?”

Odatda, bu savol toʻngʻich farzandlar tomonidan beriladi. Oilada uka yoki singlisi paydo boʻlgach, bolada rashk, qizgʻonish hissi ham shakllanadi. U goʻdakka koʻproq eʼtibor qaratilayotgani, oʻzi esa chetga chiqib qolganini sezib shunday savollarni  beradi.

Toʻgʻri javob: unga ota-ona farzandlarini bir xilda yaxshi koʻrishini ayting. “Onangni ona boʻlgani uchun, seni oʻgʻlimliging, singlingni qizim boʻlgani uchun ham yaxshi koʻraman. Yaxshi koʻrishni cheklab yoki kamaytirib boʻlmaydi” deyishingiz uni oz boʻlsada tinchlantiradi. Buni amalda ham koʻrsatib, katta va kichik farzandlaringizga bab-baravar mehr bering.

“Nega dadam (oyim) bilan urishyapsizlar?”

Turmushda har xil vaziyatlar boʻladi. Baʼzan kattalar oʻrtasidagi bahs janjal bilan yakunlanishi ham mumkin. Bunga guvoh boʻlgan bolada esa noxush savollar tugʻiladi. Goʻyo ota-onasi uni deb urishayotgandek tuyuladi. Otasining jahli, onasining koʻz yoshi esa bola koʻnglida salbiy hissiyotlarni uygʻotadi. Bari tinchigach bola yuqoridagi savolini berishga jazm qiladi.

Toʻgʻri javob: oʻsha payt qanday holatda boʻlishingizdan qatʼiy nazar, bolangizga bosiqlik bilan javob bering. Kattalar garchi bir-birini yaxshi koʻrsa-da, baʼzida tortishib turishini, bu tezda oʻtib ketishini ayting. Unga ota (ona)sini aslo yomonlamang! Yaxshisi, umuman bolalarning yonida janjallashmaslikka odatlaning. Shunda ortiqcha savollar ham paydo boʻlmaydi.

Bolalarning savollariga javob berish chogʻida:

*bola oʻz savollari bilan aynan sizga murojaat qilayotganidan avvalo, mamnun boʻling. Chunki u sizga ishonayapti, siz u uchun bilagʻonsiz. 

*javob berish chogʻida bolaning yoshi, bilim doirasi, jinsini hisobga oling.

*bolakayni aldamang, oʻta umumiy javob ham bermang. Savol ketidan berilayotgan savollariga sabr bilan toʻgʻri javob bering.

*bolaning savollariga ertaknamo javoblar qaytarmang. Vaqt oʻtib u buning lof ekanini bilib oladi va sizga ishonmay qoʻyadi.

*savollarga “keyin javob beraman”, “hozir bandman”, “ota (ona)ngdan soʻra”, “bemaʼni gaplarni yigʻishtir” kabi jumlalar bilan javob qaytarmang.

*uning savollari ustidan kulmang.

*javoblaringiz bola bilim doirasining kengayishiga ham sabab boʻlsin.

*agar javoblaringizni bola tushunmasa “biroz katta boʻlsang yana tushuntirib beraman”, deb javob bering. Bu “baribir hech nimani tushunmaysan, dedim-ku!” degandan koʻra yaxshiroq.

Farzandlaringiz kamolotida shunday noqulay savollar ham muhim ahamiyatga ega. Ularga doimo qulay javob qaytaring. Har bir kuni turli savollarga toʻla bolakay oʻzicha olamni kashf etayapti. Bunda ota-ona sifatida faol ishtirok eting. 

Nodira IBROHIMOVA

Oyina.uz