Qosh qorayadi. Osmon chetida yulduz jilmayadi. Jazirama qaytib, salqin tushadi. Bolalar uylariga ketib, huvillagan maydonda faqat biz qolamiz: uch yoshga yetib-yetmagan Raʼno singlim nam-salqin tuproqqa choʻzilib uxlab qolgan. Mendan toʻrt yosh katta Tojiniso opam tepaga chiqib oʻtiribdi, daladan qishloqqa keladigan yoʻldan bir zum koʻz uzmaydi, onamni kutayapti. Men oʻrtada oʻtiraman. Rahmat ukam qoʻshni bolalarga qoʻshilib kimningdir uyiga kirgan... Hali uni izlab topish kerak... Bir kuni ukamni rosa qidirgandik. Qarindoshlar, qoʻni-qoʻshnilar oyoqqa qalqdi. Hech qayoqdan topilmadi. Ayniqsa, onam, opalarim izillab izladi. Yarim kechasi ogʻilga suyab qoʻyilgan eski eshik orqasidan oʻzi chiqib keldi. Oʻsha yoqqa berkinib, uxlab qolgan ekan. Tungi salqin kuchayganda sovuq oʻtib uygʻonibdi.

* * *

Sogʻinch nimaligini juda erta bildim. Besh-olti yoshlarda boʻlsam kerak, uyimizning yonida, yoʻl boʻyida ekskavator zovur qazir edi. Lekin hali zovurda suv yoʻq. Hamma yoqni nam tuproqning isi tutgan. Uning bir yonida tuproq uyuladi. Yaqin oradagi uylardan chiqqan tengqur bolalar ekskavator ortida goh zovurga sirgʻalib tushamiz, goh tuproqtepaga hansirab chiqamiz. Quvalash oʻynaymiz. Oʻynayotgan paytda men onamni sogʻinaman. Onam tezroq kelsa edi deyman. Chunki bu paytda kun botayotgan boʻladi. Ayrim bolalarning onalari uyda, qosh qoraygan sari oʻgʻil-qizlarini bir-bir chaqirib, hovliga olib kirib ketadi. Bahor xolaning sasiga mendan bir yosh ulug‘ Abdulla javob bermaydi: “Abdulla-yov, Abdulla...” Abdulla tepalik ortiga yotib berkinadi. Oʻziyam aft-angori, ozgʻin badani quyoshda shunchalik qorayganki, yerga yotsa tuproqqa qoʻshilib ketadi. Bahor xola tolxivichni oʻynatib, yalangoyoq keladi. Oʻn ikkitami, oʻn toʻrttami farzandlaridan biri Abdullani, Abdulladan kattasi-yu kichiklarini oldiga solib uyga quvadi. Kichiklari boshqa koʻchaga qochadi, uyga kirgisi kelmaydi-da... Endi Bahor xolaning jagʻi ochiladi: “Serob, ho Serob!.. He... senga ot qoʻyganni...” Bahor xola bolalarini oddiy urishmaydi, ismlarini qoʻshiqqa solib yaniydi: “Basharangga qara, it yalasa toʻyadi... Uyga kirib, zahri-margingga ovqatingni yemaysanmi?..” Onalar bolalarini qoʻshiq bilan urishadi. Har onaning bolalarini urishadigan oʻz qoʻshigʻi bor.

...Onam dalada ishlaydigan ayollar bilan birga ketgan tong mahali biz uyquda boʻlganmiz. Har kuni shu – ertalab onamni koʻrmaymiz. Biz – bolalar  yotgan supaga vayish orasidan quyosh nurlari tushadi, koʻzim qamashadi, yuzim qiziydi, boshimni koʻrpaga burkayman. Oxiri oftobdan berkingani joy topolmay, erinib uygʻonaman. Aʼzoyi badanimda bolalik charchogʻi tarqamagan. Supa oʻrtasida jigarrang, quroq dasturxon oʻrovli: unda onam tongda, balki tunda tandirdan uzgan nondan ikkita, oqqand, parvarda bor. Hovli chetida jildirab oqayotgan ariqchadan yuzimni yuvib kelaman. Tip-tiniq, muzdek suv endi meni uygʻotadi. Opam qozondan sut suzib keladi. Kosa yuzida qatlam-qatlam qaymoq koʻraman. Baʼzida onam dasturxonga bir kosa xom qaymoq yopib ketadi. Xom qaymoq... mazza-da... atrofda tovuqlar aylanib yuradi: qo-qo-qogʻgʻg‘...

Otam... Otam onamdan avval dalaga ketgan, mol-qoʻyni haydab. Ishchilar toʻplanib ish boshiga borguncha chorvani boqib toʻydiradi. Soʻng qoʻylarni muvaqqat qoʻraga qamaydi, sigirlarning qozigʻini ariq, zovur boʻyiga qoqadi. Biz – bolalar yoz boʻyi otamni uyda topmaymiz, qachon daladan keladi, qachon ketadi – koʻrmaymiz. Kelib-ketganini supada yoki deraza tokchasida unutib qoldirgan salmoqli qoʻlsoatidan bilaman. Soat qayishining bir bandida shisha ichida Yuriy Gagarinning surati, ikkinchi bandida koʻrsatkichi liqillab turadigan kompas bor. Qalpoq, koʻylagining rangi issiqda oʻngib ketgan, supada yonboshlab, ovqatini chala-chulpa yutib, oyogʻidagi latta etikni yechishga holi kelmasdan choʻzilib uxlab qolgan odamni koʻrganmisiz? Men koʻrganman. Ha, oʻsha odam mening otam.

Otam... toʻqqiz farzandning bor tashvishini yelkasida koʻtargan otam alohida kitob... Qachon oldidan chiqib qolsam, meni koʻtarib, bagʻriga bosadi. Ust-boshidan jazirama quyoshning hidi keladi, shunday paytlarda negadir koʻzimdan yosh sizadi, oʻzim sezmay qolaman. Otamni sogʻinaman. Bagʻrida turib sogʻinaman...

Otam kuchli, baquvvat, mard, qahri qattiq, mehri qaynoq... Urush koʻrgan odam. Chapayevcha moʻylov qoʻygan. Mabodo moʻylovini burab qoʻysa, tamom, hamma pildirpis...

Bahor. Gʻoʻza ikki quloq boʻlgan... Toʻrt-beshta qoʻyimizni haydab maktab stadioni atrofida boqaman. Maydonda oʻynayotgan bolalarga qoʻshilib yoki ularni kuzatib chalgʻiyman. Qoʻy qoʻyligiga boradi, chetdagi koʻm-koʻk, tizzaga uradigan oʻt qolib, aynan gʻoʻzaga tushadi. Hammaning koʻz oldida. Agronom-hosilot yoki brigadir koʻrib qolib, vovaylomga qaramasdan qoʻylarni haydab ketadi va idora qoshidagi chetanga qamaydi. Kimlarningdir molini, qoʻyini shu taxlit davlatga topshirvorgan. Men qoʻrqib ketaman. Xabar berish uchun uyga chopaman. Qani endi oyogʻim yerdan uzilsa... yoʻl unsa... Bu hol kunda-kunora takrorlanadi. Uyimizga roʻpara boʻlishim bilan qarshimda otam paydo boʻladi. Ustida uniqqan kulrang, yoʻl-yoʻl, rangi oʻchgan, dazmol koʻrmagan kastim-shimi, boshda qalpoq, oyoqda mallarang gʻijim latta etik. Meni koʻrib uyulgan qovogʻi battar uyiladi, qoʻli bilan “uyga boraver” deb ishora qiladi. Uyimiz tepasida qop-qora bulutlar... Koʻp oʻtmay otam mollarni oldiga solib haydab keladi, bitta ham kamaymagan. Uyimiz ustidagi bulutlar birdan tarqaydi. Men yuragimda oʻzgarish sezaman...

Keyinchalik onamdan eshitganman: otam qirq yoshida urushdan orttirgan oʻtkir odatlaridan mutlaqo voz kechib, birdan toʻliq namozga oʻtgan. Bu, demak, 1962-yilga toʻgʻri keladi.

...Hali maktabga chiqmaganman. Anorgul opam, ikki jiyanim, pochcham uylari bitguncha biznikida turishdi. Ularga juda oʻrganib qoldim. Bir kuni uyimiz yoniga kuzovi baland mashina kelib toʻxtadi. Unga opamlarning koʻch-koʻroni ortildi. Ular endi butunlay ketisharkan. Qoʻshni ayollar kelishdi. Mashina yonida toʻplanib, opam bilan bagʻirlashib, yigʻlashib uzoq xoʻshlashdilar. Opam peshonamdan oʻpganida men ham yigʻlavordim. Mashina yurib, koʻchadan chiqqanida bagʻrim oʻpirilib tushgandek boʻldi. Jiyanlarimgayam juda oʻrganib qolgan edim. Qayerga koʻchib ketishayapti deb soʻrasam, togʻdan nariga deyishdi. Keyin...

Keyin bir kun tongda qoʻy boqib turib oynaday tiniq ufqqa qaradim. U tomonda, qishloq chetida ferma – molxona bor. Undan nari paxtazor, undan nari dala, keyin toʻqay, soʻng daryo, undan narida esa tog‘. Men togʻdan narini, opamlarni koʻrmoqchi boʻldim. Birdan... Toʻsatdan... koʻrdim... Ana, ana, tog‘ bagʻrida oʻrmalab borayotgan gugurt qutidan ham kichik mashinani payqadim. Gugurt quti oqarib-yaltirab koʻringan tasmadekkina yoʻlga tillaqoʻngʻiz kabi yopishib harakatlanmoqda. Bu xuddi oʻsha... opamlarni olib ketgan mashina... shunday xayol qilaman. Pildirab borayapti... Koʻzimdan yosh chiqib ketdi, yosh emas, sogʻinch tizilladi. Beixtiyor:

Osmon tiniq koʻk shohi,

Oq bulut kezar gohi.

Gullarga koʻmiladi

Qantak oʻrikning shoxi...

...Raʼno chiqdi gulboqqa,

Ertalab gul uzmoqqa.

Vojatiy opasiga

Gulni hadya qilmoqqa... 

degan sheʼrlarni pichirladim, qandaydir oʻrtanib ketdim. Ular Tojiniso opam maktab kitobida oʻqiganida yodimda qolgan.

Maktabga chiqqandimmi-yoʻqmi, uyimiz toʻrida turgan televizordan “Hur qizlar” filmini koʻrsatishdi. U yillarda urush kinolari yotvolib koʻrilardi. Men – bola, mijja qoqmay koʻrdim. Besh gulday qiz kinoda emas, mening yuragimda nobud boʻldi... Oʻsha yerda boʻlib qolishni, besh qiz uchun boshqacha qasos olishni istardim. Stadionda yoki dala chetida qoʻy boqarkanman, kino voqealari esimga tushib, koʻzimdan yosh chiqib ketardi.

Keyinchalik “Soldat otasi” degan kinoni koʻrganimda shunday holatga tushdim... Hali hayotimda katta voqealar roʻy berishini, ularga hozirdan taraddud koʻrishim kerakligini his qildim.

Bundan oldin eski uyda yashagan paytimizni, qishlar, bahorlarni eslayman. U bir aytib ado qilib boʻlmas afsona edi. Tongda azon chaqirigʻidan uygʻonaman – xona chetida otam namoz oʻqiyapti. Tinglab, soʻzlarni ichimda takrorlab yotaman. Birozdan keyin sandiq-radioda lappak – plastinka aylanadi, qoʻshiq yangraydi: “Har yigitning aslin bilay desangiz... Birov bilan oshno boʻlay desangiz...”, “Taʼlim bergan ustozingdan ayrilma...”. Men otamdan “maʼrakada oʻtirib-turish” nima degani deb soʻraganimni eslayman. Otam qoʻshiq maʼnosini erinmasdan tushuntirib, menga doʻstlik xususida ilk saboq bergan edi. Endi qoʻshiqdan kelib chiqib, tengdosh doʻstlarimni taqqoslayman. Joʻralarimning eng sadoqatlilari men bilan toʻqayga boradiganlari boʻlsa kerak.

Darvoqe, toʻqay... 

Men Rahimboy akam bilan toʻqayga qoʻy boqib boraman. Kun boʻyi toʻqayda yuramiz. Nonni buloq suviga boʻktirib yeymiz. Qoʻziqorin izlaymiz. Tepaliklar yonboshida tuproq boʻrtib turadi. Qoʻlimizdagi yulgʻun novdasidan sindirib olingan choʻp bilan chetga suramiz, tagidan qoʻziqorinning oq qalpogʻi koʻrinadi. Boshimizdan qalpoqni olib, ichiga terilgan qoʻziqorinlarni solamiz. Toʻlib ketadi. Ayniqsa chaqmoq chaqib, momaqaldiroq gumburlab, yengil yomgʻir yogʻib oʻtgach, oʻngirlar, dalalar qoʻziqoringa toʻladi. Odamlar qoʻziqorin momaqaldiroq bilan birga koʻkdan tushadi deyishadi.

Toʻqayda oʻtin serob. Men oʻtin terib, yalang joyga toʻplayman. Oʻt yoqamiz. Gulxanning ikki chetida ikkita yassi tosh. Shu toshlar ustida oʻtiramiz. Tosh olov taftida yaxshigina qiziydi. Qoʻziqorinlarni choʻgʻda toblaymiz, baʼzan choʻqqa koʻmamiz. Eng osoni qoʻziqorinni tozalab, choʻqqa toʻnkarib qoʻyish. U bir zumda issiqda kuyadi va vishillab suvi chiqadi. Shunda gazit parchasiga oʻralgan tuzni qoʻziqoringa sepaman. Havoga qoʻziqorinning ishtahani qoʻzgʻatuvchi hidi yoyiladi. Eh, u qoʻziqorinlarning taʼmi hali-hali ogʻzimda...

Nega qoʻziqorin deyiladi, bilasizmi? Chunki qoʻziqorin chindan ham qoʻzining qorniga oʻxshaydi. Buni qoʻzi boqqan, soʻyilgan qoʻy qornini koʻrganlar yaxshi biladi.

Toʻqay adogʻidagi daryoga qarmoq tashlab baliq tutamiz. Miriqib choʻmilamiz. Tuproqqa agʻnab, qumga koʻmilamiz. Quyosh issigʻida tanib boʻlmas darajada qorayamiz. Badanlar misdek yaltiraydi. Keyin ilondek poʻst tashlaymiz. Jasur, baquvvat yigitlar – ularning orasida katta akam, amakimning oʻgʻillari ham bor – asov daryodan suzib oʻtishadi. Ularga havas qilaman.

Toʻqayda har xil jonivorlar boʻladi. Ancha keyin otamdan eshitgandim: otam oxirgi marta 1948-yili – oilamiz toʻngʻichi Shodigul opam tugʻilgan yili toʻqayda yoʻlbars bolasini koʻrgan ekan. Yoʻlbars 1950-yillarning oʻrtalarigacha, boʻri, shoqol, toʻngʻiz asrimiz boshigacha boʻlgan, quyon, oʻrdak, gʻoz, yumronqoziq, tipratikan, toshbaqa, tulki va burgut, kalxat kabi yirtqich qushlar hozir ham moʻl deyishadi.

Qorongʻida qoʻy haydab toʻqaydan qaytar ekanmiz, charchoqning zoʻridan ertaga albatta paxtaga boraman, dala yaqinroq derdim oʻzimga oʻzim. Lekin negadir tongda yana toʻqayga qoʻy haydayotgan akamga ergashardim...

1973-yilning yozi. Ikkinchi sinfga koʻchganman. Taʼtil endi boshlangan. Iyun oyining boshlari. Tengdosh boʻlalarim Rasul, Bahrom bilan qoʻy boqib yurib, qishloq pastidagi katta zovurda choʻmilamiz. Yer keng, jonivorlar oʻz erkida yuradi. Uydan uzoqligi uchun bizni hech kim nazorat qilmaydi. Qoʻy-mollarni “navbat-navbat qaytarish” deb eʼlon qilamiz-da, kun boʻyi suvdan chiqmaymiz. Shunda men mazam qochib, kasal boʻlib qoldim. Isitma qilib alahlayman. Onam duxtirga olib bordi. Yigirma kun oʻsha kasalxonada boʻldim. Bitta palataga bir oʻzimni yotqizishgan. Bir haftadan koʻproq otam yonimda boʻldi. Menga  oʻrnimdan turishni, yurishni taqiqlashdi. Otam tepamda, qoʻlida roʻmol, meni tinimsiz yelpiydi, dam-badam dokani hoʻllab, peshonamga bosadi. Issigʻim tushmaydi. Kiyimlarimni yechib otaman. Otam u yoq-bu yoqqa chiqqanda karovatning tagiga tushib yotib olaman. Taqir pol salqinroq tuyuladi. Oʻshanda otam yelhaydar – ventilyator toptirib keldi. Oʻsha paytdagi eng zamonaviysi. Kulrang temirdan, parraklari jigarrang qalin rezin. Otam dalaga, paxtaga chiqishi kerak ekan – ketdi. Endi onam menga qaramoqda. Oʻn besh kunlarda kasalim nima ekani maʼlum boʻldi: xavfli! “Tezyordam” mashinasi meni katta shahardagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borayotir. Ota-onam yonimda, oʻrtada choʻzilib yotibman. Koʻnglim ayniydi. Alahlayman. Gʻoʻldiraganimni keyin sezaman. Tepamdagi oq xalat boshimga engashib, nimalardir deydi. Onam menga katta oq olma tutadi. Tishlab uza olmayman, uzsam chaynayolmayman. Majburlashadi, ammo faqat suvini shimiyman.

Tog‘ yoʻlidan borayapmiz. Ikki tarafni archa qoplagan. Osmonda burgut aylanayotganini oynadan koʻraman. Katta shaharda kasalxonada salkam ikki oy yotaman. Kunora navbat-navbat onam, otam, akam kelib xabar oladi. Bozor noni – nonvoy non taʼmini oʻshanda sezganman. Onam-otamni, uyni juda sogʻinaman. Mening shu yozim kasalxonada oʻtdi. Oʻsha kezlarda onamni, ayniqsa otamni oʻylasam, koʻzimga yosh keladi, ichim achiydi.

Oʻzi bolalikdan dardga oson chalinadigan edim. Shuning uchun boʻlsa kerak, onam bilan otam meni boshqacha yaxshi koʻrishardi. Yana bir jihat borki, dardmandroq boʻlgan odam oʻz-oʻzidan biroz erkaroq, xayolkashroq ham boʻladi. shoirlikka ochilgan yoʻlda oʻsha goh quvonchli, goh iztirobli xayollarning ham oʻrni bor...

* * *

1974-yil aprelda bagʻri qaynoq Qiziriqqa koʻchib keldik. Katta opam – Shodigul opam bilan ikkinchi sinf oʻquvchisi men xat yozishamiz. “Ushbu yozayotgan xatim tez kunlar ichida yetib borib maʼlum boʻlsinki...” deb boshlayman xatlarimni. Bu iborani opamdan oʻrganganman. Opam – oʻrta maktabning oliy maʼlumotli tarix oʻqituvchisi, uch bolaning onasi – erinmasdan mening ezma xatlarimga javob yozadi. Xatda jiyanlarimni nomma-nom soʻrayman, opam ham nomma-nom javob yozadi va biz tomonni sinchiklab soʻraydi. Muallim emasmi, qizil qalam bilan xatlarimdagi xatolarni tuzatib oʻzimga qaytarib yuborgan vaqtlari ham boʻlgan. Xat yozganimda, opamning xatlarini oʻqiyotganimda negadir koʻzimdan yosh sizadi. Shu xatlar tufayli oq qogʻozga yozishga qiziqdim. Shu xatlar menga xatosiz yozish kerakligini oʻrgatdi. Opamning xatlari ustoz boʻldi menga. Menga sogʻinchdan, oqibatdan, mehrdan dars berdi...

Yangi joyda uyimiz eng chetda edi, hali tok tortilmagan, chiroq yoʻq, besh-olti oymi, koʻproqmi, chiroqsiz yashadik. Lampa chiroq yoqardik. Chiroq yorugʻida dars qilardik, kitob oʻqirdik. Suvni maktab yonidagi krandan kattaroqlarimiz chelakda, bizga oʻxshagan bolalar katta temir choygumlarda tashirdik.

“Igna toʻn tikadi, lekin oʻzi yalongʻoch qoladi” deyilganidek, bu yerda ham turmush oson kechmadi. Bu yerda ham ota-onamning umri dalada, paxtazorda oʻtdi. Oilamiz erta bahorda dala boshiga, poliz tepasiga koʻchib chiqib, qamishdan chayla yoki shax-shabbadan kapa tiklar, kech kuzgacha oʻsha yerda yashardik. Yozning issigʻi ekin-tikin tugul odamniyam erta pishiradi... U issiqlarda odam tugul tosh ham pishardi. Qiziriqmisan – qiziriq!

Biz bolalar nima qilib boʻlsa ham roʻzgʻorga yordamimiz tegsin deb kattalarning atrofida erta-kech kuymalanamiz. Katta maydonlarda moshni oʻtoq qilardik, polizda, paxtazorda ketmon chopardik, oʻrilgan oʻtni bogʻlardik. Zim-ziyo tunlarda otam, akam, opam bilan yonma-yon turib oʻt, makkajoʻxori oʻrardik, oy yorugʻida joʻxori sitardik, poda oʻtgan paykallardan tezak terardik. Xalta toʻla boʻlsa, koʻtarolmasdik, shuning uchun boʻlalarim Sohibnazar, Olim, ukam Rahmat, men yarim xalta-yarim xalta qilib tezak tashirkanmiz, roʻzgʻorga nafimiz tekkanidan xursand edik. Otam – tinib-tinchimaydigan odam, tush paytlaridayam bizni tindirmasdi: yantoq chopardik, qurigan oʻtlarni bogʻlardik, qoʻylarning junini olardik, yagana, chekanka, paxta terimi... hammasida hozir-u nozir edik. Otam noʻxta, murvat, qoziqqa oʻxshash ashqol-dashqollarni oʻzi yasar, hammamizning oyoqkiyimlarimizni oʻzi taʼmirlardi. Buning uchun kerak boʻladigan uchi qayrilgan maxsus uskuna, qisqich, iskana, bigiz, har xil mix, ipak ip alohida temir qutida turardi. Teshilgan kirza etikning qoʻnjini kesib, tagini kovush qilib berardi. Mol bogʻlanadigan kanop ipni oʻzi eshardi. U kishi yerda oʻtirib, bilagidan kanopni oʻtkazar, rosa tob berib, uchini menga tutqazardi. Men arqonning uzunligi qancha boʻlishi kerak boʻlsa, shuncha masofaga borib kelaverardim. Arqon eshish biz – bolalar uchun bayram edi, chunki bu yumush jarayonida chayla soyasida tursa boʻlardi. Shu oʻrinda otamning bir-ikki gapini eslagim keldi: “Molga qarasang semiradi, bolaga qarasang odam boʻladi”, “Yomon odam dinga kirsa ham oʻzgarmaydi, yomonligicha qoladi”.

1974-yilning yozi. Kattalar tongdan dalaga ishga ketadi. Uyda bola-baqra qolamiz. Eng kattamiz – opam. Ayni tush payti, nafas qaytadigan issiqda qishloqdan sentr (sovxoz markazi)ga – uch-toʻrt chaqirim yoʻlga boʻlalarimiz bilan birga piyoda boramiz. U yerda kitob doʻkoni bor. Doʻkondan toʻplagan tanga-chaqalarimizni qoʻshib, kitoblar – asosan rangli, rasmli, ertak kitoblar sotib olamiz. Soʻng uyga kelib, yotvolib oʻqiymiz. Nazarimda, shu kitoblar birinchi ustozlarim boʻldi. Nazarimda, shu kitoblardan ilk saboqlarni oldim.

Qizgʻin yoz. Tezroq kech tushishini kutaman. Negaki, kechki ovqatdan keyin u-bu yumushlar bajariladi-da, oʻrinlarga yotiladi. Kunduz issiq boʻlsa-da, tunlar salqin, choʻl tunining yoqimli shabadasi esadi. Osmon toʻla yulduz, bir-biridan katta, bir-biridan yorqin, qoʻl choʻzsa yetkudek... Borliq jahonni yoritib toʻlin oy toʻlgʻonadi. Negadir uni onamga mengzayman. Chigirtka-yu chirillovuqlarning chirillashi ham tinib bormoqda.

Taxta soʻrining oʻrtasida opam oʻtiribdi, bir yonida Raʼno singlim, boshqa yonida Zulayho, Saida boʻlalarim, atrofda biz kabi dalaga koʻchib chiqqan qoʻshnilarimizning qizlari, bolalar... Opam ertak aytadi. Bir pasdan keyin hamma ertakka koʻchib oʻtadi. Hech kim qimir etmaydi, ovoz chiqarmaydi. Opamning ertaklari ayniqsa meni butkul sehrlaydi. Tosh yorilib, orasiga berkingan qizga, dev jangda oyoqlarini uzib tashlagan, kunduzlari toshlar orasiga berkinib, tunda boshqalarning poliziga tushib, odamligini bilmasliklari uchun qovun-tarvuzni jayraga oʻxshab yegan yigitga, podshoning qiziga aldangan Bunyodga rahmim keladi. Malikani qimmatbaho taqinchoqlari bilan yutib yuborgan nahangni, tikanzorga doʻngan taroqni, dengizga aylangan oynani koʻz oldimga keltirib hayratlanaman. Qorabotirlarni yomon koʻraman, Tohir-Zuhralarga mehrim tovlanadi. Opam har gal yangi ertak aytadi, soʻrasakkina takrorlaydi.

Opamning ertak dengizi bormidi, tugamasdi.

Bu ertaklar mening koʻnglimni tarbiyalagan, qalbimga mehrdan saboq bergan.

Oʻn bir yoshimdan boshlab har kuni tong qorongʻisida turardim, kunchiqar oqarmagan, koʻkda yulduzlar jimirlaydi. Boshqalarni bezovta qilmaslik uchun loysupaning chetida yotaman. Onam men yotgan tomondan kelib, pashshaxonani koʻtarib, “Bolam, jon bolam, turaqol, qoʻylaringni yoyib kel...” deydi, kechagi bolacharchoq toʻrida erinchoq kerishsam, otam bir ogʻiz “Tur!..” deydi. Shu zahoti otilib turaman. Koʻpincha bu chogʻda otam allaqachon katta ketmonini koʻtarib, egatlarga suv taragani ketgan boʻladi. Mabodo hali ketmagan boʻlsa, “Tur!..” degan turtkini albatta eshitardim. Zingʻillab borib qoʻra erganagini ochaman. Qoʻylar ham oʻrgangan: shu pallada baravariga maʼrayveradi.

Qoʻy bir qorinlab toʻyib, oʻtlamay, bir-birining soyasiga kallasini tiqqan choshgoh mahal yana uyga qaytaman. Biroz dam olib, nonushta qilib, oʻrogʻimni olib gʻoʻza ichidan oʻt oʻrishga joʻnayman. Toʻrxaltaga kichikroq qovun yoki tarvuz... Oʻroqning tigʻini oʻt bilan tozalab artib, qovunni soʻyib yeyman. Ham chanqoqni bosadi, ham qorin toʻyadi. Baland gʻoʻza dim qaytarib, nafas olish qiyinlashadi.

Tushda chaylada soyalab oʻtirganimizda otam daladan keladi. Ikki qoʻlida qovun-tarvuz. Tushlikdan soʻng... Kun qiyomda... Endi hammamizni polizga olib chiqadi. Kechki palakning pushtasini yumshatib, boʻgʻziga tuproq tortib chiqish kerak. Onam choy damlab, palakning orasiga quyosh tushmaydigan qilib qoʻygan. Choy, shabada esayotgani uchunmi, muzdek boʻladi. Agar choynakda suv boʻlsa, choydek sovumaydi, aksincha, soyada ham ilib qoladi. Chaylaning tagida qalin qamish-qiyoq soyasidagi suvli chuqurga sopol koʻza tashlab qoʻyilgan, u Sherobod koʻzasi, uni otam atayin Sherobodga borib olib kelgan. Koʻza suvga toʻla. Ogʻziga latta tiqilgan. Namli koʻzada suv salqin turadi.

Sizga hikoya qilayotgan bu kechmishlarim faqat oʻzimniki emas, balki men qatori unib-oʻsgan minglab bolalarning – butun bir avlodning kechmishlaridir.

Shunday tushlik tanaffuslarida “Sharq yulduzi”, “Guliston”, “Mushtum”, “Fan va turmush” jurnallarini, “Oʻzbekiston madaniyati” va boshqa gazetalarni oʻqiyman. Ularni kattalardan kimdir ish bilan qishloqqa tushganda, xatlar bilan birga pochtadan olib kelgan. Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar”, “Sinchalak”, Lev Tolstoyning “Bolalik. Oʻsmirlik. Yoshlik”, Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi”, Oʻlmas Umarbekovning “Sevgim-sevgilim...”, Mirzakalon Ismoiliyning “Odamiylik qissasi”, Odil Yoqubovning “Er boshiga ish tushsa...” kitoblarini, Hamid Olimjon, Mirtemir, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon, Pushkin, Lermontovning sheʼriy toʻplamlarini va yana bir qancha kerak-nokerak kitoblarni oʻqiganman oʻshanda. Oʻsha paykallar ham savodxon edi juda. Kitobga onam qiziqadi. Shu qiziqish menga ham oʻtgan. Onamga sheʼrlarni, “Odamiylik qissasi”ni bir necha kun davomida toʻliq oʻqib berganman. Lekin kitoblarni yoshimga qarab oʻqimayman, qoʻlimga tushganini oʻqiyveraman.

Shu paytgacha oʻqiganlarimni jamlab, bugungi sheʼriyatning yetakchi tendensiyalarini kuzatib, aytishim mumkinki, poeziya hech qachon xonakilashtirilmasligi, ekinlashtirilmasligi, rayonlashtirilmasligi kerak. Shundagina poeziyada stixiya – oʻz erki, oʻz-oʻzicha roʻy beradigan harakat boʻladi.

Sheʼriyatda doim stixiya boʻlishi kerak.

U paytda... Kitob, ayniqsa sheʼr oʻqisam, oʻzimning ham nimalardir yozgim keladi. Bir fursat avval – yanvar, fevral oylarida, quyoshli qish kunlarida hovli chetidagi gʻoʻzapoya gʻarami ustida oftobda toblanib kitob oʻqib oʻtirganimda ham shunday holatga tushganman. Qoplon itimiz gʻaram ustiga, yonimga sakrab chiqib, dam-badam qoʻlimdagi kitobni hidlaydi, menga suykaladi. Kitobni oʻqiyotib, toʻxtab qolaman. Voqealarni kitobdagidek emas, xayolimda oʻzimga yoqqandek davom ettiraman. Men boʻlganimda mana bunday  yozardim deb oʻylayman. Chiroyli muqovali kitoblarni koʻrib, oʻzimning ham shunday kitoblarim boʻlishini xohlayman.

Yozgi taʼtilda edik. Uyda daftarlarga (keyinchalik oʻsha birinchi daftarlar yoʻqolib ketdi) yozib yurgan mashqlarimni oq qogʻozga koʻchirib chiqdim. Opam meni tuman gazetasi tahririyatiga olib boradigan, yozganlarimni tahririyatdagilarga koʻrsatadigan boʻldi. Ertalab uydan chiqib, avtobus bekati sari borarkanmiz, men boshqalarning hovlisida oʻsgan gullarni qoʻlim bilan koʻrsatardim: “Qarang, qandaylar chiroyli... Qarang, uyimizdagi guldan ekan...”. Opam birovning uyi, hovlisidagi narsalarni barmogʻing bilan koʻrsatma dedi. Soʻng jim ketaman...

Sakkizinchi sinfda bir oqkoʻngil, aʼlochi, orzulari moʻl sinfdoshim bilan kitob almashib oʻqiydigan boʻldik. U badiiy kitoblar oʻqishga qiziqar, men ham kitob oʻqishni yaxshi koʻrardim. Kitoblarning orasida xatlar boʻlardi. Xatda bir-birimizga oʻqigan kitoblarimiz, yangi adabiy qahramonlar toʻgʻrisida gapirardik, bahslashardik. Doim toza-ozoda, yoqasi oppoq kiyimlar kiyar, engil-boshini oʻzi dazmollab, oʻziga qarab, sochlarini tarab yurardi. Adabiyotdan olimpiadada qatnashganim va yana qatnashmoqchi ekanimni bilib, menga “Adabiyot nazariyasi” degan muqovasi koʻk, yap-yangi kitobni esdalikka berdi. Men unga Oybekning “Ulug‘ yoʻl” romanini sovgʻa qildim. Oʻshanda undan ortda qolmaslik uchun koʻp kitob oʻqiydigan, erinmasdan qogʻoz qoralaydigan boʻldim.

* * *

– Ana, ana, onam kelayapti! – deb baqiradi opam quvonch bilan. Salqin tuproqda uxlab yotgan singlim uygʻonib ketadi. Qorongʻida besh-olti ayolning sharpasi koʻrinadi. Ularning qoʻllarida taxlangan kichik tugun-dasturxon, boshlarida bir-bir fartuk oʻt. Onalar gʻoʻza chopigʻida egatlardan chiqqan oʻtni toʻplab boshlarida koʻtarib kelishmoqda. Onamga qarab chopamiz. Mushtiparim engashib qiz-oʻgʻillarini bagʻriga bosadi. “Ona...” desak, ismimizni aytmaydi, “jon...” deydi. Onam bizni uyga kirmaganimiz, hanuz och-nahor oʻtirganimiz, ustiboshimiz bir ahvoldaligi uchun urishsa edi deyman. Yoʻq, onam urishmaydi.

Onam bilan kelayotgan ayollarning qadamlari tezlashadi, uzoqlashib uylariga ketishadi. Endi onam ustidagi chang-gʻuborni qoqqach, roʻzgʻorga qaraydi: qozon, kapkir tiqirlaydi, oʻchoq, tandirda oʻt yonadi. Sigir sogʻiladi. Orada katta qozonda suv isitilib, kulda kir yuviladi. Tongda bir tandir non uziladi.

Uygʻonib, shoshib oʻringa qarayman: men bilan ukamnikidan boshqa barcha joylar – koʻrpa-toʻshaklar yigʻishtirilgan. Demak, ota-onam dalaga ketib boʻlishgan...

Shunda onam bilan otamni sogʻinganimdan yigʻlab yuboraman...

* * *

Agar men... Mabodo men... shoir boʻlolgan boʻlsam, meni kitoblar emas, ota-onamning taqdiri, ular chekkan zahmat-u mehnat, bu katta dunyodagi kichik oilamizning qismati shoir qilgan boʻlsa kerak deb oʻylayman. Mening eng birinchi muallimlarim, ustozlarim, ustozdan ham ziyodlarim ota-onam boʻlgan. Ular oʻqish-yozishda judayam savodli emas edi. Lekin meni mehnatga, halollikka, toʻgʻrilikka oʻrgatdilar. Ular hali hayotda yovuzlik, shafqatsizlik, xiyonat, iymonsizlik, adolatsizlik, tengsizlik  qirilib bitmaganini soʻzsiz, taʼkidsiz uqtirdilar.

Ularning hayoti men uchun dars boʻldi. Men oʻsha bolaligim oʻtgan joylardan juda olisda yashayman. U taraflarga yoʻlim tushib qolsa ham qishlogʻimga borishga yuragim dov bermaydi. Oʻsha meni ulgʻaytgan dalalar, daryo-yu toʻqayzorlar va odamlar endi yoʻqligini his qilaman. Men oʻshalarni behuda izlashimni sezib u tomonlarga borishdan qoʻrqaman. Bu qoʻrquv Rahmat ukam yoʻqolib qolgan oqshomdagidan koʻra kattaroq, maʼnosi teranroq...

U joylarda ham yangi zamon sarvati qad kergan albatta. Men oʻsha aziz damlarim, qutlug‘ manzillarimni buzilmagan, oʻzgarmagan holida qalbimda olib yurgim keladi.

Ha, men hayotim davomida oʻsha voqealardan chiqib ketmadim... ketolmadim... Ha, men bir umr et-u suyagimgacha, ruh-u yuragimgacha qishloq odami boʻlib qoldim. Oʻsha hayotni vatan deb tanidim. Oʻsha odamlarni xalqim deb bildim...

Salim ASHUR

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 3-son.