Boshqa millatlarga qaralsa koʻrilurki, muntazam maktablari bor va avval maktabda diniy ilm ustida dunyoviy ilm va fanlar ham oʻqilur. Chunki dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol boʻlur.
50 sana muqaddamgi zamonda, biz turkistonlilar yakka va tanho yashab, boshqalar ila muomala va munosabatimiz yoʻq edi. Endi zamon oʻzgarib, boshqa millatlar ila maxlut boʻlduk, shariʼat va oʻz urfimiz ustiga qonun va Ovrupo odatiga itoat qilmoqqa majburmiz.
Ammo qonun va Ovrupo odatlarini bilmaganimiz uchun boyimiz boʻlsun, qozi va milliy hukamomiz va aholimiz boʻlsun koʻb tashvish va zarar koʻrar. Zamoni sobiqda faqat shariʼat bilmoq kifoya etardi. Endi qonun va zakunni bilmoq ham lozimdur. Shariʼat ilmi madrasalarga, qonun ilmi Rusiya dorilfununlariga oʻqilur. Dorilfununga kirmoq uchun, avvalo, oʻn sana gimnaziyaga oʻqumoq kerak. Soʻngra toʻrt sana dorilfunun oʻqub andan huquqshunos, yurist, taʼbir joiz boʻlsa, zamona faqihi boʻlib chiqar. Sud mahkamalarinda, davlat doiralarinda, kirib, har huquqshunos oʻz muvakkili va oʻz millati va oʻz toyifasi va oʻz Vatani va oʻz davlatining nafʼiga soʻylashur, mudofaa qilur.
Masalan, davlat dumasinda biz Turkiston musulmonlaridan shunday huquqshunos vakil boʻlsa, bizni din va millatimiz nafʼiga harakat qilur. Ammo shunday odam bizda yoʻq.
Davlat dumasi nari tursin, sudga va rasmiy mahkamalarga kirib, bizni mudofaa qiladurgon kishimiz yoʻq. Boshimiz ogʻrisa doʻqturga boramiz, ammo dardimizni aytmoqga til yoʻq. Oʻzimizdan doʻqtur yoʻq.
Ikkimiz bir-birimiz ila nizo qilamiz. Ketamiz zakunchiga, soʻylamoqgʻa til yoʻq. Oradagi odamlar yana bizgʻa firib berar, pul berarmiz, yugurarmiz, yana ishlar barbod, oxiri yoʻq.
Imorat qilmoqchi boʻlsak, plon-loyihasi lozimki, injinerga muhtoj boʻlarmiz. Ammo biz hanuz «muhandis» ismini bilmaymiz.
Kontur va rasmiy daftar tutib, kassa qurib tijorat etmoq lozim. Ilm tijorat bila turgan buxgalterik hisobi yuritadurgon boylarimizga kerak, ul ham oʻzimizdan bir nafar topilmaydur.
Hammollikdan bu ishlar yaxshi boʻlsa kerak. Bir necha boyvachchani bilarmanki, eng qattiq xizmatlarga giriftor. Sababi nadur — ilmsizlik. Holbuki alarni «toʻyi»ga atosi 5 ming soʻm sarf etib edi.
Turkiston mevasi, donasi, toshi, tufrogʻi, eski nimarsalari Ovrupo bozoriga ketar. Muni Ovrupo dallollari kelib oz bahoga olib ketar, mehnatni biz qilurmiz, foydani ular koʻrar. Oʻz nimarsamizni Ovrupo bozoriga eltib, yaxshi bahoga sotaturgon bizda bir odam yoʻq. Azbaski, Ovrupo ila savdo qilaturgon kishini (oʻzi) avval oʻn sana zamona ilmi oʻqumogʻi lozim.
Bizda shohi, adras, beqasam, alocha... bofliklar bor. Agarda bir nafar texnik va muhandisimiz boʻlsa bu dastgohlarni isloh etar, aholi obod boʻlur. Valloh, yaqin vaqtda "doka" bofillarimizdek zoe’ boʻlib ketar. Chunki Ovrupo yangi asbob ila mundin yaxshi qilib chiqorur.
30 sana muqaddam Samarqandni Yomini mahaldasinda 300 alochabof ishchi bor edi. Al-on 30 nafar yoʻq. 10 sana soʻngra tamoman mahv boʻlur.
Xulosa, maktabimiz, doʻkonimiz, korxonamiz, madrasamiz va har nimarsamizni zamoncha islohi lozimdur. Valloh, har nimarsa qoʻldan ketar, bizda muzdurlikdan boshqa hech ish qolmas. Bir uskuna, doʻkon va saroyni ishlatmoqga ham ilmi zamoniy va zamona shumligini bilmoq lozim. Valloh, bizdan dunyo ilmini yaxshi bilaturgonlarga mulk va asbobimiz oʻtar va oʻtub turubdur.
Qisqa qilaylik, boshqa millatlarni boylari faqir va yetimlar uchun maktab va dorilfununlar soladurlar, faqir va yetimlarni oʻqumogʻi uchun vaqf "istipendiya"lar taʼyin qilur. Boshqa millat milioʻnerlari maktabi ila istipendiyasi-la, idora qilaturgon gazet va majallasi-la, bino qilgan dorulojizin (ayollar universiteti — N. O.), barpo qilgan jamiyati xayriyasi-la faxr qiladur.
Biznikilar juft oti-la, arobasi-la, toʻyi ila va... la faxr etar. Hatto, oʻz oʻgʻillarini oʻqutmaydurgon boylar bordur.
Bu ketishni oxiri yamondur, oʻqumoq, oʻqutmoq kerakdur. Bolalarga otalardan ilm diniy va ilmi zamoniy meros qolsun.
Butun Turkistondan oʻn boy yilinda ming soʻmdan bersa, 25 bola uchun Toshkanda "diniy va zamoniy" bir "pansiun" layli va nahori 5 mukammal maktab bino boʻlub, har yil hukumat maktabinda 50 bola tayyorlaydur.
Oʻn yilda bulardin... 200 muhandis, duqtur, huquqshunos, muallim, texnik, zamona tojiri, valloh... chiqar va bizni zamon odamlari qatorida qoʻyarlar va davlat ishiga kirarlar. Ruslar ila bizni hasan imtizojlarimizga xizmat qiladurlar.
Al-on millatimiz boylardan shuni koʻz tutar, xaloyiqni barbod etaturgon toʻylarni emas. Oh, bu soʻzlarni tushunaturgon boylar bizda yetushganmi?
"Samarqand" gazetasi, 1913-yil, 12-iyul.