Bundan koʻp yillar burun, 1-sinf oʻquvchisidan tortib maktab direktorigacha paxta dalasida javlon urib yurgan paytlari Erkin Vohidov bilan Doʻrmonda gurung qilganimizda, u kishi aytgan bir gap hech esimdan chiqmaydi: “Doʻppini boshdan olib oʻylab qarasak, dunyo allaqachon ikkiga boʻlingan. Dunyoning qayeridadir osmonoʻpar binoning 60-qavatida kostyum-shim va galstukdagi odamlar kresloda yastanib, jahondagi jarayonlarni boshqarib oʻtirgan boʻlsa, yana qayeridadir odamlar changalzorlarda uyat joyini xas-xashak bilan bekitib, tayoq-nayza koʻtarib yugurib yurishibdi. Kiygan kostyum-shimimiz va taqqan galstugimizga qarasa, oʻsha 60-qavatda dunyo taqdiriga taʼsir koʻrsatayotgan odamlarga oʻxshaymiz. Tafakkurimizga qarasa, changlazorlarda uyat joyini xas-xashak bilan yopib, yugurib yurgan odamlarga oʻxshaymiz”. Erkin akaning bu gaplaridan qattiq taʼsirlangan edim.
Keyingi paytlarda meni bir narsa qattiq tashvishga solmoqda. Bizning yaqin tariximizda millatning millat boʻlishi uchun kurashgan, kecha-yu kunduz ter toʻkib mehnat qilgan, milliy xazinalarimizni mustabid davr suronlaridan omon saqlab qolish uchun mashaqqat chekkan shunday moʻtabar olimlarimiz borki, hech birini tanimaymiz. Men hozir uch olimning ism-sharifini keltiraman: Porsoxon Shamsiyev, Solih Mutallibov, Qayum Karimov (shukrki, bunday olimlarimiz koʻp). Ayting-chi, ularni xalqimizning necha foizi taniydi? Oʻn foizi desam, oshirib yuborgan boʻlaman, shekilli. Balki besh foizi bilar... Bunga ham shubham bor. Endi eng alam qiladiganini aytay. Ijtimoiy tarmoqlarda bemaʼni gaplari, tuturuqsiz qoʻshiqlari, bachkana qiliqlari bilan ot chiqarayotgan yoki ogʻziga kelganini vaysab, jilpanglab yurgan baʼzi estrada xonandalarini aholimizning necha foizi taniydi? Olmish-yetmish foizi desam, kamaytmagan boʻlarman. Bu oʻrinda yaxshi qoʻshiqlari bilan el eʼtiboriga tushgan isteʼdodli sanʼatkorlarni nazarda tutayotganim yoʻq, aynan bachkanalik va bemaʼnilikni targʻib qilayotgan saviyasiz otarchilar haqida gapiryapman.
Endi bir oʻylab koʻring. Vatan va millatga bularning qay biridan foyda? Elning xalq boʻlishi uchun kurashgan oʻsha olimlardanmi yo elning olomon boʻlishi uchun xizmat qilayotganlardanmi? Avlodlarga maʼrifat va ilm ulashganlar qayda-yu, yoshlarni bachkanalik va bemaʼnilik botqogʻiga sudrayotganlar qayda? Suv keltirgan azizmi yo koʻza sindirgan? Bugun 16–25 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlardan Porsoxon Shamsiyevni bilasizmi, deb soʻrovnoma oʻtkazib koʻring-chi? Keyin esa eng saviyasiz estrada xonandasining nomini aytib soʻrov uyushtiring. Javoblarda sharmandali holga duch kelishingiz ikki karra ikkiday aniq. Bu holni siz qanday baholaysiz, aziz zamondosh? Nega shundaymiz? Oʻzbekcha qilib aytganda, “Qachon odam boʻlamiz?!” Elga nimadan foyda-yu, nimadan zararligini, millat faxri kimlar-u, millat qurti kimlarligini qachon ajratamiz?
Alisher Navoiyning 1958-yili nashr etilgan “Xamsa”sini tez-tez varaqlab turaman. Och mallarang muqovali kichik bir jomadonday keladigan (30 sm x 22 sm), 88,9 bosma toboq, jami 853 (!) sahifadan iborat kitob. Bu kitobni bugun mamlakatda barmoq bilan sanarli odam biladigan Porsoxon Shamsiyev tayyorlagan.
“Xamsa”ning ayni shu mukammal nusxasi navoiyshunoslikning barq urib rivojlanishiga xizmat qildi. Mumtoz asarning ilmiy-tanqidiy matnini yaratish nima ekanini, har qalay, tasavvurimga sigʻdira olaman. Bu togʻni teshib suv yoʻlini ochish bilan barobar. Pista chaqish emas. Homidxon Islomiy domla birgina “Nasoyim ul-muhabbat”ning tanqidiy matni ustida 25 yil ishlagani bu yumush qanchalar mashaqqatli ekanini dalillaydi.
“Xamsa”ning ilmiy-tanqidiy matni shu darajada katta ish ediki, uncha-muncha havoyi daʼvogarlarning belini sindirib yuborardi. Shuning uchun ham manaman degan davr mahmadonalari bu ishni zimmasiga ololmagan, yaqiniga ham yoʻlay olmagan. Porsoxon Shamsiyev esa 52 000 misralik, 853 sahifalik “Xamsa”ni tanqidiy matnlari, tarixiy nusxalari asosida mukammal nashrga tayyorlagan. Buning qanday mehnat ekanini dap etsa, daʼvo qiladigan, quruq iddaodan nariga oʻtolmaydigan chalamullalar tasavvuriga sigʻdira olmaydi. Baʼzi adabiyot olimiman va shoirman deganlar 853 sahifadan 100 betini oʻqishga ham oʻzida kuch topolmaydi. Holbuki, Porsoxon domla bu kitobning har soʻziga koʻz nurini, qalb qoʻrini toʻkkan.
Domlaning bundan tashqari qancha xizmatlari va ishlari bor. Quyidagi faktlarga shunchaki oʻtkinchi nazar bilan emas, vijdon bilan bir diqqat qiling: Porsoxon Shamsiyev Alisher Navoiyning 15 tomligi uchun “Muhokamat ul-lugʻatayn”, “Mahbub ul-qulub”, “Munshaot”, “Vaqfiya”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Nazm ul-javohir”, “Arbain” kabi asarlari va yuqorida taʼkidlab oʻtganimiz – “Xamsa”ning hamma dostonlarini nashrga tayyorlab bergan edi. Shuningdek, Qozon davlat universiteti qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan 1568-yili Hirotda Mahmud kotib tomonidan koʻchirilgan “Ilk devon”ni ham aniqlagan va ilmiy tavsifini bergan. 1487–1988-yillari Hirotda Abduljamil tomonidan tuzilgan “Navodir un-nihoya”ning qadimgi nusxasini topgan va Sulton Ali Mashhadiy koʻchirgan varianti bilan qiyoslab, asosiy tafovutlarni qayd qilib chiqqan.
Hayratlanarli ishlar, hayratlanarli mehnat, muhimi, hayratlanarli natija! Lekin biz hayratlanmaymiz. Ha, boʻlsa boʻlgandir-da, ishi boʻlgandan keyin qiladi-da, deb qoʻyamiz-u, yana allaqanday mayda-chuydalar izidan chopishda davom etamiz.
Keyingi yillarda men deyarli har kuni, hech boʻlmaganda, ikki kunning birida Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk” kitobini varaqlayman. 1960–1963-yillari nashr etilgan bu kitob yoʻldoshimga, suhbatdoshimga aylangan. Men eng yaqin doʻstimdan koʻra ham shu kitob bilan koʻproq gurunglashaman. “Devonu lugʻotit-turk” uch jildlik, indeksi bilan qoʻshib hisoblaganda toʻrt jildlik kitob. Birinchi jildning oʻzi 499 bet. Har jild boshida kichik shriftda bir yozuv keladi: Tarjimon va nashrga tayyorlovchi filologiya fanlari kandidati S.M.MUTALLIBOV. Qarangki, hatto ismi ham toʻliq berilmagan.
Turkiy dunyoning mislsiz xazinasi “Devonu lugʻotit-turk”ni tarjima qilish va nashrga tayyorlash juda ogʻir, juda murakkab ish. Bu nihoyatda katta bilim va tajribani talab etardi. Millatimiz va tilimizning ming yilliklaridan xabardor odamgina bu ishga qoʻl urishi mumkin edi. Boshqalarning jurʼati ham, bardoshi ham yetmaydi. Solih Mutallibov bu tarixiy ishni muvaffaqiyat bilan bajargan. Olimning bundan tashqari ham qancha ilmiy, ijodiy ishlari bor.
Yusuf Xos Hojibning 1971-yili “Fan” nashriyotida chop etilgan “Qutadgʻu bilig” kitobi 964 bet. Nashrga tayyorlovchi filologiya fanlari kandidati Qayum Karimov. Oddiygina fan kandidatining qilgan ishlari manaman degan akademikning hissasidan kam emas. Professor Hamidulla Dadaboyev gurunglarimizning birida: “Men Qayum Karimovning qadimgi turkiy soʻzlar lugʻati qoʻlyozmasini koʻrganman. Naqd 60 bosma toboq edi! Afsuski, shunday katta ish qayerlardadir yoʻq boʻlib ketdi”, degan edi.
Bu odamlar sovet otini minib, choptirib mazlum millat xazinalarini toptab oʻtishmagan. Minbarlarda ogʻiz koʻpirtirib maddohlarcha shovqin-suron koʻtarishmagan, mehnat qilishgan, xalqni xalq sifatida tutib turgan ustunlarni asrab qolish uchun dard va matonat bilan kurashganlar. Bular qatorida Hodi Zarif, Hamid Sulaymon, Muzayyana Alaviya, Qutbiddinxon Muhiddinov, Alibek Rustamov kabi ulug‘ olimlarimiz bor edilar.
Bizni kechiring, azizlar. Sizlar ilm va maʼrifat zahmatkashlari edingiz. Mustabid tuzum xalqlar tarixini goʻrga tiqayotgan bir davrda “Xamsa”ni, “Devonu lugʻotit-turk”ni, “Qutadgʻu bilig” kabi millat xazinalarini asrab qolish uchun, millat ruhini saqlab qolish uchun joningizni berib harakat qildingiz. Igna bilan quduq qazdingiz, tesha bilan togʻni teshib oʻtdingiz. Koʻplaringiz dilda armon, koʻzda yosh bilan ketdingiz. Biz esa sizlarni eslashga erinamiz. Bizni kechiring, azizlar. Sizlarning nomingizni har bir oʻzbek bilishini va ruhingizga ehtirom koʻrsatishini chin yuragimdan istayman. Siz shunga munosibsiz. Yuqoridagi achchiq gaplarim ham shundan.
Yurtimizdagi yoshlarning koʻpchiligi shu kunlarda Afrikadami, Avstraliyadami biror estrada qoʻshiqchisi paydo boʻlib qolsa, darrov tanib, bilib oladi, butun tarjimai holigacha yodlaydi, hatto suratini telefon oynasiga oʻrnatib qoʻyadi. Ammo oʻzbek xalqining ming yillik tili, adabiyoti va tarixini qoʻlimizga tutqazgan moʻtabar olimlarimizning ismlarini bilishni-da istashmaydi.
Inson 12–25 yoshgacha oʻta qaltis davrdan oʻtadi. Bu paytda kimlardan ibrat olsa, shularga oʻxshab shakllanadi. Yoshlarning xotirasiz avlod sifatida shakllanishdan Xudoning oʻzi asrasin.
Bitta haqiqiy olimni yetishtirish uchun millatning qancha qoni ketadi, qancha teri toʻkiladi. Qon va terni litrlarda oʻlchab boʻlmaydi. Bu olimlar hazilakam odamlar emas edi. Baʼzan ularning suratlariga qarab oʻyga tolaman. Porsoxon domla, Qayum Karimov domla... naqadar xokisor chehralar. Shunday ulug‘ ishlarni qilishib, yana tortinib, qimtinib turishadi. Shayxzoda aytganiday: “E-e, zamon ogʻir edi”. Eski yozuvni bilganlari uchun ham baloga qolganlar bor. Kitob koʻrgani uchun NKVD itlariga talanganlar bor. Shunga qaramay, ular oʻz vazifalarini sidqidildan, muhabbat bilan ado etdilar. Boshlarida zulm tegirmoni aylanib tursa-da, ular Navoiy yo Koshgʻariyni qoʻyib, mukofot tilanib, siylovlar soʻrab, ilmiy kommunizm-u ateizm sari yuz burmadilar.
Hamid Sulaymon uyida rafiqasi, olima Fozila Sulaymonova bilan gurunglashganimda bir gapni aytgan edi: “Hamid Sulaymon qamalib ketishidan oldin Gʻarb adabiyoti bilan shugʻullanar edi. Qamoqdan butunlay oʻzgarib qaytdi va menga aytdiki: “Fozila, umrimdan qancha qolgan boʻlsa, bu yogʻini faqat Navoiyga bagʻishlayman. Men u yoqda shunga qaror qildim!”
Meni yana oʻsha savol qiynaydi: Porsoxon Shamsiyev, Solih Mutallibov, Qayum Karimov! Ayting-chi, shu uch olimni hozirda millatimizning necha foizi taniydi? Besh foizi bilarmikin?.. Shunday ibrat maktablari boʻla turib, yengil-yelpi narsalarga, bachkana qiliqlarga, koʻpik hoy-u havaslarga mahliyolik nechun? Millat ustunlarining ustunligini bilmay, shu ustunga qoʻnib qagʻillab oʻtirgan allaqanday qargʻalarga mahliyo boʻlib yurish maʼrifatdan emas. Buni hammamiz, ayniqsa, yoshlarimiz toʻgʻri anglashi kerak. Meni yana oʻsha savol qiynaydi. Jiddiy va alamli savol...
Eshqobil SHUKUR,
shoir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi