Oʻzbek bolalar yozuvchisi Saʼdullo Quronov bir oyda oʻz asarlari savdosidan 238 million soʻm daromad oldi. Bu haqda “Qamar” kitoblar doʻkoni oʻz ijtimoiy sahifasida xabar berdi.

“Galaktikada bir kun” ilmiy-fantastik trilogiyasi uch qismdan iborat boʻlib, muallifi asarni 2016-yilda yozishga kirishgan, 2019-yil boshlarida ilk bor nashr etilib, sotuvga chiqqan. Roman shu paytgacha oʻndan ortiq marta qayta nashr qilingan.

Muallifning aytishicha, dastlab asar keng koʻlamli targʻibotlarsiz, asta-sekin oʻquvchilar mehrini qozongan. Keyinchalik uning ayrim parchalari 5–6-sinf adabiyot darsliklariga kiritilishi, shuningdek, “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovining majburiy oʻqilishi kerak boʻlgan asarlar roʻyxatidan joy olishi kitobxonlar doirasini yanada kengaytirgan.

Trilogiyaning yana bir muhim jihati bor: birinchi qismni oʻqigan bolalar voqealar davomini bilish uchun keyingi kitoblarni ham intiqlik bilan kutadi. Shu tariqa asar atrofida oʻziga xos kitobxonlar auditoriyasi shakllangan.

“Qamar” kitoblar doʻkoni tarmogʻi statistikasiga koʻra, “Galaktikada bir kun” kitoblari bir oy ichida 7 220 nusxada sotilgan. Muallifning aytishicha, doʻkon vakillari bu koʻrsatkichni oʻzbek mualliflari asarlari orasidagi rekord natijalardan biri sifatida baholagan. Ilgari bunday yuqori savdo koʻrsatkichlari, asosan, xorijiy adabiyot namunalari va turk adabiyotidan qilingan tarjimalar hissasiga toʻgʻri kelar edi. Mazkur natija oʻzbek tilidagi bolalar kitobiga talab mavjudligini koʻrsatadi.