MILLIY URF-ODATLAR – millatning turmush tarziga singib ketgan, uning shakllanishi va rivojiga xizmat qiladigan ijtimoiy-madaniy hayotida oʻz aksini topgan, doim takrorlanib turadigan xatti-harakat, koʻpchilik tomonidan qabul qilingan xulq-atvor qoidalari va koʻnikmalar koʻrinishidir.
Milliy urf-odatlar bizning xalqimizda oʻziga xos oʻzbekona tarixiy xususiyatlarga ega boʻlib, anʼanaviy va zamonaviy koʻrinishlarda namoyon boʻladi.
Milliy urf-odatlar alohida olingan shaxs va millat doirasida shakllanib boradi. Masalan oʻzbeklarda kichiklarning kattalarga salom berishi, erta turib uy-hovlini supurib-sidirib, mehmonlarga alohida izzat-ikrom koʻrsatish, bayram arafasida betob va qiynalganlar, yordamga
muhtojlar, qariyalar holidan xabar olish shular jumlasidandir.