Ayrim mobil aloqa operatorlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun narxlarning yaqin kunlarda oshirilishi kutilayotgani eʼlon qilingan.

Bu esa oʻz navbatida isteʼmolchilarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Xususan, tarif rejaga kiritilgan Internet trafikning oshirilishiga qaramasdan, aloqa sifatining kafolatli darajasi taʼminlanmayotgani natijasida, taqdim etilgan trafikning toʻliq ishlatish imkoniyati mavjud emasligi va ishlatilmagan Internet trafik keyingi oyga oʻtmasligi, tariflarning oshishi internet trafikning oshishiga nomutanosib ekanligi qayd etilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Raqobat qoʻmitasi tomonidan mobil aloqa operatorlarini narxlarni oshirilishi asosliligini oʻrganish boshlandi.

Oʻrganish natijalarida operatorlar tomonidan raqobatga zid hamda isteʼmolchilar huquqlarini kamsituvchi harakatlar aniqlangan taqdirda oʻrnatilgan tartibda tekshirish oʻtkaziladi va ushbu holatlar tasdiqlanganda amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar koʻrilishi maʼlum qilinadi.

Taʼkidlanishicha, 2025-yil va 2026-yil 9 oyi davrida Raqobat qoʻmitasi tomonidan raqobat va isteʼmolchilar manfaatini taʼminlash maqsadida bir qator koʻrsatmalar yuborilgan va ijrosi taʼminlangan. Xususan,

Beelineda oylik abonent toʻlovini yechish uchun hisobda mablag‘ yetarli boʻlmaganda, avtomatik ravishda kunlik tarif rejasiga isteʼmolchilarni ogohlantirmasdan oʻtish amaliyoti bekor qilindi va ushbu xizmatlarni boshqarish imkoniyatlari yaratilgan.

Shuningdek, davlat organlarining 100 dan ortiq qisqa raqamli ishonch telefonlariga chiqish qoʻngʻiroqlari uchun Beeline tomonidan undirib kelinayotgan toʻlovlar bepul qilindi.

Mobiuz tomonidan ayrim tarif rejasiga oʻtish bilan bogʻliq texnik cheklovlar bartaraf qilindi va isteʼmolchilarga tarif shartlari boʻyicha toʻliq maʼlumotlar aks ettirilishi taʼminlandi.


Ucell tomonidan uyali aloqa xizmatlarini taqdim etishga doir ommaviy ofertasi qayta koʻrib chiqilib, unda moddiy va maʼnaviy zarar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi talablar kiritilishi taʼminlandi.