Moʻgʻul imperiyasining asosiy siyosiy va harbiy muvaffaqiyatlaridan biri – qabilalararo nikohlar tizimi edi. Bu tizimning markazida qoʻngʻirot (qonggʻirat, kungrat) qabilasi turgan. Chingizxonning oʻzi, oʻgʻillari, nabiralari-da asosan qoʻngʻirot qizlariga uylangan. Bu anʼana imperiyaning parchalanib ketgan paytida ham (XIV-XV asrlar) davom etib, Oltin Oʻrda, Elxoniylar, Chigʻatoy ulusi va Yuan sulolasida qoʻngʻirotlik onalar va xotinlar eng yuqori mavqega ega boʻlgan.

Nima uchun aynan qoʻngʻirot qabilasidan kelinlar olingan, degan haqli savol tugʻilishi tabiiy. Negaki, avvalo qoʻngʻirotlar moʻgʻullarning eng yaqin ittifoqchilari edi va hech qachon Chingizxonga qarshi chiqmagan. Shuningdek, manbalardagi qaydlarga koʻra, ularning qizlari goʻzalligi va sadoqati bilan mashhur edi. Rashididdin oʻzining “Jome’ at-tavorix” asarida “Qoʻngʻirot qizlari oy yuzli va quyoshdek nurli” deb yozadi. Bundan tashqari Chingizxonning onasi Oelun xotun va bosh xotini Borte fuchin ham qoʻngʻirot qabilasidan boʻlgani mazkur qabila nufuzini yanada oshirgan. Shuning uchun ham bu qabila “imperator qoni” bilan eng yaqindan bogʻlangan etnik guruh edi. Chingizxon vafotidan keyin qoʻngʻirot ayollariga uylanish va ularni bosh malikalikka koʻtarish qatʼiy anʼanaga aylanib ulguradi. Jumladan, Chingizxonning vorislari Chigʻatoy ulusi, Yuan sulolasi, Oltin Oʻrda va Elxoniy hukmdorlar qoʻngʻirot ayollarini bosh xotin qilib olganlar. Bu nikohlar “consort tribe” (“xotin qabilasi”) tizimini shakllantirgan va qoʻngʻirotlar saroyda katta nufuzga ega boʻlib borganlar.

Chingizxonning qoʻngʻirot qabilasidan boʻlgan bosh xotini Borte fuchindan tugʻilgan oʻgʻilllari Joʻji, Chigʻatoy va Oʻqtoyning bosh xotinlari qoʻngʻirot qabilasidan boʻlgan. Tulining bosh xotini boshqa qabiladan boʻlsa ham, xotinlari orasida qoʻngʻirotlar bor edi. Jumladan, Joʻjining bosh xotini – Oki fuchin qoʻngʻirot edi. Odatda, qoʻngʻirot xotinlaridan boʻlgan bosh xotin vafot etsa, bosh xotinlikka faqat shu qabila vakilalari tayinlangan. Joʻjining bosh xotini Oki fuchin vafotidan keyin bosh xotinlikka qoʻngʻirot qabilasidan Sultan xotun belgilanadi.  

Oki fuchin (Өki-xatun, Oki hatun, Uki fujin, Oki-beki) Joʻjining asosiy xotini boʻlib, 1200-yillar boshida turmush qurgan. Oki fuchin Joʻjining onasi Borte fuchinning jiyani edi. Uning otasi Botu bu davrda qoʻngʻirot qabilasi yetakchilaridan hisoblangan, yaʼni Joʻji togʻasining qiziga uylangan. Bu nikoh Chingizxon xonadoni bilan qoʻngʻirot qabilasi oʻrtasidagi ittifoqni yanada mustahkamlaydi. Oki fuchin Joʻjining eng koʻp va muhim oʻgʻillarining onasi hisoblangan. Jumladan, Botuxon (Oltin Oʻrdaning asoschisi), Ordaxon (Oq oʻrdaning asoschisi, keyinchalik tashkil topgan qozoq xonligi vakillarining ajdodi), Shaybon (Shayboniylar sulolasining ajdodi, aynan uning nomi sulolaga berilgan), Berkaxon (Oltin Oʻrdaning birinchi musulmon xoni), Tangut (Oki fuchinning bu oʻgʻli haqida manbalarda maʼlumotlar deyarli uchramaydi).

Oki fuchinning oʻgʻillari orqali qoʻngʻirot qoni Oltin Oʻrda va undan keyingi barcha turkiy-moʻgʻul davlatlariga, jumladan, qozoq, oʻzbek, noʻgʻay, qoraqalpoq xalqlari orasida keng tarqaldi. U Botu va Berka kabi buyuk xonlarning onasi boʻlgani uchun “Oltin Oʻrda imperatriyasi – onasi” deb ulugʻlangan. Tarixchi Rashididdin “Jome’ at-tavorix” asarida Oki fuchinni “fazilatli va oqila ayol” deb taʼriflaydi. Oki fuchin Chingizxon oilasidagi eng muvaffaqiyatli qoʻngʻirot kelinlaridan biri edi. Uning farzandlari orqali hozirgi oʻzbek, qozoq va boshqa turkiy xalqlarning koʻpchiligida Chingizxon va qoʻngʻirot qoni aralashgan deb hisoblanadi. Aynan shu sababli oʻzbek va qozoq qoʻngʻirotlari oʻzlarini “xon avlodlari” deb ham ataydilar.

Sulton xotun (Saray xotun) – Chingizxonning toʻngʻich oʻgʻli Joʻjining ikkinchi muhim xotini va qoʻngʻirot qabilasidan chiqqan ayoli hisoblanadi. U taxminan 1205–1210-yillar orasida Joʻji bilan turmush qurgan. Bu nikoh ham Chingizxonning qoʻngʻirotlar bilan ittifoqini mustahkamlash uchun qilingan. Sulton xotunning farzandlari orqali taʼsiri imperiyada juda katta boʻlgan. U Joʻjining koʻp sonli oʻgʻil-qizlarining onasi boʻlib, ular orasida eng taniqlilari – Berkacher (Oltin Oʻrdada taʼsiri juda katta boʻlgan) va Toʻqa-Temur (Ashtarxoniylar sulolasi vakillarining ajdodi) boʻlgan. Sulton xotun ayrim manbalarda Berkaxonning ham onasi boʻlgani aytiladi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u Berkaxon orqali butun Volga boʻyi, Qirim, Qozon, Qoraqalpoq va hozirgi Rossiya musulmonlari tarixiga katta taʼsir qilgan. Rashididdin “Jome‘ at-tavorix” asarida Sulton xotunni ham “fazilatli va dono ayol” sifatida taʼriflaydi. Sulton xotunning qarindoshlari Oltin Oʻrda saroyida eng yuqori lavozimlarni egallaganlar, – xonning maslahatchilari, noʻyonlari va qoʻmondonlar asosan qoʻngʻirot qabilasi vakillaridan boʻlgan.

Chingizxonning koʻplab nabiralari ham asosiy xotin sifatida qoʻngʻirot ayollariga uylangani va ularni bosh xotinlikka koʻtargani manbalar, tadqiqotlarda taʼkidlanadi. Jumladan, Chingizxonning toʻngʻich nabirasi Oltin Oʻrda asoschisi Botuning xotini Borakchin xotun qoʻngʻirot qabilasidan edi. Botu davrida qoʻngʻirotlar Oltin Oʻrdada eng katta taʼsirga ega boʻlganlar. Shuningdek, Botuning ukasi Berkaning ham asosiy xotinlari qoʻngʻirotlardan boʻlgan.

Chingizxonning ikkinchi oʻgʻli Chigʻatoyning ham bosh xotinlari qoʻngʻirot boʻlib, ular opa-singillar – Yisulun va Tukan xotunlar edi. Yisulun va Tukan xotun ham Chigʻatoyning onasi Borte fuchinning jiyani boʻlgan, ular birin-ketin Chigʻatoy xaramining bosh xotinlari vazifasiga koʻtarilishgan. Moʻgʻullar davri forsiy manbalarida Chigʻatoyning jami sakkiz oʻgʻli (Mutegin, Muchi Yebe, Bilkishi, Sarban, Yesu Munka, Baydar, Kadaki, Baychu) boʻlgani haqida qaydlar mavjud. Rashididdin, Xondamir kabi muarrixlarning shahodat berishicha, Chigʻatoyning yuqorida ismi qayd etilgan barcha oʻgʻillari qoʻngʻirot xotinlaridan tugʻilgan farzandlar boʻlgan. Shuningdek, manbalarda keltirilishicha, Chigʻatoyning boshqa qabila ayollaridan tugʻilgan farzandlari ham bor edi. Ammo, muarrixlarning taʼkidlashicha, ular qoʻngʻirot xotinlaridan tugʻilgan farzandlar bilan teng maqomda koʻrilmagan.

Chigʻatoy bosh xotini Yisulun Xotun vafot etgach, uning singlisi Tukan Xotunga uylanib, uni bosh xotinlik maqomiga koʻtaradi. Chigʻatoy oʻz oʻgʻillari va nabiralariga ham asosan qoʻngʻirot qabilasi vakilalarini olib beradi. Jumladan, Yesu Munka, Olgʻu, Baroq, Duva kabi Chigʻatoy xonzodalarining ham asosiy xotinlari mazkur qabiladan boʻlgani aytilsa-da, manbalarda malikalarning ismlari kamdan-kam holatlarda eslatilgan. Bu esa mazkur davr tarixiy manbalari Chigʻatoy ulusi hududidan uzoqda yaratilgani bilan bevosita bogʻliq. Rashididdinning “Jome’ at-tavorix” asarida Olgʻuning Tumalun xotun ismli qoʻngʻirot qabilasidan boʻlgan bosh xotini boʻlgani haqida maʼlumotlar keltiriladi.

Chingizxonning uchinchi oʻgʻli Oʻqtoyning ham asosiy xotinlari qoʻngʻirot qabilasidan edi. Jumladan, birinchi va bosh xotini Boraqchin xotun qoʻngʻirot boʻlgan. Ammo uning barcha farzandlari tugʻilishi bilan vafot etgan. Oʻqtoy qoondan farzandi boʻlmasa ham qoʻngʻirot qabilasi vakilasi boʻlgani uchun xaramda Boraqchin xotunning obroʻsi shahzodalar onalarinikidan ham yuqori boʻlgan. Buni Oʻqtoy vafotidan keyingi voqealarda ham koʻrish mumkin. Ulug‘ qoon vafotidan keyin Qoraqurum elitasi bir muddat taxtga uning oʻgʻillari emas, regent sifatida bosh xotini Boraqchin xotunni chiqarmoqchi boʻlishadi. Ammo bu masalaga Chigʻatoy aralashib, ukasi Oʻqtoyning boshqa xotini Toʻrakina xotunni regentlikka tavsiya qiladi. Chigʻatoy Toʻrakina xotun Oʻqtoy qoonning asosiy qonuniy farzandlarining onasi ekanligini asos qilib koʻrsatadi va shu tariqa 1246-yilga qadar qoonlikni Toʻrakina xotun idora qiladi.

Toʻrakina Xotunning shajarasi manbalar va tadqiqotlarda biroz bahsli va uzuq-yuluq. Ayrim manbalarda u nayman qabilasi vakili sifatida koʻrsatilsa, boshqalarida qoʻngʻirot qabilasidan ekani aytiladi. U Chingizxonning boshqa kelinlaridan farqli ravishda imperiya siyosiy hayotida faol qatnashgan hukmdor ayol ham hisoblanib, Chigʻatoy qoʻllab-quvvatlashi natijasida Oʻqtoy qoon vafotidan keyin regent sifatida besh yil mobaynida butun imperiyani boshqaradi. Toʻrakina Xotunning besh farzandi boʻlib, bular Guyuk, Koʻtan, Koʻchu, Qorachor va Kashi edi. Undan keyin ulug‘ qoonlikka Toʻrakina xotunning toʻngʻich oʻgʻli Guyuk koʻtariladi va butun imperiya ulug‘ qooniga aylanadi. Guyuk davrida ham Toʻrakina xotunning obroʻsi va taʼsiri juda yuqori boʻlgani forsiy manbalarda tilga olinadi.

Oʻqtoy qoonning oʻgʻillari va nabiralarining ham aksariyat xotinlari qoʻngʻirot qabilasi vakilalaridan boʻlgan. Jumladan, Guyuk, Koʻtan, Kashi, Malik kabi Oʻqtoy avlodlarining ham asosiy xotinlari qoʻngʻirotlardan ekani aytilsa-da, fors muarrixlari malikalarning ismlarini qayd etishmagan. Bunga 1251-yildan qoonlik hokimiyati Oʻqtoy xonadonidan Toʻli xonadoni vakillariga oʻtishi ham sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. Negaki, aynan shu yilgi Shiramun isyoni sabab koʻplab Oʻqtoy shahzodalari qatl etilgan. Tarixiy asarlarda keyinchalik Oʻqtoy mulkini qayta tiklash uchun maydonga chiqqan Qayduning ham bosh xotini  Elchiqmish xotun qoʻngʻirot qabilasidan ekani aytiladi.

Chingizxonning toʻrtinchi oʻgʻli Tolining xotinlari orasida qoʻngʻirot vakilalari boʻlsa-da, bosh xotini kerayit qabilasidan edi. Ammo uning oʻgʻillarining bosh xotinlari asosan qoʻngʻirot qabilasi vakilalaridan boʻlgan. Jumladan, katta oʻgʻli Munka qoonning xotinlari – Oʻljay xotun, Qutuquy xotunlar qoʻngʻirot qabilasidan edi. Qoʻngʻirot qabilasidan boʻlgan mazkur malikalar keyinchalik Munkaning qoonlik hokimiyatini egallashiga va imperiyani qayta markazlashtirishga yordam berishadi.

Munkadan keyin Xitoy hududida hokimiyatni qoʻlga olib, oʻzini ulug‘ qoon deb eʼlon qilgan Xubilayning bosh xotini Tegulen xotun ham qoʻngʻirot qabilasidan boʻlgan. Manbalar va tadqiqotlarda Tegulen xotun haqidagi maʼlumotlar juda kam, bunga asosiy sabab ularning farzandlari boʻlmagan. Xubilayning ikkinchi asosiy xotini ham qoʻngʻirot qabilasidan boʻlib, uning ismi Chabi xotun edi. Uning Xubilay qoondan toʻrt oʻgʻli va oltita qizi boʻlgan. Xubilay va uning oila aʼzolari Yuan imperiyasida buddaviylik dinini yanada rivojlanishida xizmat qilgan. Chabi xotun ham konfutsiylik taʼlimotining keng yoyilishida katta rol oʻynagani Rashididdin tomonidan ham eʼtirof etilgan. Muarrix uni moʻgʻul elitasi orasidagi mavqeyi Chingizxonning buyuk xotini Borte fuchin bilan teng boʻlganini va u ham juda goʻzal, maftunkor malika ekanini yozadi. Chabi xotun buddaviylik dinining faol targʻibotchisi sifatida oʻz farzandlariga xitoycha ismlar qoʻygan. Shuningdek, u imperiyaning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoy va madaniy hayotida muhim oʻrin tutgan shaxs edi. Yuan shilarda u oʻz davrida elita ayollari uchun urfga aylangan turli xildagi kiyimlarning ijodkori sifatida ham talqin qilinadi. Chabi xotun vafotidan soʻng Xubilay qoon uning jiyani Nambuy xotunga uylanadi va uni bosh xotinlikka koʻtaradi. Yuan shilarda taʼkidlanishicha, Chabi xotun oʻzi hayotligidayoq jiyani Namuyni bunga tayyorlagan. Bu maʼlumot qoʻngʻirot ayollari oʻzlaridan keyin ham bosh xotinlik mansabi mazkur qabila vakilalarida qolishi uchun qattiq kurashganini koʻrsatadi.

Toʻlining boshqa bir oʻgʻli Erondagi Elxoniylar (Xulaguylar) davlati asosochisi Xulaguning ham xotinlari orasida qoʻngʻirot qabilasi vakilalari bor edi. Jumladan, uning bosh xotini Dokuz xotun kerayit qabilasidan boʻlsa-da, ikkinchi asosiy xotini Oladana xotun qoʻngʻirot edi. Elxoniylar saroyida yana koʻplab qoʻngʻirot malikalari boʻlgani fors muarrixlarining asarlarida koʻp marta taʼkidlanadi.

Xulosa qilib aytganda, Chingizxon vafotidan keyin moʻgʻul imperiyasi toʻrt katta davlatga boʻlingan boʻlsa-da, bu davlatlarning koʻpchiligida hukmdorlarning onasi yoki bosh xotini qoʻngʻirot qabilasidan chiqqan. Bu nikoh siyosati tufayli qoʻngʻirot qabilasi XIII–XIV asrlarda Yevrosiyoning eng qudratli oilalaridan biriga aylandi. Hozirgi oʻzbek, qozoq, qoraqalpoq, noʻgʻay va qirimtatarlaridagi kungrat/qoʻngʻirot urugʻlari – aynan oʻsha buyuk imperator kelinlarining avlodlari hisoblanadi. Qoʻngʻirot kelinlari nafaqat goʻzalligi, balki aql-zakovati va siyosiy taʼsiri bilan ham tarixda oʻchmas iz qoldirgan. Ular moʻgʻul imperiyasining “yumshoq kuchi” – eng muhim ittifoqchilari edi.

Sevinch ULASHOVA,

Alfraganus universiteti dotsenti,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Birinchi maqolani oʻqish