Oʻzbek adabiyotida oʻz soʻzi, uslubiga ega boʻlgan va soʻzga, adabiy eʼtiqodiga xiyonat qilmagan sanoqli adiblardan biri, shubhasiz, Togʻay Muroddir.
Togʻay Murod – millat yozuvchisi. Uning ijodi millat taqdiriga tutilgan bir koʻzgudir. Adib asarlarining tili va uslubi, unda koʻtarilgan gʻoyalar, topilmalar asl oʻquvchining 72 tomirini titratadi. Boisi, yozuvchining bitiklari, qahramonlari, ularning yurish-turishi, gap-soʻzlari, oʻy-xayollari ham sof oʻzbekona. Unda Siz yoki otangiz yoki bobongiz haqida soʻz borayotgandek tuyuladi. Said Ahmad taʼkidlaganidek, “Togʻay Murod qissalarida tasvirlagan odamlarga boshqa xalq libosini kiydirsangiz ham oʻzbekligi bilinib turadi. Ularning xulq-atvori ham boshqa xalqqa aslo oʻxshamaydi”.
Togʻay Murod nafaqat roviy tilidan, balki oʻzi kabi doʻlvor, rostgoʻy qahramonlari tilidan ham oʻzbek tilining betakror jozibasini koʻrsata olgan. Hatto u uzukka koʻz qoʻygandek oʻxshatib qoʻllagan ayrim soʻzlarni “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”dan ham topolmaysiz. Mana, eʼtibor bering:
Kerosin – yer moyi;
Shamol toʻsuvchi – yelpana;
Zajigalka – yondirgich;
Shampun – soch sovun;
Papka – juzdon;
Doska – bitik taxta;
Selka – urug‘ sepgich;
Lab boʻyoq – lolab.
Bu kabi yuzlab soʻzlar Togʻay Murodgacha boʻlgan adabiyotimizda turlicha shakllarda qoʻllanib kelingan. Undan keyin esa bu qadar goʻzal ifoda etilgani ancha bahsli...
Yozuvchidan atigi toʻrttagina hikoya saqlanib qolgan: “Bobosi bilan nabirasi”, “Kuzning bir kunida”, “Ku-ku-ku”, “Er-xotin”. Ularning ham tili shu qadar shirali va jozibaliki, bu samimiyat va soʻzdagi chechanlik Togʻay Murodgagina xos. Ammo adibning badiiy tafakkur olami hikoyaga sigʻmadi. U qissalar va romanlar orqali toʻla oʻzligini namoyon etdi.
Adib asarlari oʻz davridayoq yuksak eʼtiroflarga sazovor boʻlgan. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov Togʻay Murodning “oʻz tili, oʻz uslubini yaratgan katta isteʼdodli yozuvchi” ekanini taʼkidlasa, Pirimqul Qodirov “Ot qishnagan oqshom” qissasi “Alpomish” dostoni anʼanalarini eslatadigan xalqchil ruh bilan sugʻorilgan”ini eʼtirof etadi. Turkiya Otaturk universiteti professori Husayn Boydemir “Togʻay Murod xalqning iztiroblarini chuqur his qilgan, uning dardi bilan yashagan” deya taʼkidlaydi. Bu taʼkid nazarkada olimning buyuk bir tabib kabi “yozuvchi asarlarining oʻq tomirini ushlab aytgan xulosasi”, deyish mumkin.
Darhaqiqat, yozuvchi 1998-yilda, naqd ellik yoshning ustida yozib tugallagan soʻnggi romani “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi”ni oʻqiganimizda oʻz mezonlariga sodiq qolib, yolgʻon eʼtiqodlar, soxta shiorlarga aldanib, hayotini yelga sovurgan sobiq firqa rahbarlarining qismati bilan tanishar ekanmiz Togʻay Murodgagina xos, xalqning dardi, oʻy-xayollari aks etgan latif iboralar, topilmalar, qochirimlarga duch kelganimizda muallifning beqiyos mahoratiga lol qolamiz. Soʻzni oʻynatish, erkalash va jilolantirish mahorati kitobxonni maftun qiladi va asar olamiga tortib ketadi.
Keling, “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” romanini bezab turgan va Togʻay Murodgagina xos marvaridlarni eʼtiboringizga havola etaman.
1. Qoʻshchi kalondimog‘-kalondimoq qadam bosdi, Kibor-kibor quloch otdi. Kermoqosh-kermoqosh boqdi.
2. Qorovul hadaha-hadaha keldi.
3. Yerga shahodat barmoq oʻynatdi.
4. Dehqonlar burchakka bet burib keldi.
5. Onalar tasbehday-tasbehday tuzilib oʻtirdi.
6. Botir firqa holilatib-holilatib oyoq ildi.
7. Qadamingiz kira tilaydimi?
8. Mozorda sog‘ joy qolmadi.
9. Jar solib yoyadi, karnay qilib chaladi.
10. Sochlari orasida misoli qumursqa yurdi.
11. Oʻzimga en boʻlolmayman, sizga qanday en boʻlaman?
12. Botir firqa Yoʻldosh Oxunboboyev dasturiga tushdi.
13. Botir firqa bir eskicha oʻyladi, bir yangicha oʻyladi. Eskicha bilan yangichani qoʻshib oʻyladi.
14. Begim kunlar – 8 mart keldi.
15. Erkaklar shonli yutuqlar uchun qadah choʻqishtirdi, ayollar… choy choʻqishtirdi.
16. Ichkaridagi ha-hular hovliladi.
17. Qizlar… erkaklab ketdi.
18. Saraton oshiq yuragiday yondi, maʼshuq yuragiday yondi.
19. Yer chatnab yotibdi, chatnab.
20. Ishqboz – fohisha, labbaygoʻy – soxta.
21. Zim-ziyo qorangʻizor boʻldi.
22. Pish-pish entikdi, pish-pish nafas oldi.
23. Madiyev chaparastalab-chaparastalab soʻkdi.
24. Partaktivlar ketiga tis-tis boʻldi.
25. “Golos Ameriki” shu haqda huribdi.
26. Jinnixonadagi bemorlar tasnifi:
diniy-ruhiy bemorlar;
tarixchi-ruhiy kasallar;
boyvachcha bemorlar;
harbiy qonun-qoida qurbonlari;
ixtirochi-kashfiyotchi bemorlar;
27. Jinnixona – tiriklar qabristoni.
28. El-yurtda qayta kurash, demokratiya, shariyat soʻzlari oralab qoldi.
29. Zamon qaltis keldi. Doʻppi tor keldi.
30. Yurtingizdan kapitalizm hidi anqib qoldi.
31. Yelkamizda bayroq koʻtarib edik. Boshimiz uzra shior hilpiratib edik.
32. Botir firqa dami chiqqan koptok misol oʻtirdi.
33. Ha oʻsha ashulangizga kuydirgi chiqsin, ashulanginangizga kuydurgilar chiqsin.
34. Botir firqa baqaloq shishirdi. Tomoq qirdi, qiroat bilan yoʻtaldi. Saltanat bilan yoʻtaldi. Amaldarona-amaldarona choy hoʻpladi. Mansabdorona-mansabdorona choy hoʻpladi. Oʻziga-oʻzi haykal qoʻydi. Erkak – Xudoning yerdagi paygʻambari!
35. Kampiri amaldordan pensiya soʻrab kelgan mushtipar misoli moʻltirab-moʻltirab qarab oʻtirdi.
36. Yoqalarini kampirona-kampirona ushlab-ushlab… ajablandi.
37. Shu qayta quruvchi demokratlarga oʻngirim tegib ketsin, oʻngirimni qirqib-qirqib tashlayman!
38. Kampir boʻqoq shishirib, gʻanimiga yagʻrin berdi.
39. Havodan kuz hidi keldi, xazon hidi keldi.
40. Qizillardan xonaqoh devoriga…. churillatish keladi.
41. Menga desa, oq boʻl, koʻk boʻl. Lekin yarat, qur. Mayli, menga desa, qora boʻl, sariq boʻl, pistoqi boʻl. Lekin yarat, qur.
42. Oʻzbek xotin-qizlari xaltaga oʻralgan bulbul edi. Oʻzbek xotin-qizlari yeng ichidagi bedana edi. Oʻzbek xotin-qizlari yuziga parda tortilgan oyna edi.
43. Atirgullar atriyot anqitdi.
44. Kaftini qulogʻiga yelpana qilib eshitdi.
45. Botir firqaning koʻksi qizidi.
46. Botir firqa yelkadan nafas oldi.
47. Intellektuallar hayot haqida qogʻozday quruq oʻylaydi.
48. Yevropa – xalqlar qabristoni.
49. Orolpanohlar birin-ketin minbarladi.
50. Madiyev… loʻlilik yoʻliga oʻtdi.
51. Oʻq yetmagan joyga igʻvo yetadi. Oʻq yetmagan joylarni fitna teshadi.
52. Shon-shuhrat dardi surunkali dard.
53. Qadamlari ushbu dunyoday tor-tor boʻldi. Qadamlari ushbu dunyoday qari-qari boʻldi.
54. Yigirma yil bir yigit yoshi vaqt. Bir qiz boʻyi vaqt.
55. Palatada oʻntacha karovat boʻldi. Barcha karovatning oʻz bemori boʻldi.
56. Sanitar gapni elamadi, gapni xorlamadi.
57. Boshliq Botir firqaga bet boʻldi.
58. Uning yuzlari suyuq-suyuq, koʻzlari gʻar-gʻar.
59. Quloch otib-quloch otib qadam bosdi.
60. Shartaki boʻl, sanamarasta boʻl, evi bilan boʻl.
61. Qari odamning enagasi – goʻrkov.
62. Botir firqa marhumlar shahri oralab bordi. Marhumlar shahri shu qadar seraholi, shu qadar tigʻiz boʻldi.
63. Qalbida munislik davr surdi. Tan-jonida muntazamlik davr surdi.
64. Botir firqa hammomdan chiqmishday yengil boʻldi. Botir firqa yelkasidan bir qop unni tashlamishday yengil boʻldi.
65. Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi.
66. Soya tor-tor qadam bosdi.
67. U tushlik uyquda yotdi, gʻarq uyquda yotdi.
68. Botir firqaning ichi oydin-oydin boʻldi…
Togʻay Murodni oʻqing, Sizning-da ichingiz oydin boʻlsin!
Xoliyor SAFAROV