Turkiy ellarning yozilmagan qonunlari, tamoyillari, urf-u odatlari, qadriyatlari koʻp. Muchal ularning orasida eng muhim qadriyatlardan biridir. Chunki muchal bolaning tugʻilishidan to umrining oxiriga qadar kechadigan biologik oʻzgarishlari bilan birga, uning ijtimoiylashuvi, shaxs sifatida shakllanish bosqichlarini ham belgilab beradi.
Oʻzbeklarda hozir muchal yoshi deganda faqat oʻn ikki yosh tushuniladi. Shuning uchun oʻn ikki yoshga toʻlgan bolaga muchal toʻyi oʻtkazish hozirgacha saqlanib qolgan. Qadimda esa har oʻn ikki yilda muchal toʻyi oʻtkazilgan. Tugʻilgan kun faqat 12 yilda bir marta nishonlangan. Bu 12, 24, 36, 48, 60, 72, 84, 96 yoshlarga toʻgʻri keladi. Har oʻn ikki yil umrning alohida bosqichi – boʻlagi sanalgan[1]. Shimol turkiylari, xususan oltoy, tuva, doʻlgʻan, yakutlarda bu bosqichlarning har birida hozirgacha nishonlanadi – muchal toʻyi oʻtkaziladi.
Muchal hisobining har bir bosqichida insonning jismoniy, aqliy va ruhiy rivojlanishi kuzatiladi, shu sabab bu davrlar alohida nomlar bilan atalgan. Qadimda ilk 12 yil – bolalik davri, 12 yoshdan 24 yoshgacha – yoshlik davri, 24 yoshdan 36 yoshgacha – yetuklik davri, 36 yoshdan 48 yoshgacha – oʻrta yosh davri, 48 yoshdan 60 yoshgacha – qora soqol, 60 yoshdan keyin oq soqollik davri deb atalgan ekan. Hozirgi zamon gerantologiya[2] fani ham aynan shu yoshlarda inson organizmida jiddiy oʻzgarishlar boʻlishini inkor qilmaydi.
Markaziy Osiyoda 12 yoshdan oʻgʻil bolalar “boʻzbola”, qizlar “boʻyetgan” (boʻyjetkan) deb atalgan. Chunki ayni shu yoshda bola ham jismonan ham ruhan balogʻatga yetib, jinsiy hayotga tayyor boʻlgan. Shu yoshda qizlarning sochi bitta qilib oʻrilgan va turli taqinchoqlar taqilgan. Agar u turmushga chiqsa sochi ikkita qilib oʻrilgan. 12 yoshdan oʻgʻil bolaga qamchi berilib, otni mustaqil boshqarishiga ruxsat etilgan. Shu yoshdan unga ogʻir ishlar ham topshirila boshlangan. Har ikkala jins vakili ham 24 yoshgacha turmush qurishga ragʻbatlantirilgan. 24 yoshgacha turmushga chiqmagan qiz – “qari qiz”, yigit esa “qari yigit” atalgan. Shu yosh oraligʻida aql tishi chiqadi. 24 yoshda kishi organizmi oʻsishdan toʻxtaydi, bu kishining yoshlik davri tugab, yetuklik davri boshlanganini anglatgan.
36 yoshgacha inson yetilishda davom etadi. Yigitlarni shiddat, ayollarni qizlik latofati tark etmaydi. Ammo 36 yoshda ruhiy inqiroz davri boshlanadi. Organizmda ilk qarish alomatlari seziladi. Bu yoshda odam oʻylab ish tutadigan, umrning mazmuniga koʻproq eʼtibor qaratadigan boʻladi. Oy taqvimiga koʻra shu yoshda kishining yoshiga yana bir yosh qoʻshiladi.
48 yoshgacha ham organizm oʻsishda davom etadi va undan keyin qarilik boshlanadi. Soqolga oq oralaydi, ammo butkul oqarib ketmaydi. Ayollarda klimaks davri (menopauza) boshlanadi va aynan shu yoshlarda ayol tugʻishdan toʻxtaydi.
60 yosh – besh muchal yashagan odam qari sanaladi. Bu yoshdan aksar odamlarning sochi oqaradi. Yuzlarda qarilarga xos nur paydo boʻladi. Oltoylarda “Altan jash – altыn jash” degan maqol bor va bu “oltmish yosh – oltin yosh” degan maʼnoni anglatadi. Turkiylar olamida 60 yoshdan oshgan odamga chuqur ehtirom koʻrsatilgan.
Shu oʻrinda oʻzbek tilidagi “qarish” va “qartayish” soʻzlariga eʼtibor qaratamiz. Ayni soʻz boshqa turkiy tillarda ham mavjud. Ammo ularning ikkisi ham bir maʼnoda qoʻllaniladi. Aslida esa qarish 60 yoshdan, qartayish 72 yoshdan boshlanadi.
Turkiy ellarda 84 yosh alohida nishonlangan. 84 yoshda (84x12=1008) ming oylik toʻy oʻtkazilgan. Ming oylik toʻy oʻzbeklarda hozir ham saqlangan, – bu toʻyni koʻpchilik islom dini bilan bogʻlashga harakat qiladi.
84 yoshdan keyin 96 yoshgacha inson fiziologiyasida katta inqirozlar boshlanadi. Yurak va qon tomirlari elastikligini yoʻqotadi. Mushaklar boʻshashadi (sarkopeniya), suyaklar kichraya boshlaydi, miyada unutish, xotira pasayishi kuchayadi. Miya hajmi taxminan 20% ga kamayishi mumkin. Natijada qariyalarda 1–12 yoshga xos boʻlgan, bolalarcha qiliqlar paydo boʻla boshlaydi. Shu sabab qoʻyidagi maqol paydo boʻlgan: Boshi bola, oxiri bola...
96 yoshli odamning oʻz oti boʻlgan: Umrzoq. 96 yoshdan keyin kamdan kam odam yashab qoladi. Shuning uchun bu odamlar Umrzoq (umri uzoq) atalgan.
Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, turkiylar umri uzoq boʻlishini koʻpam istashmagan. Ayniqsa qarigandan yotib qolishdan qoʻrqishgan, xudodan “tik turganda jonimni ol” deb soʻrab yurishgan. Buni koʻpchilik or va nomus, “bolalariga yuk boʻlmaslik” kabi vajlar bilan izohlashadi. Ammo oltoylarda boshqa bir sabab keltirilgan. Unga koʻra, juda uzoq yashagan odam oʻzining bolalari yoki tugʻilmagan avlodlarining yoshini oʻgʻirlashda ayblanar ekan. Buni oltoylar quyidagicha ifodalashgan: “baldardiҥ јajin alip јat, onoҥ kelgen ulustiҥ јajin ÿlejip јat” (bolalarining yoshini olayapti, tugʻiladigan avlodning yoshini boʻlib olayapti).
Turkiy taomiliga koʻra, biz yuqorida keltirib oʻtgan har bir bosqich – muchal yili inson hayoti uchun xatarli yil sanalgan. Shuning uchun muchali kirgan odamlarga ehtiyot boʻlish, oʻzini oʻtga-choʻqqa urmaslik buyurilgan. Muchal toʻylari esa ularni yomon koʻzlardan asrash uchun ehson oʻlaroq nishonlangan.
Muchal soʻzining maʼnosi
Muchal soʻzi turkiy desak, uning koʻlamini biroz toraytirgan boʻlamiz. Muchal oltoy plastidagi (qatlamiga tegishli) soʻzdir. Chunki “muchal” barcha turkiy tillar qatori formal farqlar bilan moʻgʻul, tungus-manjur, koreys va yapon tillarida ham uchraydi. Muchal qarluq va oʻgʻuz dialektlarida koʻproq mucha yoki muche, qozoq, qoraqalpoq, noʻgʻay tillarida mushe, tatar tilida moʻche, boshqird tilida moʻse, yakut tilida muhe, tuva tilida mochu, xakach tili muche, tuva tilida mөchү, ayrim tatar dialektlarida musa, oʻzbek tilining qipchoq lahjasida micha shaklida istifoda etiladi. Muchal moʻgʻul tilida mөchlөg shaklida uchraydi. Buryat, qalmiq tillarida ham muchal soʻzi saqlangan. Shunga koʻra xulosa qilish mumkinki, bu soʻz oltoy plastiga tegishlidir. Ayni xulosa muchalning paydo boʻlishi davrini yanada uzoqroqqa miloddan avvaligi III asrlardan nariga – Oltoy davriga olib boradi.
Muchal ana shu “mucha” oʻzagidan yasalgan va u boʻlak, aʼzo kabi maʼnolarni anglatadi. Odam yoki chorva mollarining tanasi oʻn ikki boʻlak – muchaga boʻlingan: bosh, umurtqa, ikki yonbosh, ikki qoʻlning bilaklari, tirsaklari, ikki oyoqning sonlari va boldirlari. Oddiy xalq tilida ayni “mucha”lar boshqacha nomlangan va unda suyaklar eʼtiborga olingan: bosh, umurtqa, ikki yonbosh suyagi, ikki yelka suyagi, ikki tos, ikki son, ikki boldir suyagi. Buni qipchoq oʻzbeklari suyakka koʻra farqlashgan: bosh, umurtqa, ikki jonbosh, ikki jovrin (yagʻrin), ikki toʻq jilik (ilik), ikki oshiq jilik, ikki qari jilik. Bu aʼzolarni qassoblar hozirgacha farqlay olishadi. Toʻylarda qari jilik, toʻq jilik, bosh (kalla-pocha fors tilidan oʻzlashgan) qismi alohida toifadagi odamlarga maxsus tortiq qilingan. Qari jilik yeganning umri uzun, farzandlari koʻp boʻladi, toʻq jilik yegan iligi toʻla, baquvvat boʻladi, bosh qismini yeganning aqli toʻla boʻladi. Bu otasoʻz. Toʻylarda kuyovlarga qari jilik tortilishi shundan.
Mucha soʻzi faqat tana aʼzolariga nisbatan emas, boshqa holatlarda ham qoʻllaniladi. Qozoq va qirgʻiz tillarida mucha soʻzi aʼzo (ijtimoiy) maʼnosida ham qoʻllaniladi: Qozogʻiston jazushilar odagʻi mushesi, Qirgʻiz parlamenti muchesi. Sevortyanning etimologik lugʻatida mucha soʻzining inson va hayvon aʼzolari, oyoq va qoʻl, gavda, tana, bir boʻlak goʻsht maʼnolari ham keltirilgan[3]. Demak, “mucha+l” soʻzi boʻlaklardan yigʻilgan butunni anglatadi.
Muchal qanday taqvim?
Sharq xalqlarida yangi yil 21-mart – bahorgi tengkunlikdan keyin, 22-martdan, demak muchal ham shu kundan boshlangan. Turkiylar avval oy kalendaridan foydalanishgan. Eʼtibor bering-a, nega turkiylar oyni aynan “oy” deb atashgan. Yaʼni, osmon jismining nomini olishgan. Chunki nomadik madaniyatda yil, fasl, oy, kun hisobi xotirada yuritilgan. Kunni va soatni aniqlash uchun esa quyoshdan foydalanilgan. Soat oʻtovning kerasi orqali tushgan quyosh nurining oʻzgarishiga qarab aniqlangan[4]. Kun (sutka)ni aniqlash uchun esa quyoshning chiqishi va botishini kuzatish kifoya qilgan. Ammo oylarni aniqlashda quyosh kalendari ish bermagan, oyning harakatiga qarab aniqlash esa ancha qulay boʻlgan. Chunki oyda oʻn ikkita faza mavjud va turkiylar oy sikllarini ikki katta faza ajaratishgan: yangi oy va eski oy; Oy tuqqandan keyin toʻlin oy holatigacha “yangi oy”, toʻlin oyning kichrayib tugashigacha boʻlgan davr “eski oy” deyilgan. Oyning kichik sikllari ham maʼlum nomlar bilan atalgan. Musulmonlar hilol deb ataydigan yangi tuqqan oy – tuvgʻanoy, sal kattargani oʻrogʻoy, toʻlgan holati toʻlgʻanoy deb atalgan. Oyning birinchi fazasidagi yarim holati yarimoy, ikkinchi fazasidagi shu holat yorti oy (jarti ay) deyilgan. Turkiylar oyning oʻzgarishiga qarab kunlarni sanashgan va oyni belgilashgan. Inchunin, oyning necha kunlik boʻlganini chama bilan ham aniqlasa boʻladi. Bu usulda yillarni belgilash tartibni yahudiylik dinidagi qarayimlar qiziq bir nom bilan nomlashgan: Ulug‘ Ata Sanavы[5]. Bundagi “Ulug‘ Ata” kim? Bu jumboq. Qaraimlar balki Oʻgʻuzxonni, balki Yofas oʻgʻli Turkni shunday atagandir. Nima boʻlganda ham qaraim turklari hozirgacha yahudiy kalendari bilan birga oʻn ikki yillik muchal taqvimini ham saqlab keladi.
Shu oʻrinda yana savol tugʻiladi. Nega turkiylar oʻn ikki yillik muchal hisobini qabul qilishgan. Nega hisoblashga oson va qulay oʻn yillik sikl emas, oʻn ikki yillik sikl tanlangan?.
Turkiylar azaldan osmon ilmini yaxshi bilishgan. Har bir sayyoraning harakatini kuzatib borishgan. Chunki nomadlar turmush tarzida fasllar almashinuvini bilish, tabiiy ofatlarni oldindan aniqlash hayot-mamot masalasi boʻlgan. Shuning uchun osmon jismlarining har bir harakatini kuzatishga majbur boʻlishgan.
12 yillik muchal hisobi Yupiterning Quyosh atrofida orbitasini bir martalik toʻliq aylanib chiqish vaqtiga koʻra bergilangan. 12 yil – bu bir yupiter yili hisoblanadi. Yupiter galaktikamizdagi eng yirik planeta boʻlgani uchun u butun koinotga katta taʼsir oʻtkazgan[6]. Umuman olganda turkiylar Yupiterni yomon yulduzlar qatoriga qoʻshishgan. Shuning uchun choʻponlar uni “eshshakqirar” – eshaklarga qirgʻin keltiruvchi deb atashgan. Koshgʻariy lugʻatida esa Yupiterning “qoraqush” degan nomi zikr etilgan[7]. Inchunin, Yupiterdagi oʻzgarishlar koʻpincha yerda iqlim oʻzgarishlari va tabiiy ofatlarga sabab boʻlgan. Ayni sababga koʻra odamlarga muchal yilida ehtiyot boʻlishi tayinlagan. Muchal toʻylari ham aslida shu yildan omon oʻtib olish uchun “sadaqa” hisoblangan.
Muchal yili eng uzun tun (21-dekabr), eng uzun kun (21-iyun), ikki teng kunlik (21-mart, 21-sentyabr) bilan ham moslashtirilgan. Aniqrogʻi, osmon gumbazidagi Quyosh, Oy, katta sayyoralar va koʻpchilik kichik sayyoralarning yil davomidagi harakat sikliga moslashgan. Yaʼni, oy fazalari va quyosh yili (fasllari) bilan sinxronlashtirilgan. Shu tariqa aralash, sinkretik taqvim yaratilgan. Shunday ekan, muchal taqvimini sof oy yoki sof quyosh yoki oy-quyosh taqvimi deb atab boʻlmaydi. Muchal taqvimi Oy, Quyosh va sayyoralarning siklik harakatiga moslashgan original tizimdir.
Muchal hisobining paydo boʻlishi – afsonalar ichidagi haqiqatlar
Oʻn ikki yillik muchal hisobining joriy etilishi haqida koʻplab afsonalar saqlangan. Ularni saqlab qolganlar asosan turkiy xalqlar va qisman moʻgʻul, qalmiq, buryat, cherkas, yapon, koreys, xitoy xalqlaridir[8].
Aytishlaricha, turk xoqoni oʻzi xon boʻlgunga qadar oʻtgan urushlarning qachon boʻlganini aniqlab, tahlil qilmoqchi boʻladi va har doim yilida adashib ketadi. Shundan soʻng kengash chaqirib, oqsoqollar, bilgelar, bilgirlar, toʻralar, beklar bilan kengashadi. Yigʻilganlar ham oʻsha sanalarni aniqlashda turlicha fikr aytib, oʻzaro tortishib qolishadi. Shunda xoqon shunday deydi: “koʻrdingizmi, hozir biz tortishayapmiz, agar chora koʻrmasak butun avlodlarimiz tortishishadi. Shuning uchun yillarni hisoblashga aniqlik kiritishimiz, har bir yilni aniq bir soʻz bilan atab borishimiz kerak!”. Bu taklif hammaga maʼqul boʻladi.
Xoqonning buyrugʻi bilan odamlar hayvonlarni haydab kelib, Ili daryosiga solishadi. Qaysi hayvon daryodan suzib oʻtolsa, oʻshalarning nomi bilan yillarni nomlashga kelishib olishadi.
Daryodan birinchi tuya chiqib keladi. Keyin ketma-ketlik bilan sigir, yoʻlbars, quyon, baliq, ilon, ot, qoʻy, maymun, tovuq, it va choʻchqa suzib chiqadi. Shu tariqa yillar taqsimlanishi kerak edi, ammo bir mummo chiqib qoladi. Tuya oʻzi bilmay ustida sichqonni olib oʻtgan edi. U qirgʻoqqa yetganda uning boshi ustida kelgan sichqon yerga birinchi boʻlib tushadi va buni hamma koʻradi. Kengash bu masalani koʻrib chiqib, birinchi yil nomiga tuyaning oʻrniga sichqonni yozishadi. Shundan “yildan qolgan tuya” degan ibora qolgan.
Qozoqlarda saqlangan yana bir afsona ham juda qiziqarli. Unga koʻra, xoqon oldida muchal yili boʻyicha kengash boshlanganda hovlidagi hayvonlar birinchilik uchun bahs boshlashadi. Ot aytadi: “Albatta, men jilogʻasi – birinchi yil boʻlaman, chunki odam meni minadi, men uning uzogʻini yaqin qilaman, u mening sutimdan qimiz tayyorlab ichadi, junimdan arqon va ip tayyorlaydi. Men odamning chin yoʻldoshiman”.
Tuya unga qoʻshilmaydi: “Sen odamga ishlayotgan boʻlsang haqingni olayapsan. Arpa, suli, yoʻngʻichqa yeb yuribsan. Ishlasang oʻzing uchun ishlayapsanku. Mana men odamning ogʻirini yengil qiladigan. Sen men koʻtargan yukni koʻtarib koʻrchi? Men ogʻir yuk bilan oylab yoʻl yuraman. Odam nimani bersa, oʻshani yeyman. Tikonmi, shuvoqmi – noz qilmay yeyveraman. Suv bersa ichaman, bermasa nolimayman, tashnalikka chidab yuraveraman. Albatta jilogʻasi men boʻlishim kerak”.
Shunda sigir boshlab qolibdi: “Men odamning yerini haydayman. Odam mening sutimni ichadi, undan qaymoq, qurt, yog‘ tayyorlaydi”. Unga qoʻy qoʻshilibdi: “Men-chi, men?! Qozoqning oʻtovi nimadan. Mening junimdan tayyorlangan kigizdan. U mening ham sutimni ichadi, undan qaymoq, qurt, yog‘ tayyorlaydi”. It vovullabdi: “Agar men boʻlmasam, hammang boʻriga yem boʻlarding. Tuni bilan uxlamay odamni qoʻriqlayman. Yov kelsa xabar beraman, uni uygʻotaman”. Shunda tovuq aytibdi: “Azonda hammangizni men uygʻotaman. Tuxum beraman. Patlarim yostiq boʻladi.” Ularning tortishuvini tinglab oʻtirgan sichqon odamga yoqadigan biron yaxshi xislati yoʻqligini bilib, ayyorona ish tutibdi: “Bu bahslardan foyda yoʻq. Yaxshisi, amalda sinashib koʻrish kerak. Misol uchun, kim tongda quyoshning chiqishini birinchi boʻlib koʻrsa, oʻsha yilni boshlab bersin.” Shunda tuya kibrlanib oʻrnida turibdi: “Men hammadan baland boʻlsam, kim ham mendan oldin koʻrishi mumkin quyoshni?”. U shunday deya sichqonni qoʻllab quvvatlabdi. Hamma koʻnibdi. Odamlar ham chiqib, barchasi quyosh chiqishini kutishibdi. Quyosh chiqayotganda tuya magʻrur turib kuzatar ekan, ayyor sichqon sakrab uning boshining uchiga chiqib olibdi va hammaga qarata: “Ana quyosh”, deya koʻrsatibdi. Shunday qilib, “boʻyim bor deb suyungan tuya yildan qolibdi”.
Qalmoqlarda saqlangan boshqa bir manbada tuya muchaldan chiqib ketmagani, oʻn ikki yilda ham saqlangani aytiladi. Unga koʻra tuyaning qulogʻi sichqonnikiga, koʻzi ilonnikiga, labi quyonnikiga, koʻkragi yoʻlbarsnikiga, ustidagi bukrisi maymunnikiga, boʻyni ajdarnikiga, tovoni sigirnikiga, dumi choʻchqanikiga, tizzasi itnikiga, boshining tepasi tovuqnikiga, yollari otnikiga oʻxshashi bilan, tuya muchalda saqlangan deyiladi[9].
Sharq xalqlarida muchal yili bilan bogʻliq afsona va ertaklar, matallar, maqollar juda koʻp. Bu haqda folklorshunos Aleksey Burikin ajoyib maʼlumotlar toʻplagan. Biroq afsonalarning aksariyati primitiv xususiyatli yoki bir-birini takrorlaydi. Ularda aniq sanalar aks etmagan. Shuning uchun muchal hisobining kelib chiqishini dalillar bilan asoslangan ilmiy maʼlumotlarga sharhlash oʻrinli boʻladi.
Muchal tarixi
Muchal qayerda paydo boʻlgan?
Yevropa olimlari muchal hisobining ehtimoliy vatani sifatida toʻrtta joyni koʻrsatishgan: Hindiston, Xitoy, Yaqin Sharq (Misr) va Markaziy Osiyo.
Hindiston muchal yilining vatani boʻlishi mumkin emas. Chunki ularning oʻz kalendari boʻlgan va muchal hisobiga ehtiyoji boʻlmagan. Qolaversa, hindlar kalendarlaridan hayvon nomlaridan foydalanmagan. Eron va Hindistonga muchal hisobi turkiylar va xitoyliklar orqali kirib borgan.
Misrliklarning muchal yili ham original tizim emas. Ularning muchal hisobi ham turkiylardan oʻzlashgan. Misrliklarning muchal hisobida turkiy muchalga bir nechta oʻzgarishlar kiritilgan: ot – eshak, bars – sher, qoʻy – echki, sichqon – mushuk, choʻchqa – goʻngqoʻngʻiz, quyon – qarchigʻay, tovuq – ibis bilan alamashtirilgan[10].
Xitoyliklar dastlab 10 yillik sikldagi taqvimdan foydalanishgan. Muchal taqvimi Xitoyga Turk xoqonligi davrida kirib borgan. Shuning uchun muchal haqidagi ilk manbalar Tan imperiyasi davridagi Tanshu kitobida yozilgan. Tan imperiyasi Xitoyning shimoliy qismida hukm surgani va koʻplab turkiylar ularning imperiyasiga kirgani esa Oʻrxun bitiklaridan maʼlum. Xitoy olimlari, xususan, 19-asrda yashagan Van Inliya, Yun-sun va Ou-bey taxallusi bilan tanilgan Chjao Inlar yozib qoldirishgan. Ularning asarlarini tahlil qilgan xitoyshunos fransuz olimi Eduar Shavann bu haqda oʻzining “Le cycle turc des douze animaus” asarida batafsil maʼlumot qoldirgan[11]. Demak, “muchal”ning mukoshiflari turkiylar va boshqa oltoy xalqlari boʻlgan.
Muchalning tarixi juda qadim davrlarga borib taqaladi. Agar qarayimlarning “Ulug‘ Ata sanavi”ga dalil sifatida qarasak, muchal haqidagi afsonada aytilgan xon Oʻgʻuzxon boʻlishi mumkin. Agar shunday boʻlsa, muchal yilining tarixi besh ming yil oldinga siljiydi.
Ilk yozma manabalarimizda muchal yili haqida maʼlumotlar saqlangan. Oʻrxun yozuvlarida, “Irq bitigi”da, “Oltun yaruq”da va boshqa uygʻur yozuvlarida, Beruniyning qator asarlarida, Koshgʻariy lugʻatida, Jamoliddin ibn Muxannaning “Kitab xulliyat ul-Insan va xulat ul-lisan” asarida, Mirzo Ulugʻbekning “Ziji Koʻragoniy”sida muchal haqida maʼlumotlar berilgan.
Qultegin bitigida qoʻyidagi yozuvlar bor:
Qultegin qoʻy yilida, yetti yigirmada (oʻn yettinchida) uchdi. Toʻqqizinchi oy, yetti oʻtuzda (yigirma yettinchida) yoʻqarturdik (koʻmdik). Barqin badizin, bitig toshin bichin (maymun) yilining yettinchi oy, yetti oʻtuzda (yigirma yettinchida) koʻp alqadimiz (koʻpchilik boʻlib alqadik, duo qildik, abadiylashtirdik).
Irq bitigida bars yili tilga olingan.
Bars yili, ikkinchi oy besh yigirma (oʻn beshinchi) kunida Taygʻundan manustandagi (ibodatxonaga) kichik dindar burvaguruga va eshidichimiz (tinglovchimiz) Isig sangun va Itachuk uchun bitdim.
“Oltun yaruq”da quyon yili tilga olingan. Uygʻur yozuvlarida sichqon yili (Küskü jyl), tovuq yili (Taqyqu jyl), maymun yil (Bicin jyl), ot yili (Jont jyl), Qisasi Ragʻbuziyda it yili (It jyl) tilga olingan.
Bundan koʻrinadiki, muchal yil hisobi turkiylar hukm surgan butun hududlarda keng tarkalgan.
Muchal yilidan qanday maqsadlarda foydalanilgan?
Tarixdan maʼlum, ilk taqvim Misrda kashf etilgan va u dehqonlarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, Nil daryosining toshishini avvaldan aniqlash uchun olib borilgan kuzatishlar davomida yaratilgan. Muchal taqvimi esa tabiat hodisalarini oldindan bashorat qilish, chorvadorlarning yillik sikldagi ehtiyojlaridan kelib chiqqan. Shuning uchun yillar hayvon nomlari bilan nomlangan.
Muchal yili – bu oddiy taqvim. U, avvalo, tarixiy voqealarni vaqt tartibida qayd etish, davlat va jamiyat ishlarini tizimlashtirish, uchrashuvlar, ish va taʼtillarni rejalashtirish, ekin ekish va hosilni yigʻib olish vaqtini aniqlash, toʻy, bayram, marosimlar, ibodat vaqtini belgilash uchun xizmat qiladi. Muchal yili ham shu vazifalarni bajargan. Ammo... odam zoti borki, oʻziga oʻzi ziyon qilguvchidir. Asrlar silsilasida odamlar muchal yillarini ham shakrallashtirib, irim-sirimlar bilan bejashgan.
Qadimda ajdodlarimiz yillarni ogʻir va yengil yillarga ajratishgan[12]. Odamlarning xarakterini koʻpincha ular tugʻilgan yillarga nomi berilgan hayvonlarning xarakteri bilan bogʻlashgan. Bu moniylik va buddizm taʼsirida shakllangan boʻlishi mumkin. Chunki bora-bora muchal ham folbinlarning quroliga aylangan. Irq bitigida muchal yillarining keltirilishi aynan shu maqsadlarga yoʻnaltirilgan. Demak, buddizm elementlari Uygʻur xoqonligi davrida turkiylar olamiga kirib kelgan va muchal yiligiga moslashtirilgan.
Muchal yil hisobi islom davrida ham saqlanib qolgan. Hijriy yil taqvimi bilan parallel tarzda qoʻllanilishi sabab, ikki taqvimning simbiozi ham yuzaga kelgan. Shuning uchun soʻfiy folbinlar va qushnochlar ham muchal taqvimidan oʻz maqsadlarida foydalanishgan.
90-yillar – islomiy ruh uygʻona boshlagan, ammo kitoblar yoʻqligidan hamma bilgan-bilmagandan soʻrab oʻrganadigan davr edi. Bir doʻstimiz “eshon” oti bor bir kishidan borib “bu yil roʻza tutishni boshlasam boʻladimi, yoʻqmi?” deb maslahat soʻrabdi. Eshonbobo esa “kitob”ini koʻrib, “bu yil it yili – harom yil ekan, shoshmay tur keyingi yildan tutarsan!” deb maslahat beribdi. Oʻsha yillari gazeta, jurnallarda ham muchal haqida maqollar koʻpaydi. Yana kamiga munajjimlar bashorati rukni ostida burjlar haqida ham eslatmalar paydo boʻlgan va bu koʻpincha diniy qadriyat sifatida tabdil etilar edi. Aslida esa muchal hisobi va burjlarning bironta monoteistik dinga aloqasi yoʻq. Muchal yillarning, burjlar esa oylarning hisobini olish uchun zarurat oʻlaroq shakllangan.
Muchal va burjga koʻra bashorat qilish, fol ochish, insonlarning xarakterini, taqdirini belgilash sogʻlom odamning ishi emas. Bu ish hinduiylik, buddaviylik, sintoiylik kabi dinlar yoki shamanizm, animizm kabi anʼanaviy eʼtiqod shakllariga xos boʻlib, monoteistik dinlarda qattiq qoralanadi. Negizi, bunday amallar atrologiya atalmish soxta fan bilan bogʻliq boʻlib, odamlarni chalgʻitishdan boshqa nafi yoʻq. Atrologiya olimlar tomonidan ham tanqid qilinadi. 1975-yilda 186 nafar dunyoning eng mashhur olimlari, ular qatorida 18 nafar Nobel mukofoti lauriyatlari ham “Astrologiyaga qarshi eʼtiroz”larini eʼlon qilishgan[13].
Unda muchal hisobi nima uchun kerak?
Muchal hisobi oʻz vazifasiga koʻra, muhim sanalarni yodda saqlash va ularni aniqlash, vaqtni tartibga solish, shunga koʻra ishlar va tadbirlarni rejalashtirish uchun kerak boʻlgan.
Muchal hisobi chorvador koʻchmanchilar tomonidan kashf etilgan va u oʻtroq xalqlar uchun, xususan shahar uchun mos kelmaydi. Shuning uchun Xitoy, Hindiston va Yevropaliklar undan yetarlicha foydalana olishmagan. Markaziy Osiyo choʻllarida va oʻrmonlarida esa muchal hisobidan voz kechishning iloji yoʻq. Chunki hamon minglab chaqirim maydonlarni egallagan, sivilizatsiyalar mutlaqo taʼsir etmagan hududlar mavjud boʻlib, bu yerlarda chorvadorlar osmon jismlari harakatini bilmasa chorvasi nobud boʻladi.
Shahar va qishloq aholisi ham muchal yilini bilsa zarar qilmaydi. Bu zarurat tugʻilganda har bir insonga kerak boʻladi. Har 12 yilda inson jismoniy, aqliy va ruhiy jihatdan yangilanishi, bu uning umridagi ulgʻayish va qarish bosqichlari ekanini gerontologlar allaqachon eʼtirof etgan. Shu jihatdan muchalga eʼtibor eʼtirozga sabab boʻlmaydi. Qolaversa, bu bizning ota-bobolarimizning kashfiyoti, ilmiy meros va qadriyatdir. Ammo muchal hisobini okkultizm[14] bilan bogʻlash, mushtariylar sonini koʻpaytirish uchun qaysidir astrologning bergan soxta maʼlumotlarini matbuotda eʼlon qilish axloqqa ziddir.
Muchal yillariga nom bergan hayvonlar xarakteri shu yilda tugʻilgan odam xarakteriga taʼsir etmaydi. Xarakterda gen, tarbiya va xulq asosiy oʻrin tutadi. Yillar halol va harom yillarga boʻlinmaydi. Garchi, oʻn ikki hayvondan oltitasi sigir, quyon, baliq, ot, qoʻy, tovuqning goʻshti halol, qolgan oltitasi sichqon, yoʻlbars, ilon, maymun, it va choʻchqaning goʻshti harom boʻlsa ham unga mutassibona yondashish xatodir.
Har yili bir narsaning guvohi boʻlamiz. Yangi yil (Grigoriy kalendari boʻyicha) kelishidan oldin ijtimoiy tarmoqlar, televideniye va boshqa matbuot vositalarida muchal taqvimidagi navbatdagi hayvon haqida axborotlar koʻpayadi. Ammo hech kim farosat etmaydiki, muchal yili yanvar oyidan boshlanmaydi. 2026-yil yanvarda ot yili kirmaydi. Ot yili 2026-yil 22-martdan boshlanadi.
Ot yaxshi hayvon. Afsonada otning oʻzi aytganidek, “odam uni minadi, u odamning uzogʻini yaqin qiladi, suti, qimizi, junidan foydalanadi”. Ammo bu bilan ot yili boshqa yillardan barakali, shu yilda tugʻilgan odam baxtli boʻlavermaydi.
Anvar BOʻRONOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi
[1] Тадина Н.А. О жизненных этапах человека в контексте традиции счета возраста у алтайцев. Томский журнал ЛИНГ и АНТР. 2023. 3 (41). – С. 154-164.
[2] Gerontologiya (qadimgi yunoncha γέρων “qari odam” + λόγος “taʼlimot” soʻzlaridan olingan) – inson qarishining biologik, ijtimoiy va psixologik jihatlarini, uning sabablari va unga qarshi kurashish usullarini oʻrganadigan fan.
[3] Севортян Э.В. Этимологический словарь тюркских языков. 7- том . – М.: Наука, 1974. – С. 96-98.
[4] Аракчаа, Л.Д. Солнечные лучи как определитель времени в юрте / Л.Д. Аракчаа – Текст: непосредственный // Юрта – традиционное жилище кочевых народов Азии. Тезисы Международного конгресса – Кызыл, 2004. – С. 133-134.
[5] Улугъ Ата Санавы. Народный календарь караев. http://karai.crimea.ru/391-ulug-ata-sanavy.-narodnyjj-kalendar-karaev.html
[6] Oğuzhan Jeyhan. Türk Astrolojisi-2. https://archive.ph/20130104145343/http://www.ntvmsnbc.com/id/25085903/#selection-1947.0-1949.31
[7] Девони луғатут турк(индекс-луғат). Тошкент. “Фан” нашриёти. 1967. – 350 б.
[8] Захарова И.В. Двенадцатилетний животный цикл у народов Центральной Азии. Труды Института истории, археологии и этнографии академии наук Қазахской ССР. Том 8. – Алматы: 1960. – С. 32-65; Самойлович А. Об изменениях в 12-летнем животном цикле у некоторых турецких племён // Известия Таврической учёной архивной комиссии. 1913, № 49 . – Симферополь: Типографія Таврическ. Губерн. Земства. 1913. – С. 133–138.
[9] Бурыкин А.А. Календарный 12-летний животный цикл в фольклоре калмыков и других народов Азии // Монголоведение. 2020. Т. 12. № 4. С. 679–691.
[10] Захарова И.В. Двенадцатилетний животный цикл у народов Центральной Азии. Труды Института истории, археологии и этнографии академии наук Қазахской ССР. Том 8. – Алматы: 1960. – С. 32-65.
[11] E.Chavannes. Le cycle turc des douze animaus. “Tʼoung Pао”, 1906, T. VII, стр. 68.
[12] Тадина Н.А. О жизненных этапах человека в контексте традиции счета возраста у алтайцев. Томский журнал ЛИНГ и АНТР. Tomsk Journal LING & ANTHRO. 2023. 3 (41). – С. 154-158.
[13] Пружинин Б.И. Псевдонаука сегодня // Вестник РАН. 2005. № 2. С. 117–118.
[14] Оккультизм (лот. occultus – яширин, махфий) – инсон ва коинотдаги яширин кучлар, тубан дунё билан боғлиқлик мавжудлигига ишонч билдирувчи ва улар билан алоқа ўрнатишга ҳаракат қилувчи таълимотилар ва амалиётлар мажмуаси; у алхимия, астрология, магия кабиларни ўз ичига олади. Бу фан, фалсафа ва динни ўзига хос тарзда бирлаштирган, илмий билимларга зид бўлган “махфий билимлар” йўналиши.